“Xo'jayiningiz kelsin”

yoxud “koptok”ka aylangan bemor hikoyasi

 

Hozir nima ko'p – kasalxona ko'p. O'ngga qarasang ham, so'lga qarasang ham kasalxona. “Dom”ning tagida ham kasalxona, chorrahada ham – kasalxona. Hamma yoq kasalxona. Lekin… Shifoxonalar kam!

Qiziqchi hangomalaridan.

 

Jimitgina jimjiloqning katta nag'malari chiqishi bemorning xayoliga ham kelmagan edi. Hamma balo orzusidagi etik xarididan boshlandi. Falon pulga “zakaz” qilib olingan etik oyoqni shunday “quchoqlab” oldiki, ayolning ko'zlaridan olov chaqnab ketdi. “Olavering, koja, tashiydi. Tem bolee… o'zingiz buyurtma bergansiz. Vozvrat yo'q!” Chala xushmuomala internet-sotuvchi bilan tortishib o'tirishni o'ziga ep bilmagan ayol etikni ko'tarib, uyi­­ga qaytdi. Bilgan usullarini qo'llab, oyoq kiyimini o'ziga moslashtirishga harakat qildi. Ertasi kuni “gap”ga allambalo etikni kiyib borib, bir xursand bo'ldi-ey. Go'yo yig'ilgan xonimlar uning etiklarini ko'rib, havasdan yonib ketayozganday edi.

Uyga qaytgach, o'ng oyog'ining jimjilog'i qizarib qolganini payqamadi. Og'riqni ham his qilmadi. U axir orzusidagi poyabzalga erishgan, qolgan noqulayliklar esa o'tkinchi deb bildi. Kunlar quvlashmachoq o'ynab o'tar, jimjiloq ham borligini sezdira boshladi. Bir oyga qolmay qizarib-bo'zarib, shishib ketdi. Ayol shifokorga murojaat qilganida ish tagiga olib bo'lgan edi…

Azizim, ayting-chi, shifokorga ishingiz tushsa, tanish-bilish qidirib qolasizmi? Yoki biror ishonchli odamdan ishonchli doktorning manzilini olishga harakat qilasizmi? Menimcha, shunday. Ayol ham tavsiyalarda alqangan, tajribali, oliy toifali, turli sertifikat va diplomlardan devorlari liqqa to'lgan shifokorning huzuriga bordi. “Voy-voy-voy, — dedi doktor yarani ko'zdan kechirib. — O'tkazib yuboribsiz-ku! Ertaga operatsiya!”.

“Yaxshilarning boriga shukur, tezgina bo'ldi bu yog'i. Ko'rmaganday bo'lib ketaman”. So'nggi yillar davomida uch marta murakkab jarrohlik amaliyotini boshidan o'tkazgan, ochiq yurak operatsiyasidan “butun” chiqqan ayol uchun jimjilog'idagi jarrohlik jimitgina, ixchamgina muolaja misoli tasavvur uyg'otdi.

Vrach kamgap, jiddiy inson ekan. Salobatiga allaqanday viqor berib turgan yaltiroq hoshiyali ko'zoynagi, o'tkir nigohi, do'rildoq ovozi bemor qarshisida go'yoki O'zbekiston shifikorlarining piri-komili, ustozlarning ustozi gavdalangandek taassurot uyg'otdi. Xlor va ozodalik isi ufurib turgan jarrohlik xonasi tibbiy asbob-uskunalar tovushi, xodimlar shivir-shiviridan jonlandi.

Ukol urilib, ustida bomba portlasa ham sezilmaydigan oyoqdagi yara ochildi. Ahvol chatoq. Yiring jimjiloqning suyagini yemirib,   to'piqqacha borgan edi. Jimitgina jimjiloq amputatsiya qilindi. Yallig'langan mushaklar olib tashlandi.

