Charxpalagi aylangan chempion

Taraqqiyot jarayonida Sport jismoniy tarbiya doirasidan chiqib, mustaqil umummadaniy, siyosiy, estetik, iqtisodiy ahamiyat kasb etadi. Sport do'stona xalqaro aloqalarni kengaytirishga, xalqlarning o'zaro bir-birini tushunishi va do'stligi rivojlanishiga xizmat qiladi deyiladi.

Shu sababli ham yurtimizda mazkur sohaning rivojiga juda katta e'tibor qaratilib, sportga umumdavlat ishi sifatida qaraladi hamda jismoniy madaniyat bilan birga aholining barcha qatlamlarini va yosh guruhlarini qamrab olishga harakat qilinadi.

 Bunday harakatlar albatta sport bilan shug'ullanuvchi yurtdoshlarimizga jahon miqyosida g'oliblik shohsupalariga ko'tarilishlari uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda.

So'nggi yillarda O'zbekistonimiz bokschilari dunyo ahlini misli ko'rilmagan natijalari bilan lol qoldirgan bo'lsa, shu yildan shaxmatchilarimiz ham o'z salohiyatini ko'rsatib, yurtimiz dovrug'ini anchayin oshirib qo'ydi desak ayni haqiqat bo'ladi.

Joriy yilning 24-26 iyun kunlari, Tornelo onlayn platformasida 20 yoshgacha bo'lgan jismoniy imkoniyatlari cheklangan va nogironligi bo'lgan shaxmatchilar o'rtasida bo'lib o'tgan Osiyo chempionatida para shaxmat bo'yicha ham O'zbekiston terma jamoa a'zosi munosib ishtirok etib, qit'amizning 9 ta davlatidan eng kuchli para shaxmatchilar qatnashgan ushbu nufuzli musobaqada 7 turda 7 ta g'alabani qayd etdi va Osiyo chempionligini qo'lga kiritdi.

Bu sportchimiz 19 yoshidayoq Shaxmat bo'yicha ko'zi ojizlar Milliy terma jamoasi sardori bo'lgan Axadxon Kimsanboyevdir.

– Axadxon bolaligidan shaxmatga qattiq qiziqardi. Uni to'qqiz yoshida Marg'ilon shahrida joylashgan 2-Bolalar va o'smirlar sport maktabiga o'zim olib borganman. Murabbiysi Alisher Rustamovdan saboq olib, qisqa muddatlarda turli musobaqalar g'olibiga aylangandan so'ng uning iqtidoriga bo'lgan ishonchimiz yanada ortdi. Shaxmat bo'yicha ko'proq shug'ullanishi va tajribasini oshirishi uchun qo'limizdan kelganicha barcha imkoniyatlarni yaratib berdik. Mana bugun o'g'limiz unga bo'lgan ishonchimizni oqlab, Osiyo chem­pioni darajasiga ko'tarildi, – deydi A.Kimsanboyevning onasi Qanoatxon Fayzullayeva. – Axadxon faqatgina shaxmat bilan shug'ullanib chegaralanmadi. Ingliz tili va kompyuter savodxonligini ham qunt bilan o'zlashtirib bordi. Darslardan so'ng mustaqil o'qib o'rgandi. Gohida kechalari allamahalgacha uxlamay o'qib o'rganardi. Uning izlanishlarini kuzatishning o'ziyoq bizga bir olam quvonch berardi.

Axadxon Kimsanboyev hozirda O'zbekiston davlat Jismoniy tarbiya va sport universitetida tahsil oladi. U para shaxmat bo'yicha Osiyo chempionatida kechgan bellashuvni quyidagicha yodga oladi: – Osiyo chempionatida to'qqizta davlatdan yigirma ikki nafar ishtirokchi qatnashdik. Unda qatnashgan barcha ishtirokchilar o'yinga juda qattiq tayyorgarlik ko'rganliklari yaqqol sezilib turardi. Boshida g'olib bo'lishimga unchalik ishonmadim. Ko'nglimni kuchli hayajon va allaqanday qo'rquv chulg'ab olgandi. Eronlik raqibim Huramin Rahmatovning dadil qadamlari esa meni anchayin shoshirib qo'yardi. Ammo ota-onam va ustozlarimning menga katta umid bog'lashgani, O'zbekiston nomidan yolg'iz o'zim qatnashayotganligim g'oyibdan qandaydir kuch berdi. Aql charxpalagim aylanib, tafakkur nuri ko'nglimni yoritdi. Yaratganga shukurki hammadan ko'p ball yig'ib, sovrindor bo'ldim. Buning uchun meni yaqindan qo'llab-quvvatlagan ota-onam, ilk saboqlarni berib shaxmat olamiga olib kirgan birinchi murabbiyim Alisher Rustamov va o'z kuchimga bo'lgan ishonchimni oshishiga sababchi bo'lgan, mana shunday keng doiradagi musobaqa va olimpiadalarga tayyorlagan murabbiyim Adhamjon Eminovga cheksiz minnatdorligimni bildiraman.

Albatta, g'oliblikka erishish oson emas. Har qanday g'alabaning ortida mislsiz mehnat, to'xtovsiz o'z ustida ishlash, izlanish va xatolardan to'g'ri xulosa chiqarib, ularni to'g'rilash yotadi. Dunyo mutafakkirlari ta'kidlaganidek, xatolardan qo'rqadigan inson hech qachon g'alabaga erisha olmaydi. Harakat qilmagan insongina xato qilmaydi. Demak, muvaffaqiyatsizliklarning ham hayotimizda o'ziga yarasha o'rni bor. Ulardan tushkunlikka tushish emas, balki to'g'ri xulosa chiqarmoq kerak. Axadxon Osiyo chempioni bo'lganidan keyin Fransiya davlatida o'tkazilgan jahon chempionatida ham qatnashgan va 4-o'ringa loyiq ko'rilgan. Garchan g'oliblar safida bo'lsada, bu musobaqadan yurtimizga oltin medalni olib kela olmagani uchun xijolat chekishini aytadi. Ammo kamsuqim qahramonimizni hali yana ko'plab musobaqalar, g'oliblik o'rinlari kutmoqda.

Chuqur mulohazaga ega bo'lgan Axadxon Kimsanboyev ham buni to'g'ri anglab, kelgusi yil uchun qator rejalar qilib qo'ygan. 2023 yil 22-28 oktyabr kunlari Gretsiya davlatida ko'zi ojiz erkaklar o'rtasida o'tkaziladigan Para Osiyo o'yinlarida hamda Ispaniya davlatida ko'zi ojizlar o'rtasida bo'lib o'tadigan jahon chempionatida qatnashib, davlatimizga yana ikkita oltin medalni olib kelmoqchi.

Hozirda oliygohda o'qish barobarida O'zbekis­ton ko'zi ojizlar sport federatsiyasi tomonidan tayinlangan murabbiy Abdumalik Abdusalimov boshchiligida mazkur musobaqalarga qizg'in tayyorgarlik ko'rmoqda. O'ylaymizki, yosh chempionning aql charxpalagi yana bir aylanib, O'zbekistonimizga bir emas yana ikkita oltin medalni sovg'a qiladi.

Kamoliddin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × four =