Olovli yo'llar andishasi

Hayotning, yashashning o'zi kurash. Bu muhoraba olov ustida kechadi. Bu olovli yo'llarni bir oyoq bilan bosib o'tayotgan insonning o'zi – bir qahramon! Muzaffar ko'kraklari osmonni to'ldirib turgan bo'lsa, u kishi ikki karra qahramon sanaladi.

* * *

Toshkent viloyatidagi Nurafshon shahrining “Dehqonobod” mahallasida bir xonadon bor. Unga qadam qo'yishga juda uzoq taraddudlandim. Aslida bu maqola ham ancha avval yozilishi kerak edi. Lekin… o'sha xonadondagi inson to'g'risida yozishga loyiqmanmi?

“To'ytepa” jome' masjididan o'tgach, xayolimni eski o'ylar qurshovga oldi.

O'shanda gazetaga endi ishga kelgan paytim edi. O'ylay turib, yelkamni tog' bosgandek, osmon boshimga tegib turgandek sezildi. Aslidayam shunday-da. U inson haqida yozish uchun tog'day yurak kerak. Yozgach esa boshing ko'kka yetishi turgan gap. Demak, men to'g'ri yo'ldaman.

* * *

O'shanda quyosh ufqqa endi bosh qo'ygandi. Mezonning izg'irini yuzni chimchilaydi. Avtobus kutgani toqat yetmadi. O'ng qo'lni yengil silkib, mashina to'xtata boshlayman. Tepasida sariq tus taralib, bir ulov to'xtadi.

– Qo'yliqqa?

– Chiqing.

Old o'rindiqqa cho'kib, ko'rganim shu bo'ldiki, kirakashning bir oyog'i yo'q edi. Odatga ko'ra, u yoq-bu yoqdan hangoma qilib ketdik.

Aytishicha, Amputantlar o'rtasida futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasida to'p surgan ekan. Yashil maydonda o'n yilga yaqin javlon urgan. U terma jamoa safida jahon chempionatida matonat namunasini ko'rsatgan. Jumladan, jahon birinchiligida milliy terma jamoa safida to'p surib, uchta oltin (2007, 2010, 2012), bitta kumush (1998) va ikkita bronza (1991, 2002) qo'lga kiritgan. Bu yilgi chempionatda o'sha yigit ham maydonga tushdimi-yo'q, bunisi, hozircha menga mavhum. Menga ma'lumi, o'shanda bu futbolchi sportni tashlagan, kirakashlik orqali kun kechirar, bolalarini boqar, qora qozonini qaynatar edi.

Uning so'zlariga quloq tutib borar ekanman, hayot bir maromda kechmasligiga yana bir bor iqror bo'ldim. Yana xalqona qadriyatning bir ko'rinishi – andishaga ro'baro' kelgan edim.

Ha, Amputantlar o'rtasida futbol bo'yicha milliy terma jamoamizning har bir a'zosi andisha qiladi. O'zlari uchun mukofot, rag'bat da'vo qilishdan; izzat-ikrom va e'tibor talab qilishdan; uydagi gap ko'chaga tashilmaganidek, ichidagini sirtga ko'chirishdan andisha qiladilar. Yana haqsizlikdan, adolatsizlikdan.

Men Qo'yliqda tushib qoldim. Kirakashlik qilayotgan chempion esa yo'lida, olovli yo'llarida bir oyoq bilan davom etdi.

* * *

Nurafshon shahrining “Dehqonobod” mahallasidagi xonadon. Yuridik manzilida “Dehqonobod” ko'chasi 27-uy” deyilgan. Bu darvoza ortida matonatning chinakam egasi, gohida to'rt muchasi sog' sizu biz eplab qilolmaydigan ishning uddasidan chiqqan hazrati inson yashaydi.

Uning ism-sharifi – Tursunboyev Haydarali Umaraliyevich. 1984 yil 30 dekabr kuni To'ytepada tug'ilgan. Shu yerdagi 26-maktabda o'qigan. Toshkent yuridik kollejida tahsil olgan. Hayot uni bir oyog'idan ayirdi. Lekin uning yuragi, vijdoni but qoldi. Aslida yashash uchun ko'p narsa kerak emas. Yurak but, vijdon pokiza bo'lsa, kifoya.

