Ko'zingni ko'zimda asragan edim
Aziz SAID
Muallif haqida:
Aziz SAID — shoir. 1961 yili Buxoro viloyatida tug'ilgan. ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini bitirgan. “Chiltor”, “Dili qani bedilning”, “G'oyibdan do'st bilan suhbatlar”, “Fursat darvozasi”, “Vaqt manzili” nomli kitoblari chop etilgan. Hozirgi kunda “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri o'rinbosari.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
Ko'zingni ko'zimda asragan edim
Zanjiru kundaldan vassayu sinji,
Men — xona, mahramsir kuyga to'laman.
Sirlar tovog'ida bir hovuch mayiz,
Pinhona sog'inib bandin uzaman.
Mushkuling kush-o-o-d
bo'lsin, yo omin,
Xunoba dil sh-o-o-d
bo'lsin, yo omin.
Sangtarosh hamalning nuri poytesha,
Yurakka yo'l ochar tog'ni taroshlab.
Ishqpechon gullagan chog'i namozshom,
G'am kelar sochini chiltorga bog'lab.
Navo qilsang d-i-i-l
to'lsin, yo omin,
Nigoh solsang g-u-u-l
bo'lsin, yo omin.
Gunohim daraxtin shoxlarin qirqib,
Bir savat to'qiyman — baxt uchun kosa.
Sabr sahrosida dor tikib yeldan,
Men seni chorlayman — ishq uchun ossang.
Jonim olsang j-o-o-n
kulsin, yo omin,
Yodim ichsang j-o-o-m
to'lsin, yo omin.
* * *
Adashib yolg'izlik o'rmonlarida
O'lgan edim, muzlagan edim,
O'shanda olovday paydo bo'lding sen
Tirilib gulxanday bo'zlagan edim.
Tunlari osmondan izlab yulduzing
Tushlardan xabarchi yo'llagan edim.
Kunlarni yetaklab o'tgan har qushdan
Sening jamolingni yo'qlagan edim.
Qanotsiz ruhimga qanot baxsh etgan
Ko'zingni ko'zimda asragan edim.
Xudo uchrashtirgan chog'da da'fatan,
Samoga qaqnusday sachragan edim.
Mast edim, oyning nurlarini sen
Piyolaga quyib bergan chog'ingda.
Mast edim, ishqimiz yomg'irlaridan
Kuylar chalinganda har yaprog'ingda.
Na olam, na odam chor atrofimda,
Nuringga qo'shilib nurga boylandim.
Yillar yonib ketdi o'rtamizdagi —
Men endi yo'qdirman, senga aylandim.
KELIB QOLDIMI, BAHOR
(rondo)
Qaldirg'och g'och-g'och
Eshigingni och-och…
Xalq qo'shig'idan.
Qish toshini cha-qa-di
Tog' boshini chay-qa-di
Oy qoshini qo-qa-di
Ke-lib qol-di-mi ba-hor
Echki do'mbir cha-la-di
Qo'zi zo'ldir ma-ra-di
Gulni o'lgur ya-la-di
Ke-lib qol-di-mi ba-hor
Ari sirg'a ta-qa-di
Bo'ri qirga o-qa-di
Itni burga cha-qa-di
Ke-lib qol-di-mi ba-hor
Suvni ariq al-day-di
Maysa yoriq ya-may-di
Sirni baliq as-ray-di
Ke-lib qol-di-mi ba-hor
Tuya yalpiz chay-nay-di
G'uncha yulduz sa-nay-di
Kaftda dengiz qay-nay-di
Ke-lib qol-di-mi ba-hor
Os-to-nang-da ayt kim bor
Qal-dir-g'och g'och-g'och
* * *
Chayqalayotir ruhim,
Taxti ravon ravonmas.
Sarxush emasman, ey yor,
Ko'ksim teshgan kamon mast.
Labing tekkan qadahda
Qasam qalqar, alammas.
Sarxush emasman, ey yor,
Rasmim chizgan qalam mast.
Itga tashlab talatting,
Og'riyotgan yarammas.
Sarxush emasman, ey yor,
Bo'g'zimdagi nolam mast.
Raqsga tushdim oy bilan,
Endi qushman, odammas.
Sarxush emasman, ey yor,
Izing izlab qadam mast.
Izing izlab qadam mast…
* * *
Shodlik qozonining qirrindisi g'am,
Mening ko'zim qora, ko'zlarim qora.
Pazanda taqdirning kapgiri siniq,
Yulduzlar qovrilar qop-qora.
Qo'lim uzataman yurak tubiga,
Kuygan kaptarlarim qanoti qora.
Taqdirim tandiri hamon tutaydi,
Yillar lov etadi, yo'llar qop-qora.
Bu nima ziyofat, ey qodir Xudo,
Yorning ko'zlaridan qarab chorlatding.
Kuygan taomingni oldimga qo'yib,
Uning nigohini kimga qaratding.
XATOLAR
Biz xato qilamiz
Dovdirab qolib.
So'ng yotib o'ylaymiz:
“Hayotning sabog'i –
Xatolar –
Takror bo'lmas endi
Yoddan chiqmas adog'i…”
Tasodif. Va'da va Aldov.
Yana dovdirashlar
To'lqinidamiz.
Besubut ruhimiz
Alg'ov va dalg'ov.
