G'oyibdan kelajak baxt — bir afsona

Nurxon Qurbonovaga 2024 yili Prezidentimizning Farmoniga ko'ra, “O'zbekiston iftixori” faxriy unvoni tantanali ravishda topshirildi. Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo'mitalari rahbariyati o'zbek sportining taniqli yulduzlari ishtirokida o'tkazgan “Milliy sport mukofoti-2024” marosimida esa “Yilning eng yaxshi ayol paralimpiyachisi” deb topilib, munosib taqdirlandi. Xuddi shunday marosim Namangan shahridagi “Shodiyona” tantanalar majmuasida ham o'tkazildi. Namanganlik turli soha fidoyilaridan 35 nafari qatorida sportchi qizimizga “Namangan iftixori” haykalchasi va pul mukofoti taqdim etildi…

Nurxon bu e'tiroflarga osonlikcha erishmagan. Muqaddam paralimpiya bo'yicha xalqaro musobaqalarda g'oliblikka erishgan sportchilarning tajribalarini qunt bilan o'rganish, ustozlari rahbarligida tinimsiz mashqlar qilish natijalaridir bu. Qolaversa, Parij shahrida o'tkazilgan XVII yozgi Paralimpiya o'yinlari hamda “Tokio-2020” Paralimpiyasidagi kurashlarda g'oliblikka erishib, kumush va bronza medallarini qo'lga kiritganligi muhim ahamiyat kasb etdi. O'shanda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev g'oliblarni o'z huzuriga chorlagan. Nurxon yuzi quvonchdan balqigancha unutilmas kunni shunday eslaydi:

— Bilasizmi, davlat rahbari bilan yuzma-yuz turish qanday baxt! Bu o'zbek farzandi uchun juda katta orzuning ushalishi. Yurtboshimiz gapirayapti, men esa hayajondan ko'z yoshimni tiyolmayman.

“Afsuski, hozirgi vaqtda yoshlar orasida hayotda ozgina to'siq yoki qiyinchilikka uchrasa, o'zini yo'qotib, umidsizlikka tushib qoladigan, nojo'ya yo'llarga kirib ketadigan yigit-qizlar ham yo'q emas. Sizlar yoshlar bilan uchrashib, o'z hayotingiz, mashaqqatli yo'lingiz, qiyinchiliklarni qanday yengib o'tayotganingiz haqida so'zlab bersangiz, ular, albatta, sizlarga ergashadi.

Sizlar taqdir sinovlariga mardona bardosh berib, sabr-toqat va shukronalik ruhi bilan, hayotda o'z munosib o'rnini topib yashayotganingizning o'zi katta jasorat va qahramonlik namunasidir. Bunday insonlarning ibratli hayoti va faoliyati haqida xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qanchalik ko'p xabardor bo'lsa, ulardan o'rnak olib yashasa, bu jamiyatimizdagi ma'naviy muhitni yanada sog'lomlashtirishga xizmat qiladi”, — deganlaricha yonimga kelib, ko'ksimga “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan sportchi” unvonini taqqanidagi holatimni tushuntirib berishim qiyin. Juda katta hayajon! Hatto musobaqada ham bunchalik kuchli hayajonlanmaganman.

Ko'nglimning tub-tubiga maqsadlar qo'ydim: 2024 yili Parijda o'tkaziladigan Paralimpiya o'yinlarida bundan-da yaxshi natijalar ko'rsatib, yana bir marta Davlatimiz rahbari bilan uchrashaman. Xudo xohlasa, bu niyatlarimga ham yetaman!..

O'zgarish qishlog'idagi Madaniyat mahallasida tug'ilib o'sgan matonatli sportchi bilan Parij safariga jo'nashidan bir muddat avval uchrashgan edik. Nurxon suhbat chog'ida nogironligi sabab mahzun kechgan bolaligi, iztirobli kechinmalari, qiyinchiliklarni yengish yo'lidagi sabot, sport olamiga kirib kelishi, muvaffaqiyatga erishishida tirgak bo'lgan insonlar haqida so'zlab bergan edi.

