Qora saqich ichidagi xazina
Jurnalistik faoliyatim mobaynida Buyuk Ipak yo'li manzilgohlari — Xorazmdan Termiz qadar, Sarmishsoy qoyalaridagi bitiklardan Afrosiyobgacha, Jayhunu Sayhunning betakror go'shalarigacha kezganman. Shu asnoda Vatan chiroyini shoirona nigoh asnosida kuzatib, taassurotlarimni tasvirlaganman. Ona yurt, ota makon bo'ylab uyushtirgan sayru sayohatlarim chog'ida qadimiy va afsonavor “Sharq ertagi” deya ta'riflanadigan Xivaning tarixi va tabiati, muqaddas qadamjolari, urf-odatlari, o'ziga xos mo''jizalariga oshuftayu lol bo'lganim ham rost.
Xivadagi Saidniyoz Sholikorboy majmuasi sayyohlar eng ko'p tashrif buyuradigan maskanlardan biri hisoblanadi. Mazkur esseda majmua tarixiga bog'liq voqea xususida so'z boradi. Negaki, to hanuz Xivadagi o'tmish osori-atiqalari yetti iqlim sayyohlarida hayratu havas uyg'otmoqda.
1
Qarchig'ayday bostirib kelgan kuz boshida Xorazmdan Samarqandga qarab karvon yo'lga tushdi. Oldinda ikki o'rkachli, oyoqlari baquvvat, jundor “sahro kemalari” borardi. Garchand ustiga zil-zambil, og'ir yuk ortilgan bo'lishiga qaramasdan, tuyalar buni ko'rdim demasdan bir maromda ilgarilab borar edi. Karvonboshi uzun bo'yli, qotmadan kelgan, badjahl, pixi qayrilgan odam. U negadir doimo temir intizomga amal qiladi. Boshqalardan ham shuni talab qilardi. Saidniyoz Sholikorboy va hamrohlari uning buyrug'iga so'zsiz bo'ysunishga majbur edilar. Aslida, bularning barisi ularning foydasiga, qolaversa, xavfsizligi uchun. O'n besh kun davomida cho'lda yurishdi. Bora-borguncha biyday sahro, na uchi, na keti ko'rinadi. Ko'zga faqatgina olachalpoq bo'lib o'sib yotgan saksovul, yovshan, kakra, quyonsuyak kabi o'simliklar tashlanadi. Qum uyumlari ustida toshbaqa, kaltakesak, echkiemar o'rmalaydi. Cho'l qushlari chug'ur-chug'ur etib, o'z tillarida allanarsalar deb javraydilar. Har zamonda soqchilar boshlig'i to'riq otida kelib, karvondagilarni jadalroq yurishga chaqiradi. Uning maqsadi qosh qoraymasdan qum ichidagi quduqqa yetib olish edi.
Nihoyat, karvon aytilgan joyda hozir bo'ldi. Quduq atrofida to'rt-besh tup saksovul daraxti qaqqayib turardi. Shoxlari tarvaqaylab o'sgan, tanasi bujur, egri-bugri. Shamol tinmay esmoqda. Tuyalar cho'ktirildi. Shu yerda ma'lum bir vaqt dam olinib, hordiq yozadigan bo'lishdi. Qozon osib taom tayyorlandi, qumg'onda choy qaynatildi. Oyoqlarga dam berildi. Shu tobda karvondagilar yodiga sozanda yigit tushdi. Uni darhol yonlariga boshlab kelishdi. Issiqdan toliqqan, sog'inchdan zada bo'lgan yuraklar g'amgin, yurakni o'rtaguvchi qo'shiq ishqida yonar edi. Buni ilg'agan sozanda tarang etmasdan, tanburini sozladi-da, qo'shiqni boshlab yubordi:
Ey sarbon, ohista yur, oromijonim ketadur,
Ko'nglimni ko'ksimdan olib, ul dilistonim ketadur.
Andin qolib, o'ksik o'zim, bechorayu sho'rlik o'zim,
Bag'rimga tig' botib bir zum,
to ustixonim ketadur.
Qancha urindim noo'rin, rozim tutay deb yoshurin,
Pinhon qilolmaydir sirim,
chun tashga qonim ketadur.
Mahmulni tut, ey sarbon,
karvonni tezlatma u yon,
Sarvi ravon ishqi debon ruhi
ravonim ketadur.
Tortib etak ketgay u jon,
yolg'iz yutib men qon, ishon,
So'rma bukun mendan nishon,
dildan nishonim ketadur.
