Biz hamisha yo'ldamiz

Yurayotgan ko'chamiz mashinalar bilan tirband. Havo juda issiq. Besabr haydovchilar tinmay signal berishadi. Ozgina siljiganday bo'lamizu yana to'xtab qolamiz.

— Mashinalar har kecha bolalab chiqayotganga o'xshaydi. Shu ketishda bo'laversa, piyo­­da yo'lga chiqsak mashinalardan tezroq yursak kerak, — deya zorlanadi orqada o'tirgan ayol.

— Boyib ketyapmiz-da, singiljon, boyib… Mashinalarning go'zalligini qarang, zavqingiz kelmayaptimi… Shukur ham qilaylik-da, — deyman hazilomuz ohangda.

— Mayli-yu… Lekin manzilga yetish muammo bo'lyapti-da…

— Shuncha muammoga yechim topilgan joyda yo'l muammosiga ham yechim topilib qolar…

— Yer ostida-ku yo'llarimiz bisyor, havoda yo'l qurmasak kerak har holda…

— Bilib bo'ladimi, rabotlar o'zbekcha gapirayotganda havoda yo'l qurilsa, ajab­lanmaymiz-da…

Yo'ldagi ushbu suhbat bahona bo'ldi-yu, avtoulov, umuman, yo'llardagi tashigichlar bilan bog'liq xotiralarim uyg'onib ketdi. Odam bolasi unutuvchan bo'ladi. Ayniqsa, yaxshisiga yetganida bundayrog'i xotirasidan ko'tarilib ketadi. Voqeaning, holatning o'zini unutmasa ham, o'sha voqeaga tutash tuyg'ularning ohori to'kiladi. Uyg'ongan xotiralarim bois o'sha tuyg'ular ham qaytib kelganday bo'ldi.

Maktab o'quvchisi edim. O'zi asli to'y-po'ylarga, yig'in-pig'inlarga borishga uncha hushim yo'q edi. Biron qarindoshlarnikida shunday voqea yuz bersa, “Hamma ketsa-yu, bitta o'zim uyda qolib, mazza qilib kitob o'qisam”, deb orzu qilganim-qilgan edi. Ammo nima bo'ldi-yu, enamizning Gurlandan ham sal nariroqda to'y qilayotgan bitta qarindoshinikiga kattalarga qo'shilib boradigan bo'ldim. Odatda shanba kechasi usti ochiq yuk mashinasiga bizning uchastka odamlari ertasiga Gurlan bozorini “gullatish” uchun yuk yuklashardi. Menimcha, u yerning bozori biznikidan qimmatroq bo'lsa kerak, bo'lmasa shuncha olisga yuk olib borish zarurmi… Xullas, biz to'yga otlangan o'n-o'n besh chog'li qarindoshlar o'sha yukning egalari bilan birga mashinaning ustiga chiqdik. Yuk kuzov bilan teng, uning ustida biz… Kattalar orasida biz o'smir qizlar… Kech kuz. Mashina yurgach, ayozi… Enamning bag'riga suqilganimcha ketib borar ekanman, sal ko'zim ketgan ekan, birdan qiy-chuv bo'lib qoldi. Qarasam, mashinamiz bir tomonga og'ib ketgan, qo'l cho'zsang yerga yetguday joydamiz. Sabzi-kartoshka to'la qoplar odamlarga qo'shilib yumalayapti. Bir amallab yerga tushdik. Yelkasiga keragidan ortiq yuk ortilganidan mashinaning balloni otilib ketgan ekan. Notanish bir joylarda kechasi bilan qaysidir sho'rliklarning qishga g'amlab qo'ygan g'o'zapoyalarini yoqib tong ottirdik. Sovuq suyak- suyaklarimdan o'tib ketgan o'sha tun. Erkaklar allaqaylardan tirkagichi bor traktorlaru ustalarni topib kelgunicha tishlarimiz takillab ketgan. Agar o'shanda bizning urug'-aymoqda (Aslida biz judayam qashshoq urug' hisoblanmasdik) uch-to'rtta yengil mashina bo'lganida, bo'g'zigacha yuk ortilgan mashinaga chiqarmidik? Haydovchiga nima azob yukining ustiga odam olib? Hamqishloqlarining yuzidan o'ta olmay, shu mashaqqatlarni joniga sotib olgan-da .

