Buxoro xalqining hasratli o'tmishi

yoxud amirlikka buyurmagan xazina

Sherzodxon QUDRATXO'JA

Asrlar davomida Buxoro amirligi g'aznasida to'plangan boyliklar miqdori haqida turli taxminlar mavjud. Amir Olimxon xazinasi haqida Mahmudxo'ja Behbudiy shunday yozgan edi: “Hozir Buxoro amiri tasarrufi ostida bo'lgan xazina shu darajada mo'lki, hech bir mamlakat xazinasida bul darajada ehtiyot saqlangan oltin va kumush pul, tillo yombilar bo'lmasa kerak. Buxoro amiri sanochilarida saqlanayotgan oltin va kumush pullar bo'yi ellik olchin, eni yigirma olchin, balandligi sakkiz olchin bo'lgan bir tog'dan iboratdur”.

Bu raqamlarni hozirgi o'lchovga aylantirsak, amir xazinasining uzunligi 35 metr, eni 14 metr va balandligi qariyb olti metrga to'g'ri keladi! Bu boyliklarning asosiy qismi 1920 yildagi sho'roviylar bosqinidan keyin 18 vagonda ular tomonidan tashib ketilgan.

Oltinlar millatga ishlasin ekan…

Odatda, xalqimizni, odamlarimizni sodda deymiz. Ammo yaqin tariximizda ayrim hukmdorlarning ham go'l va omilardek fikrlash doirasi tor bo'lganiga guvoh bo'lish yanada achinarlidir.

Uzoq yillar davomida yig'ilgan juda katta miqdordagi oltin, kumush, olmos va misli ko'rilmagan darajadagi katta mab­lag'lar ilm-fan va ta'limga sarflanganida, natija qanday bo'lishini tasavvur qilish qiyin emas. O'sha paytdagi hukmdorlar va boylar bor sarmoyasini ta'lim, zamonaviy texnologiyalar, yangi ish joylarini yaratish, sanoatlashtirishga sarflaganlarida bormi, turgan gapki, biz qoloq bo'lmasdik. Ustiga-ustak, har qanday qud­ratli bo'lmasin, yurtimizni hech bir davlat bosib olishga jur'at etolmasdi!

Agar bu ulkan mablag'lar xalqning farovonligi va mamlakatdagi bunyodkorlik ishlariga, harbiy salohiyatini oshirishga sarflanganida edi, 1 tillo 10 tillo bo'lib qaytar, Buxoro, Qo'qon, Xiva xonlik­lari jahonda ma'rifatli va taraqqiy etganlar qatorida bo'lardi!

O'tmishda xonliklar, amirliklar XIX asrdagi harbiy va geosiyosiy vaziyatga to'g'ri baho berolmasliklari, xalqaro masalalarda ojiz va uzoqni ko'rolmasliklari oqibatida ne-ne kulfatlarni keltirib chiqargan. Aytishlaricha, inglizlar uchoq va zambarak sotib olishni taklif qilishganida, Amir Olimxon: “Bizni himoya qilodig'on Olampanoh Nikolay Oqposhsho hazrati oliylari bor”, — deb kulimsirab va jerkib javob bergan ekan. Otalari Sayyid Abdulahadxon, bobolari Muzaffar, Nasrulloxonlar 26 million oltin rubldagi shaxsiy mablag'larini Sankt-Peterburgdagi banklarga foizga qo'yishgan. Ular bu kabi sudxo'rlikdan boyish o'rniga, mab­lag'larini o'z yurtida tadbirkorlikni rivojlantirishga yo'naltirishganida, balki barchaga ham halol, ham umummanfaatli, ham barakali bo'larmidi? (Afsuski, bu pullarning barchasi Rusiya banklarida qolib ketgan).

Sochi, Yalta va Piterda hashamatli imoratlar barpo qilgan Amir Olimxondek odam nahotki siyosiy g'o'r, ko'z oldidan narini ko'rolmaydigan hukmdor edi? Yoshligida Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil olgan, so'ngra  Peterburgdagi kadet maktabida o'qigan, bir nechta tilni bilgan Olimxondek kishi nahot nafaqat Rusiya, balki butun dunyoda “sotsializm va proletariat sharpasi” keza boshlaganini fahmlamagan edi?

