13 daqiqa
Yaqinda hamkasblarimizdan birini nafaqaga kuzatamiz: butun umrini insonlar hayotini qutqarishga bag'ishlagan qutqaruvchini. Aslida, bir kasbda butun umr ishlab, oxirida jamoa ardog'ida, hurmat-ehtirom bilan kuzatilish — hammaga ham nasib etavermaydigan baxt. Kimningdir umri, kimningdir sabri yetmaydi bungacha. Shuning uchun kasbiy saodatga erishgan katta qutqaruvchilarga hamisha havasda qaraymiz. Ularga havas qila-qila, bugun yong'in o'chiruvchi-qutqaruvchilikda kasb mashaqqatlarini mashaqqat demay ishlab kelayotganlar ko'p. Ular orasida men ham borman.
Bu hamkasbimiz tabiatan kamgap odam bo'lsa-da, goh-gohida qutqaruv jarayonlari haqida gurunglashib qolamiz. Bu gurunglar oddiy gurung emas, inson hayoti bilan bog'liq xulosalar, tahlillar, mulohazalar…
Navbatchilik qismidagi odatiy kunlarimizning birida shoshilinch chaqiruv kelib tushdi. Dispetcher trevoga signalini chalishi bilan 3-5 soniyada mashina oldida jamlanib, darhol manzilga yetib bordik. Ko'p qavatli uylarning birida kichik yong'indan katta quyuq tutun hosil bo'lgan, odamlar toza havo talvasasida o'zlarini derazaga urayotgan edi. “Tepadan o'zini tashlasa, baribir o'ladi-ku, nima qiladi tashlab?” — deyishingiz mumkin. Jon talvasasida odam o'zini boshqara olmaydi, bunday vaziyatlarda odam mulohaza qilib o'tirmaydi. O'sha chaqiruvda biz ham shunday vaziyat ustiga kelib qolgan edik: darhol odamlarni qutqarishga kirishdik.
To'rtinchi qavatdan odamlarni olib tushishga, yong'inni o'chirib, xavfni bartaraf qilishimizga 13 daqiqa ketdi. Ammo bu 13 daqiqa qutqaruvchi uchun go'yo bir necha soatday tuyuladi.
Tepadan o'zini pastga tashlamoqchi bo'lgan kishini deraza raxidan tushirib, kislorod balloniga qo'shimcha niqob ulab, unga uzatdim. Odam nafas olishi yengillashgach, yelkasidan suyab, tashqariga olib tushdim.
Tashqariga chiqib, uni shifokorlarga topshirib, yana tepaga yuguraman. Har bir qutqaruvchi bir tushganda ikki-uchtalab odamni qutqarishga tirishadi: bolalarni ko'tarib, kattalarni suyab olganmiz. Egnimizda 40 kilolar atrofidagi maxsus epikirovka bilan to'rt qavat orasida yuguramiz. Shu payt xonadonlardan birida aqli zaif o'smir borligi xabari keldi. Ikki qutqaruvchi u tomon yugurdik. Uni harchand qutqarishga tirishmaylik, bola yaqinlashishga yo'l bermasdi. O'smir aqlan zaifligi bois atrofda nima bo'layotganini tushunmas, faqat qichqirar, hamma narsani otib, sindirar edi. Shu payt ona: “Men bolam bilan qolaman, ketaveringlar”, dedi… (!) Ona baribir ona ekan, farzandi uchun jonini berishga shay. Ammo bunaqasi ketmaydi. Tashlab ketish bizga xos emas. Qonim qaynadi. Yo'q, biz hech kimni tashlab ketmaymiz! Biz qutqaruvchimiz, kasalmi-sog'mi, xohlaydimi-xohlamaydimi, har qanday odamni qutqarishimiz shart. Shunday o'y va soniyalar ichida bolaning qo'l-oyog'ini bog'lab, dast ko'tardim. Ko'tardim-u, pastga qarab yugurdim. Endi ustimda 40 kilolik “yuk” ikki karraga oshgan edi. Endi epikirovka tanamga singib ketganday, odamlarning bo'g'ilayotganini aniqroq ko'rardim, yo'talayotgan, chuqur-chuqur nafas olayotgan odamlarning ovozlarini ham tiniqroq eshita boshladim. Shifokorlardan biri qo'limdagi bolani olganidan keyin o'zimga kelib, atrofga qarayman — tashqariga chiqibman. Shunchalar tez yugurganimdan zinalar tugab, ko'chaga chiqib qolganimni bir on anglamay qoldim.
Ana-mana deguncha ona-bolani sog'-salomat pastga olib tushib, tibbiyot xodimlariga topshirganimdan so'ng yelkamdan tog' ag'darilganday tuyildi. Mana shunday tig'iz daqiqalar ichida 26 kishini qutqardik. Xavf bartaraf qilindi, odamlar qutqarildi, uylar katta talafotdan asrab qolindi. Qanday yaxshi!
Ammo o'tgan o'n uch daqiqa xulosasi bir olam edi. Jon talvasasida o'zini tepadan tashlamoqchi bo'lgan odamlarni qutqarganimizdan so'ng o'zlariga kelgach, bizga minnatdorlik bildirishgani, ruhan zaif va tutqich bermas o'smir yigitchani qutqarganimizda bizni o'z farzandi kabi duo qilgan ona nigohi, bolalar kulgisi butun ekipaj a'zolariga qancha kuch bergani ancha kungacha unutilmadi. Bularni aytib berar ekanman, nafaqaga chiqish arafasidagi usta qutqaruvchimiz tabassum bilan: “Bu qutqaruvchi uchun oddiy hol”, deb yelkamga urib qo'ydi-yu, yana ishga sho'ng'idi.
Yunusobod tumani Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 16-qutqaruv qismi katta yo'riqchi-qutqaruvchisi, kichik serjant
Dilshod Ashurmatovning hikoyasini jurnalist Yulduz O'RMONOVA
oqqa ko'chirdi.