O'smirlikdan yoshlikka o'tgandagi yo'l bilan bog'liq xotiralarimning xulosalari ham shu gulxanli kechadan boshqacha emas. Farg'onada o'qiganman. Uydan uzoqdaman. Har shanba kuni o'rtoqlarim uyiga sudraydi.

— Ayam (yo dadam) Qutlug'oy (farg'onacha ismim)ni olib kel, musofirlikda yolg'iz o'zi o'ksib o'tirmasin, deb tayinlab yubordi. Seni olib bormasam gap eshitaman, — deb turib olishadi. Yo'l azobidan yuragim bezillasa ham birovlarning hurmatiga oyoq bosmay deb qizlarga ergashaman. Sal yuvoshroq domlaning darsi bo'lib, oxirgi parani tashlab qochsak, xo'p-xo'p, o'sha paytda yo'llarda odam tashiydigan “bo'lka” avtobuslarda nafas olsa bo'ladi. Ammo barcha talabalar uyiga qaytadigan payt­­ga to'g'ri kelsang-chi… Buyog'i Andijonning Oyi­­mi, Qo'qonning Besharig'i, Rishtonning Oq yeri, Oltiariqning Ko'mirchisi, nari yog'i Quvaning Akbarobodiga yetib olish azobning azobi edi. Bir eshikli avtobusda odam demagan qaynaydi. Nina sochsang yerga tushmaydi. Agar vaziyat taqozosi bilan avtobusga oldinroq chiqqan bo'lsangu ertaroq tushadigan bo'lsang, Xudoning urgani… Eshikka yetib kelguningcha hamrohlaringdan bu dunyoning “eng shirin” gaplarini eshitib olasan. Ammo talabaligimdagi besh yil davomida boshdan kechirganim poezd yo'li bilan bog'liq mashmashalarni aytsam, “bo'lka” avtobus mojarolari hech gap bo'lmay qoladi. Andijon-Dushanbe poezdiga avvaldan bilet olganim uchun Jizzaxmi, Samarqand, Kogongachami bemalol borib olardim. Ammo u yog'iga Toshkent- Qo'ng'irotga yo'l-yo'lakay chiqqanim uchun joyim doim umumiy vagonga to'g'ri kelardi. Ba'zan oyoq sig'guday joy topib bir-ikki stansiya oralig'ida tikka ketilardi, ba'zan ulgurib qolsang, uchinchi qavatga chiqib, boshga sumkangni qo'yib yotib olarding. Bemalol o'tirib ketish baxtiga poezd faqat Xorazmga yetgachgina muyassar bo'la olish mumkin bo'lardi. Ikkinchi kursni bitirgach, ta'tilda ikkita o'rtog'imni uyimga mehmonga olib ketganman. Poezdda Samarqanddan so'ng odatdagi hayot bosh­langan.

— Yonboshlab olibsanmi, tur, enangning uyi­­mi bu, yoyilib olasan…

— Tort oyog'ingni…

— Sumkamni boshimga qo'yib olaymi, buncha turtkilaysan…

— Menga desa qulog'ingga os…Faqat mening yuzimdan ol..

Shunaqa dahanaki janglar orasida o'rtoqlarimning kayfiyatini ko'tarish uchun latifa ham aytib berganman.

— Ikkita notanish odam tig'iz avtobusda yonma-yon turib qolishibdi. Bittasi ikkinchisidan:

— Samarqandlikmisiz? – deb so'rabdi.

— Yo'q, — deb javob beribdi u.

— Unda jizzaxlikmisiz? – so'roq- savolni davom ettiribdi yo'lovchi.

— Yo'q.

— Bo'lmasa nega oyog'imni bosib turibsan, ol oyog'ingni, ahmoq! — degan ekan birinchi yo'lovchi.

Ammo umrida birinchi marta uzoq yo'lga chiqayotgan, yo'l azobini endi ko'rayotgan dugonalarim bu latifadan kuladigan ahvolda emasdilar.

Uyga borgach,ular onam qorong'ulab, salqinlatib bergan xonada ikki kecha– kunduz uxlashgan. Ovqatniyam mudrab o'tirib yeyishgan.Sal o'zlariga kelgach:

— Qutlug'oy, hali mana shunaqa borib -kelarmiding, qoyilman senga, — deyishgan.

