Olovlardan omon qolgan ojiza

Muallif haqida:

Suad — taxminan 60-yillarda Iordaniyaning janubiy sohillaridagi (hozirgi paytda Falastinga qaraydi) musulmon arab qishloqlaridan birida tug'ilgan. Yigirma yil davomida u psixoterapiya bo'yicha davolanib o'tmishini eslaydi. Barini xotirlagach, u yaqin Sharqdagi ayollarning hayoti qanday bo'lganini tas­virlash maqsadida biografik roman yozadi.

Suad — bir tarafdan olib qaraganda butkul aybsiz, ikkinchi tarafdan esa o'z hislari sabab, o'z zaifligi sabab aldanib qolgan ojiza…

To'g'ri, uning hayoti bu alfozda kechishiga, avvalo, oilasidagi muhit, jarayon, unga qilinadigan muomala sababdir. Otasining qizini hayvoncha ham qadrlamasligi, onasining esa o'z vazifalarini to'la ado etmaganligi sababli uning hayot yo'li izdan chiqdi. Aytishingiz mumkin: “Axir Suadning jamiyatida, mamlakatida ayol qizlarga past nazar bilan qarashgan, bechora ota-onada nima ayb”, — deb. Yo'q! Agar siz bunday o'ylasangiz albatta, adashasiz. Agar insonning qalbida zig'ircha odamiylik bo'lsa, Alloh in'om etgan qalb ko'zi ochiq bo'lsa, bu kabi shavqatsiz qonun-qoidalarni, hech bir urf-­odatni butun boshli jamiyatning ongiga singdirishning iloji bo'lmasdi. Demakki, hamma gap ushbu insonning o'ziga bog'liq. Asarda ushbu gapimga dalil ham keltirilgan. Suadning yozishicha, uning qish­log'ida bir ayol o'tib qoladi. Eri esa ayolini o'z qo'llarida ko'tarib borib qabrga qo'yadi. O'shanda Suad ayol kishiga ko'rsatilgan ehtiromga ilk bor guvoh bo'ladi. Vaholanki, ular ham ayni bir vaqtda, ayni bir jamiyatda yashashgan...

 

Qiz bolasan, uyat bo'ladi… Qiz bolasan ko'p gapirma, aralashma, kulaverma, ko'chaga chiqma, o'qib nima qilasan, baland gapirma, savdolashma… Eh-he, qizlar uchun “kashf etilgan” bu kabi “cheklovlar”ni sanaymiz desak sanog'iga yetolmaymiz. Qiz bola avvaliga ota-onasi uchun, turmushga chiqqach turmush o'rtog'i uchun, ona bo'lgach esa farzandi uchun yashaydi. Tarixdan ma'lumki, turli jamiyatlardan ayol qadri, sha'ni u qadar ulug'lanmagan: kamsitilgan, yerga urilgan… Shunday mamlakatlardan biri, Suad ismli ayolning tug'ilib o'sgan joyi – Iordaniya hisoblanadi. Biz bu haqida Suadning “Alanga ichidagi ayol” (tarjimon: Nodirabegim Ibrohimova) asaridan bilib olishimiz mumkin. Asar bir ojiza ayolning bu dunyoda ko'rgan, his qilgan “do'zoh azoblari” haqida, desak hech ham mubolag'a bo'lmaydi…

 

Ota…

Otamiz, padarimiz, dunyoga kelishimizga sababchi zot. Ha, biz otamiz tufayli bu hayotda mavjudmiz. Lekin bu degani uning mulkimiz degani emas. Xohlasa urishi, xohlasa sotishi, xohlasa hayotimizga birgina so'zi bilan nuqta qo'yishi mumkin degani emas. Ota, avvalo, bizga hayot yo'limizda ibrat va namuna bo'lmog'i lozim. Ammo Suadning otasi nima qildi?! O'z qizlarining hayotiga zomin bo'ldi. Dunyoga kelgan qizlari u sababli tug'ilishi bilan soniyalar ichida jon berdi… Tirik qizlari esa oilada qiz farzand sifatida emas, hayvonchalik mavqega ega bo'lmagan cho'ri sifatida kun ko'rishdi… Suadning otasi ham boshqa otalar singari oqko'ngil, mehribon, g'amxo'r inson bo'lishi mumkin edi. Ammo u o'z jamiyatida “qullik” qildi. Oila sha'ni uchun farzandlarining shirin jonidan kechdi…