Davron, o'jar yorim ketar,
ayshim o'tar, bag'rim tutar,
O'txonamen, boshdan badar dudu to'fonim ketadur.
Karvon ahli sahro bag'rida, kimsasiz go'shada yangrayotgan qo'shiqni astoydil tinglar, ko'zlarini uzoq-uzoqlarga qadagancha, ajib ohangdan rohatlanardi.
Yurakni sel qiluvchi bu qo'shiqni tinglab, hordiq chiqazgan karvon ahli yana mashaqqatli yo'lga ravona bo'ldi. Ulkan nortuya ustida borayotgan Saidniyoz Sholikorboyning xayoli kindik qoni tomgan, bolaligi o'tgan Xorazm eliga, keng va poyonsiz dalalarga boshladi.
Bir uchi ufqlarga qadar tutashib ketgan otizlar… Suvi qochirilgan keng maydonlarga hafsala bilan sholi ekilgan. Ichiga suv to'latilgan. Hademay sholi hosili pishib yetiladi. Uni tez fursatda o'rib olish, dalada quritish, tegirmonda oqlab tayyor holga keltirish zarur bo'ladi. Bu yumushlarni qoyillatib bajaradigan odamlar bor. Ular doimo pishib yetiladigan “osh”dan boxabar bo'lib turishadi. Esida, bir gal tegirmonda obdan oqlanib, iste'mol uchun tayyor holatga keltirilgan yigirma besh qopcha guruchni Xiva yaqinida istiqomat qiladigan yetim-esirlarga tarqatuvdi. G'ariblarga atalgan mahsulot talon-toroj bo'lib ketmasligi uchun bu yumushning boshida o'zi turuvdi.
O'shanda uyida yotgan o'sal bemorlar ham bu saxovatdan benasib qolmovdi. Shu-shu boy tez-tez xayr-ehson qiladigan bo'ldi. Negadir shu ishni amalga oshirsa, ko'ngli yengil tortib, vijdoni rohatlanardi. Boshqa bir safar esa ostidagi otini ko'zlari chaqnab turgan bir bolakayga tortiq etib yuborgandi. Qishloqda, oddiy, qo'li kalta oilada o'sgan bolakayning o'shandagi quvonchini hozir ta'riflab bera olmaydi. “Rostdan ham, og'a, bu ot endi menikimi?” — deb qayta-qayta so'rab, behad sevingandi bolakay. Shu mahal ular oldida soqollari oppoq, nuroniy bir chol paydo bo'ldi. Eski qadrdonlardek boy bilan omonlashdi. Keyin ikki qo'lini ochib duo qildi: “Inim, shu bolaga bergan tortig'ing o'zingga yuz-ming marotaba ko'p bo'lib qaytsin! Yetimning boshini silagan, uni rozi qilgan odam u dunyoyu bu dunyo xorlik-zorlik ko'rmaydi. Davlating ko'payib, el-ulus orasidagi nufuzing oshsin, iloyim!” Shundan keyin oradan ma'lum bir vaqt o'tdi. Boyning mol-dunyosi ko'paysa ko'paydiki, ammo kamaymadi. O'shanda u odamlar ko'ngliga yo'l topish, muruvvat, saxovat qilish naqadar olijanob va ezgu yumush ekanligini ich-ichidan anglagan edi. Boyning xayolini nortuyaning bo'kirigi bo'lib yubordi.
2
Yalanglikdan tinimsiz esgan muzday izg'irin odamning suyak-suyagidan o'tib ketadi. Sovuq yemaslik uchun karvondagilar qalin kiyinishgan. Rossiyaning Orenburg shahri shu sovuq kunlarda uzoq-yaqindan kelgan savdogarlar bilan to'lgan. Bu shaharda savdo-sotiq, oldi-berdi avjiga minadi. Misoli savdogarlar uyasiga aylanadi. Saidniyoz Sholikorboy cho'kkan tuyadan pastga sakradi. Savdo-sotiq ilinjida shaharga kelgan boy behad mamnun edi. Soqolini tutamladi-da, asl mollarni topib xarid qilsaydim, deb o'y surib ketdi. Bozorda turli matolar kamalak rangida tovlanadi. Boy bir qancha asl mollar xarid qildi. Ularni xizmatkorlarga aytib sandiqlarga joylatdi.
