QANDAY ShE'R ShOIRNI  BOQADI?

Muallif haqida: Abdurazzoq OBRO'Y — 1956 yilda Pastdarg'om tumanida tug'ilgan.

Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetida o'qigan. O'zA, “Mushtum” jurnali, “Vatanparvar” gazetasi tahririyatlarida faoliyat yuritgan. O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist. O'ndan ziyod hazil she'rlar va parodiyalardan iborat kitob­lari chop etilgan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Abdurazzoq OBRO'Y

 

QANDAY ShE'R ShOIRNI BOQADI?

 “She'r bilan qorin to'ymas”, deganlaring yodimda,

  Lek, qaraki, so'z bilan hayotim obod bo'ldi.”

Dilmurod DO'STning

“Neki topdim” she'ridan.

Qanday she'r shoirni boqadi,

Qasida hammaga  yoqadi!

Maqtalmagan rahbar qolmadi,

Mendan demang xabar olmadi.

Mukofotiga   o'nta qo'y oldim,

She'r bilan uch qavat uy soldim.

She'r yozishlik har kimga mayli-da,

Qornim to'ydi she'r tufayli-da.

Moshinni ham she'r bilan oldim,

Xotinni ham she'r bilan oldim.

Ne so'rasam berishdi darrov,

Shoir baxtga erishdi darrov.

Men har nedan sergak va ogoh,

Mendan o'tar yo'q boshqa maddoh!

 

TOPILMA

“Olamni aylanib, dunyo bo'lmadim,

O'sha dunyolaring ichimda bugun!”

O'lmasbek SAMARQANDIYning “Bugun” she'ridan.

 

Otning  salobati kuchida ekan,

Shamol kuchi  terak uchida ekan.

Dunyo deganlarin izlab yuribman,

U shoir O'lmasbek ichida ekan.

 

MAZA QILISh

“Mazza qil tovonga botganda ni(y)na-

O'zingni qiyna sen, o'zingni qiyna!”

Shahriyor ShAVKATning “Uloqtir eng po'rim liboslaringni”

satri bilan boshlanadigan she'ridan.

 

Qo'shni qizni poyla, yesang ham tayoq,

Ketinga tepsa ham temirday oyoq,

Ishtiyoq so'nmasin, axir ishtiyoq,

“O'zingni qiyna sen, o'zingni qiyna!”

 

Oyog'ingni itiga tishlatib olgin,

Ko'zing akasiga mushtlatib olgin,

G'urrangni do'stlarga ko'rsatib olgin,

“O'zingni qiyna sen, o'zingni qiyna!”

 

Hamma  eshitsin-da fig'on, nolangni,

Uchqo'rg'onda ko'rgin, mayli, xolangni,

Kimdir so'ksa hamki deya: — …ni,

“O'zingni qiyna sen, o'zingni qiyna!”

 

Mahalla bolasi do'pposlab ursa,

Singan oyog'ingni ko'p odam ko'rsa,

Shunday bo'lar axir bir oshiq bo'lsa,

“O'zingni qiyna sen, o'zingni qiyna!”

 

ShE'R YoZISh HAM IShMI?

“She'r yozishga qo'ymas hatto xotinim,

  Orttirmang, deydi  u,  shoirdan dushman…”

To'lqin EShBEKning “Shoirlik — kasb emas” she'ridan.

 

She'r yozma, — deydi ja eski divanim,

Baribir uxlab qolar, — der o'qigan.

She'r yozma, — deydi mallavoy Ivanim,

Baribir kaltak  yeydi, — der to'qigan.

She'r yozma, — deydi xafa bo'p moshinim,

Meni pachaq qilasan, — der, — mohirim.

She'r  yozma, — deydi urishib xotinim,

Mendan boshqa so'kmasin, — der, — Tohirim.

She'r yozma, — deydi, kumushim, oltinim,

Kuyib ketmasin, —  deydida, —  oxirim.

She'r yozma, — deydi nolibroq botinim,

Hech kim o'qimaydi, deydi zohirim.

 

AROSAT

“Qo'lingga qalbimni qo'yib yig'ladim,

  O'qllaring taftidan kul bo'ldi

                             qalbim.”

Nasrullo ERGASh.

Kallangga kallamni urib yig'ladim,

Kallangning zarbidan kallam og'ridi.

Ro'ymolingga sallam  o'rab yig'ladim,

Ro'moling taftidan sallam og'ridi.

Oyoqqa  oyog'im urib yig'ladim.

Oyog'ing zarbidan oyoq og'ridi.

Qayoqqa qayog'im qo'yib yig'ladim,

Qayog'im og'ridi o'zim bilmadim.

 

MEN QAERDAMAN?

“Bir qo'zg'alib dardlarim

  Esdan chiqib gaplarim,

  Qurib qolgan lablarim,

  Tungi soat ikkida…”

Mirzo OZODning “Tungi soat ikkida…” she'ridan.

Men yaxshi ishlaganman,

Labimni tishlaganman,

Ko'nmasang, mushtlaganman,

Tungi soat ikkida…

 

Ko'rpa yetmas oyoqqa,

Qarayapsan qayoqqa?

Qolma yana tayoqqa,

Tungi soat ikkida…

 

Nima tanga botibdi,

Dema, meni otibdi,

Kim joyimda yotibdi?

Tungi soat ikkida…

 

O'ChIRMAChI ShOIR

“Yanada quvonarlisi, islohotchi shoir  Safar OLLOYoR she'riyatda sensatsion yangiliklar yaratishda faol davom etib,  jahon adabiyotida salmoqli salohiyat egallab kelayotgan sonetdan ham ikki satr ixcham adabiyotda sof turkiy lison istilohidagi “UChShODA” nomli yana bir yangi she'riy janrga asos soldi”.

Gulnoz SATTOROVAning

“Abadiyat buloqlaridan oziqlangan she'riyat” maqolasidan.

 

Ovozi xush kakkular bor,

Yapon she'rda “Hakku”lar bor.

 

Dinimizda uch taloq bor,

O'zbek she'rda  “uch chanoq” bor.

 

O'qimagan Safar shoir,

Abdurazzoq bekor koyir.

 

She'r tarixin o'chirdi u,

Keyin o'zi ko'chirdi u.

 

 Qarang, yolg'on ifodani,

Kashf qilganmish “Uchshoda”ni.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + 2 =