Ikki soatlik maqtov

Oliy o'quv yurtida dars beradigan olim do'stim qo'ng'iroq qilib, doktorlik ishining “maslahatlashadigan jihatlari” borligini aytib, tushlikka taklif qildi. Metro poezdiga o'tirib, kelishilgan joyga o'n besh daqiqa oldin borib, bir chetda yonimdagi kitobimni mutolaa qila boshladim. Har zamon-har zamon do'stim chiqib keladigan darvoza tomon ko'z tashlab, soatga qarab qo'yaman. O'n besh daqiqa o'tgach, darvoza oldiga bordim. Ammo hadeganda do'stimdan darak bo'lavermadi. Biron yerda ushlanib qolgandir degan o'y bilan yana kitob varaqladim.

Vaqtning ixtiyori o'zida bo'lgani uchun mening bezovta bo'layotganim bilan ishi yo'q. Chunki u kutish nimaligini bilmaydi. Bilmagani uchun ham u yoq-bu yoqqa qaramaydi. Faqat oldinga yuradi. Biz esa uning qadami va tezligini o'lchagandek, tez-tez soatimizga nigoh tashlab turamiz. Ayniqsa, xuddi meningdek kimnidir kutayotganda, qabulxonada o'tirganda, biron-bir tadbirga borayotganda yoki cho'zilgan majlisda betoqat o'tirganda. Bunday paytda “vaqting ketdi, naqding ketdi” yodga tushib, o'zingdan o'tganini o'zing bilasan kishi. Asab taranglashib, nimadir ich-etingni tirnayotgandek bo'ladi. Shungacha bormasligi uchun do'stimga sim qoqdim. “Telefon o'chirilgan yoki xizmat doirasidan tashqarida” degan ovoz keldi. To'rt-besh daqiqa o'tkazib, do'stimning qo'l telefoni raqamini yana terdim. Yana o'sha javob. Bu hol uch-to'rt bor takrorlandi. Javob esa o'zgarmadi. Hech qachon bunday bo'lmagani va do'stim hovliqqancha hozir kelib qoladiganday tuyulavergani uchun o'zimni vazmin tutib, sabr qildim. Biroq xayolimda yaxshi-yomon fikrlar charx urib, endi do'stimdan xavotir ola boshladim. Noiloj, so'rab-surishtirib, kafedrasiga borishdan boshqa ilojim yo'q edi. Fursatni boy bermay, eshikbon oldiga bordim. Salomlashib, o'zimni tanishtirdim. Yaxshi yigit ekan. Hujjatimni ko'rib, men so'ragan kafedra qaysi binoning qaysi qavatida joylashganini tushuntirib, yo'l ko'rsatdi. Adashmay bordim. Eshikni ohistagina chertib, qiya ochishim bilan ichkaridan kimdir yopib qo'ydi. Eshikka quloq tutdim. Erkak kishining gapirayotgani eshitildi. Xayolimdan majlis bo'layotgan ekan-da degan fikr o'tib, to'rtinchi qavatdan pastga olib tushadigan zinalar yo'lagiga qaytdim. Demak, do'stim shu yerda. Mening tashqarida qay ahvolda ekanimni tasavvur qilib, u ham dam-badam soatiga qaragancha, jig'ibiyron o'tirgandir. Kafedrada bo'lmasa-chi? Ovora bo'lib kelganimu vaqtimni behuda o'tkazib, xunob bo'lganim qoladimi?  Yo'q, bunday bo'lishi mumkin emas. Boshqa ishi chiqib qolganda, qo'ng'iroq qilib uzr so'rardi. Nima bo'lganda ham, aniq javobni kafed­radan olishim mumkin. Yo'l bitta – kutish! Ana shunday qaror bilan institut hovlisiga chiqdim. Soatga qaradim. Kelganimga bir soat bo'libdi. Yo'lak chetida qo'yilgan o'rindiqqa o'tirib, atrofga boqdim. Sarishta-saranjom.