Rus savdogarlari uni bir kuni turk afandi bilan tanishtirdilar. U bilan emin-erkin, bemalol turkiy tilda so'zlashdi. Tez orada ikkalasi apoq-chapoq bo'lib ketishdi. Gapdan gap chiqib, turk afandi unga turkiy xalqlarning kelib chiqishi, urf-odatlari va tutumlari to'g'risida batafsil so'zlab berdi. Safari qarib, yurtiga qaytayotganida, turk afandi boyni bag'riga bosib, eski qadrdonlardek xayr-xo'shlashdi. Hurmat ramzi sifatida unga ma'lum miqdorda qora saqich sovg'a qildi.
Karvon «Xorazm eli qaydasan?» deya yo'lga tushdi. Qanchadan-qancha tevaragi baland paxsa devorlar bilan o'ralgan qo'rg'on-qal'alar, uchi-keti ko'rinmas dalalarni, cho'lu biyobonlar, cho'qqilari bulutlarga qadar cho'zilgan tog'u toshlar etaklaridan o'tishlariga to'g'ri keldi. Qaytishda g'o'laburdan kelgan Saidniyoz Sholikorboy ancha pishidi, ozdi. Bir karvonsaroy yaqinidagi bog'da ularni tavoze bilan kutib olishdi. Xizmatkorlar yugurib chiqib, karvondagilarning tuyasi va otlarini yetaklagancha ichkariga olib kirishdi. O'zlarini jannatiy mevalar bilan siylashdi. Ayniqsa, boy va uning hamrohlariga daraxtlarga yopirilib olgancha bol yig'ayotgan, shirinlikka o'ch arilarning g'o'ng'illashi juda yoqdi. Bu alpoz odamga g'am va anduhdan, tashvishdan xoli bo'lgan yoshlik damlarini eslatib yuborardi. Bahonada boy olis-olislarda qolgan ona yurtini eslab ketdi. Sog'inch unga tinmay azob berardi.
3
Xiva shahri qadimda O'rta Osiyoning shimoli-g'arbidagi Orolbo'yi hududiga uzoq bo'lmagan yirik shaharlardan biri sifatida nom qozongan edi. Shu sababdan shahardan mashriqu mag'ribdan kelgan elchilar hamda toy-toy mol keltiradigan savdo karvonlari arimasdi. Ular bir-biridan noyob, qimmatbaho mollar keltirardilar. Saidniyoz Sholikorboy tushgan karvonning ham asl maqsadi shu edi. Karvon Xorazmga yetib kelgan kun Xivadagi aksar xonadonlarda bayram bo'lib ketdi. Sholikorboyning hovlisi ham qo'ni-qo'shni, yaqinlari hamda do'stlari bilan to'ldi. Keldi-ketdi siyraklashib, odam qadami uzilib, ikki-uch kun hordiq chiqarib, o'ziga kelgan savdogar boy mollariga ko'z tashladi. Keltirgan mollarining ba'zi birlarini mahalliy savdogarlar savdolashib, bo'lib olishdi. Biroq turk afandi sovg'a qilgan o'sha bir uyum qora saqichga xaridor chiqmadi. Saidniyoz kerakli toshning og'irligi yo'q, degan naqlga amal qilib, saqichni bo'lak-bo'laklab omborxonasiga kiritish tadorigida edi. Dast ko'tarib urilgan boltaning tig'i kutilmaganda qattiq narsaga tegdi. Bolta tig'i orqaga qaytdi. Hayron qolgan boy bir amallab saqichni bo'lakladi. Saqich ichidan chiroyli temir sandiq chiqdi. Qiziqishi ustun kelib, sandiq ichini ochdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, bu yerda son-sanoqsiz tilla tangalar bor edi. Bu sirdan oila a'zolarini ham voqif etmaydi. Aksincha, peshona teri, zahmat bilan topilgan moliga shayton oralamasin deb shunday fikrga boradi. Birovning haqi, mulki, omonat hech qachon o'zgaga buyurmaydi, degan hadik–xavotir uning qalbini kemira boshladi. Halovati buzildi, tinchi yo'qoldi. Shu tobda uning xayolidan: «Bu boylik menga qora mum sovg'a qilgan o'sha turk afandiniki bo'lmasin tag'in», degan o'y kechadi. Darhol o'tirib afandiga maktub bitadi. Maktubda quyidagi so'zlar yozilgandi: “Hurmatli afandim! Sizga Xorazm elidan salom. Uyga kelgach, ikki-uch kun yozilib hordiq chiqardim. Keyin siz sovg'a qilgan o'sha qora mumni bo'laklab sotish niyati tug'ildi. Uni bolta bilan bo'laklayotganimda mum ichidan sandiq chiqdi. Ichi to'la tilla tangalar ekan. Men bu sizning omonatingiz, deb qo'rqib ketdim. Omonatingizga sirayam xiyonat qilganim yo'q. Uni yetkazsam deyman. Borayotgan karvonboshidan ushbu maktubni berib yuborayapman. Sizga salom va hurmat bilan iningiz Saidniyoz Sholikorboy”.