Yana ko'hna tarix –
Xato va afsus.
Yurakda qarg'ish-u
La'natlar qoldirgan
Qonli yaralar ham
Tushadi qurib –
Harorat vaqtning
Oyinasidan.
Shunday kelaverar
Ketma-ket ular.
Biz yotib o'ylaymiz
Yana:
“Hayotning sabog'i
Xatolar…”
TONGDA
Kuzda kuz bilan tunagan daraxt
Bahor ko'ylagini kiyarkan shoshib,
To'zg'igan sochiga shamol taroqchi,
Tun oyna tutqazar sandig'in ochib.
Kuz qol deb yolvorar oyni ko'rsatib —
Biz chiqib ketamiz o'sha tuynukdan.
Yolg'onchi bahorning nurin ko'rdingmi
Quyilib kelmoqda eski choynakdan.
Zangori dengiz bor osmon burjida,
Uyimiz bo'ladi suzib yurguvchi.
Sharqirab oqarkan momoguldirak
Charxpalak quramiz ters aylanguvchi.
Yashinga minamiz – mangu oq otim,
Boramiz tushlarning qarorgohiga.
Yulduzlar taqarkan feruza uzuk…
Bizlarni ko'mishar ishq dargohiga.
Kuzning zorlarini tingladiyu mast,
Bahor ko'ylagini kiydi u daraxt…
INTERNET HAQIDA TUSh
Ozodsan, ammo
To'rt tomon devordir,
Osmon ham devor,
Yer ham devordir.
Qulsan, ammo
Bo'yningda zanjiring yo'qdir,
Devorgacha yurishga taqiqing yo'qdir.
O'zing bilan o'zing bir zum qolmoqqa
Haqqing ham yo'qdir.
Har kun bir kalamush
Chiqib kelar devor ostidan,
Hidlab ko'rar rutubat havoni
Bormi deb suzib yurgan so'z.
Hidlab ko'rar nafasing
Hidlar nigohing
Bormi deya yana biror ko'z.
So'ng mamnun
Kuladi kalamush, bitko'zi qisilar,
Senga tikilar
Olddagi ikki so'yloq tishlari yonib,
Umring davomini uzmoqqa shay
tishlari yonib.
To'shagingga kirarkan o'rmalab
Hidlay boshlar xayollaringni,
Hidlab ko'rar xotiralaring.
Dimog'i ilg'aydi dengiz isini,
Ilg'aydi samoga parvoz isini.
Va qo'rqitar
Siringdan dunyoga jar solaman deb,
Sen ham kalamushga aylanmasang deb,
Do'mbira chalaman o'ynamasang deb…
Qaytib borar devor ostiga
Va kuta boshlar sening ham
Kalamushga aylanishingni.
Sen kalamushga aylanmaysan.
So'ng makr to'rini yoyar kalamush
Olti devorga
Qalbingni hidlamoq uchun uzoqdan.
Va o'chirib tashlar o'sha to'r bilan
Orzularing yo'llarini –
Uzukning izini o'chirganday
Nozik barmoqdan…
Endi na dengiz bor,
Na osmon bor, na qir bor,
Na qo'shiq bor, na-da bir she'r bor,
Na o'tgan kunlardan biror-bir iz bor…
Har kun shu takror…
Har kun shu…
Har kun
Kalamush
Chiqib kelar ekan devor ostidan
Va tushlaringni ham hidlarkan endi
Kutaverar sening ham
Kalamushga aylanishingni.
Kalamushga aylanmaysan
Aylanolmaysan
Sevib qolgan bo'lsang-da uni…
* * *
Ozodsan, ammo
To'rt tomon devordir,
Osmon ham devor,
Yer ham devordir…
“SUVDAGI IZLAR” turkumidan
Qafasdagi rangdor qushcha
Sayramay qo'ydi
Paryostiq ko'targan ayolni ko'rib
* * *
Stoldagi qalam
Qo'rqib tikilar pichoqqa
Pichoq haqida yozsammi
Yozmasammi
* * *
Daraxtni zo'rg'a ko'ndirdim
Birga uchishga
Qushga aylanishimni
Kutamiz endi
* * *
So'zga aylana olmay qiynalar
Rangli sharlar ichidagi
Nafasim
* * *
Sog'ilayotgan sutning ovozi
O'choqdagi olov ovozi
Suhbatlashar
Kutib turar tong bo'sag'ada
* * *
Bir shoda anor
Xona devoriga osilgan
Ko'rpani boshiga tortar bolakay
* * *
Arraning ovozi kelar ustaxonadan
Xazonlar ostiga berkinar
O'rik danagi
* * *
Bahorning so'nggi kuni
Qaldirg'ochlar xayrlashar
Ko'zimga chizilgan ovozlari bilan
* * *
Yo'q, sen gunohkor emassan
gunoh faqat gullarda
ular jaranglaganda
muhabbatning ovozi deb o'ylagansan
yo'q, sen gunohkor emassan
gunoh yaproqlarda
bo'lmasa shunchalik go'zal hilpirarmidi
gunoh shabadada
gunoh kuylarda
dod deb yuborgim keladi
nega senda gunoh yo'q
* * *
Umid –
uzilgan ip,
ulamoq kerak umidni umidga
so'ngra seni qiynar bir umr
umidning tugilgan tuguni.