Xalq dardi va tashvishlaridan uzoq bo'lgan, yangi islohotlar, o'zgarishlar va erkinlikni o'z manfaati uchun qabul qilolmagan Buxoro amiri Sayid Olimxon podshoh Nikolay II ni do'stim deb, unga ishonib, juda katta xato qilganligini tarixiy voqealar ayon qilib turibdi.

Shuning uchun bo'lsa kerak, sho'rolar inqilobidan so'ng uning qismati nihoyatda og'ir kechdi. Muborak Buxoroi sharifni bolsheviklar qo'liga sharmandalarcha topshirgan, xalqini esa yovga tashlab qochgan Amir hayoti Afg'onistonda o'tdi. Uning tutday to'kilgan harami va qolgan-qutgan oltinlari ortilgan karvoni hozirgi Qashqadaryo, Surxondaryo, Tojikiston hududidan o'tib, Amudaryoni kechib, afg'on yurtiga borib, u yerda bamisoli faqir bir ijarachi bo'lib yashadi. O'sha paytlarda undan anchagina zamonaviy va ilg'or bo'lgan afg'on shohi Omonullaxonning qosh-qovog'iga qarab, sharafsiz kun kechirdi. Erkakka va oliy hukmdorga yarashmagan tarzda yig'lamsirab Buyuk Britaniya qirolichasi Viktoriyaga maktublar yozdi, lekin nomalari javobsiz va e'tiborsiz qoldi. To'g'ri-da, o'z xalqi va Vatanini tashlab qochgan, ularni yovning qonli qo'llariga tashlab ketgan sobiq amir bilan ular hatto gaplashishni ham ep ko'rishmagan.

Aytishlaricha, alaloqibat, Sayid Olimxon yig'layverganidan 1943 yilda so'qir bo'lib, hatto so'nggi nafasida ham afg'on zaminida o'z yurti tarafga qarab jon bergan. Kobuldagi maqbarada nima yozuv borligini bilganlar uning holatini tasavvur qilishi qiyin emas.

Afsuski, shunday og'ir qismat o'z ona Vatanini yovga tashlab qochgan Muhammad Xorazmshoh, Qo'qon xoni Xudoyorxon, Xiva xoni Sayid Abdulloni ham chetlab o'tmagan. Magar ular qochmay, ota makonlarida xalqi bilan yovga qarshi chiqib, qahramonlarcha halok bo'lganlarida, biz bugun ularni millatimizning haqiqiy qahramonlari sifatida sharaflagan bo'lar edik.

…Yaqinda Amir Sayid Olimxon tomonidan bitilgan “Buxoro xalqining hasrati tarixi” deb nomlangan mo''jaz kitobcha qo'limga tushib qoldi. Kitobcha 1991 yili Toshkentdagi “Fan” nashriyoti tomonidan nashrdan chiqqan. Unda Buxoroning so'ng­­gi amiri Sayid Olimxon o'zining yoshlik chog'laridan boshlab, amirlik paytlari, bolsheviklarning Buxoroni zo'rlik bilan bosib olishi va Vatandan uzoqda, muxojirlik yillarida kechirgan qiyinchiliklarni hikoya qiladi. Bu hikoyalar haqiqatga nechog'lik mos ekanligi, bosqinchilarga qarshi kurashgan amallari qanchalar xolisligiga quyiroqda fikr yuritamiz. Lekin amirning hikoyalaridan shu narsa yanada yaqqol ko'rinadiki, uning uzoqni ko'ra bilmasligi, yurt va Vatan taqdirini deyarli “o'z qo'li bilan” yov qo'liga topshirganligi kunday ravshan bo'ladi. Yana shu narsaga e'tibor qaratish kerakki, Amir Olimxonning yozishicha, o'sha davrda Buxoro davlatiga qarashli yerlar 225 ming kvadrat kilometr bo'lib, bu taxminan Italiya maydoni bilan teng ekanligini ko'rsatadi.

Keling, yaxshisi, Amir o'z qo'li bilan bitgan xotiralardan ayrim iqtiboslarni keltiraylik. Chunki ularni o'qigan o'quvchi aslida tarixiy haqiqatlar qanday kechganini yanada yaqqolroq his qiladi:

“Men 1329 – hijriy yili muharram oyining o'ninchi kuni, milodiyning 1911 yili menga meros bo'lib qolgan marhum va mag'fur padarim saltanati taxtiga o'tirdim. Buxoroyi sharifning barcha aholisi bu ojiz bandaga xizmat qilmoqqa qasamyod etdilar.”