Karvonboshi tezda jo'nab ketadi. Bu vaqt davomida boy sandiq ichidagi tangalarni sanab ko'rish, zarurat tug'ilgudek bo'lsa, o'z shaxsiy manfaatlari uchun ishlatishni hatto xayoliga ham keltirmaydi. Boy iymonli, ayni chog'da Yaratgan egam oldida, o'zganing haqidan qo'rqadigan insofli, diyonatli kishi edi. Nihoyat, oradan biroz vaqt o'tib, uzoq kutilgan karvonboshi keladi. Karvonboshi turk afandidan keltirgan maktubda shundoq deyilgan: “Salom Saidniyoz Sholikorboy afandim! Maktubingizdagi so'zlarni sinchkovlik bilan o'qib chiqdim. Taajjubga tushdim. Xudoni o'rtaga qo'yib aytamanki, men sizga ichi oltin tangalarga to'la sandiq bermaganman. Qora mum ichiga sandiqni ustomonlik bilan Dashti Qipchoq qaroqchilari yashirgan bo'lsa kerak deb o'ylayman. Nazarimda, bu sizning iymonli, insofli, vijdonli, diyonatli inson ekanligingizga Olloh tomonidan berilgan hadya, inoyat. Ushbu boylikni ezgu amallarga sarf etasiz, degan umiddaman”.
Boyning yuzidan sovuq ter chiqadi. Ko'ngli tinchlanib, xotirjam tortadi. To'ppa-to'g'ri yaqin inisi, usta Qalandarning ustaxonasiga boradi. Bo'lib o'tgan voqea tafsilotlarini do'stiga ipidan-ignasigacha oqizmay-tomizmay so'zlab beradi. Oyni etak bilan yopib bo'lmaydi deganlaridek, bu gapning bir uchi Olloqulixonning qulog'iga borib yetadi. Bu vaqtda xon saroyida xizmat qiladigan qushbegi xondan beso'roq xatarli ishga qo'l uradi. U darhol Saidniyoz Sholikorboyga o'sha sandiqni huzuriga olib kelishni buyuradi. Keltirilgan sandiqni o'zida olib qoladi. Boyni esa tap tortmasdan josuslikda ayblaydi va uni do'sti usta Qalandar bilan birga zindonga tashlashga buyruq beradi.
4
Xon saroyiga barcha a'yonlar jam bo'lgan. Ulkan, naqshinkor taxtda Olloqulixon savlat to'kib o'tiribdi. Nihoyat, u o'ng qo'lini xiyol ko'tardi. Bu Rossiya josusi deya gumonda bo'lgan Saidniyoz va uning do'sti usta Qalandarni so'roq qilishni boshlashga izn berdim, degani edi.
“Xo'sh, qani ayting-chi, Saidniyoz Sholikorboy, sizni bundayin yo'l tutishingizga nima majbur etdi?” — deya xon savol tashladi. Boy so'zlashga xondan izn so'radi. “Ruxsat” degach, ohista, dona-dona qilib, voqea tafsilotini ipidan-ignasigacha qoldirmay so'zlay boshladi. So'zi nihoyasida o'sha tillalarni xonlik xazinasiga topshirajagini aytdi. Va xon hazratlariga karvonboshi keltirgan javob maktubini uzatdi.
Xon maktubga ko'z yugurtirdi. Mamnun bo'lib, xiyol jilmayib qo'ydi. Qo'llarini oldinga ko'tardi-da, boy aytgan gaplar to'g'ri ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qilish ilinjida: “Sandiqda o'zi qancha tanga bor ekan?” deb so'radi. Saidniyoz Sholikorboy javob berishga chog'langan ham ediki, undan oldin qushbegi o'zi bilmagan holda: “Bir ming besh yuz tanga!” deb yubordi. Xon yalt etib, qushbegiga qaradi. So'zi bo'lingani uchun jahli chiqqandi. Ammo ichidagini sirtiga chiqarmadi-da: “Afsus, eldan burun sanab ulguribsiz-da?!” deb kinoya qildi. Bu boqishi asnosida xon: “Senday pastkash kimsadan boshqa yana nimayam kutish mumkin edi?” deya piching qilayotgandi.