Aytishicha, bolaligida judayam uyatchan, tortinchoq, lekin o'ziga yarasha sho'x qiz bo'lgan. Daraxtma-daraxt sakrab yurish doimiy mashg'ulotlari edi. Uydagilar “karatechi qizim” deb erkalatishardi.

Chaqaloqligida umurtqasidan bittasi yetishmasdi. Shu sabab oyog'idagi asab tomirlarini qisib qo'yib, 16 yoshga kirganida dard keskin kuchaygan. Oyog'i unga bo'ysunmay borardi. Nachora, qo'ltiqtayoqda yurishga majbur bo'la boshlagan. Nahotki uyatchan va yana tinmaydigan, hali o'n gulidan biri ochilmagan qiz bunaqa holatga tushib qolsa…

Boshiga tushgan odamgina buni tasavvur qilolsa kerak. Bilasizmi, o'shanda hayot unga shunaqa rangsiz — oq-qora bo'lib ko'rinardi-da. Bor maqsadi-yu orzularini yo'qotib qo'ygan odamga aylanib qolayotgandek edi. Aslida, dunyo kezishni, sayohatga chiqishni orzu qilardi. Musavvir bo'lishni ham niyat qilgan. Afsuski, taqdir taqozosi bilan imkoniyatlari cheklanib qoldi.

— Keyin o'ylab ko'rsam, imkoniyatim cheklanib qoldi, deyishim noto'g'ri ekan, — deya xotirlaydi Nurxon. — Oyog'ingiz yurmay yoki ko'zingiz ko'rmay qolsa, endi iloji yo'q, degani emas. Bunaqa paytda odamning o'zi imkoniyatini cheklab qo'yarkan. Agar inson xohlasa, hamma narsaga erishishi mumkinligini amalda isbotlashga ahd qildim…

2016 yili Farg'ona viloyatidagi imkoniyati cheklanganlar uchun maxsus kasb-hunar kollejiga o'qishga bordim. Haqiqatan ham hech bir ilojsiz holatga tushgan tengqurlarimni uchratdim. Ularni ko'rib, Allohga shukur deganman, yurmasam ham. Qarasangiz, umuman muhit bo'lakcha… Chinakamiga imkonsiz bolalar edi ular. Qo'l-oyog'i butun, lekin aqli zaif. Ana shular o'rniga o'zimni qo'yib ko'rib, o'yga tolganman: agar oyoqlarim sog'-u, aqlim zaif bo'lib qolganimda bormi? Unda nima bo'lardi?..

Chekka qishloqning oddiy bir oilasida tug'ilib, kamol topgan qizning niyati pok, maqsad sari intilishi kuchli ekanki, ulkan orzusi ushaldi. Beixtiyor akademik shoirimiz G'afur G'ulomning “Taqdirin qo'l bilan yaratur odam, g'oyibdan kelajak baxt — bir afsona” degan purma'no she'riy misralari yodimga tushadi. Chindan-da inson barcha mavjudotlar ichida aql egasi va qudratli bo'lgani uchun ham hamma ishning uddasidan chiqa oladi xuddi Nurxonga o'xshab.

…Nurxonning dadasi G'ulomjonni yaxshi taniyman. Oilaviy sharoiti og'irligiga qaramasdan rafiqasi Dilfuza bilan kelishgan holda qiziga, unga o'xshagan dardmandlarga ko'mak berishdek ezgu maqsadda tibbiyot oliy o'quv yurtida tahsil olgan. Jarroh vazifasida ishlar, sportga ham ixlosi kuchli edi. Qiziga, yosh karatechilarga ustozlik qilgan. Onasi Dilfuza doimo farzandlar tarbiyasi bilan mashg'ul, qiyinchiliklarga chidamli ayol edi. Nurxon ham sportdagi ilk saboqlarini, mashaqqatlarga dosh berishni ulardan olgan. Bugun ota-onasi, akasi Jahongir, singillari Nigora, Madina, Rayhona, ukasi Boburjon, qolaversa, butun mingbuloqliklar Yangi O'zbekistonning millat faxriga aylangan matonatli bu qiz bilan qanchalar g'ururlanayotganimiz rost.

Qosimjon AKBAROV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + eight =