Operatsiya jarayonida indamas jarrohning tilga kirishi mash'um xayollar iskanjasida qolgan ayolni biroz tetiklashtirdi. Vrach pogon taqqan mas'ul xodimlar kabi ayolning kimligi, qaerda ishlashi, avval qaysi shifokorlar qo'lida va qaerda davolanganini so'rab-bildi. “Bu yerlarga qanday kelib qoldingiz?” deya yana qiziqdi vrach. “Siz sohangizning eng, eng, engi ekansiz. Falonchi Pismadonchiyevich tavsiya qilgandi”.

Bir-ikki kun qanday o'tdi, ayol bilmadi. Xayollari har tomon kuzak xazonlariday to'zg'igan. Muolajalar davom etar. Ammo vrachning chiroyi sira ochilmasdi: “Xo'jayiningiz kelsin”, – dedi jiddiy qiyofada u. “Kecha ham chaqirtirgan edi. O'zimga hech nima demaydi, nuqul bu kishimni so'roqlaydi. Mayli, bir gap bo'lar…”

Ayolning turmush o'rtog'i oddiy odam, quvlik-shumlikdan bexabar, soddadil inson. Shifokor nima desa, barini yetkazdi. Million-million so'mlik dorilar xarid qilindi. Shifokorning mehribonligini qarangki, “Shahar bo'ylab dori axtarib yurmang” deb har safar amakining qo'liga aptekaning telefon raqami, kimga uchrashi yozilgan qog'ozni tutqazar edi. U yerdagilar esa “Yaxshiyam bugun keldingiz, ertaga narxlar yana ham oshardi”, deb uning diliga oro kirishardi.

Ammo-lekin Toshkenti azimda topib bo'lmas yana bir dori bor ekan. “Xo'jayiningiz kelsin” tadbirining navbatdagi qismida amakining qo'liga “Falonchi xonim. Falon raqam. Falon dori” deb bitilgan bir parcha qog'oz tutqaziladi. Falonchixon telefon go'shagining narigi tomonidan shirali ovozi ila “zakaz”ni uch-to'rt soat ichida yetkazishini aytadi. Amakining “Buncha kuta olmayman, aptekangiz manzilini ayting, borib olib kelaman” degan iltimosi muallaq qoladi. “Voy, dodajon, klinikangizga shaxsan olib borib beraman. Bir million yetti yuz ming so'mni tayyorlab tursangiz, bas!” degan sado keldi. Tang ahvolda qolgan amaki “Tayyor, tayyor puli” deganini o'zidan bo'lak hech kim eshitmadi. Qarz daftariga esa yana bir satr qo'shildi.

* * *

Ha, biz tayyormiz, doim tayyormiz. Sog'liq desa, salomatlik uchun nima deyishsa, necha pul ketsa ham tay-yor-miz! Ba'zan oq xalatlilarga shu qadar ishonamizki, aldanib turganimizni, kalaka bo'layotganimni, sun'iy paysal domiga tushib, vaqtimiz quruq vitaminlar iste'moli bilan o'tayotganini bilsak ham tan olmaymiz. Axir – tibbiyot siz va men bilmaydigan soha. Bilmagan olamingning past-balandini anglash mumkinmi?! Nina tig'i kunda “ming” marta a'zoi badaningni teshib tursa, hap-hap etib hovuch to'la dori ichsang… Sun'iy xushmuomalani urf qilib olgan hamshiralar girdikapalak bo'lsa. Ularga ishonmay, kimga ishonsin oddiy odamlar? Bunisi yetmaganday shifokorlar partizanday gap.   Biri-birining aybini, kamchiligini yopib ketadi. Birortasi xato qilsa, qolganlari o'sha xato oshkor bo'lmasligi uchun hujjatlaru ko'rsatmalarni “kuf-suf” qilib yangilab qo'yadilar. Bu gaplarni osmondan olganimiz yo'q. Hammaga ma'lum haqiqatlar-ku bu. To'g'ri, hammani birdek qoralash o'taketgan nodonning ishi. Ammo ba'zan shifokor degan ulug' nomni bulg'agan, “Vaqting keldi, sur begim” qabilida ishlaydigan nopok tibbiyot xodimlari ham kam emasligi bor gap.