Saidniyoz Sholikorboy: “Xon hazratlari, kamina qulingiz shayton vasvasasidan qo'rqadi, shu vajdan boylikka qo'l urmadim”, deb javob berdi. Bu gap xonning ayni ko'nglidagi javob edi. “Endi siz, Saidniyoz Sholikorboy, kattakon bir masjid qurajaksiz. Uning minorasi juma masjidi minorasidan past bo'lishi lozim. Tillalarni ushbu savobli va xayrli ishga sarf etingiz”, deb yakuniy so'z aytdi xon. Ishning bu taxlit yakun topganidan, Saidniyoz Sholikorboy hamda uning do'sti usta Qalandar dorga osilmay qolganidan qushbegi ichidan zil ketdi. U mulla mingan eshakdek yuvosh tortib, xon saroyidan orqasi bilan yurib sekin chiqib ketdi. Bu safar u qattiq izza bo'lgan edi.
5
Saidniyoz Sholikorboy shoshilganicha qadam tashladi-da, masjidning qurilishi uchun belgilangan joy yaqiniga bordi. O'z ilkidagi yigitlarni: «Beri kela qolinglar», deb imlab chaqirdi. Uning qalbini bir o'y kechadan beri bezovta qilardi. Masjid qurilishi uchun belgilangan joyda Hovvajon momo yashar ekan. Eri va o'g'illari yog'iy bilan bo'lgan jangda shahid ketgan. Kampir yolg'iz, bir oyog'i yerda bo'lsa, bir oyog'i go'rda… Qarovga, shirin so'zga muhtoj. Boy kampir yoniga bordi. Kampirga salom berdi, u alik oldi. “Onaxon, siz turgan joyda masjid tiklamoqchi bo'lib turibmiz. Agar siz izn bersangiz, ushbu uyingiz o'rniga boshqa joydan uy qurib beramiz, Qolaversa, issiq-sovug'ingizdan doimiy ravishda xabardor bo'lib turadigan biror kimsa topib beramiz”, dedi. Boy bu gaplarni shunchalik muloyim va hamsuhbatining izzat-nafsiga tegmaydigan bir tarzda bayon etdi. Oldiniga kampir rozilik bermadi. Boy, endi nima qilsam ekan, deb turganida, mushkuli birdan osonlashdi-qo'ydi.
Sal turib kampir Saidniyoz Sholikorboyning oldiga bordi. “Inim Saidniyoz, masjid qurish, toat-ibodat qilish niyatida mo'minlarga qulay sharoit yaratib berish — savobga yo'g'rilgan amal. Men sening bu ezgu va xayrli ishingni qo'llab-quvvatlayman. Shu niyatda o'zim turgan uyimni masjid uchun berishga qaror qildim. Evaziga hech narsa so'ramayman. Mening hech kimim yo'q. Bir oyog'im uyda bo'lsa, bir oyog'im go'rda. Qancha umr kechirishim faqatgina Yaratgan egamgagina ayon. Ammo sendan bir iltimosim, o'tinchim bor. Bir kun kelib, omonatimni topshirsam, o'ligimga o'zing egalik qilgin. Aniqrog'i, tiklanadigan masjidning bir chekkasiga meni dafn etsang”, dedi kampir. Boy bu shartga rozi bo'ldi. Shundan keyin masjid qurilishi boshlandi.
6
Saidniyoz Sholikorboy tiklagan muhtasham, naqshinkor masjid, ibodat uyi bamisoli Xiva shahri o'rtasida savlat to'kib turgan qoyatoshga o'xshaydi. Bu joyga qanchadan-qancha musulmonlar tashrif buyurib, o'z toat-ibodat amallarini ado etib ketishadi. Albatta, Saidniyoz Sholikorboy ruhiga atab duoyi fotiha qilishadi. Saidniyoz Sholikorboy majmuasi go'zal va ertakmonand shahar Xivaning ko'rki bo'lib turibdi.
Darvoqe, taqdir taqozosi bois Hovvajon momo hamda eldoshlari uchun qadrli, himmatli inson bo'lgan Saidniyoz Sholikorboylarning oxirat uylari yonma-yon joylashadi. Buyam bo'lsa, iymon-e'tiqodni, yurt ravnaqini o'z manfaatidan ustun qo'ygan diyonatli insonlarga qaratilgan Ollohning inoyatidir.
Xivaning afsonavor qal'ayu qo'rg'onlarini sayr qilib, Saidniyoz Sholikorboydek mard inson haqida el-ulus tilidan eshitganlarim ruhiy olamimni charog'on ayladi. Shu tobda shahar ichida o'tmish sadolari kezinib yurgandek edi.
Ulug'bek JUMAYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.