Jasorat sohibi

Armrestling sport turi haqida eshitgan bo'lishingiz kerak. U ilk bor AQShda 1950 yillarda paydo bo'lib, Bob O`leri uning shakllanishida katta rol o'ynagan. Bu sport turi dastlab yuk mashina haydovchilari orasida keng tarqalgan. Bilamizki, yuk mashina haydovchilari uzoq yo'llarga yurish asnosida turli joylarda to'xtaydi. Shu vaqtda o'zaro nizolarning oldini olish, haydovchilar o'rtasida do'stlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida Armrestling sport turi o'ylab topilgan. 1977 yildan mazkur sport turi bo'yicha jahon chempionati muntazam o'tkazib kelinadi.

Sirdaryo viloyatida ham bu sport turi bilan shug'ullanuvchilar talaygina. Shulardan biri ikkinchi guruh nogironi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan sportchi, “Ona zamin” mukofoti sovrindori, “Jasorat” medali, “Xalq ta'limi a'lochisi” ko'krak nishoni sohibi Umidjon Ahmedovdir. Umidjon arm­restling bo'yicha 17 karra O'zbekiston, 11 karra jahon chempioni degan yuksak sharafga musharraf bo'lgan. Sportchimiz yaqinda Qozog'istonning Almati shahrida bo'lib o'tgan jahon chempionatida ham munosib ishtirok etdi va bronza medalini qo'lga kiritdi.

— Guliston shahridagi sport maktabida 1998 yildan buyon armrestling murabbiyi sifatida faoliyat olib bormoqdaman. O'tgan yillar o'zim va shogirdlarim uchun muvaffaqiyatlar yili bo'ldi. Shogirdlarim orasida shu vaqtgacha 17 karra Osiyo chempioni, 3 karra jahon chempioni, bir nafar kumush medali sovrindori, ko'plab O'zbekiston chempionlari bor. Sirdaryo viloyatini ilk bora dunyo hamjamiyati Armrestling sport turi bo'yicha tanigan desam, xato emas, — dey­di Umidjon Ahmedov.

Chindan ham, bugun Gulistonda yoshlar 70 ga yaqin sport turlari bilan muntazam shug'ullanib kelishmoqda. Ulardan 50 dan ortig'i noolimpiya sport turlariga kiradi. O'zbekiston va xalqaro maydonlarda noolimpiya sport turlari sportchilarining ko'rsatayotgan natijalari ham ancha salmoqli.

— Birgina Guliston shahridagi sport maktabida 2 500 ga yaqin sportchi shug'ullanadi. Bugungi kunda 268-son qarorga asosan, noolimpiya sport turlari qisqartirilmoqda. Buning natijasida Guliston shahrining o'zida minglab sportchilar faoliyatini tugatishiga to'g'ri kelmoqda. Buni viloyatimiz miqyosida va respublika darajasida hisoblasak, juda katta raqamlar kelib chiqadi. Yosh sportchilardan farqli o'laroq murabbiy sportchilar nima ish bilan shug'ullanishadi? Bo'sh qolgan yigit-qizlarimiz nima qiladi? Ko'chaga chiqib ketadi. Ularning orasidan bezorilar, huquqbuzarlar, jinoyatchilar chiqmaydi deb kim kafolat beradi? — deydi jonkuyar murabbiy.

– Rahbariyatimiz noolimpiya sport turlariga ham jiddiy e'tibor qaratishsa. Olimpiada o'yinlariga borish uchun barcha xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi. Ham moddiy, ham ma'naviy rag'batlantiriladi. Mana shunday e'tibor noolimpiya sport turlari sportchilariga ham ko'rsatilsa yaxshi bo'lar edi. Yoshim 45 ga kirdi. Shu vaqtgacha sportni tark etmaganim boisi — yosh avlodga nogiron bo'lsam-da, motivatsiya berish. “Ustozimiz nogiron ahvolida ham xalqaro maydonlarda kurashib kelmoqda. Biz nahotki to'rt muchamiz sog' bo'lib shunday harakat qilib chempion bo'la olmaymiz?” deb o'ylasin deyman.

“Ot o'rnini toy bosar” deyishadi. Taniqli sportchining farzandi ham ota izidan ketgan. Katta farzandi Xondamir 10-sinf o'quvchisi. 2022 yilda Armrestling bo'yicha yoshlar o'rtasida O'zbekiston chempioni, Osiyo kubogi kumush medal sovrindori, sport ustasi, xalqaro toifadagi sportchi degan g'alabalarni qo'lga kiritgan.

Biz bilan suhbatda Umidjon Xalqaro olimpiada qo'mitasiga Jahon Armrestling federatsiyasi tomonidan bu sport turini olimpiada o'yinlariga kiritish taklifi berilganini aytib qoldi. Agar taklif qabul qilinsa, 2028 yilda Los-Anjeles olimpiadasida armrestling o'yinlarida uning shogirdlari ishtirokiga guvoh bo'lishimiz shubhasiz. Yana bir ma'lumot, joriy yilning noyabr oyida Samarqand shahrida Osiyo kubogi musobaqasi bo'lib o'tadi. Unda murabbiyning 8 nafar shogirdi va viloyat miqyosidan esa 20 nafardan ortiq armrestlingchilar qatnashishi kutilmoqda.

Biz yuksak jasorat va metin iroda sohibi Umidjon Ahmedovning kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar tilab qolamiz. Uning yuqorida aytib o'tgan takliflariga mutasaddilarimiz bee'tibor bo'lmaydi, degan umiddamiz.

Bahrom BOYMURODOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi

a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × four =