Shukronalik
Xalqimizda bir-biri bilan hol-ahvol so'rashganda Xudoga shukr yoki shunchaki shukur deb qo'yish odati bor. Bu so'zlarning tag zamiriga e'tibor berilsa, olam-olam ma'no borligi oydinlashadi. Shukr qilish — sabr, qanoat, keng fe'llilik, nafsning tiyilishi, ortiqcha hoyu havaslarga berilmaslik hamda kishi ruhiyatini zabt etuvchi turli xil illatlardan pokiza tutuvchi qalqon deyish mumkin.
Qalbida shukronalik hissi bor odamdan ko'ra baxtliroq kishi bo'lmasa kerak. Shukr ko'ngilning to'qligidan dalolat. Ko'ngli to'q odam xotirjam yashaydi, behuda, o'tkinchi narsalarga vaqt sarflamaydi.
Yaqinda bir do'stimning mashinasida ketayotganimizda, katta yo'lga chiqishda mashinaning g'ildiragi yo'l yoqasidagi beton ariqchaga tushib ketdi. Xudoga shukr, dedi u. Bu holatdan hech qanday fojia yasamadi, vahimaga tushmadi, bezovtalanmadi. To'g'ri-da, katta yo'lga chiqib ketganda bundan-da kattaroq hodisa ro'y berganda nima bo'lar edi?! Zum o'tmay uch-to'rtta yigit kelib, mashinaning old tomonidan ko'targancha tekis yo'lga chiqarib qo'yishdi…
Duoda xosiyat ko'p, deyishadi. Ota-bobolarimizning duolarini eslaylik. Ular har bir duolarida shukrni zikr etishadi. Avvalo elga tinchlik, osoyishtalik tilab, so'ngra o'zlarining, ahli oilasining haqlariga duo qilishadi.
Hozirgi tezkor zamonda hammamiz yelib yuguramiz, lekin go'yoki hech narsaga ulgurolmaymiz. Sababi nimada? Balki Allohning bizga berib qo'ygan umriga, tanamizning sog'lig'iga, rizqimizning butunligiga, ota-onamizning, farzandlarimizning, do'stu birodarlarimizning tinch, osoyishta yashayotganliklariga shukrimiz kamlik qilayotgandir! Orzu-istaklarimiz o'zimizning ehtiyojimizdan ortib ketayotgandir!..
Tabiiyki, odamning orzu-niyatlari chegara bilmas. Har kim shirin orzular qiladi, yaxshi turmush kechirishga harakat qiladi. Orzu-niyatlar shukronalik hissi bilan uyg'unlashsa, yanayam go'zalroq maqomga ega bo'ladi. Ro'zg'orda halovat, topganida baraka bo'ladi.
Bir keksaroq tanishim bor edi. Yo'ldan o'tib-qaytganda salomlashib turardik. Suhbatimiz cho'zilib ketgan chog'larda u kishi meni uyining oldidagi tut daraxtining soyasiga taklif qilar, soyada yonboshlab rosa gurung qilar edik. Suhbatimiz shu tarzda besh-olti yil davom etdi (Alloh u kishini rahmatiga olgan bo'lsin). Shu vaqt mobaynida u kishining yuzida biror marta norozilik yoki asabiylik alomatini ko'rmaganman. Yuzlaridan nur yog'ilardi go'yo. Tilidan biror kalima nojo'ya so'z eshitmaganman. Har bir gapida shukrni zikr qilar, oilasi ham juda hamjihat, bir-birlariga mehribon edi. Yana bir muhim jihati shundaki, unday kishilar bilan suhbat qilsangiz, dilingiz yayraydi, hayotning naqadar go'zal, jozibali ekanini his qilasiz. Borliqqa, odamlarga bo'lgan muhabbat dilingizni to'laligicha zabt etadi, kayfiyatingiz ko'tariladi.
“Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo”, deb bejiz aytishmagan. Gap nimani izlashimizda. Shunday kishilar ham borki, hayotdan bir umr nolib yashaydilar. Ular uchun hammayoq qorong'i, zim-ziyo. Hammaga kulib boqqan baxt, omad ularni chetlab o'tayotganday go'yo. Mening nazarimda, unday kishilarda qanoat yetishmaydi, shukronalik hissidan yiroq kishilar deyish mumkin undaylarni. Shukr qilib yashash hayotini taqdir izmiga butunlay tashlab qo'yish yoki har qanday holatga ko'nikib yashash, degani emas, albatta. Shukronalik — ochko'zlik, nafs, xudbinlik kabi illatlardan forig' etuvchi, hayotga yorug' yuz bilan boqib yashashga undovchi go'zal xislatdir, inson xulqini bezovchi fazilatdir.
Har bir oila jamiyatning kichik bir bo'g'ini sanalar ekan, bu muhitda qanday tartib, intizom shakllanishi oila boshliqlarining tutumiga, boshqaruviga bog'liq. Har kim qalbiga qanoat va shukronalik kayfiyatini jo qilib yashasa, yoshlar shu ruhda tarbiya topib, o'qib, izlansa, ilm-fan cho'qqilarini zabt etishda davom etsa, Yangi O'zbekistonning ravnaqiga ulkan hissa qo'shgan bo'ladilar.
Mamlakatimiz mustaqilligining o'ttiz uch yillik to'yi arafasida ko'nglimdan kechgan o'y shu bo'ldiki, biz buyuk allomalar, ahli donishlar avlodimiz. Osoyishta va obod yurt fuqarolarimiz. Jahonga dars bergan millat vakillarimiz, Allohning suyukli bandalarimiz. Bularning har biri beadad shukronamizga sabab bo'luvchi omillardir.
Yusuf ZIYoD