Elga suyanch bo'lgan suyukli bo'lgay

O'zbektosh TO'RAXONLI

 

Muallif haqida: O'zbektosh TO'RAXONLI (A.Qilichev) — 1986 yil Sirdaryo viloyatida tug'ilgan. O'zbekis­ton Davlat san'at va madaniyat institutini bitirgan. Dramaturg, rejissyor. Toshkent musiqali teatri (operetta)da “Jonim dadam”, Andijon yoshlar teatrida “To'maris” spektakllari sahnalashtirilgan.

Muallifning “Quvonch”, “Ertaklar to'plami”, “Qochoq kuyov” nomli kitoblari nashr etilgan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

 

                           VATAN

 

Shunchalar go'zalki bog'laring, yurtim,

Ko'ksimni faxrga to'ldirib yurdim,

Beklar o'lkasida baxtga to'lmas kim,

Elga suyanch bo'lgan suyukli bo'lgay,

Madhingni kuylashga qalamlar surdim.

 

Bayrog'ida g'urur, sha'nim aksi bor,

Hilpirashin ko'rsam dilimda viqor,

Maqsad nishonimda ishonch barqaror,

Tangri bergan qutlug' ne'matim yurtim,

Nomingni duoday takrorlab turdim.

 

Algoritmimizdan zamin mukammal,

Ibn Sinomizdan og'ir dardlar hal,

Bobolar har so'zi olamga sayqal,

Ilmda mayoq kabi bir timsol yurtim,

Kundan-kunga ko'rkam, barkamol   yurtim.

 

Sho'x o'tgan bolalik uchun rahmatim,

Chekkan zahmatlarim – cheksiz rohatim,

Muqaddas osmonim, pirim, hazratim,

Sharqda yulduz kabi bir timsol yurtim,

Kundan-kunga ko'rkam, barkamol   yurtim.

 

Daryolar orasin har mirishkori,

Kelajak bog'larin parvarishkori,

Taraqqiyot vaqti tekkaydir kori,

Fuqarosi bilan et-tirnoq yurtim,

Kuchni adolatda, birlikda ko'rdim.

 

Tarix ayvonida yengilmas abad,

Xalq irodasi-la qurilgan davlat,

Qalbingga bilim sol, yurakka jur'at,

Hamisha navqiron, qahramon yurtim,

O'zbektosh nomi-la so'zbino qurdim.

 

* * *

Xaritangga boqsam, uchar ot go'yo,

Husnu jamolingdan aylanay, Vatan.

Ikki daryo aro ko'kalam dunyo,

Baxtu kamolingdan aylanay, Vatan.

 

Umidi – o'stirsa umidli farzand,

Toza xayolingdan aylanay, Vatan.

Juldir kiyinsa ham g'ururi baland,

Eru ayolingdan aylanay, Vatan.

 

O'zi tezak yoqar neftu gaz sotib,

Mushkul, malolingdan aylanay, xalqim.

Kattayu kichigin ko'ziga botib,

Turgan savolingdan aylanay, xalqim.

 

Bolamning yuzini yumshoq silagan,

Mayin shamolingdan aylanay, Vatan.

Baxt tongini topgay qora kunidan,

Lafzi halolingdan aylanay, Vatan.

 

Qancha jangu jadal, tinch kunga guvoh,

Ko'hna Orolingdan aylanay, Vatan.

Madhing kuylamagan shoirlar gumroh,

Butun aholingdan aylanay, Vatan!

 

          BIR KUN VA YuZ YIL

Uyg'onish, ulg'ayish shart kuchga to'lib,

Engilgandan ko'ra toshga aylanay.

Tarixdan tafakkur olganlar g'olib,

Bir kun mag'lub bo'lgan – yuz yil qul bo'lgay!

 

           ShIDDATGA KELING

Kim nimaga qodir? Dono yo nodon,

Siyratning kaliti – suhbatga keling.

 

Ginayu arazni quvib har yona,

Choy yo osh bahona himmatga keling.

 

Kelishib olaylik, keng ko'ngillikda,

O'zlikka ko'makka, xizmatga keling.

 

Tarbiya yo'lidan yurib to oxir,

Ajdodlar ruhi bor – ibratga keling.

 

Bir rahnamo kerak yurtga hamisha,

Cheksiz kuch-quvvatga, shiddatga keling.

 

Go'zal g'oya afzal go'zal so'zlardan,

Uyg'oning, shoshiling, san'atga keling.

 

Tuyg'u va tafakkur chegarasi bor,

Kutishning paytimas qudratga keling.

 

Maqtasin, qo'llasin o'zbekni o'zbek,

Mas'uliyatga ham, mehnatga keling.

 

Bir haqiqat tomon, mudom xalq tomon,

Chindan mardu maydon bir ahdga keling.

 

Yana qayga boray desangiz agar,

Mehru muhabbatga, chin baxtga keling.

 

             ILMSIZLAR

     BILGANI ShULDIR

                  (Masal)

Quyon, Sichqon, Maymun, Olmaxon,

Do'st edilar ahil, mehribon.

 

Gir aylana o'rmonning g'arbi,

Ular uchun ajratilgandi.

 

Orzu birla kunlardan bir kun.

Yig'ildilar osh qilish uchun.

 

Tushlik payti kayfiyatlar chog',

Soy bo'yida osdilar o'choq.

 

Boshlash uchun palovli bazmni,

Chorlashdilar mashhur oshpazni.

