So'nggi pushaymonlik…

Yurtimizda har bir inson hayotdan bugun rozi bo'lishi uchun hamma ishlar qilinmoqda. Xususan, barcha viloyatlarda tashkil etilgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ham bu boradagi ishlar yuzasidan yana bir ezgu qadam bo'ldi. Avvallari ijtimoiy ko'makka muhtoj har bir fuqaroga alohida, xususan, tibbiyot, ta'lim, pensiya jamg'armasi, kadastr agentligi va boshqa tashkilotlar yordam ko'rsatardi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari mana shu tizimning barchasini yagona holda birlashtirib, faoliyat ko'rsatishi belgilandi. Buning uchun har bir mahallada ular uchun alohida shtat birligi ajratilganligi odilona qaror bo'ldi, deya olamiz. Demak, davlatimiz tomonidan hech bir fuqaro e'tibordan chetda qolmasligi oydinlashadi.

Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Buni biz Sirdaryo viloyati,  Mirzaobod tumanida istiqomat qiluvchi yolg'iz yashovchi, 80 yoshli Ahmad Qahramonov misolida ko'ramiz.

— Ko'rib turibsizlar, yer uchastkam bor. Biroq yashaydigan uyim xarob ahvolda. Farzandlarim bor. Ularga “Kelinglar, yer uchastkani nomlaringga o'tkazib beraman. Shu joyga uy quring­lar. Men ham qarovsiz qolmayman”, desam unashmayapti. Bularning hammasiga aybdor o'zim. Yoshligimda qari otamga g'amxo'rlik qilmay, harbiy xizmatga ketdim. Qaytib kelganimdan so'ng ham otamning dol qaddiga tirgak bo'lmadim. Uylanib, farzandli bo'lgach farzandlarimga ham mehribonlik ko'rsatmadim.

Davlatimiz mehribon. Qarovsiz qolganim yo'q. Yaqinda “Inson” ijtimoiy xizmatlar agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Akbar Mirzaxanov boshchiligida bir guruh vakillar holimdan xabar olishdi. Tushunaman, davlat tomonidan beriladigan moddiy-ma'naviy ko'mak haqiqatda yordamga muhtojlarga berilishi lozim. Men esa netongki, arosatdagi insonman. Negaki, ijtimoiy markaz menga yordam beray desa, farzandlarim bor, yordam qilmaylik desa ahvolim nochor. Arosatdagi odam, degan so'z aynan men uchun aytilgandek go'yo,  — dedi qariya qahramonimiz.

Yana bir Mirzaobod tumanida yashovchi 65 yashar fuqaro Abdurashid Nabiyev hech qaerda ro'yxatda yo'q. U eski ishlamaydigan “drenaj binosi”ni (agar shunday aytish mumkin bo'lsa) o'ziga kulba qilib yashamoqda.

— Yoshligimda o't-olov yigit edim. Otam: “Men qarib qoldim, ko'zimga nur, belimga quvvat, ko'zimga nur sensan, o'g'lim”, deganiga qaramay, unga g'amxo'rlik qilmadim. Otam qarigan chog'ida mehrga zor bo'lib bu dunyoni tark etdi. Xalqimizda “Ota qarg'ishi o'q…” degan naqlning naqadar haq ekanligini bugun ang­lab turibman. O'shanda otamning ko'ngli qattiq og'rigan va meni… — deb ko'zlariga yosh oldi. — Ko'rib turibsiz, endi o'zim otamdan ham battar ahvoldaman. Ota rozi Xudo rozi degan purhikmatning mag'ziga tushunib-tushunmay qabul qilgan qarorimning jabrini tortishga mahkumman. Bunday taqdir hech kimning boshiga tushmasin, — dedi Abdurashid Nabiyev.

Avlodlar dovonida shakllangan purhikmatlar ming yilliklar silsilasidan o'tganligi bois ham xalqimiz tomonidan tarbiyaviy jihatdan qo'llanib kelinadi. Yoshlik qilib, otaga, onaga, farzandlarga bemehrlik munosabati bir kuni o'zimizga ham shunday qaytadi. Shu sababdan oxiridan quvontirsin, deyishar, balki.

Albatta, bu kabi insonlar davlatimiz qaramog'ida. Biroq ularning holiga tushishdek ayanchli qismatni o'zlari ayt­ganlaridek, hech kimning boshiga solmasin.

Bahrom BOYMURODOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − four =