“Bolsheviklarga qarshi qilgan yurishim va Buxorodan ko'chishga ixtiyor etishimga doir barcha sabablar hikoyasini mushohada yurituvchilarning xotiralari uchun bularni tahrir ipiga tizdim, toki boshimdan o'tgan ahvolotimdan o'zgalar ham xabardor bo'lsalar.

Vaqt kelib Buxoroyi sharif davlati buvam, rahmatlik Sayid Amir Muzaffarxon davri saltanatidan to rahmatlik Sayid Amir Abdulahadxon mag'furu marhum padari buzrukvorim zamoniga va undan to bu bandayi ojiz saltanati muddatigacha mana shu Buxoroda o'tdi. Bu orada va muazzam rus davlati saltanati barqarorligining oltmish uch yilligi davomida bu tomonlarda do'stlik va oshnachalik yuz berib, ikki davlat orasida do'stlik barqaror va bardavom bo'ldi. Shu sababdan rus davlati xodimlari bilan Buxoro davlati xodimlari o'rtasida kelishuv ham bo'lib o'tgan edi. Kelishuvlarda askarlar va harbiy qurollar Buxoro tarafidan qisqartirilib, (uni qo'riqlash uchun) harbiy asbob-uskunalar va askarlarni rus davlati o'z zimmasiga olgan bo'ldi. Buxoroda esa mamlakatni himoya qilish uchun o'n ikki ming askar bo'lishiga qaror qilindi; mamlakatni himoya qilish borasida yana askar lozim bo'lsa, rus davlati Buxoro davlatini qo'llashga tayyor turadigan bo'ldi. Shu bilan imperator davlati zamoni mavjud bo'lgan qadar Buxoro davlati askarlar va harbiy qurollarga hech ehtiyoji bo'lmadi, tinch hayot hukm surdi, men bo'lsam mamlakat obodonchiligi bilan shug'ullanishga intilardim. Bundan so'ng rus davlati inqilobi yuz berdi. Bu banda mamlakatni tartib-intizom va xavfsizligiga sa'y-harakat qildim.”

Yuqoridagi so'zlardan ham ko'rinadiki, butun davlatni himoya qilishdek muhim vazifani amir o'ysizlarcha rus hukumati ixtiyoriga topshirganini yashirmaydi. Aksincha, “Buxoro davlati askarlar va harbiy qurollarga hech ehtiyoji bo'lmadi” deb yozadi.

Ayting, xalq boshidagi hukmdor odamning gapimi shu?!

“Binobarin rus jamoati ichidan bir qancha beasl bo'lmag'ur johil shaxslar paydo bo'lib, ular o'zlarining hazrat janob oliylari – rus davlati ulug'lari orasiga raxna soldilar. Ular qaror qabul qilishib, odamlarni majbur qilishdi. Bu beasl bo'lgan shaxslar bu qonun bilan odamlarni to'plab, nihoyat rus imperatorlik davlatini o'z saltanatidan ag'darib, o'z jamoasidan bo'lgan bir necha nafar odamlarni kattakon qilib qo'ydilar va o'z hukumatlarini muvaqqat sho'ro majlisi deb atab, Kerenskiy degan odamni (Kerens­kiy Aleksandr Fedorovich (1881-1970) rus siyosatchisi, oqlovchi. 1917 yili vaqtli hukumat raisi bo'lgan. Sh.Q.) jumhuriyat rai­­si mansabiga ko'tardilar.

Bu muvaqqat davlatlari bir necha oy davom etdi. Mazkur Kerenskiy hukumati tarafidan ularning Preobrajenskiy (Aleksandr Grigoryevich — 1850-1918 yy. Rusiya harbiy generallaridan biri. Sh.Q.) degan vakillaridan biri muxtor vazir qilinib, dorulfoxira Buxoroyi sharifga keladigan bo'ldi. Nihoyat, u kishi shaharga kirib kelib, bu bandayi ojiz bilan uchrashdi. Bu kishi kelib gapga quloq berib, ikki davlat o'rtasida kelishuv bo'ldi, shunda Buxoro davlati mustaqilligini bu ojiz bandaga berdi va kelishuvga imzo chekdi. So'ng u qaytib ketdi.”

