Og'riqsiz yashay olmayman

Dard doimo insonga yo'l ochadi.

Jaloliddin Rumiy

Osmon qop-qora. Yer qop-qora. Shig'alab-shig'alab yomg'ir yog'moqda. Bahor yomg'iri. Aprel oyining o'rtasi bo'lishiga qaramay, havo ancha salqin. Ko'chada zog' ko'rinmaydi. Tuni bilan yoqqan yomg'ir daraxtlaru yerdagi o't-o'lanlarning changini yuvgan, yam-yashil tabiatning sokinligi-yu chiroyi ko'ngilga o'zgacha bir huzur baxsh etar edi. Balkon derazasi oldida ana shu go'zallikka mahliyo bo'lgancha Lev Tolstoyning “Sergey ota” qissasini mutolaa qilib o'tirardim. Qizim kimdir so'rayotganini aytib, telefon go'shagini uzatdi. Salomlashgan kishim “O'zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktorining birinchi o'rinbosari Mizrobjon Bo'ronov ekanligini darhol tanidim. Bir-birimizdan hol-ahvol so'radik. Mizrobjon bir iltimos bilan qo'ng'iroq qilganini aytib, iloji bo'lsa, yozib olishimni so'radi.

Tanish bo'lmagan kishining ismi-sharifi bilan telefon raqamini yozib oldim.

— Bu nomdor sportchilarimizdan, — dedi Mizrobjon gapning po'stkallasini aytib. — Yozish uchun bor-yo'g'i besh-olti kun vaqt berilgan. Shuni o'zingiz… Xohlasangiz maqola, xohlasangiz ocherk, xohlasangiz… Xullas, bu yog'i o'zingizga havola, ustozjon…

Bunday xayrli ishga yo'q deb bo'ladimi? Sportchilar haqida jiddiyroq bir narsa yozmagan bo'lsam-da, o'ylab ham o'tirmay, bajonidil rozi bo'ldim. Mizrobjon xursand bo'lgancha xayrlashdi. Birdan yuragimga g'ulg'ula tusha boshladi. Yozib olganimga termilgancha o'ylanib qoldim. “Kim bu? Qanaqa sportchi? Futbolchimi, bokschimi, kurashchimi?… Kim bo'lganda ham qiladigan ishi bitta: mashq, mashq va yana mashq… Keyin musobaqa. Keyin yo g'alaba, yo mag'lubiyat. Buni hamma biladi. Sportchining o'zi ham shuni gapiradi-da. Nari borsa, murabbiysini maqtaydi. Buning nimasi qiziq? Sportchini faqat o'yinda, musobaqada ko'rish zavqli. Uning gashti boshqacha. Haqiqiy ishqiboz bo'lsang, butun vujuding bilan kuyib-pishasan. Uning yonida xuddi o'zing kurashayotganday qayg'urasan. Fursatni boy bermay bo'lajak qahramonim — Doniyor Soliyevga qo'ng'iroq qilib, maqsadni tushuntirdim.

— Men oddiy bir sportchiman, aka, – dedi Doniyor kamtarlik bilan. — O'zingizdan qolar gap yo'q. Haligi… Rasmiyatchilik deganday… O'zimcha ish tutsam, hurmatsizlik bo'ladi. Shuning uchun kattalarimizni ogoh etib qo'ysangiz, yaxshi bo'lardi…