U 1996 yil birinchi marta amputantlar o'rtasidagi futbolga mehr qo'ydi. Oradan ikki yil o'tib, astoydil shug'ullana bosh­ladi. 14 yoshar yigit katta orzular, beg'ubor niyatlar bilan o'zini, borlig'ini sportga bag'ish­laydi. Faqat ugina emas, uning barcha jamoa­doshlari ham butun borlig'i bilan yashil maydonda to'p suradi. Natija esa hammaga ma'lum: ular O'zbekiston nomi bilan uch karra jahon chempioni!

Uch yoshligida avtohalokat oqibatida bir oyog'idan ajralganida uni otasi futbolga olib bordi, qo'llab-quvvatladi. Inchinun, u otasidan, ustozi Ulug'bek Valixo'jayevdan umrbod minnatdor. Lekin uning turmushidan bexabar, ular erishgan shonu shavkatga bee'tiborlardan emas.

U 2010 yil Argentinada, 2012 yil Ros­siyada Amputantlar o'rtasida futbol bo'­yicha jahon chempionatida “4” raqam ostida raqib­lar darvozasiga hal qiluvchi gollarga mualliflik qilgan sportchi. U qatnashgan biror mundialdan medalsiz qaytgan emas. Mana, yaqinda Turkiyadan bronza medali bilan keldi. Biroq buni birov bildi, birov bilmadi. Bilib turib, bilmaslikka olganlar esa qarshisida tik turgan haqiqatdan yuz o'girgan edi!

U bozorda tirikchilik qiladi, chorva boqadi. Qora qozonning qaynovi, ro'zg'orning barakasi shundan. Uch qizu bir o'g'lini shuning ortidan katta qilyapti. Bolalarga esa otasining o'zi ibrat.

Va eng oxirgi gap. U va uning jamoa­doshlari haqiqatdan fidoyi yigitlar. Yo'qsa, shuncha yildan beri na maoshsiz, na ko'maksiz koptok ortidan yugurib yurmas edi-yu.

Aytgancha, yana u “O'zbekiston iftixori” faxriy unvoni (2007) va “Do'stlik” ordeni (2010) sohibidir.

Shuncha shonu sharaf bilan birovga miq etmaydi u. Chunki andisha qiladi. Olovli yo'llarni shu andisha bilan bosib o'tmoqda, olovli yillarni shu andisha bilan qaritmoqda.

Men bu xonadonni tark etdim. U esa chorvasi bilan andarmon edi.

* * *

Ayni kunlar butun dunyo nigohi Qatarga qadalgan. To'rt yillikning asosiy sport bayramini barcha katta hayajon bilan kuzat­yapti. Doimgidek bu mundialda ham O'zbekiston milliy terma jamoasi yo'q. Lekin yuqorida yozilganidek, Amputantlar o'rtasida futbol bo'yicha jahon chempionatida to'pteparlarimiz bronza medal bilan qaytdi, O'zbekiston dunyoda uchinchi pog'onanani band etdi.

O'zbekiston terma jamoasi amputantlar o'rtasida bu yilgi Jahon kubogida bronza medali uchun o'tkazilgan bahsda o'zbekis­tonliklar Gaiti terma jamoasini 4:2 hisobida mag'lub etishdi. O'zbekiston “E” guruhidan Polsha (3:1), Ispaniya (3:0) jamoalarini mag'lub etib, Tanzaniyaga (0:2) imkoniyatni boy berib, birinchi o'ringa chiqdi. Terma jamoa nimchorak finalda Kolumbiyani (4:1), chorak finalda Italiyani (5:1) mag'lub etgan bo'lsa-da, yarim finalda bo'lajak Kubok chempioni – Turkiyaga imkoniyatni boy berdi (0:1).

* * *

Halidan beri andisha haqida bekorga aytmayapman. Nurafshonlik O'zbekiston iftixorining andishasini qarangki, 2007 yil “O'zbekiston iftixori” faxriy unvonini olgan bo'lsa-da, biror moddiy manfaat tama qilmaydi. Shu payt hikmat yodga keladi: Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Bilingki, tama faqirlikdir. Tama qilmaslik boylikdir”, degan.

Buni qarangki, kuni-kecha Milliy Par­alimpiya qo'mitasida Amputantlar bo'yicha O'zbekiston terma jamoasini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Futbolchilarga avtomat korobkali “Cobalt” avtomobillari topshirildi. Meni quvontirgani shundaki, taqdirlanganlar safida matonati bilan meni hayratga solgan Haydarali Tursunboyev ham bor edi.

Otabek ISROILOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 + eleven =