* * *

…Oradan biroz vaqt o'tib amaki klinika darvozasi tomon bordi. Bu yerda uni lablari o'rdakmisol cho'chchaygan, tim qora jingalak sochlari xipcha bellari uzra to'lg'ongan ikki qiz qarshi oldi. “Aptekachiga o'xshamaydi-yu bular” xayolidan o'tkazdi amaki. Dunyoning tashvishlaridan bexabar shaddod qizlar pulni sanab olganlaridan so'ng xumor ko'zlari kabi qop-qora “Kaptiva”ga o'tirib, shaharning tor ko'chalarida g'oyib bo'lishdi. Amaki yana bir qimmatbaho dorini olgancha palata tomon shosh­di (Ta'kidlash joizki, bu dori asli yengil yaralarga qo'yiladigan, jarayonni vaqtincha to'xtatib turishga yordam beradigan vosita – yopishqoq qog'oz edi. Uning bir-ikki soatdan ortiq yiringli yara ustida qolib ketishi infeksiyaning urchishiga sabab bo'lar ekan. Amaki olib kelgan boshqa vositalar ham davolovchi effekti sust, bioaktiv modda yoki turli vitaminlar singari muhim dorilar qatoridan chetdagi matohlar edi. U buni qaydan bilsin).

“Xo'jayiningiz kelsinlar” marosimining navbatdagisida amaki bemor ayolini nogironlar aravasi-yu mashinalarga solib alohida ko'rsatilgan manzildagi shifokorning qabuliga olib borib, allaqanday qimmat apparatga solib qaytdi. Davolovchi shifokor yangi tashxislarni ko'zdan kechirib “Gangrenani to'xtatish uchun oyoq tomirlarni ochish kerak” deb, yana bir manzil va “zo'r” mutaxassis ismi qayd etilgan qog'ozni tutqazdi. Sarson bemor ming bir azoblarni yengib vrach ixtiyor etgan mutaxassis bilan ko'rishdi.   Mutaxassis yigitcha kasallik tarixini o'rganish qatorida ayolning turar-turmushi, topish-tutishi, avval qaerlarda, kimlarda davolanganini so'radi. So'ng ayolning rangpar holiga rahmi kelgandek, “Havotir olmang. Hozir bizda yotsangiz, kechqurungacha oyoq tomirlaringizni ochib operatsiya o'tkazib olamiz. Kechasi yana avvalgi shifoxonangizga jo'nab ketishingiz mumkin, – dedi. – Xizmat haqimiz yigirma besh million so'm”.

Og'zining bir chetidan “puf” etib chiqib ketgan pul miqdori ayolning yuziga tarsaki misol urildi. Er ayolini aravada sudrab tashqariga olib chiqdi: “O'ylab ko'ramiz.”

* * *

Bugun Toshkentning o'zida yuzlab xususiy klinikalar faoliyat yurityapti. Turli tibbiy maslahatxonalar, maxsus yo'nalishli ixcham kasalxonalar, xilma-xil xizmat turlarining faoliyati yanada kengayib bormoqda. Quvonarli jihati shundaki, siz istagan vaqt istagan yo'nalishdagi vrachning qabuliga bemalol kira olishingiz mumkin. Bir klinikaning o'zida xorijdan keltirilgan zamonaviy tibbiy texnikalar, muolaja xonalari, oshxonayu dam olish xonalarigacha muhayyo.   E'tibor bergan bo'lsangiz yurtimizda tibbiy laboratoriyalar imperiyasi ham yaratilgan. Avvallari birgina qon tahlili uchun turar-joyingizdagi poliklinikalarda turnaqator navbat kutishga to'g'ri kelardi.   Hozir deyarli har qadamda laboratoriya markazlari faoliyat yurityapti. Ular orasida murakkab tahlil talablariga javob beradiganlari oz emas. Bu juda quvonarli. Ammo ba'zi xususiy laboratoriyalarning xizmatlari dori-darmonlar uchun ketgan xarajatlardan ham o'tib tushadi. Ular bilan hamkorlik qilayotgan “ishbilarmon” vrachlar bemorni kerak-kerak bo'lmagan laboratoriya tahlillariga yo'llanma berib, “Qars ikki qo'ldan chiqadi” qabilida yo'l tutayotganlari ham rost. Soddaligimiz ba'zan laqmalikka aylanayotgani kimlar uchundir qo'l kelyapti.

