Taqiqda mantiq bormi?
Vodiyga odam kuzatish uchun Andijon “pitak”ka bordim. Yo'l chetiga “to'xtab turish taqiqlanadi” degan — 3.27 belgi qo'yilgan. Bu belgi doim bo'lgan. Yo'l chetida mashinani qo'yish mumkin emas. Ichkariga kirasiz — “stoyanka”, ya'ni avtoturargoh deyishadi. Lekin mantiqan mumkin emas, bu yerda, asosan, yo'lovchilar — xalq to'planadi: bolalar, ayollar, yoshu ulug'lar… Odamlarni hurmat qilgan bu yerga mashinada kirmaydi.
Shuning uchun mashinamni “3.27” belgi qo'yilgan joydan ancha nariga qo'ydim, yuk mashinalari “pitagi”ga yaqin joyga.
DAN (YHXX tah) mashinasi kelib, mashinamning oldiga ko'ndalang qo'ydi. Xuddi ashaddiy jinoyatchini tutayotgandek. Bordim. Ikkita yosh yigit.
“Assalomu alaykum, inspektor Olimov Yo'ldosh, hujjatlaringiz!”
“Nima ish qildim?” (bilib turibman).
“3.27” belgi qo'yilgan joyda to'xtadingiz. Hujjatlaringiz!”
“Qaerda to'xtashim kerak edi? Belgining borligini Toshkentga kelganimdan beri bilaman!”
“Stoyankaga qo'yishingiz kerak…”
“Qaysi stoyankaga?”
“Hov, anavi!”
“Odamlar to'planib turganmi?”
“Ha!”
“U yerda odamlar yig'iladimi yoki mashinaga stoyankami?”
“Ikkalasiyam!”
“Mantiq bormi?”
“Qanaqa mantiq?!”
“Shuncha odamning orasiga mashinada qanday kirish mumkin? Odamlarning orasida, tor joyda, oldinga-orqaga yurgani men qo'rqaman, yosh bolalar bor…”
“Aka, gapni ko'paytirmang, qoidani buzdingizmi, tan oling!”
“Men boshqacha fikrdaman. Sizlar belgini noto'g'ri o'rnatgansizlar! Katta yo'l, adashmasam, 4-5 bo'lakli, harakatga xalaqit beradimi shu yerga kuzatadiganlar kelib mashinasini qo'ysa. Yoshi kattalar kelyapti, odamlar yuki bilan kelyapti…”
“Men bilmayman! Bu belgining pasporti bor, hammasi qonuniy! Odamlar orasiga kirolmasangiz boshqa joyga qo'ying.”
Yosh yigit. Gap uqdirish befoyda. Robotga o'xshaydi. Bularning qo'liga hujjat qilib berilgan. Asosi to'g'rimi-noto'g'rimi, farqi yo'q, shunga qarab hukm chiqaradi. Bu toifa na oddiy fuqaroni, na ziyolisini hurmat qiladi.
Ziyoli sifatida, fan doktori sifatida mana shu belgini qo'ygan rasmiylarga bir fikrimni aytmoqchiman. “Vodiy pitak” yonidagi yo'ldagi 3.27 belgisi noto'g'ri qo'yilgan. Sababi, odamlarni kuzatishga kelgan mashinalar maxsus “stoyanka”ga kirishi kerak. Lekin bu yerda, asosan, yo'lovchi xalq to'planadi. Mashinalar turishi lozim bo'lgan joylarda o'tiradi, kutadi.
Ularning orasiga mashinalarni qo'yib bo'lmaydi. Ayniqsa, bayram kunlari bu yerda odam juda ko'p bo'ladi, ishonmasangiz, borib ko'ring. Bizning Vodiy xalqi odamlar to'planadigan joyga mashinasini ko'ndalang qilib qo'ymaydi, birovga malol keladigan ish qilmaydi.
Ikkinchidan, asosiy “stoyanka”da kira qiluvchi haydovchilar pul to'laydi, biz — kira qilgani borayotganimiz yo'q.
Uchinchidan, yo'l chetida to'xtab turish katta ko'chadagi harakatga umuman xalaqit bermaydi.
Men horijda ko'p yillar ishlaganman. Jamoat joylariga bunday taqiqlovchi belgilar qo'yishni ko'rmaganman.
Menga jarima yozildi. Bunga qarshilik qilmadim. Odamlarning ustiga haydashdan ko'ra shunisi ma'qul. Lekin ishonchim komilki, tizimga adekvat kadrlar kelganida bu belgi ko'p joylardan olib tashlanadi. Ana o'shanda mendan yulib qolingan bu jarima sizlarga halolmi yoki harom, xulosa o'zingizdan. Jamiyatning ziyoli fuqarosi sifatida aytar gapim va uzil-kesil xulosam: “ishonchim yo'q!”
Mashinaga o'tirayotsam o'sha yigit aytib qoldi. “To'g'ri tushunasiz, aka, xizmatchilik!”
“Tezroq mashinangni ol, uka, hammaga shu hunaringni qilaverma! Ko'zingga jinoyatchi bo'lib ko'rindimmi, darrov mashinangni tirab qo'yibsan, uyalmaysanmi!”
“Uzr, aka…”
“Muomalani o'rgan, kitob o'qisang ko'p chiroyli so'zlarni yodlab olasan, bunaqada qatordan tushib qolasan!”
Mashinasini olishini kutmadim, o'zim yurdim. Ko'nglim buzilgandi. Bu toifaning so'zi va qo'liga mute' qilmasin, deb qo'ydim.
P.S. Tartibli yuraman, qoidalarga amal qilaman. road24 ilovasida shu kungacha jarima yo'q…
Baxtiyor ABDUG'AFURning
“Facebook”dagi sahifasidan olindi.
TAHRIRIYaTDAN:
Taniqli ijodkor hamyurtimizning ijtimoiy tarmoqda e'lon qilgan ushbu “post”ni e'lon qilishimizga sabab bor: birinchidan juda to'g'ri masala, kerak bo'lsa, dolzarb muammo ko'tarilgan. Ikkinchidan, yo'llarda, ayniqsa, poytaxt yo'llarida taqiqlovchi belgilar haddan ziyod ko'p, kerak nokerak joyga qo'yib tashlangan, bu atay, ya'ni jarima undirish uchun qo'yilgani (ha, shunday!) haqida “Hurriyat” so'nggi paytlarda bir qancha tanqidiy maqolalar e'lon qilgan edi. Ammo biz “kutganimizdek” na IIVdan, na YHHBdan, na boshqa joydan biror munosabat, javob yo'q. Axir xalqqa qulay xizmat ko'rsatish sizning burchingiz, vazifangiz emasmi? Shunday ekan, biz bu safar shaxsan Ichki ishlar vaziri Po'lat Razzoqovich Bobojonovning mavzuga e'tibor qaratishiga umid qilamiz.