Institutni bitirgach, bir yil Farg'onada ishlab uyga qaytdim. Yam-yashil dunyolardan so'ng (buyam bir beaqllik aslida) qishloqda ishlagim kelmadi. O'n to'rt kilometr joyga – shaharga qatnab ishlay boshladim. Hayot kitobimning yo'llar bilan bog'liq yangi sahifasi ochildi, desam ishonavering. Nimadan zorlansang, o'shanga zor bo'lasan, deganlariday, endi o'sha “ bo'lka” avtobusga ham zor bo'ldim. Qishlog'imizdan shaharga hech qanday avtoulov qatnamaydi. Bozorga eshak aravada boriladi. Sanoqli odamda “Moskvich” mashinasi bor, “Jiguli” — anqoning urug'i. Katta yo'lgacha uch kilometrdan ortiqroq yo'l yurish kerak. Har kuni shippak kiyib, zipillab yo'lga tushaman. Katta yo'lga chiqqach, sumkamdan baland poshnali tuflimni olib, poyafzalimni almashtirib olaman (O'quvchilarim oldida bo'yim sal tikroq ko'rinsin, deyman-da.) Ertalab-ku duch kelgan mashinaga qo'l ko'taraman. Ammo ko'pincha shom atrofida qayt­ganim uchun qaytishda tanish mashinalarni kutaman, ba'zan bekatda bir, bir yarim soatlar qolib ketaman. Menga o'xshab qishlog'mizdan shaharga qatnab ishlaydigan bitta-yarimta vrachmi, arxitektor yo boshqa kasb egalari bor, o'shalarni poylayman…Hozir ham tushlarimga kiradi:birinchi soat darsim bo'ladi…Mashina kelavermaydi, betoqatlanib, qora terga botib uyg'onib ketaman…

Yo'q, yo'q, men yashagan hayotning betiga qora bo'yoq chaplab, o'zim bir chetda turib tomosha qilmoqchi emasman. Barcha davrlardagi kamchilik­larda, hatto, ruhiy, jismoniy iztiroblarda o'sha davrda yashagan kishilarning, jumladan, o'zimning ham aybim bor. To'g'ri, menda avtobus, poezd bilan bog'liq muammolarni hal qilish imkoniyati bo'lmagan. Lekin har bir odamda hamisha:

— Nega bunday? – deb so'rash imkoniyati bo'ladi. Darvoqe, hikoyamni boshlaganimda biz tirband yo'lda edik. Yoshim o'ta boshlagach, bir paytlar ichimda hurpayib turadigan “tipratikan”imning tikanlari o'tmaslashib qolganday, ko'proq shamol tezligida o'tayotgan vaqtning qad­riga yetish haqida o'ylab qolgandayman. Qo'lga kiritilgan, bugun bizga xizmat qilayotgan har ezgulikning shukronasini qilish, borini yo'qotib qo'ymay asrash mening xayotiy tamoyillarimning markaziga aylangan. Shuning uchun tosh­baqa yurish qilib ilgarilayotgan mashinamizda hanuz “uf”lab o'tirgan hamrohimga:

— Men yaqinda vodiyga poezdda borib keldim. Xizmat ko'rsatish darajasi juda yaxshi. Mana, shahrimizdagi yangi avtobuslarni aytmaysizmi, hammasida sovutgichlar… Bugungi yo'l xizmatidan nolisak, nonko'rlik bo'ladi. Mana, ko'rasiz, yaqinda hammasi bundan-da yaxshi bo'lib ketadi… — deya gap boshlayman. U menga g'alati bir qarab qo'yadi-yu , indamaydi.

Ha, azizim, biz hamisha yo'ldamiz-ku. Jisman to'xtaganda ham qalban ilgarilayotgan bo'lamiz. Kimimiz adolat, kimimiz haqiqat, kimimiz sukunat yo'llarida… vafo yo'llari, tazarru yo'llari… Sanayversak, yo'llar oz emas. Kecha ham qay bir yo'llarda tirbandlik bor edi, bugun ham bor. Muhimi , biz to'xtalsak ham salgina to'xtalamiz, keyin yana harakatlana bosh­laymiz. Ayni paytda esa mana shu tirband­lik qalbimizga solgan soyaning orqasiga o'tib olmaylik. Hayotni shu soya orqali kuzatmaylik. Harna bo'lsa-da, yurish, harakatlanish, ilgarilay olish imkoniyatlarini bugunning eng go'zal imkoniyatlaridan biri, deb bilaylik…

Ayolga aytmoqchi bo'lganlarimni qog'ozga ko'chirib siz yurtdoshlarimga ayta qoldim. Menga qanday qarayapsiz, nigohingizni ko'rgim kel­yapti…

Qutlibeka RAHIMBOYEVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − three =