Xususiy klinikalar o'z reklamalariga katta e'tibor qaratadilar, bu borada mablag' ayamaydilar. To'g'ri, reklama tijoratning yetakchi kuchi   sanaladi. Bas shunday ekan, bugungi tibbiyot ham tijorat libosini kiyib olgan oppoq malakka aylanganini tan olish joiz. Tijorat bor joyda esa raqobat ham bo'y ko'rsatmay qolmaydi. Tibbiyotdagi raqobat esa kimlarningdir cho'ntagi uchun emas, avvalo, xalqimizning salomatligi uchun xizmat qilishi darkor.

E'tibor berganmisiz, xususiy tibbiyot markazlari juda shinam, toza-ozoda bo'ladi. Vrachlari shoshmay ishlaydi. Sababi, ularning ostonasida oilaviy poliklinikalardan farqli, 40-50 nafarlab kutib turgan bemorlari yo'q. Inchunin, sizni obdon tinglashadi. Ammo hushyor bo'lingki, tajribali, jilla qursa oliy o'quv yurtini muvaffaqiyatli tamomlagan shifokorga uchrasangiz xo'p-xo'p. Aksi bo'lsa, bir qabulning o'zida o'rtamiyo­­na doktorni “fosh” etolmay ancha-muncha mablag'ingiz, vaqtingiz, sog'lig'ingiz ketar ekan. Sizni vrach xonasining devorlarini to'ldirib turgan turli sertifikat va hujjatlar, diplom hamda ishonch qog'ozlari chalg'itishi mumkin (Aslida bu qog'ozlarni hech kim o'qimasayam kerak). Vrachlarning bemorlar va u-bu taniqli san'atkorlar bilan kulib tushgan suratlari ham devorda gulqog'ozday toblanadi. O'ylab qolasan kishi: rostdan ham suratdagilarning bari shifo topib ketganmikan? Yoki bu ham seriallar singari o'ylab topilgan, chalg'ituvchi usulmi?

Ko'p kuzatdim. Viloyatlardan shifo izlab kelgan bemorlar poytaxtning turli xususiy klinikalarini “ishg'ol” qilishgan. Qaerga ham borishsin? Hali-beri poytaxtdan nari hududlar, yirik shaharlardan chekka maskanlarda tibbiyot xizmati qoniqarli bo'lmasa kerak. Olis tuman markazlari va qishloq tibbiyot dargohlari faqatgina fidoyilar, universal, mahoratli va tajribali tibbiyot xodimlariga suyanib turgani sir emas. Chekka hududlarning chekiga tushgan “ko'rgiliklar” haqida soatlab gapirish mumkin. Zero, bu masalada yurtimizda olib borilayotgan islohotlar ijrosiga umid bog'lab qolishdan o'zga chora yo'q. Qishloqning hokisor   shifokorlari hech nima da'vo qilmaydilar, oylik maoshlarini vaqtida berib turishsa bas. Ular kech soat beshgacha emas, kechasi ham, so'fi azon aytib ulgurmagan sahar mardonda ham xizmat burchlarini bajarishga shay bo'ladilar. Dori-darmon, tibbiy asbob-uskuna, xizmat mashinalarining tanqisligi faoliyatlari uchun to'g'anoq bo'lolmaydi. Ularning ixcham xonalarida sovutgichlar yo'q, “huvillagan” devorlarida yil taqvimidan ortiq xech nima ko'rmaysiz. Qishloq ahli kabi samimiy va sodda tibbiyot xodimlari sizni “pulketar” ko'riklaru turli tahlil laboratoriyalariga sarson qilmaydilar. Sharoitingizga yarasha muolaja qilib, jiddiy muammo ko'rsalar shaharga borishni maslahat beradilar, xolos. Fidoyilik hukm surgan bu   manzillarning saroymonand binosi yo'q. Yetishmovchiligi yetti osmonga yetadi. Ammo u yerdan taralayotgan savob nuri hali ko'p bemorlarni oyoqqa turg'azishga yetadi.