Ayrim sportchilarimizning o'zbek bo'la turib, o'zbek tilida chaynalib, ruscha aralashtirib gapirganlarini tadbirlaru televizorda ko'p ko'rganman. Chunki ko'p joylarda haligacha ular bilan mashqlar ham, muloqotlar ham rus tilida olib borilishi sir emas. Doniyorning bu qusurdan xoliligi meni juda quvontirdi. Shu bois darhol ishga kirishib, respub­lika olimpiya qo'mitasiga sim qoqdim. Maqsadni eshitgan qo'mita kattalaridan biri taklifimni mamnuniyat bilan qabul qildi. Hatto yordam berishga ham tayyor ekanligini bildirdi. Vaqt tig'iz bo'lgani uchun o'sha zahoti Doniyorga qo'ng'iroq qildim. Afsuski, undan yangilik eshitolmadim. Hafsalam pir bo'lgancha yana Olimpiya qo'mitasi bilan bog'landim. Go'shakni hech kim ko'tarmadi. Umid bilan bosh murabbiy telefon raqamini terdim. “Xizmat doirasidan tashqarida” degan ovoz keldi. Yana qo'mitaga… Keyin bosh murabbiyga… Bu hol necha bor takrorlanmasin, baribir javob bo'lmadi. Nihoyat, kechga yaqin qo'mita telefonidan ovoz keldi: “Eshitaman!” Nazarimda, bu kotiba edi. Unga o'zimni tanishtirib, niyatimni aytdim. Qiz menga boshqa bir rahbarning telefon raqamini berdi. Asabiy holda raqamlarni terdim. Meni diqqat bilan eshitgan Abror Niyozov murabbiylarni ham, sportchini ham xabardor qilib qo'yishga so'z berdi. Ammo bundan judayam sevinganim yo'q. Chunki shashtim so'ngan, bir kun yo'qotganim uchun xayolimda yozmasammikan degan fikr charx urardi. Agar nashriyot rahbariga va'da bermaganimda… “Ha, mayli, bo'lar ish bo'ldi”, dedim o'zimga-o'zim. Yozish kerak! Lekin nimani? Odatda, sportchining tarjimai holi ham, o'zining gapi ham qisqa bo'ladi. Buning ustiga, o'zim sportdan ham, sport sohasidan ham yiroqman. Albatta, futbolga qiziqishimni hisobga olmaganda. Axir nima ko'p, sportning turi ko'p. Ishqilib, qahramonimning aytadigan gaplari bo'lsin-da.

Ana shunday o'ylar bilan kech soat o'nda Doniyor bilan gaplashdim. U meni ertalab soat to'qqizda “Paxtakor” stadionida kutadigan bo'ldi. “Xayriyat-e, muz qo'zg'alibdi-ku”, dedim-da, Rossiya televideniesi namoyish etayotgan jahon sporti yangilik­larini tomosha qila turib, xayolimga kelgan savollarni qog'ozga tushirdim. Ertalab ularni yana bir bor ko'zdan o'tkazib, ma'qul bo'lmaganlarini o'chirib, “Paxtakor” tomon yo'l oldim.

* * *

Quyosh charaqlab turar, osmon musaffo, ko'm-ko'k edi. Stadionning bir tomonida yuguruvchilar, bir tomonida uzunlikka sakrayotganlar, yana bir tomonida kuzatuvchilar. Murabbiylar hushtaklari churillagani-churillagan. Hamma o'zining ishi bilan band. Ko'rdimki, bu yerda bekorchi yo'q. Bir chetda nimalarnidir muhokama qilayotgan to'rt-besh sportchi yigit oldiga borib, Doniyor Soliyevni so'radim. Ular mashq maydonchalariga ko'z yugurtirib: “Ana u!” dedilar sakrash uchun shiddat bilan chopib kelayotgan 24-25 yoshlar chamasidagi sportchini ko'rsatib. Yaqinroq borib, bo'sh skameykalardan biriga o'tirib, qahramonimning harakatlarini kuzata boshladim. Angladimki, sportchining bunday hayajonli, murakkab va mashaqqatli, ta'bir joiz bo'lsa aytish mumkinki, tug'yonli holatini so'z bilan ifodalash qiyin. Men xuddi kino tomosha qilayotganga o'xshardim. Ko'zlarim Doniyorning ko'zlarida… Ko'zlarim Doniyorning qadam tashlashlarida… Ko'zlarim Doniyorning parvozga ko'tarilayotgan po'lat qushga o'xshash tanasida. Qo'llari samolyotning qanotlariga o'xshaydi-ya! Oyoqlari samolyotning g'ildiraklarini eslatadi. Ularning bari o'z vazifasini a'lo darajada bajarayotganday. Doniyor parvozga ko'tarildi… Qarsaklar yangradi, gulduros qarsaklar. Men ham qo'shildim. Olqishladim. Nimalarnidir tushunganday xursand bo'ldim. Ammo nimalarni? O'zim ham bilmayman. Doniyor sport kiyimidagi ayol kishi (murabbiysi bo'lsa kerak) bilan gaplashib olgach, kimnidir qidirayotgandek atrofga qaradi. O'rnimdan turib, uning oldiga bordim. Salomlashib, maqsadga o'tdim. Doniyor ko'tarinki kayfiyatda edi. Ovozlardan xoliroq skameykalardan biriga borib o'tirdik. Nazarimda, u menga aytmoqchi bo'lgan gaplarini tartibga solayotganga o'xshardi. Shu bois meni diqqat bilan tingladi. Masalaning jiddiyligini anglaganligi sezilib turardi. U mening savollarimga javob berishga tayyor ekanligini ko'rib, so'radim:

— O'zingizni har kuni shunday qiynaysizmi?

— Ha, har kuni, – dedi u ortda qolgan mashq maydonchasi tomon qarab.

— Sizni menga paralimpiadachi deyishgan edi…

— O'xshamayapmanmi?

— …

— Unda eshiting, – dedi Doniyor menga bir qarab olib.

Men yon daftarimni ochib, yozishga shaylandim. Doniyor avvaliga sekin, so'ng to'lqinlanib, ora-­orada qandaydir sezilar-sezilmas ichki bir dard bilan hikoya qila boshladi:

— 1994 yil Toshkentda ishchi oilasida tug'ilganman. Otam Nurilla aka zavodda, volidai muhtaramam Onajon opa ko'zi ojizlar internatida ishlab, ro'zg'or tebratganlar. Men akam Davron, opalarim Dilshoda va Dilfuzalardan keyin to'rtinchi farzandman. Ikki ko'zim yaxshi ko'rmaganligi uchun onam ishlaydigan internatda o'qiganman. Onamning aytishlaricha, besh-olti yoshlarimda: “Mana ko'rasiz, katta bo'lsam orzularimga erishaman. O'zimning uyim, mashinam bo'ladi”, deb maqtangan ekanman. Albatta, bu barcha bolalarga xos bo'lgan oydin orzu, ezgu niyat. Ammo uning mag'zida maqsad, intilish, kurash bor. Orzuga erishishga undaydigan qudratli bir kuch bor. Ilhomlantiradigan jo'shqin bir tuyg'u bor. Shu bois o'zimni sportsiz tasavvur qilolmas edim.

Internatda o'qib yurganimda yengil atletikaga astoydil mehr qo'ydim. Ayniqsa, yugurish va sak­rashni juda yaxshi ko'rardim. Onam bunga mutlaqo qarshi edilar. Sog'lig'imga putur yetib qolishidan qo'rqardilar. Ko'zlarimni tekshirib ko'rgan do'xtirlar ham onamning fikrlarini qo'llab-quvvatlashgan. Men esa yo'limdan qaytmadim. Bilmadim, o'shanda g'ururim yo'l qo'ymadimi yoki qaysarlik qildimmi, hozir yodimda yo'q. Nima qilgan bo'lsam ham, to'g'ri qilganman deb hisoblayman. Bunga hozir ham achinmayman. Aksincha, xursandman. Chunki, bugun o'sha qat'iylikning mevasini ko'rayapman.

Yodimda. 2009 yil edi. Yaponiyada o'tkaziladigan musobaqalarda qatnashish uchun internatimizdan bir guruh iqtidorli sportchi-o'quvchilarni tanlab olishdi. Ro'yxatda men ham bor edim. O'n to'rt yoshdaman. Yaponiyaga borishimizni eshitib, yugurish va uzunlikka sakrash bilan astoydil shug'ullandim. Imkon bo'ldiki, stadionga oshiqardim. Nihoyat Yaponiyaning poytaxti Tokio shahriga qadam qo'ydik. Shahar chiroyli va ko'rkam ekan. Ko'p narsani ko'rib hayratlandik. Ko'p narsani ko'rib quvondik. Osmono'par binolar, tezyurar poezdlar, qavat-qavat ko'priklar-u yo'llar… O'shanda bunday mo''jizalarni ona yurtimiz — O'zbekistonda ham ko'rishni orzu qilganmiz. Mana bugun poytaxtimiz jamoli butunlay o'zgarayapti. Ko'p qavatli eng zamonaviy binolar, qavat-qavat ko'priklar, keng va ravon yo'llar, bog'lar barpo etilayapti. Tez yurar poezdlarimiz ming-minglab yo'lovchilarni hash-pash deguncha manzillariga yetkazmoqda. Bundan quvonmay bo'ladimi?..