 

Suadning onasi…

Ona misli Jannat. Negaki, u bizga hayot atalmish tiriklikni tuhfa etadi. So'ngra tarbiyalaydi. Uning ilk vazifasi farzandiga to'g'ri tarbiya berish. Ayniqsa, ona tarbiyasi qiz bola uchun hayot-mamot masalasidek gap. Chunki qiz bola ayni o'tish davrida o'zida ro'y berayotgan o'zgarishlarni otasiga, aka-ukasiga, hatto opa-singillariga ham ayta olmaydi. Bunday paytda faqat va faqat ona qiz bola uchun yagona najotdir. Lekin Suadning onasi-chi?! U nima qildi? Hech qizlari bilan haqiqiy onalar kabi dildan gaplashdimi? Ularning hislari bilan hisoblashdimi? Ularning ko'nglidagini payqadimi? Yo'q! Aksincha, uning o'zi xiyonat botqog'iga botdi… Yana Suadning ko'z o'ngida o'z eriga xiyonat qildi… Bu eng katta gunohi azim edi. Suadning hayoti bunday bo'lishiga asosiy sabablardan biri, otasidan ham avvalo, onasi aybdor deb hisoblayman…

 

“Dadang bilan o'zim gaplashaman…”

Xo'sh, bunday oilada tug'ilgan qiz nima qilsin?! O'zini o'ldirsinmi? Suvga otsinmi? O'tda kuydirsinmi? Jon shirin, hammaning ham yashagisi, dunyo lazzatlaridan bahra olishni xohlaydi. To Alloh omonatini o'zi olmaguncha kimning ham o'lgisi keladi deysiz?! Suad ham xuddi shunday edi. Ammo uning vaziyatida birgina yo'l — yangi oilaga ketish, ya'ni turmush qurish edi. Ammo o'zidan oldingi opasiga sovchi kelavermagani sabab Suadning ham to'yi kechikdi. Lekin u qanday bo'lmasin tezroq bu qiynoqlardan, azoblardan qutilishni, kelinlik baxtini tuyishni va eng asosiysi “ozodlikka” chiqishni xohlardi. Shunday qildi ham. Ikki uy naridagi qo'shnisidan sovchi keldi. Uni kuzata boshladi. Sevib qoldi. Gaplashdi. Sevishdi. Va oxir-oqibat… hayotidagi eng mudhish xatoga qo'l urdi… Yigitdan homilador bo'lib qoldi. Suadni o'ziga “sehrlab” olgan yigitcha esa ishini bitkazdi-yu, sharpadek qizning hayotidan g'oyib bo'ldi. O'rtada bechora Suad va uning hali tug'ilib ham ulgurmagan, bu razil jamiyat qonun-qoidalaridan bexabar farzandi qoldi… Hech kimsiz, hech narsasiz… Xo'sh, endi u nima qilsin?! Kurashsinmi? Yoki… O'zi kurash uchun unda nima qoldi? Bokiraligidan ham, sha'nidan ham, oilasidan ham, 19 yoshida ko'ngil qo'ygan ilk muhabbatidan ham ayrildi…

 

“Endi gunohingni yashirishning imkoni yo'q, qizaloq…”

O'ylab ko'ring: siz tiriksiz, nafas olyapsiz, idrok eta olasiz, ongingiz ishlayapti, o'zingizga bo'ysunadi, buning ustiga uxlamayapsiz ham! Endi tasavvur qiling. Xuddi shu holatda ustingizdan benzin quyib, gugurt chaqishdi… Yona bosh­ladingiz… Alanga to'xtamaydi… Kuchaygandan kuchayadi. Butun vujudingiz ila qalbingiz ham to'xtamay yonadi… Olovning otashi joningizni sug'urib olgandek bo'ladi… Eng alamlisi, bu ish o'z ota-onangiz xohishi bilan bo'ladi. Yana nima uchun? Jamiyatning arzimagan urf-odatlari deb… Ammo Alloh bergan umrga Uning o'zigina nuqta qo'ya oladi.

