Vahima ortida nima bor?

“Diqqat! Yurtimizda bola o'g'rilari paydo bo'lgan. Ular ozchilik emas, taxminan o'ttiz-qirq kishilar atrofida. Hurmatli ota-onalar, farzand­laringizning maktabga borib-qaytishlarida nazoratni kuchaytiring. Ularga ko'chada yolg'iz yurganda begonalar bilan suhbatlashmaslikni, notanish kimsalar bilan qo'l berib so'rashmaslikni, shirinlik, pul va turli sovg'alarni olmaslikni qat'iy tayinlang. Agar biror notanish kishi zo'rlik bilan qo'lidan ushlasa zudlik bilan qochishi, yon-atrofdagi odamlardan yordam so'rashi va ovozining boricha baqirishi zarurligini uqtiring.”

Bunday so'zlarni o'qigan, eshitgan odam borki, vaziyat chindan ham jiddiy ekan degan xayolga borib, farzandlarini ko'chaga chiqarishga ham cho'chib qolishi, bog'cha yoki maktabga yuborganda ham toki ular uyga qaytib kelishgunicha yurak hovuchlab, ming bir xayolda o'tirishi turgan gap. Axir o'z jigarporalaridan xavotirlanish hissi faqatgina odamzotga emas, balki butun tirik jonga xos bo'lgan hissiyotdir. Biroq boshqalarning bunday xavotir hissidan o'z maqsadi yo'lida foydalanishi esa faqatgina odamzotga xos. Imkon boricha bunga chiroyliroq qilib baho berishga urinsak ham vij­donsizlik degan so'zdan munosibrog'ini topa olmaymiz.

So'nggi haftada ijtimoiy tarmoqlarda bola o'g'rilari paydo bo'lgani, ko'cha-ko'yda hatto maktablarda ularni o'g'irlash holatlari kuzatilayotgani haqidagi xabarlar tarqalib, jamoatchilikni ancha sergaklantirdi, ma'lum ma'noda xavotiri va qo'rquviga ham sabab bo'ldi desak to'g'ri bo'ladi. Balki bunga Toshkent shahri, Yangihayot tumanida 12 yoshli qizaloq bilan bo'lgan o'sha mudhish voqeaning odamlarga qattiq ta'sir etgani ham sabab bo'lgandir.

Ammo nima bo'lganda ham bu kabi yolg'on axborotlarni tarqatish yo'li bilan o'z obunachilari sonini ko'paytirib olmoqchi bo'lganlar oz bo'lsada o'z maqsadlariga erishib, xalqning ko'ngliga g'ulg'ula solishni uddalashdi.

Avvaliga “Toshkentda noma'lum shaxs bolani maktab hududidan sudrab olib ketmoqchi bo'ldi. Holat Yashnobod tumanidagi 151-sonli maktab qarshisida bo'lgani aytilmoqda” degan vahimali sarlavha bilan video material tarqatildi. O'sha videoda yuqoridagi sarlavhada aytilganidek holat aks etmagan bo'lsada nima uchundir bu odamlarni qo'rqita oldi. Bunga o'sha videodagi odamning haqiqatdan ham shubhali ko'rinishda eski qora plash va keng soyabonli shlyapa kiyib olib, atayin, oldindan rejalashtirilgandek harakatlangani sabab bo'lgandir.

Bu xabar odamlar orasida hali hazm bo'lib ulgurmasidan yana shu tarzda “O'zbekistonda bola o'g'irlashga urinish holatlari ko'paydi” degan sarlavha bilan notanish ayollar kichkina bolalardan uyga sumka ko'tarishda yordam berishlarini so'rab, qorong'u joyga olib borib, o'g'irlab ketishga uringanliklari haqidagi ikkinchi video e'lon qilindi.

Bu ikki xabarga ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari tomonidan yozilgan turli izohlar esa vaziyatni yanada ko'pirtirib, vahimali tus bera boshladi. Hamma mana shunday xabarlar ta'sirida keyingi postlarni kutadigan, oxiri nima bo'lishi bilan qiziqadigan bo'ldi. Kimlardir asl voqelik qanday bo'lganidan bexabar videodagi shubhali shaxslarga eng og'ir jazo tayinlashni, ularni tezroq topib xalqning o'ziga so'roq qilish uchun topshirish kerakligini aytsa, kimlardir shaharlardagi nazoratning yetarli darajada emasligi haqida gapirardi.

Bu orada yana xuddi shu mazmundagi uchinchi xabar ham joylandi. Unda “Bola o'g'rilari ushlandimi?” sarlavhasi bilan Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida bir necha ayollar bola o'g'irlamoqchi bo'lishgani va mahalla ayollari tezda harakat qilib bu haqida militsiya xodimiga xabar berishgani aytiladi. Yuqoridagi holatlarga hali aniqlik kiritilmasidan, o'sha voqealar yuz bergan joylardan aniq ma'lumotlar olinmasdan bu kabi xabarlarning tarqatilgani tabiiyki odamlarning ko'ngliga g'ulg'ula solishi bor gap. Ammo birinchi xabar tarqalgan kunning ertasigayoq mutasaddilar tomonidan rasmiy munosabat bildirilib, voqeaga aniqlik kiritilgandi.