Tokiodagi musobaqaga qaytadigan bo'lsak, to'g'risi, uni eslagim kelmaydi. Chunki biron-bir natijaga erisholmaganman. Tayyorgarligimning sust­ligi ham, tajribasizligim ham yaqqol ko'rinib turgan. G'alaba bo'lmasa, hech narsa tatimas ekan. Men buni o'shanda yurak-yuragimdan his etganman. Juda-juda alam qilgan. Toshkentga qaytganimizdan so'ng, uyalganimdan internatga borgim kelmagan. Saralangan qirq sportchi-o'quvchidan Tokioga borish bitta menga nasib etsa-yu, men xuddi o'qishga kirolmagan abiturientdek sho'ppayib qaytib kelsam! Rostini aytsam, anchagacha o'qituvchilarimdan ham, do'stlarimdan ham o'zimni olib qochib yurganman. Ko'zi ko'zimga tushgan kishi borki, sen nogironning qo'lingdan nima ham kelardi, deyayotgandek bo'lardi. Ammo bularning birontasi ham mening sportga bo'lgan qiziqishimni so'ndirolmadi. Ko'rish qobiliyatimning pastligi esa sportda nimagadir erishishimga bahona bo'lolmasligini allaqachon anglab yetgan, shuning uchun ham orqaga qaytmaslikka qaror qilgan edim.

2012 yil paralimpiyachilarning Londonda o'tkaziladigan musobaqasiga boradigan bo'ldim. Xayolimda bitta fikr: bu gal yutqazmasligim kerak! Oldingi xatolar takrorlanmasligi uchun har bir mashqni musobaqadek o'tkazar, qo'shimcha ishlashdan sira erinmas, o'zimni qiynashni yaxshi ko'rar edim. Mening injiqliklarimga ko'nikib qolgan murabbiyim Anna Kazakova har bir harakatimni diqqat bilan kuzatar, yo'l-yo'riq ko'rsatib, maslahatlar berar, ayni paytda meni xuddi o'z o'g'lidek asrashni ham unutmas edi. Xullas, hamma narsa risoladagidek borar, musobaqaga esa bir oy qolgan edi. Kutilmaganda otam olamdan o'tdilar. Bu judolik oilamiz a'zolari qatori meni ham qattiq qayg'uga soldi. Ich-ichimdan ezildim. Hech bir narsa tatimay qoldi. Oh, otajonim-a, otajonim, nogiron o'g'lingizning azoblarini ko'p ko'rdingiz-u, rohatini ko'rolmadingiz-a, deb bo'zlab-bo'zlab yig'lardim. O'zimni qo'yarga joy topolmasdim. O'tirsam ham, yursam ham ko'z oldimda otam namoyon bo'laverar, o'g'lim kelayaptimikan, deya yo'limga qarab turganday tuyulaverar edi.

O'shanda endi hammasi tamom deb o'yladim. Ahvolimni ko'rgan ustoz va do'stlarim meni ovunsin debmi, yana mashq maydoniga qaytardilar. Musobaqa kunlari tobora yaqinlashib kelar, har bir lahza g'animat edi. Buni qarangki, o'sha kunlari ichki dardlarimga berilib, mashqlar davomida oyog'imni sindirib qo'yganimni payqamabman ham. Buni ustozim Anna Valeryevna sezgan, shekilli, Londonga borganimizda musobaqaga qatnashishimga ruxsat bermadi. Men esa o'z so'zimda turib oldim: “Qatnashaman, nima bo'lsa ham qatnashaman!” Ustozim ham so'zida turib oldi: “Yo'q, qatnashmaysan!” Ko'rib turibman. Ustozim nimadandir xavotirda edi. Aytganini qilmaganim uchun mendan xafa bo'lsa kerak deb o'yladim. Biroq oyog'im bir necha kundan buyon sim-sim og'riyotganini bilsam-da, hech kimga aytmagandim. Musobaqaga qatnashishdan mahrum bo'laman deb qo'rqardim. Yugurish yo'lagida turibman. Ruxsat berilishi bilan o'ljasini tutmoqchi bo'lgan yo'lbarsday oldinga tashlandim. Yo'q, bo'lmadi. Oyog'im pand berdi. Og'irlik qildi. Men esa sakrashga intildim. Sakradim ham. Biroq kutilgan natija bo'lmadi. Singan oyoq bilan natija bo'larmidi? Ana xolos. Yana mag'lubiyat. Xo'sh, uyga bu safar nima deb kirib boraman? Mening g'alaba bilan borishimni intiq kutayotganlarga nima deyman? Oyog'im sinib qoldi deymanmi? Axir bu juda kulgili-ku. Bu yana qanday jazo bo'ldi menga? Gunohim nima, xudoyim? Chekayotgan azoblarim kammidi?!.. Ich-ichimdan o'rtanayotganimni ko'rgan ustozim do'xtirlarimizdan oyoqlarimni ko'rib qo'yishni so'radilar. Ustozimning taxminlari to'g'ri bo'lib chiqdi.