Shukurki, butun respublikamiz bo'ylab halol, olijanob, malakali shifokor va hamshiralar juda ko'p. Burch va mas'uliyatni ustun bilgan, bemorlar oldidagi xizmatni nafsidan ulug' sanagan tibbiyot xodimlari aksariyat ko'pchilikni tashkil qiladi. Aks holda… aks holda poraxo'rlik, ta'magirlik va yolg'on iskanjasi yosh avlodni ham o'z domiga tortishi hech gap emas. Bu “yuqumli kasalliklar”ning davosi esa juda murakkabdir.

* * *

…Ayol nogironlar aravasiga mixlangancha jim o'tirar edi. Eri, farzandlari “pul topiladi” deb tinchlantirishga urinishdi. Ammo ularning taskinlari kor qilmadi. Pul topilar, ishonch-chi? “Sen shularga ishondingmi? Oyoq qon-tomirlarini ochishdan avvalgi muolajalar, tekshiruvlarning mukammal bo'lishiga ko'zing yetadimi? Xo'p, bular-ku ishini yumaloq yostiq qilar… palatangga qaytib borarsan ham. Jiddiy doktor yana va yana “Xo'jayiningiz kelsin” demasligiga kafolating bormi? Yana “koptok” bo'lib turli klinikalar, laboratoriya xizmati, topib bo'lmas dorilar olamida to'p bo'masligingga ishonasanmi?” Ayol sergak tortdi. Atrofga nazar tashladi. Yo'lakdagi o'rindiqlarda o'tirgan o'zi kabi bemorlarga nimadir degisi keldi. Nimalardandir ogoh etgisi keldi. “Siz ham “koptok” bemormisiz?” deb hasrat qilgilari keldi.

Kasalni tag-tomiri bilan davolash o'rniga (gormonal preparatlar yordamida) o'n kunlik, bir necha oylik ta'sir kuchiga ega muolajalarga aldangan shu ayol kabilar dodini kimga aytsin?! To'g'ri, hamma shifokor o'z yo'licha, o'zi tanlagan usulda davolash jarayonini belgilaydi. Ammo ular orasida bemorning qayta-qayta tashrifidan manfaat ko'rayotganlari ozmi? Bor, yetarli. Hamma biladi bu haqiqatni ham. Ammo aytgani, tanbeh bergani andisha qilamiz. Kamdan-kam hollardagina rasmiy shikoyat bilan yuqori tashkilotlarga murojaat qilishimiz mumkin. “Bu yog'iga ogoh bo'laman, bu rasvo doktorning oldiga bosh­­qa kelmayman” deb o'zimizni ovutamiz. Soxta shifokorlarning qarmog'iga o'zimiz kabi sodda bemorlarning yana ko'p bora ilinishi bilan esa ishimiz bo'lmaydi. Axir, hamma o'zi uchun o'zi javob beradi-da. Aslida esa tan olishga majburmiz,   loqaydmiz. Befarqlik hukm surgan muhitda esa yaralar albatta yiring bog'laydi, so'ng suyak-puyak bilan chirib tushadi…