 

Yordamchi deb tajribasi zo'r,

Tayinlandi quyon sabzixo'r.

 

O'choq kulin tozalab sichqon,

Sara guruch keltirdi chaqqon.

 

O'tin terdi Maymun kuy chalib,

Shoxdan-shoxga sakrab, jilmayib.

 

Olmaxon-chi? Jamlab hushini,

Yuvdi, kesdi sabzavot, go'shtni.

 

Bo'lsin deya sog'liqqa dori,

Qovurildi qozonda bori.

 

Ko'pchilikning oshi pishar tez,

Ham mazali, madorli, laziz.

 

Osh damlandi uch soat o'tmay,

Hamma turar yeyish uchun shay.

 

Dam tashlashdan sal o'tib keyin,

Boshlandi zo'r tomosha, o'yin!

 

Quyon dedi: – “Sabzi soling ko'p,

To'g'ramasdan butunlay bir qop!

 

“A” vitamin ko'payar shundan,

Emaganman bunday sabzidan”.

 

Sichqon so'zlar: – “Un solish kerak,

Yangi ta'mni totayin beshak.

 

Aytganimni kimlar etsa rad,

Badar ketgum, o'ynamam minba'd”.

 

Maymun do'qlar: – “Qozoningga sol,

Afrikaning bananidan mo'l.

 

Kim solmasa po'chog'i bilan,

Ag'daraman o'chog'i bilan”.

 

“Oshda pishsin miyaga darmon –

Yong'oq soling,” – dedi Olmaxon,

 

Kim so'zimdan xafa agarda,

Bor mehnatim qaytarsin shartta”.

 

Qiyin bo'ldi oshpaz – sarbonga,

Har balolar soldi qozonga.

 

Ajabsanda bo'ldi, palovmas,

Mohir oshpaz ko'zga qarolmas.

 

Sol, sol, bo'lsa har qanday qozon,

Maqsad unut, qoladi sarson.

 

                              OTA

Quchdim, ichdim, uchdim. Qolmadi armon,

Neki bersa avval bolamga bersin,

Bor hayot ne'matin tatigandayman,

Ko'rmaganlarimni farzandim ko'rsin!

 

* * *

Bobom qurgan yo'ldan g'oz yurib shodon,

Manzilga yetkaymiz tinch, sog'u omon,

Kelajakka qolsin yana ham ravon,

Vatan ko'zlariga qaraylik bugun,

Xalqning xizmatiga yaraylik bugun!

 

Olisdagi do'stning ko'ngliga solsin,

Jasoratda jo'shib tog' oshib kelsin,

Qarzin unutmasin, burchini bilsin,

Vatanning ko'ziga qaraylik bir zum,

Xalqning xizmatiga yaraylik, do'stim!

 

Bir maqsad yo'lida birlashar bo'lsak,

Umumni, unumni o'rnini bilsak,

Barakat yog'ilar harakat qilsak,

Vatanning ko'ziga qaraylik bir zum,

Xalqning xizmatiga yaraylik, do'stim!

 

* * *

Qo'lingdan tutgali haq-huquqim yo'q,

Ketay desam, qalbda qoshlaringdan o'q,

Ishqli iforingni lablarimga to'k,

Qirq bahor – qirq daryo mendan sengacha,

Bir so'zing – bir dunyo sendan mengacha.

 

Go'yo ikki tog'dek uchrashmas dillar,

O'rtada sahrodek sochilgan yillar,

Keksalik yoshlikka fido manzillar,

Qirq bahor – qirq daryo mendan sengacha,

Bir o'zing – bir dunyo sendan mengacha.

 

Zarra sevilmayman qancha sevmayin,

Yonimda lek yodi olisda tayin,

Xayoldan shirinim, xayolday yaqin,

Qirq bahor – qirq daryo mendan sengacha,

Bir so'zing – bir dunyo sendan mengacha.

 

Qirq yosh, o'n sakkiz yosh armoni bisyor,

Andishadan devor, sarob bir gulzor,

To'siq hatto do'st-yor, his bo'lmas oshkor,

Bizdan to Sizgacha yo'llar bir sarob,

Sizdan to bizgacha yo'llar bir sarob.

 

                 NASIB ETSIN

 

                                              Bizga nasib etdi Bayt ziyorati.

Sirojiddin SAYYID

 

Yurakda yig'ilgan yuklar zil-zambil,

Etsin yengillashish vaqti, muddati.

Pirlarim ziyosi chorlagan manzil –

Nasib etsin bizga Bayt ziyorati.

 

Qatag'on bobolar yetmagan joy bu,

Marhum do'st qadamin qutlagan joy bu,

Navoiy tilida olamoroy bu,

Nasib etsin bizga Bayt ziyorati.

 

Yurtimning tog'lari, bog'larin kezdim,

Turkiya-yu, Rimning taftini sezdim,

O'zimni ming chog'lab ko'nglimni ezdim:

Nasib etsin bizga Bayt ziyorati.

 

Yillar g'uborini yuvadi bu kun,

Ko'ngildan shaytonni quvadi bu kun,

Dil uyi poklansa poklanar ochun,

Nasib etsin bizga Bayt ziyorati.

 

Duoda ko'zimni yoshlab turibman,

Suyganimdan ortiq suyib yuribman,

Musulmonligimdan g'urur tuyib man…

Nasib etsin bizga Bayt ziyorati.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × one =