— Bu sport, – dedilar Anna Valeryevna mehribonlik bilan. — Kattalik qilib bo'lmaydi. O'zing zo'r bo'lganing bilan omading kelmasa qiyin. Ko'rib yuribsan, ba'zan o'rtamiyona sportchining omadi kelib, hammani hayron qoldiradi. Peshonangda borini ko'rasan. Hali osmon uzilib tushgani yo'q. Sening sporting endi boshlanayapti. Bunisi hali holva. Bundan ham dahshatlariga doim tayyor turishing kerak. Hamma-hammasini sabr-toqat, mehnat va faqat tinimsiz mehnat bilan yengish mumkin. Sportda shoshqaloqlik ketmaydi. Haqiqiy sportchi bo'laman desang, o'zingni va ichki his-tuyg'ularingni har qanday holatda ham jilovlay bilishing kerak. Tajriba va mahorat sirlarini o'rganishdan erinmasliging, mashqlarni nomigagina bajarmasliging, maqsadga erishish uchun huzur-halovatdan kechishing, o'zingni qiynashing, kechagidan bugun, bugungidan ertaga ko'proq shug'ullanishing, shunga yarasha natijani qo'lga kiritishing — bu sportning talabi. Eng muhimi, ruhiyating hamisha sog'lom bo'lishi kerak. Shuni unutmaginki, mag'lubiyat fojia emas. U seni yanada kuchliroq bo'lishga, g'alabaga intilishga da'vat etishi kerak…

Ustozimning dalda va o'gitlari ko'nglimni ko'tarib, og'rig'imga malham bo'lganday bo'ldi. Bas, oyog'imni davolatib, yana mashq qilaman. Yana yuguraman. Yana sakrayman. G'alaba qozonmagunimcha tinchimayman. Axir men o'zbekman. O'zbekning farzandiman. Mening ajdodlarim hech qachon so'zidan qaytmagan. O'zining emas, millatining, Vatanining obro'si, sha'n-shavkati uchun kurashgan. Bu mening ham azmu qarorim. Kurashni davom ettiraman. G'alabalar esa oldinda… Ularni qo'lga kiritmaguncha tinchimayman. Yuguraman, sakrayman… Yuguraveraman, sak­rayveraman…

Ko'zi ojizlar internatini bitirganimdan so'ng, o'qishni Mirobod tumanidagi sanoat kasb-hunar kollejida davom ettirdim. Bo'sh vaqtim asosan stadion va sport zallarida o'tar, ba'zan darslardan ham qolib ketardim.

Bir kuni kollejda besh-olti yigit homilador muallimani o'rtaga olib, haqorat qilib turganining ustidan chiqib qoldim.

— Ustozni haqorat qilishga qanday haddingiz sig'di, uyalmaysizlarmi? – dedim ularning oldiga borib. — Qani, darrov uzr so'ranglar!

— Senga nima? – dedi bittasi yoqamga chang solib. — Yeging kelayotgan bo'lsa, yedirib qo'yamiz.

