Sog'inchlar dasturxon ochadi har kun

Ra'no XOLIQOVA

 

Muallif haqida:

Ra'no XOLIQOVA — 1968 yili Chinoz shahrida tug'ilgan. 1990 yilda ToshDU (hozirgi O'ZMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. Ijodkor o'qituvchilar respublika ko'rik-talovi g'olibi (2004 yil). Shoiraning “Ko'zlarimda ko'rgin dunyoni” she'riy kitobi nashr etilgan.

 

                  Iltijo

Bag'ringizga boshimni qo'ysam

Ko'zingizga termulsam uzoq…

Ketarmidi sog'inchlar qalbdan

Ketarmidi dildagi firoq…

Ishq bog'ida kezib sarsari

Mehringizdan quvonchga to'lsam…

Mayli edi kavsar suvlarin

Qo'lingizdan ichsamu o'lsam..

Behishtlarga uchsayu ruhim…

Rayyonlarda ochilsa eshik.

Rizvonlarda hur malak bo'lib

Ne'matini ulashsa beshak.

Ro'zi Mashxar tomon intilay

Yaratganga qilay iltijo.

Jamolingga chin oshiqlarni

Jannatlarda bir qilgin Xudo.

 

                  YuLDUZIM

Sizni yaratgandan so'radim uzoq

Mehrda ummonim ko'nglimning ko'zi.

Yuragim qa'tini bosadi titroq.

Dilimning quvonchi — porloq yulduzim…

 

Sog'inchlar dasturxon ochadi har kun.

Mujgonlar toliqar yo'lingiz poylab

Muhabbat atalmish bebaho tuyg'u

Ozor-la bedor-la o'ziga chorlar…

 

Bugun-chi, qarshimda turibsiz kulib,

Eng sara so'zlardan guldasta tutib.

Joningga jon bo'lay o'zim dedingiz.

Bir dunyo armonni shu on unutdim….

 

Shukronam tilimda boringiz uchun.

Elkangiz tutdingiz sadoqatli yor.

Iymonda butunim, mehrda tanhom

Siz ila qalbimda gulladi bahor….

 

* * *

Sizni aslo aytmam birovga,

Ko'z tegadi sirimni ochsam.

Ko'ngil ishi o'rtab yurakni

Jilvalanar qaerga qochsam.

Sizni aslo aytmam birovga,

Niliy ishqdan ko'pchigan jonman.

Siz bor ekan yorug' dunyoda,

Men tirikman, ko'ngli osmonman.

Sizni aslo aytmam birovga,

Jon o'rtaydi so'zlaringiz ham.

Bu yolg'onchi ko'hna dunyoda,

Bo'loldimmi bir muddat malham?

Sizni aslo aytmam birovga,

Sirlarimni qilmadim oshkor.

Menku sodiq qolgum vafoga…

Meni loyiq bildingizmi yor?

Xayol inji, sarhush damlarni,

Yuragimga qildingiz tortiq.

Sibqoraman baxt sharobini,

Ilinjim yo'q, sizdan-da ortiq…

Ko'nglimga nur ulashgan begim,

Rutubatli kuzning qo'shig'i.

Yaproqlarga o'tadi quchib,

Shamollarda uchar sarsari.

Xazon barglar yig'laydi cho'chib,

Sarhisobin qilar quyosh ham.

Nim kuladi bardoshi yetmas,

Oltin rangga o'rangan zamin.

Kuz xayoli ko'ngildan ketmas…

Osmonimni chulg'agan bulut.

Birdan to'kdi ko'zdan yoshini.

Oshiq qalbga soldimi umid,

Sinadimi qiz bardoshini?

Yomg'irlarda kezar yigit, qiz…

To'kiladi qalblar jolasi.

Kuz: armonlar, umidlar fasli,

Yomg'irlarda ko'ngil nolasi.

 

       QADR KEChASIDA…

Olloh bilan yolg'izman bugun,

Qalbim ila keldim yuzma-yuz.

Yolg'onlardan asra Xudoyim,

Yorug'likdan charaqlasin ko'z.

 

Jilov bergin tuyg'ularimga,

Ibodatda sobit qil, Tangrim.

Muhabbatni ato et cheksiz,

Zurriyodlarim anglasin qadrim.

 

Hayda, shayton vasvasasini,

Kur'on ila taskin topayin.

Qabohatning yo'llari uzun,

Yomonlarning yo'lin yopayin.

 

Niyatlarim qilgin ijobat,

Asra, seni degan har jonni.

Ko'z yoshlarim, to'g'onsiz daryo,

Yuragimga joyla iymonni,

Ko'zlarimga joyla iymonni…

 

          TOShGUL QISMATI

Anvoyi gul edi, nafis, betakror

Bog'bonning mehri-la ko'kka bo'y cho'zgan.

Quyoshning nuridan olardi malham,

Yovvoyi gullarning tinchini buzgan.

