Dastxat
Oyog'i yengil, hozirjavobgina xodimimiz Muqarrarni kasb bayrami arafasida yirik banklardan biri ziyofatga taklif qildi. Yil bo'yi bank faoliyatini yoritishda rosa ter to'kkandi-da. Boz ustiga uning yozganlari yaxshi baho olgan, bank ma'muriyatiga ham ma'qul kelgandi. Ishlagandan keyin qandini ursin, haloli bo'lsin. Bugun Muqarrar bayram stolining to'rida o'tirsa yarashadi. Biz, hamkasblari, uni havas va intizorlik bilan kuzatib qo'ydik.
Tushdan keyin Muqarrar ishxonada paydo bo'lganda uni kosmosdan qaytgandek kutib olishga shay edik-u, uning ancha parishtasi past edi. Bu paytda ortiqcha bir og'iz gap ham toshdek tegishi mumkin-da. U o'rindiqqa og'ir cho'kdi-da, qo'lidagi o'rog'lik narsani “do'q” etkazib, stolga tashladi.
— Nima ekan, qo'limni uzib yuboray, dedi. Sobirjon, ochib ko'ring-chi, – hamkasbimizning bu lutfidan so'ng hammaning chehrasi yorishdi, to'rt burchak qilib o'ralgan sovg'ani qo'lma-qo'l qilib, yengil askiya boshlanib ketdi.
— Bank rosa himmat ko'rsatibdi-ku. Nahotki ko'kidan shuncha bergan bo'lsa. – Rostdan, o'ralgan narsa zil-zambil edi.
— Men bunga ishonmayman, – dedi qitmirroq xodimlardan biri, – bu ko'kidan emas, oltin quymasi bo'lsa kerak-ov. – Hamma beixtiyor kulib yubordi.
— Mabodo bir parcha g'isht bo'lmasin, – dedi Muqarrarni doim ta'qib qilib, ijodiy musobaqaga chorlab yuradigan Saltanatxon. Bu sovuq kalomdan Muqarrar ranjidi-yu, sirtiga chiqarmadi, faqat bir o'qrayib qo'ydi. Bu paytda tugun yechilib, o'rog'liq sovg'a yuz ko'rsata boshlagan edi.
— E, – deb yubordi Sobirjon xuddi boshi devorga tekkandek , – kitob ekan.
U qo'lida zamonaviy shoirlardan birining qalin muqovada fin qog'ozida, rangli suratlar bilan chop etilgan kulliyotini ushlab turardi.
— O, dahshat, – dedi vahimachiroq musahhih, – hazrat Navoiyning “Xamsa”si ham bunaqa sifatli chop etilmagan.
Bu paytda Muqarrarxon xonani tark etgan, ehtimol, bank haqidagi ocherkining qaerigadir tuzatish kiritayotgan edi.
U sovg'aga qayrilib qaramadi. Kitob tahririyatning mulkiga aylandi. Xodimlar bo'sh bo'lganda, kulliyotni varaqlashardi, shoirning o'tli nafasidan yaralgan nazm durlaridan bahra olishardi.
Kunlarning birida hamma qizg'in ijodiy jarayondan so'ng nafas rostlab, u yoq-bu yoqdan gaplashib o'tirardi. Sobirjon hafsala bilan kulliyotni varaqlamoqda, go'yo hech kim topolmagan xazinani kashf qilmoqchidek, varaqlar qatiga singib ketgan. Uning birdan chehrasi ochildi, yo'qotgan narsasini topgandek, qiyqirib yubordi. Hamma unga tikilib qoldi, shodlikning sirini bilishga qiziqdi.
— Nahotki muallif dastxat yozib ketgan bo'lsa, – u kulliyotning ich muqovasini ochib turardi. Unda chumoli izidek qing'ir-qiyshiq yozuv ko'zga tashlanardi. Hammalari jovva yopishdilar, kimdir ovoz chiqarib o'qidi:
Ona qizim Muqarrar,
Dunyoni ag'dar-to'ntar,
Qiynalib qolsang agar —
Shoir otangni axtar.
— Zo'r chiqibdi, – deyishdi hammalari, – tabriklaymiz. – Shunda Muqarrarxon birinchi marta mamnun jilmaydi, kerilib:
— Shoir akam meni hurmat qiladilar, o'zlari kelib yozib ketganlar, –dedi.
Dastxat haqiqiymidi yoki hamkasblardan birining hazilimidi, bu bilan hech kim qiziqmadi. Hamma Muqarrarxonning shodligiga sherik bo'ldi.
Hakim MUHAMMAD