— Qo'lingni ol! – deyishim bilan biqinimga kuchli zarb tushdi. Qayrilib ulgurmasimdan hammasi och bo'riday tashlandi. Barzangiday bolalar edi. Men o'zimni himoya qilib, chetga chiqmoqchi bo'ldim. Ammo shu payt ko'zimga qattiq bir narsa bilan urishdi. Yiqildim. Keyin… Keyin o'zimni kasalxonada ko'rdim. Uzoq davolandim. Murabbiylarim rosa yelib-yugurishdi. Nimaiki zarur bo'lsa, hammasini qilishdi. Do'xtirlar ko'zimni saqlab qolish uchun astoydil harakat qildilar. Bir emas, sakkiz marta operatsiya stoliga yotdim. Nomdor mutaxassislar ko'zimni o'z holatida saqlab qolishni bosh maqsad qilib qo'ydilar. Uzoq, juda uzoq cho'zilgan bu jarayon mening tinka-madorimni quritib yubordi. Neki azob, neki dard bo'lsa, barini ko'rdim, achchiq-achchiq yig'ladim ham. Har bir operatsiya murakkab hisoblanar, men go'yoki do'zaxga kirib chiqqanday bo'lardim. Sakkizinchi operatsiya ham muvaffaqiyatli o'tganini eshitganimda, Xudoga shukr, yana onamni, akam va opalarimni, ustoz va do'stlarimni, tabiat va odamlarni, moviy osmonni, quyoshni, oy va yulduzlarni, qadrdon stadionimni ikki ko'zim bilan ko'rar ekanman, deya rosa quvonganman. Afsus… Ming afsuski, bunday bo'lmadi. Do'xtirlar o'ta murakkab va nihoyatda nozik vazifani uddalab, ko'zimni oldingi holatida saqlab qolgan bo'lsalar-da, u butunlay ko'rmaydigan bo'lib qoldi. Ikkinchi ko'zim ham maqtagulik emas. Ammo chekkan dardlarim qanchalik og'ir bo'lmasin, meni sportdan kechishga majbur qila olmadi.

Men Doniyordan: “Sizni shu ahvolga solganlar jazolandimi?” deb so'ramadim. Yarasiga tuz sepishni istamadim. Eski gapni qo'zg'ashning nima keragi bor, deb o'yladim. Shu bois uning fikrini bo'lmadim.

— 2013 yil O'zbekiston terma jamoasi safida Fransiyaga bordim. Kurash keskin va shiddatli bo'ldi. Bu men uchun eng katta imkoniyat edi. Raqib­larimning usul va uslublarini, xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatdim. Yutuq va kamchiliklarini tahlil qildim. Ustozlarimning maslahat va o'gitlari quloqlarim ostida eshitilib, ongu shuurimda aks sado berib turdi. Zig'ircha xatolikka yo'l qo'ymaslikka, har qanday vaziyatda ham hayajonlanmaslikka, shoshmaslikka, o'zimni yo'qotib qo'ymaslikka harakat qildim. Faqat zimmamdagi vazifani ko'ngildagidek ado etishni o'yladim. Uddasidan chiqdim, shekilli. Kumush medal sohibi bo'lganligim fikrimning dalili. O'sha yili Malayziyadan ikkinchi kumush medal bilan qaytdim. Ana shundan so'ng sport mening qismatimga, hayotimning mazmuniga aylandi…

2014 yil Janubiy Koreyaga bordik. Musobaqalar boshlangan kunlari shivalab yomg'ir yog'ib turar, bu men uchun ayni muddao edi. Negaki, xuddi ana shunday havoda bellashishni xush ko'rardim. Biz yashaydigan mehmonxonadan stadiongacha avtobusda bir yarim soatlik yo'l edi. Manzilga yetganimizda sport raqamim mehmonxonada qolib ketgani yodimga tushib, avtobusda yolg'iz o'zim orqaga qaytdim. Raqamimni olib ko'chaga chiqqanimda musobaqa boshlanishiga juda oz vaqt qolgan edi. Avtobusda boradigan bo'lsam, ulgurmayman. Tavakkal qilib, politsiyachilardan iltimos qildim. Ular gap nimadaligini tushunmay, men tushuntirolmay xunob. Nuqul o'zbekchalab: “Iltimos, olimpiya o'yinlari bo'layotgan stadionga olib borib qo'yinglar, musobaqaga kechikayapman, juda kechikayapman, yo'l haqini to'layman” deganim-degan. Ular meni musobaqa kiyimida ko'rib, avtobusdan qolib ketgan bo'lsa kerak deb o'yladilar, shekilli, darhol mashinaga o'tqizib, yo'lga tushdilar. Xuddi “tez yordam”dek yelgan politsiya mashinasi dabdaba bilan to'g'ri stadionga kirib bordi. Musobaqalar boshlanishiga sanoqli daqiqalar qolgan, barcha jamoalar bu hayajonli damni intizorlik bilan kutib turar edilar. Men mashinadan tusha solib, qo'limni ko'ksimga qo'ygancha politsiyachilarga chin dildan minnatdorchilik bildirdim-da, Vatanimiz bayrog'i hilpirab turgan o'z jamoam tomon yugurdim.