 

Betakror go'zallik bobida tanho,

Gulzorga zeb edi husni, ibosi.

Hasaddan kelardi gullarning g'ashi,

Alamdan kuyardi bori, dunyosi.

 

Shivirlab, g'ashlanib so'zdan tosh yasab,

Anvoyi gulni xo'p qilishdi g'iybat.

U ko'z yosh to'karkan, botardi g'amga,

Yo'q biror mehribon, qani haqiqat?

 

Ne aybi bor edi uni   shunchalar,

Kundan-kun o'zini yedi ichidan.

Qovjirab barglari sarg'ayib so'ldi,

Tanasi bo'shashdi, ketib kuchidan.

 

Ming bora afsusda, bog'bon bu holdan

Ildizin sug'urdi tuproqdan gulin.

Toshloqqa tashladi, ko'ksi ezilib,

Tushunib yetmadi sinoat, sirni.

 

Tanti tabiatning mehri tufayli

Toshloqda jon bitdi anvoyi gulga.

Quyoshning mehrini sezdi tanasi,

Ildizi yoyildi qumloq, tosh yerga.

 

Atrofga qarasa, gulzorda gullar,

Qovjirab, so'ligan yig'lardi ular.

Unutdi u g'amli kunlarini ham,

Gullarga baxsh etdi mehrdan malham.

 

Unutdi quyoshning zarrin nurini,

Gullarga ulashdi, qalbi qo'rini.

Ildizi baquvvat gullarga meros

Antiqa edi u va o'ziga xos.

 

Ko'p afsus chekishdi tikanli gullar,

Nohaq ayblashgandi toshgulni ular.

Ko'nglida qoralik saqlamay giryon,

Ularni hayotga qaytarar hamon…

 

Toshgul qismatiga bo'lmang beparvo,

Asl gul qiymatin yo'qotmas aslo…

 

                YoRIJON

Taqdir eshiklarim qulfmi,

Yo yaxshiga kun yo'q, urfmi?

Sochlarmi bu qaro zulfmi?

Nega bizga kun yo'q, yorijon?

 

Ko'ngil badar oshiyoni yo'q,

Yuraklarda yonar lag'cha cho'g'.

Hijronlardan qadaladi o'q

Nega bizga kun yo'q, yorijon???

 

Visolingda devona   o'zim,

Yoshlanadi sog'inchdan ko'zim.

Hijronlarga tilayman to'zim,

Nega bizga kun yo'q, yorijon.

 

Niyatlarim chiqar sarobga,

Yana ko'nglim qo'ydim   azobga

Mahkummiz shirin iztirobga

Nega bizga kun yo'q, yorijon….

 

* * *

Sizni o'ylayversam qalbim yig'laydi.

Na chora, na imkon, na visol tortiq.

Ammo xayolimda yashaysiz, har dam,

Dunyoda yagonam, hammadan ortiq…

 

Ishqning sahrosida   yurdim adashib,

Quridi cho'llarda bu hush zabonim.

Sizni uchratguncha ne hasratlardan,

Yuragim to'kildi, aziz insonim…

 

Meni bag'ringizda tuting bir muddat.

Sog'inchdan armonlar ketsin to'kilib

Azizim, roziman, ishq, nurli xilqat

Qalbingiz yashnatay   atirgul bo'lib.

 

Qiyosda tengsizim, siz jonu dilim.

Nafasim, nodirim, orim, panohim.

Siz uchun yashayman dunyoda asli.

Azizim, asrasin sizni Olloxim…

 

* * *

Mayli quving xayolingizdan,

Unutmog'im istang chin dildan.

Armonlarni ko'ngilga tugib.

Ha, ketarman olisga sizdan…

 

Diydorlarning etagin bog'lab

O'zim bilan olib ketaman.

Sog'inch aytsa hijron kuyini

Yig'lama deb ko'p ovutaman.

 

Yurak bersa og'riq sarsari

Azoblarga qilaman bardosh.

Ketgin, degan so'zingiz yomon,

Daryo bo'ldi ko'nglim-la ko'z yosh.

 

Xo'p qolmasman, ortga qaytmasman.

Qilmaysizmi hech qachon armon?

Sizni jondan sevguvchi qizni,

Berarmikan, yana   Xudojo-o-n?!

 

* * *

Sizni unutmoqlik og'ir ehtimol.

Ko'zimning raxida kulib turasiz.

Siz haqda o'ylasam, surganda xayol.

Balki, mehr istab to'lib turasiz.

 

Balki unutarsiz, tezda ko'nikib

Ko'nglimning diltortar ash'orlarini.

Ishqim yo'lingizga tutgandi gullar,

Dilimning rangini, bahorlarini.

 

Sog'inchdan to'kilsam, cheksam iztirob,

Eslang, yodga oling tonggi yaproqdan.

Tabiat qo'yniga chiqing, oshiqing…

Men chiqib kelaman har bir butoqdan…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + 2 =