Daraxtlar girdidagi chaman-chaman rayhonlar isi olamni tutgudek. Hidlab to'ymaysan. Dilga o'zgacha huzur baxsh etadi. Bir necha lahza oldingi asabiy kayfiyatimdan asar ham qolmadi. Do'stim bilan shu yerda uchrashishimiz kerakdek, beixtiyor to'rtinchi qavat derazalariga qarayman. Hammasi yopiq. Do'stim deraza oldida o'tirgan bo'lsa, bu yoqqa qaraydi, albatta, qaraydi. Meni ko'rib, majlisda xotirjam o'tiradi. Shunday deyman-u, yana soatga qarayman. Kelganimga bir yarim soat bo'libdi. Qirqiga chidagan qirq biriga ham chidashi kerak-da, deyman o'zimga-o'zim tasalli berib. Keyin… keyin yana kitob varaqlayman. U ham mening qadrdon do'stim. Doimiy hamrohim. Dilkash suhbatdoshim. Kerak bo'lganda o'ylatadi, kerak bo'lganda so'ylatadi. Goho kuldirsa, goho yig'latadi. Eng muhimi, sira-sira zeriktirmaydi. Hozir u yonimda bo'lmaganda, yuragim tars yorilgudek o'zimni qo'yarga joy topolmay qolardim. Yashasin kitob!.. U meni asab buzishdan, kayfiyatim bir pul bo'lishidan asradi. Undan hikoya tinglab, vaqtning ikki soati  qanday o'tganini sezmay qoldim.

Kuz quyoshining yoqimli nafasi vujudimni yayratib, ko'zlarimni  allalab turganda iliq nurlar yuzini soya tutdi. Boshimni ko'tarib, ro'paramda do'stim Adhambekni ko'rdim. U mening mudrab turganimni nariroqdan ko'rib, oyoq uchida yurib kelganmi, miq etmay jilmayib turardi.

— Ko'rinishingizdan maslahatlashilmagan dissertatsiyangizni himoya qilib chiqqanga o'xshaysiz, – dedim o'rnimdan turib salomga qo'l uzatar ekanman. – Buyog'i restoranmi endi?

— Restoran bo'lsa restoran-da, azizim, — javob berdi Adhambek. — Sizni shuncha kuttirib qo'yganim uchun bir emas, istagan res­toraningizga o'n marta olib borsam ham kam. Faqat… Faqat meni to'g'ri tushunishingizni va kechirishingizni iltimos qilaman.

— Shu xolosmi?

— Qolganini bir piyola choy ustida eshitasiz.

— Shunchalik qiziqmi?

— Qiziq ham gapmi, dahshat!

Metro bekatining ro'parasida ochilgan yangi lag'monxonaga kirib, tamaddi qilib bo'lganimizdan so'ng, qani endi eshitaylik ma'nosida do'stimga yuzlandim.

— Bu birkam dunyoda g'alati odamlar ko'p ekan, — deya hikoya qila boshladi u menga choy uzata turib, — o'shalardan biri bizning kafedramizga kelib qolgan. Savodi haminqadar bo'lgan bu kimsa qanday qilib fan doktori va professor bo'lganiga hamma hayron. Yoshi saksondan oshgan bo'lsa-da, bitta ham shogird chiqarmagan. Talabalar: “Sizning nima deyayotganingizni umuman tushunib bo'lmaydi”, deya auditoriyani necha bor tark etganlarini institut rahbariyati ham biladi. Har majlisda birov varaqlab ko'rmaydigan bitta o'quv qo'llanmasi bilan bir-ikkita risolasini pesh qilib, o'zini maqtagani-maqtagan. Go'yoki olamda undan zo'r faylasuf yo'qdek. Yaxshiyamki, biron-bir ilmiy jurnalda bir-ikkita maqolasi chiqmagan ekan. Bo'lmasa o'h-ho'-o'… Men akademik bo'lishim kerak, deb dunyoni buzardi. Ammo Xayyom bobomizning mayxo'rlikka bag'ishlangan uch-to'rt ruboiysini yod bilishi rost. Chunki o'zlari ham g'irt shinavanda-da. Xullas, imon, insof, vijdon, uyat va andisha ko'chasidan o'tmagan ana shu “alloma”ning tashabbusi bilan shoshilinch chaqirilgan bugungi majlisda  ikki soat qon yutib o'tirdik. Nima emish, bu kishini mamlakat jurnalistlari tan olib, o'zlarining uyushmasiga qabul qilibdi. Tantanali ravishda guvohnoma topshiribdi. “Mening kimligimni bilib qo'yinglar!” degan maqsadda ikkita prorektorni taklif qilib, o'zini dos­ton qilsa bo'ladimi? Afsuski, agar siz tan olingan jurnalist bo'lsangiz, respublika nashrlaridan birontasida chop etilgan, hech bo'lmasa, bitta maqolangizni ko'rsating, deydigan odam topilmadi. Hamma og'ziga tolqon solib olgandek, haqiqatni aytmadi. Hattoki prorektorlar ham lom-mim demadi, deyolmadi. Axir bu dahshat-ku, to'g'rimi?

