Gulning diydorida chehrang namoyon
Ziyoda AMINOVA
Muallif haqida: Ziyoda AMINOVA — 1978 yili Kasbi tumanidagi Qo'riq qishlog'ida tug'ilgan. O'zbekiston Milliy universitetini 2000 yilda tamomlagan. Ko'plab publitsistik maqolalari, she'rlari Qashqadaryo viloyatining hamda respublikamizning nufuzli nashrlarida e'lon qilingan. Xalqaro “Oltin qalam” Milliy mukofotining sovrindori bo'lgan (2020 yil).
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga ko'ra “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Hozirgi paytda Qashqadaryo viloyati hokimining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo'yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
* * *
Ko'zing qarog'ida yashayapman men,
Goh dalli devona, goh sarmast bo'lib.
Bir buyuk sevgingga oshiqman, miskin,
Qo'lda may turibman to'lg'onib, to'lib.
Ishqing yuragimga o't, olov solgan,
Naqshlab ulgurgan sog'inmoqlikni.
Tashnalik, nedurki aqlimni olgan,
Angladim, to'lg'onib o'rtanmoqlikni.
Gulning diydorida chehrang namoyon,
Har tog'ning bastida seni ko'raman.
Haq degan yurakda sen borsan shoyon,
Azizsan, ulug'san, qutlug' ey, VATAN!
YaRAShGAYDUR
Bu vatanga tiniq ovoz, go'zal sozlar yarashgaydur,
Chertib aytsa dili yonib, shirin rozlar yarashgaydur.
Har tong subhga berib salom, asta ko'zin ochsa quyosh,
Jamolidan nusxa olsa, ul andozlar yarashgaydur.
Bobolari o'tgan odil, momolari zukko zakiy,
Navoiydan topib aytsa, she'r bayozlar yarashgaydur.
Ostonasin ko'zga surtib, tuprog'ini aylab tavob,
Bu obodlik, sarishtalik, ham pardozlar yarashgaydur.
Istiqlolning nayin chalsa, bir tarahhum etsa diyor,
“Muhtahzod”u, “Tanovar”u, sho'x “Gulnoz”lar yarashgaydur.
Odim otsa dadil-dadil, yuraklari uyg'onadur,
Farzandlari aytgan yalla, zo'r ovozlar yarashgaydur.
Vatan desa, yetti iqlim, yetti pushti titrasa gar,
Boshda do'ppi, xonatlasu, banoraslar yarashgaydur.
Dunyo ta'zim etsa uning kechasi-yu, buguniga,
O'zbekona chertib aytgan talaffuzlar yarashgaydur.
Bu vatanga tiniq ovoz, go'zal sozlar yarashgaydur…
* * *
Uning tahriridan o'tmog'lik qiyin,
Savollari bisyor, titrog'i azob.
Yuzingni shu'laga tutmog'ing uchun,
Poklanib bormog'ing shart erur, yo rab!
Ko'ndalang savollar yuzga yuz bosib,
Goh butlab, gohida tilka-tilkalar.
Yashab qo'ygandeksan yuz yilni shoshib,
Hayot qozoniga otashni qalab.
Bo'ldi bas, zanjirni qo'yvorgin axir.
Boshqa bo'lolmayman bundan ham keyin.
O'lib tirilishning zardobi taxir.
Qilichingni tashla ichimdagi MEN…
* * *
Otalar dengizdir, otalar dengiz
Otalar tengsizdir, otalar tengsiz.
Sen suvning tubida bitta tosh bo'lsang,
Hovuchida asrar, avaylar shaksiz.
Karvon ketayotir, oldga faqat yo'l,
Yuzlaringga ursa, yomg'ir, chaqmoq, do'l.
Sen yetim emassan, mushfiq emassan,
Otang senga tomon cho'zib tursa qo'l.
Botirlar qamchisin tishida tishlar,
Bitta oh, demaydi botsa-da nishlar.
Nomardga chap berib, quvga tik boqib,
Turar yo'l boshida faqat otalar!
Huv ana oftobing kular, kulchayuz
Osmonning toqiga sep yoyaar yulduz.
Aldov, firiblarga chap berib o'tsang,
Ravshan tortar ko'zga tushganida ko'z.
Qo'ng'iroq chaladi Temur karvoni
Dasturxonda yarim bo'lmasdan noni.
Tin olmay, to'xtamay ketaveradi.
Poklikni sug'orar toza iymoni.
Bosh qo'yib yotaring shu aziz tuproq,
Butun bo'l, bor bo'lgin, bo'lmagin urvoq.
Sherlarga davrani bo'shatib bersang,
Otalar duosi bo'lgay panohgoh.
Otalar dengizdir, otalar tengsiz…
* * *
Ona, siz ekkan behilar bermoqda hosil,
Atay qo'l urmayman, duv to'kilmasin.
Sizdan so'ng hovlidek mung'aygan ko'ngil,
Gapingiz quloqda: hah onani sog'intirmasin.
Sarg'aydi hayot ham — ko'ylagi yamoq.
Endi but bo'lishi dushvordir dushvor.
Onasiz kunlarim mung cho'li iroq.
Hosili to'kilgan daraxtdek nochor.
Siz ilgan dorning ham simlari ajib
Tortishib ingichka tortayotgandek.
Sog'inchdan xo'l bo'lgan ko'ylakni ilib
Armon ko'ksim tilar go'yoki tig'dek.
Axtarib giryona bir o'kinch yuzli,
Nadomat ichida ko'rdim o'zimni.
Taskin axtaradi ko'ngil g'am tusli…
“Ona”deb atayman endi qizimni.
* * *
Kutmoqlik bizga odat.
Kuttirish sizga – sharaf.
Ko'zlarim tolsa agar
Qalbim-la yo'lga qarab,
Intizor boqgaydirman,
Har qadamning sasidan,
Umidim yoqgaydirman.
Ilhaqlik odam qildi,
Bir ojiz oshiqaning
Istagi yo'lda bo'ldi.
Bor-budi ko'zdir uning.
Keling…
Libosim bo'ldi – sabr.
Yurakning ayvonida,
Ishqdan zada bo'lgandir.
Bilursiz, bilmagaysiz.
Kuttirib, kelmagaysiz.
G'urur ko'ylagin bichib,
Xaridor qilgan ham Siz!
Yana qayta aytaman,
Hamon turibman qarab,
Kutish – biz uchun odat,
Kuttirish sizga – sharaf!
* * *
Sochiloqday sochib berib yuragimni,
Tuyg'ularim sizga oshkor etganim rost.
Bir bora ham ushlatmayin bilagimni,
Titrab-titrab muhabbatdan ochdim men ko'z.
Payqang meni…
Nigohlarim asirasi suvratingiz,
Kipriklarim diydorlashsa – menikisiz.
Bardoshlarim so'z oladi nomsiz-nomsiz.
Ko'zlarimni ochmayman men gar qizg'onsam.
Alqang meni…
Yo'lingizga zor, intizor boqaman men,
Sog'inch degan shirin darddan zada bo'lib.
Keling, oyog'ingiz ostlariga jonginasin,
Nisor etar, Ziyodangiz mayin kulib.
Asrang meni…