Ba'zan tibbiyot ham xususiylashib, davlat ixtiyoridan, nazoratidan butunlay chetga chiqib qolgandek taassurot uyg'otadi. To'g'ri, xususiy klinikalar malakali shifokorlar, zamonaviy texnika, laboratoriya bilan quvvatlangan. Nufuzli tibbiyot dargohlarida xorijda ta'lim olgan va tajriba orttirgan shifokorlar xizmat qilmoqdalar. Ularning moddiy manfaatdorligi ham yomon emas. Mehnatga yarasha pul topishning aybi yo'q. Ammo halolidan bo'lsin! Kasbini sharaflagan, vijdoni uyg'oq shifokorlar orasida ildiz otib olgan “kurmaklarni” tozalash fursati allaqachon yetgan. Bemorlarni sog'in sigirdek ko'rib, “koptok” qilib bir-birlariga oshirishlari — na dinga, na diyonatga va na o'zbekchiligimizga to'g'ri keladi. Ba'zi xususiy klinikalarda ishlayotgan saviyasiz, ilmi sust, kasbiy malaka va mahorati oqsagan shifokorlarni kim nazorat qiladi? Bu vakolatga ega tashkilotlarning hisobotlari bilan tanishsak ziyon bo'lmas edi. Toki, “mushugini hech kim “pisht” demaydigan soxta vrachlar qo'lida qancha insonlar, yaqin-birodarlarimiz nobud bo'lishganlari saboq bo'lishi kerak emasmi?

* * *

Ayolning holi ne bo'ldi, dersiz? U o'zi yaxshi bilgan, bir necha bora sinovlardan o'tgan shifokorlari huzuriga chog'landi. “AKFA MEDLINE” shifoxonasiga! Ularga avvalroq murojaat etmagani uchun o'zini koyidi. Ayol yurtimiz va xorijiy davlatlarga dong'i ketgan bu shifoxonada yurak jarrohligi, uyqu qon tomirlari operatsiyasini boshidan o'tkazgani, malakali vrachlar qo'lidan shifo topib ketganini unutish mumkinmidi? Shu kunning o'zida bemorning to'pig'igacha yoyilib ketgan gangrena   ochildi. Atrofga tarqalgan badbo'y hid, o'limtik, qoraygan mushaklar, chala-yarim qilingan amputatsiya o'rni… Vrachlar   kimlarningdir xatosini jimgina tozalashdi. Bir soat, ikki soat… Faqat “Kim qildi opersiyani?” deb so'rashdi, xolos. Yuqorida aytganimizdek, shifokor zoti partizandek gap ekan. Ular tillariga mahkam… Shuni bildim. Va yana bildimki, sinalgan do'st kabi, sinovdan o'tgan shifokorlarning etagidan mahkam tutish kerak ekan. Ilmni, malaka va burchni muqaddas sanagan, sizning dardingizni o'ziniki bilgan asl shifokorlar – hazrati Shifokorlar juda ko'p. Ular-da manmansiramaydi. Ular olqishlardan, shov-shuvlardan yiroqda. Ular haqida kam yozishadi, ko'rsatuv va eshittirishlar kam. Va ular bunga muhtoj ham emas. Biz satang san'atkorlarni, olifta xonimlar hayotini ag'dar-to'ntar qilayotganimizda, jamiyatimiz uchun halol mehnat qilayotgan haqiqiy qahramonlar chetda qoladi. Bu bizning yana bir xatomiz. Har kuni ish vaqtini kimningdir og'irini yengil qilish uchun sarflaydigan, bemori bilan jon olib jon beradigan, yana o'sha bemorlarini tuzalgunicha kuzatib, alal-oqibat yillar davomida ta'tilga chiqmagan, qo'l uchida ishlashdan or qiladigan shifokorlar bor bo'lishsin, sog' bo'lishsin! Zero, bunday shifokorlar inson taqdirini “koptok” qilishni jinoyat sanaydilar. Jinoyat esa bu dunyoda, bu dunyoda bo'lmasa, u dunyoda, albatta, jazosiz qolmaydi!

Yashnar MO'MINOVA,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 1 =