— To'g'ri, — dedim men bitta safsatabozni o'rniga o'tqizib qo'yishni o'ziga ep ko'rmagan butun boshli bir kafedra jamoasiga achinib.

— Qiziq, – dedi Adhambek ajablanib. – Bu odam ba'zi bir olimlarga o'xshab dolzarb mavzulardagi maqolalari bilan matbuotda tez-tez ko'rinib turmagan bo'lsa, birov gazetalarning keyingi besh-o'n yillik taxlamini varaqlab, bu odamning bironbir xabarini topolmasa, uni shunday nufuzli uyushmaga nimaga asoslanib qabul qilishgan? Umuman, o'zini na mohir pedagog, na ustoz va na olim sifatida ko'rsata olmagan bu   “kasbdosh”imizga (kasbdosh deyishga uyalasan kishi) jurnalist guvohnomasi nimaga kerak bo'lib qoldi ekan?

— Nimagaligini men aytay, siz eshiting! Bir paytlar obro'-e'tiborli davlat tashkilotlari va ma'muriy idoralarning soxta guvohnomalari bilan ish bitiradigan tekintomoq “firibgar”lar paydo bo'lgan edi. Ular yog'liq joyning zig'irday kamchiligini topib, unday qilaman, bunday qilaman bilan biri daromadli do'kon mudirini, biri kolxoz raisini, yana biri  paxta zavodi direktorini qaqshatar, bunday qalloblarni qopqonga tushirish ancha mushkul edi. Chunki, birida OBXSS (ichki ishlar vazirligining sho'rolar davridagi sotsialistik mulkni talon-toroj qilishga qarshi kurash bo'limi), birida Xalq kontroli komiteti (Xalq nazorati qo'mitasi), yana birida SES (Sanitariya-epidemiologiya stansiyasi) guvohnomasi bo'lar, bu vahimali tashkilotlar nomini eshitgan odam borki, tili kalimaga kelmay, qalt-qalt tit­rar, “tekshiruvchi”ning ko'nglini olish uchun qo'llarini ko'ksiga qo'ygancha atrofida gir aylanardi. Tekshiruvchi esa narxini oshirish uchun o'zini yanayam tajangroq tutar, oladiganini olgach, xo'mraygancha g'oyib bo'lardi. Shu bois, bu uch nazorat organi shabadasini sezgan kazo-kazo borki, sichqonning inini izlab qolardi.