Musobaqaning to'rtinchimi-beshinchi kuni yugurish yo'lagida sirpanib yiqildim. Yelkam jiddiy shikastlangani uchun bir-ikki kun kasalxonada bo'lishimga to'g'ri keldi. Ammo final musobaqalarida qatnashish nasib etdi. Jamoamiz oltin medalni qo'lga kiritdi. Chetda qolmaganimga juda-juda xursand bo'ldim.

Oradan bir yil o'tib, 2016 yilning aprel oyi­­da Tunisda o'tkazilgan xalqaro musobaqada uzunlikka sakrash bo'yicha 7,12 m natija bilan oltin medalga erishdim. Bu mening birinchi oltin medalim edi. Uni qo'lga kiritganimga ishongim kelmay, nuqul medalning old va orqa tomoniga qarar, qanchalik urinmay, ko'zlarim yoshini tiyolmas edim. Bu hech bir shubhasizki, eng avvalo, meni duo qilib turgan onajonimga, aziz Vatanim va buyuk xalqimizga bo'lgan beqiyos minnatdorchiligim, hurmat va muhabbatim ramzi edi…

Umr kitobimning yana bir o'chmas sahifasini bitgan o'sha ulug' kunlarni, o'sha ulug' onlarni hech qachon unutmayman. Chunki aynan ana shu chempionat meni haqiqiy sportchi sifatida elu yurtimga tanitdi. Yangi-yangi g'alabalar ufqlarini ochdi. “Bu nogironning qo'lidan nima ham kelardi?” deganlar oldida qaddimni baland ko'tarib, g'urur bilan yurishga o'rgatdi. Shu bilan birga bunday g'alabalardan esankirab qolmaslikni har qadamda eslatib turardi.

2017 yilda Ozarbayjon poytaxti Bokuda o'tkazilgan musulmon mamlakatlari paralimpiyachilari musobaqasida yana 7,12 m uzunlikka sakrab, ikkinchi oltin medalga sazovor bo'ldim. O'shanda onajonim, akam va opalarimdan borgan shoshilinch nomadagi “Sen faqat bizning emas, butun O'zbekis­ton ishonchini oqlading. Oltin medal muborak bo'lsin!” degan so'zlarni o'qiganimda quvonchdanmi, haya­jondanmi yig'lab yuborganman… Toshkentga qayt­ganimdan so'ng, yana tinimsiz mashqlarga sho'ng'ib ketdim. Hademay mamlakatimiz sportchilari bilan birga Londonga — jahon chempionatiga yo'l oldim. Mashqda qancha qiyin bo'lsa, jangda shuncha oson bo'ladi deganlaridek, bu musobaqada ham mashaqqatli mehnat o'z mevasini berdi. 7 metr 18 sm uzunlikka sakrab, Osiyo rekordini yangilashga muvaffaq bo'ldim va oltin medal bilan taqdirlandim. Balki, bu omaddir… Yoki hayotimning ajralmas bir bo'lagiga aylangan og'riqlarning menga ochib bergan nurli yo'limikan? Bilmayman… Nima bo'lganda ham bu mening emas, O'zbekistonning g'alabasi. Mening ko'ksimdagi oltin medal O'zbekiston ko'ksida yarqirab turganday edi.

 

* * *

Og'riqlar meni sportsiz yashay olmaslikka o'rgatdi. Og'riqlar meni ularni yengib yashashga da'vat etdi. Og'riqlar meni dunyoning qator mamlakatlariga olib bordi.