Unga ko'ra: Jinoyat ishlari bo'yicha Yashnobod tuman sudida 2023 yil 19 fevral kuni soat o'n ikki-yu o'ttizlarda spirtli ichimlik iste'mol qilib olgan holda Yashnabod tumanidagi 151-sonli maktab binosi oldida o'tib ketayotgan voyaga yetmagan 2011 yilda tug'ilgan o'g'il bolani hech bir sababsiz to'xtatib, mantiqsiz savolga tutib, qo'lidan mahkab siqib qo'yib yubormasdan, mayda bezorilik qilgan deb topilgan shaxs ushbu harakatlari bilan Ma'muriy Jinoyat to'g'risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topildi va 10 sutka ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ikkinchi xabar yuzasidan ham o'tkazilgan tekshiruv jarayonida quyidagilar aniqlandi, deya rasmiy munosabat bildirildi:

“Joriy yilning 17 fevral kuni taxminan soat 20.00 larda 2013 yilda tug'ilgan A.A. futbol mashg'ulotidan so'ng Yakkasaroy tumanida joylashgan uyiga qaytayotgan vaqtida keksa yoshdagi ayol qo'lidagi xaltalarni ko'tarishda yordam berishini so'ragan. Voyaga yetmagan A.A. keksa ayolga xaltalarini ko'tarishda yordamlashib, 71-uyning oldiga borganida noma'lum erkak kishini ko'rib qolgan. Voyaga yetmagan A.A. qorong'u bo'lib qolganligi sababli uyga ketishini bildirib, qo'lidagi xaltalarni yerga qo'yib, uyi tomon yugurib ketgan. Keksa ayol va noma'lum erkak tomonidan voya­­ga yetmagan A.A.ga nisbatan hech qanday noqonuniy harakatlar sodir etilmaganligi ma'lum bo'ldi.

Hozirda voyaga yetmagan A.A. ota-onasi bilan birga sog'-salomat holatda”.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo'lgan “Ohangaronda bola o'g'rilari ushlandimi? sarlavhali video xabar yuzasidan ham Yakkasaroy tumani IIO FMB tomonidan tekshiruv o'tkazilayotgani aytilgan.

Ma'lum qilinishicha, holat Toshkent viloyati IIBB tomonidan o'rganilgan. Internetda tarqatilgan ushbu xabar, mazmunan haqiqatga to'g'ri kelmaydi.

Aniqlanishicha, 20 fevral kuni 3 nafar ayol hasharotlarga qarshi dori vositalarini sotish maqsadida Ohangaron shahriga borgan.

Jarayonda ularning xatti-harakatidan mahalliy aholi shubhalanib (ayollar bola o'g'irlashmoqchi izohi bilan videoga olib), hududiy IIBga xabar berganlar.

IIB xodimlari tomonidan o'tkazilgan surishtiruv davomida ayollarning shaxsiga aniqlik kiritilib (1985 y.t. D.Sh. va M.K. hamda D.Q., Toshkent shahrida yashovchilar), faoliyatini o'rganish uchun soliq organi jalb qilingan.

Ammo har uchchala holat bo'yicha ham o'z vaqtida berilgan bu rasmiy munosabatlar negadir ijtimoiy tarmoqlarda berilmadi. Odamlarni tinchlantirish, rosmana ma'lumotlarni ochiqlab, vaziyatga xolisona yondashish o'rniga tekshirilmagan xabarlarni tarqatish bilan ko'proq odamlarni jalb qilish istagi ustuvor ko'rilayotgandek.

Kim bilan gaplashmang hamma bola o'g'rilari haqida gapiradi, har tong uydan chiqib ketadigan farzandlaridan xavotirlanadi. Ular o'qigan xabarlar yolg'on ekani, tekshirilmagani, katta ehtimol bilan faqatgina shov-shuv uchunligini qancha uqtirmang ishongisi kelmaydi. Hech qaysilari yuqorida keltirilgan rasmiy javoblarni ko'rmaganini ta'kidlaydi.

Mana hali-hanuz bu javoblar ijtimoiy tarmoqda bola o'g'rilari haqidagi xabarlar tarqatilgan kanallarda e'lon qilingani yo'q. Bundan ko'rinadiki, u kabi kanal ma'murlariga uzatilayotgan axborotning jamoatchilikka qanday ta'sir qilishi mutlaqo ahamiyatsiz. Ular faqatgina bir narsani juda yaxshi bilishadi: vahimali xabarlar orqali odamlarni jalb qilish, e'tiborini tortish – birinchi masala.

O'ylanib qolasan kishi, bu taqlid faoliyat yuritishdan ko'zlangan maqsad nima? Hech qanday maqsadsiz faqat ko'ngil ochish, obunachilari soni ko'pligi bilan maqtanish uchungina o'z lentasini to'ldiradigan bo'lishsa, elu-xalqning his-tuyg'ulari bilan o'ynashishning nima keragi bor?

To'g'ri, ogohlik yaxshi. Har qanday noqonuniy, shubhali xatti-harakatlarga jamoatchilik nazorati kuchli bo'lishi kerak. Ammo bu degani bo'lgan, bo'lmagan narsalarga vahima, soxta “shov-shuv” ko'tarish ham ma'qul emas-da.

E'tiborlisi, asta-sekinlik bilan ijtimoiy tarmoqlarda ham nazorat kuchaytirilib, yolg'on axborot tarqatish bilan shug'ullanadiganlarga jazo choralari ko'rilmoqda. Bu orqali esa yuqoridagidek holatlar sezilarli tarzda kamaysa, ajab emas.

Kamoliddin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 3 =