Mustaqillik yillarida OBXSS bilan Xalq kontroli komiteti barham topib, SES oldingi haq-huquqlaridan mosuvo bo'lib, tarvuzi qo'ltig'idan tushgancha, chetga chiqib qoldi. Shu bilan ta'magirligu poraxo'rlikning ildizlari quridimi? Yo'q! Bu illatlar yangicha shakl-shamoyilda namoyon bo'lib, yana avvalgiday ildiz ota boshladi. Kimdir o'zi ishlayotgan falon idoraning nomini sotib, maqsadiga erishsa, kimdir orqa-oldini o'ylamay, shunday nufuzli tashkilotning guvohnomasi bilan qing'ir ishga qo'l urdi. Bunday kimsalar qatoriga bilibmi-bilmay ba'zan gazeta, televidenie va radio muxbirlari ham qo'shilib qolar, biroq buzoqning yugurgani somonxonagacha bo'lardi. Shunga qaramay, yo'l harakati qoidasiga rioya qilmaydigan yoki kirakashlik bilan shug'ullanadigan uchar haydovchilar davlat avtomobil inspektorining qo'liga tushganda militsiya xodimi degan soxta guvohnoma bilan qutulishga harakat qilganliklari, shunday kimsalar odamlarni laqillatib, tekin pul topish ilinjida hokimiyat, vazirlik, soliq, gaz, elektr va issiqlik quvvati singari idoralar xodimlariga beriladigan guvohnomalarni soxtalashtirib, yotib qolguncha, otib qol yo'liga o'tib, cho'ntak to'ldirishni kasb qilib olganliklari ham sir emas. Xo'sh, ko'rilgan chora-tadbirlar jamiyatning kushandasi bo'lgan bunday nopoklar payini tag-tubi bilan qurita oldimi? Afsuski, yo'q! Nafs degan balo tuppa-tuzuk odamni ham o'z yo'liga solib, kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, yugurtirdi. Minib yurgan mashinasi o'zimizniki bo'lsa, tezroq xorijnikiga almashtir, deb qistadi. Buning ustiga qurilishi anchadan buyon cho'zilib kelayotgan dala hovli ham ko'zlarini lo'q qilib turdi. Hammasidan ham ro'zg'or bilan bola-chaqaning tashvishi chatoq. U yoqqa o'tsang ham belingga tepadi, bu yoqqa o'tsang ham. Yog'ini olib kelsang go'shti, piyozini olib kelsang kartoshkasi yo'q. G'or degancha bor ekan. Yutgani-yutgan. Na to'ladi, na to'yadi. Bolalarni aytmaysizmi, bolalarni? Biri falon rusumli telefon olib bering desa, biri og'zini to'ldirib, mashina so'raydi. Xotinboy-chi, xotinboy. U kishining chakagini faqat mullajiring bilan o'chirish mumkin. Boshqa biron-bir narsa kor qilmaydi. Xo'sh, o'lib-tirilib ishlab, kissani arang qappaytiradigan maosh oladigan er sho'rlik nima qilsin? Shu topgani bilan oila teb­ratsinmi yoki orzu-havas qilsinmi? Qo'shimcha daromad izlashga majbur bo'ladi-da, axir. Ana shunda kimdir ter to'kib pul topsa, kimdir oldi-sotdi bilan qaddini rostlaydi. Halol mehnat bilan kun ko'rishni istamagan boshqa birov esa falon tashkilotning ko'rsa-ko'rgulik asl yoki  soxta guvohnomasi bilan yurt kezadi. Bunday sharmandalik qarmog'iga hatto katta idoralardan bo'shatilgan ayrim mas'ul xodimlar ham ilinganini va qonuniy jazo olib, el-yurt oldida bosh ko'tarolmay qolganlarini ham eshitganmiz.

Ilm-fanda obro'-e'tibor topmagan sizning professoringizga o'xshaganlarga kelsak, ular jurnalistikaning nonini yeyman deb, behuda urinmaganlari ma'qul. Aks holda, tishlarini sindirib qo'yishlari mumkin. Chunki bu sohaning noni qattiq, juda qattiq bo'ladi! Qiziq, siz ismi sharifini aytishga istihola qilgan domlaga tavsifnoma berganlar u kishining jurnalistik faoliyati qup-quruq ekanligini bilmasmidilar? Nima bo'lganda ham bunday yo'l bilan uyushmaning nufuzi oshib, kuchiga-kuch qo'shilib qolmaydi.

To'g'ri, har qanday ijodiy uyushmaga uning Nizomi talablariga to'la javob beradigan har bir munosib kishi a'zo bo'lishga haqli. Lekin baribir, shaxsiy manfaatdan davlat va jamiyat manfaatini ustun qo'yib, yetti o'lchab, bir kesish kerak! Tarix yoki falsafa, biologiya yoki kimyo fanlariga oid bir necha o'quv qo'llanmasi-yu, risolalar yozgan professorlarni uyushma a'zoligiga qabul qilish qarg'adan bulbul ovozini kutish bilan barobar ekanligini unutmaslik kerak! Rostini aytganda, ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish barobarida dolzarb mavzulardagi qator-qator maqolalari bilan nufuzli nashrlarda bong urayotgan professorlarimiz kammi?! Ko'p, juda ko'p! Shunday ekan, ijodiy uyushmalarga munosiblarning munosiblari qabul qilinsa, nur ustiga a'lo nur bo'lur!

Nuriddin OChILOV,

O'zbekiston Milliy universiteti

jurnalistika fakulteti o'qituvchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + 20 =