…2018 yilda Jakartada o'tkazilgan jahon chempionati oldingilaridan ham kuchli bo'lish kerakligini ko'rsatdi. Mashq, mashq va yana mashq… Tahlil va xulosa. Nihoyat, jahonning eng kuchli paralimpiyachi sportchilari bilan kurash. Ishqibozlar bilan liq to'la stadion. Ming-minglab nigohlar… Hayajonli lahzalar… Sukunat… Yurakning duk-duki… Sak­rashga ruxsat… O'rnimdan turib, oyoq izlarimga qaradim. O'lchashdi. 7,22 m. E'lon qilishdi. Stadiondagi sport ishqibozlari oyoqqa qalqdi, olqishladi. Shohsupaning eng yuqori pog'onasiga ko'tarildim. O'zbekiston madhiyasi yangradi. O'zbekiston bayrog'ini baland ko'tardim. Qalbim g'ururga to'ldi.

* * *

Yo'q, bu hali bor gapning hammasi emas. Doniyor Soliyev oliy ma'lumotli mutaxassis. O'zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universitetini bitirgan. O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining sport instruktori. Jami medallarining soni yuzdan ortiq. Ularning yigirmadan ziyodi nufuzli xalqaro musobaqalarga tegishli. Rio-de-Janeyro shahrida bo'lib o'tgan XV yozgi Paralimpiya o'yinlarida yuqori natijalarga erishgani uchun “Jasorat” medali bilan taqdirlangan. Yengil atletika bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi a'zosi. Yigirma to'rt yoshli yigitning yutug'i bo'lsa, shunchalik bo'lar-da axir.

— Sportchi bo'lmaganingizda qaysi kasbning egasi bo'lishingiz mumkin edi? – qiziqib so'rayman Doniyordan.

— Ko'zi ojizlar maktabida o'qiganimda, besh yil doira va nog'ora chalish bilan shug'ullanganman, – dedi u miyig'ida kulib. — Men darsga kirmay stadionga yugurardim. O'qituvchimiz Tohir aka bo'lsa meni yana sinfga qaytarib, sening joying stadionda emas, mana bu yerda, derdilar. Afsuski, mendan doirachi chiqmadi. Chiqmas ham edi. Sportchi bo'lmaganimda esa… Yo'q, sportchi bo'lmasligim mumkin emas edi. Nima bo'lganda ham sportni tanlagan bo'lardim.

— Musobaqaga qanday o'ylar, qanday maqsadlar bilan kirib borasiz?

— Men maydonga hech qachon g'alaba qozonishni maqsad qilib kirmayman. Chunki bu sport. Sportda oldindan va'da berib bo'lmaydi. Shu bois “Albatta, g'alaba bilan qaytaman!” degan gap shu payt­gacha og'zimdan chiqqani yo'q, lekin umidni, niyatni yaxshi qilib, musobaqaga kiraman.

— Qanday toifadagi odamlarni yoqtirmaysiz?

— Maqtanchoqlarni, nopok yo'llar bilan erishgan boyligi ortidan gerdayadiganlarni, odamlarning ustidan kuladiganlarni, o'zini savob ishdan tortadiganlarni, mansabparast va poraxo'rlarni…

— Ularni hayotingizda, faoliyatingizda uchratganmisiz?

— Uchratmasam, nafratlanmasam, gapirarmidim?

— Kimni eng yaqin do'st deb bilasiz?

— Onamni, munis va mehribon onajonimni.

— Mashaqqatlar ichida qovurilib, og'riqlar ichida to'lg'onib yashashni yaxshi ko'raman deyishingizning boisi nimada?

— Hech bir narsaga osongina erishib bo'lmasligini siz ham yaxshi bilasiz. Qiyinchiligu dardlarni yengib yetishtirgan mevangiz halol va shirin bo'ladi. Mening falsafam shunday. Agar boshqa savolingiz bo'lmasa, mashq maydoniga borishimga ruxsat bersangiz.

— Vaqtingizni olganim uchun uzr. Jahon musobaqalarida g'olib bo'lib, Vatanimiz bayrog'ini hamisha baland ko'tarishingizda omad yor bo'lsin!

— Rahmat!

Nuriddin OChILOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − four =