Tasavvur qildingizmi?! Naqadar qo'rqinchli-ya?! Ushbu jarayonni o'qiganim bilan tanam tit­rab, ko'zlarimdan tinmay yosh oqdi… bilmadim nega? Balki, men ham qiz bola bo'lganim uchundir…

Xullas, Suadni yoqishadi. Qornidagi aybsiz homilasi bilan… Lekin ular tirik qolishadi. Kasalxonaga olib borishadi. U yerda unga hayvonga teng muomala qilinadi. Onasi o'z qo'llari bilan uni zaharlamoqchi bo'ladi. Baribir Allohning inoyati bilan Suad tirik qoladi va aynan o'sha kasalxonada, 7 oylik homilasini hech qanday doyasiz o'zi dunyoga keltiradi… Buncha qiynoqlardan so'ng dunyoga kelgan chaqaloqni mo'jiza deyish mumkin…

 

“Kelganimni dadamlar bilmasin…”

Asad. Suadning ukasi, badjahl, otasi singari qo'pol, shafqatsiz erkak… Lekin asarning oxirida negadir unga nisbatan ko'nglim eridi. Opasi uchun meva olib keladi va buni hech kimga aytmasligini tayinlaydi. U kelmasligi ham mumkin edi. Lekin nima qilsin?! Jigar baribir jigar ekan-da!

 

“Qo'rqma, senga o'zim yordam beraman…”

Jaklin. Suadni bu jirkanch jamiyat qobig'idan qutqarib chiqqan xaloskor. Agar u bo'lmaganda Suad allaqachan o'lib ketgan bo'lardi. Xuddiki, asarda Jaklin najotkor farishta misol gavdalangan. Balki, aynan u Yaratganning Suad uchun yuborilgan panohidir?! Ha, Suad yonayotgan paytda tanam qanday jimirlagan bo'lsa, asar davomida Jaklin paydo bo'lgach ham xuddi shu hislarni tuydim. Suadni va farzandini Yevropaga, ya'ni Shveysariyaga kelishida katta yordam beradi. Shveysariyada Suad va o'g'lini bir oila asrab oladi. O'g'li 5 yoshga to'lgach esa Suad u oilada o'g'lini qoldirib, o'zi ish topib ketadi. Bu orada u abadiy baxti bilan tanishadi va u bilan turmush quradi. Ikki nafar qizli bo'ladi. Xullas, hayoti yana o'z iziga tushadi. Oradan bir qancha vaqt o'tib o'g'li bilan uchrashadi…

 

“Sizni qizg'onaman, onajon!”

“Sizni qizg'onaman, onajon, oilangizdan qizg'onaman, sog'inaman, yonimda bo'lishingizni istayman…” Bu Suadning o'g'lini so'zlari edi… Ha, u ham hamma qatori o'z onasi bag'rida, o'z otasi qo'lida katta bo'lishga to'laqonli haqli edi… Ammo unday bo'lmadi.

Xuddi o'sha urf-odatlar sabab u begonalar qo'lida katta bo'ldi… Mehrga zor… Onadan yiroq… Otasini tanimay… Bu qanchalar dahshatli ekanligini faqatgina his qilib ko'rganlar tushunadi… To'g'ri, oxirida hammasi baxtli yakun topdi, lekin aslida boshqacha bo'lishi ham mumkin edi… Ular o'z oilasida to'la-to'kis, baxtli yashashlari ham mumkin edi…

 

So'ngso'z o'rnida

Asar biografik qissa hisoblanib, unda iordaniyalik Suad ismli ayolning hayoti tas­virlanganini ko'rib chiqdik. To'g'risi, asarni o'qib oxirida savol tug'iladi: Nega endi musulmonlarni bu qadar yomon ko'rsatyapti? Yevropaliklarni esa yaxshilayapti deyishingiz mumkin. Ammo xulosaga shoshmang! Kitobning oxirida, ya'ni “Suad bilan suhbat” qismida undan: “Hayotingizda sodir bo'layotgan o'zgarish­lar din bilan bog'liqmi?” — deyishganida u: “Yo'q, unday emas, Islom dini mamlakatimizga kirib kelmasidan oldin bu kabi qoidalar mavjud bo'lgan, qizlarga past nazar bilan qarashgan”, — deya javob bergan. Demakki, asardagi razil insonlarni “musulmonlar” deb tushunmaslik kerak. Ular shunchaki, yerning barcha nuqtalarida mavjud bo'lgan “yomon insonlar” deb tushunish to'g'riroq bo'ladi!

Dildora DO'SMATOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × two =