“Sovet davlati tomonidan Akselrod degan kishi Buxoro davlatiga elchi qilib tayin etildi. Afg'oniston davlatiga nisbatan do'stlik istehkomlarini tuzib, Toshkentdan menga o'n bitta o'qsiz to'p sovg'a qilib yuborishibdi. Bolsheviklarning muomalalarining qanday ekanligini shu o'qsiz to'pdan bilib oldim. Bu ojiz banda bolsheviklar va ularning elchilari muomalalarini kelishuvga muvofiq ish olib bormaganliklarini ko'rganimdan so'ng xayo­limga bir fikr keldi. Shu sababdan men askar va harbiy qurollarni tayyorlash ishiga kirishdim. Ikki yil ichida Buxoro harbiy askarlar va qurol-aslahalar to'plab, qo'shinlarni urushga tayyor turish darajasigacha olib keldim.”

“Bolsheviklar bu orada ko'p hiyla-tadbir qo'llashga, go'yo do'stlik liboslarini kiygandek bo'lib, aslida mak­ru hiyla tadbirlarini ishlatish yo'liga, makkorlik yo'liga o'tdilar. Go'yo sulh tuzish uchun Baranov (Baranov Pyotr Ivanovich — 1892-1933 yy. Sovet harbiy arbobi. Turkiston hamda boshqa joylarda inqilobiy harbiy kengash a'zosi bo'lgan. Sh.Q.) degan tashqi ishlar vaziri bo'lmish bir kimsani favqulodda elchi qilib, Toshkentdan Buxoroga yubordilar. Muxtor vakil bu bandayi ojiz huzuriga kelib uchrashdi. Shu kishi uzr bayon etib, gaplashdi, gaplarimizni eshitib, biz bilan kelishdi. U kishi iltimos qilib aytdiki, rus davlati ellik besh yildan beri Buxoro davlati bilan do'stlik va oshnachilikda bo'lib keldi, to shu paytgacha bizning davlatimiz Buxoro davlatidan barcha manfaatlarni ko'rib kelmoqda, shu bilan birga ikki davlat o'rtasida bu orada hech qanday bir-biriga zarar ko'radigan ishlarni bajo keltirishmadi. Istardimki, bugundan keyin ham bu ikki davlat o'rtasida do'stlik va oshnachilik gullab yashnasa va bizga ham sizning davlatingizdan yordam va manfaat tegsa. Sizlardan bizlarga har qancha xizmat bo'lsa, bizning jumhuriyat davlatimiz uni o'rniga qo'ysa. Lekin sizlardan bir iltimosimiz bor, o'z askarlaringizni bizning temir yo'l stansiyasidan olsangiz, chunki biz uni o'zimizga istehkom qilmoqchimiz. Bizning askarlarimiz vahshiy va nodon odamlardir. Mabodo sizning askarlaringizni ko'rib qolsa, unga to'qnashib qolib, sizdek zoti shahona oldida bizni uyaltirib qo'yishadi. Bu borada siz nimaiki istab, unga xohish bildirsangiz, o'sha aytganingizni bajo keltiramiz.

Shu tariqa u bilan gaplashib, gaplarini eshitib, kelishuv tuzdik, unga imzo ham chekdik. Shu bilan u o'z joyiga qaytib ketdi.

Bolsheviklar yo'l to'sib qo'lga kiritgan bir qancha fuqarolarimizni bo'shatib, yo'lovchilarni qo'yib yuborishdi.

Shu bilan bu bandayi ojiz askarlarimni rels tarafdan uch milcha yo'ldan olib orqaga chekindik, u yerda bir istehkom ham qurdik, so'ngra bu manzilga qirq nafardan iborat askarlardan qorovul qo'ydirdim. Har ehtimol, bu narsa dushman siqib kelganda shoyad fuqarolarga madad bo'lishi mumkin edi. Ammo dushmanlarimiz bu nayrang bilan bizni g'aflatda qoldirib, misoli bir yo'lto'sarlar kabi, urush e'lon qilmasdan hijriyning 1339 yili (1920) zulhijja oyining o'n beshida yakshanba kechasi soat o'n ikkida soqchilar va qo'riqchilar ustiga hujum qilib kelib, o'sha yerda temir yo'l atrofiga qo'yilgan barcha qorovullarni, taxminan yuz ellik nafar kishini bandi qildilar.”

Bunday sharmandali “o'zini-o'zi” oqlash niyatida yozilgan bitiklardan yanada oydinroq ma'lum bo'ladiki, Nikolay II tomonidan general-mayor unvonini olgan Amir Olimxon shunchaki qo'g'irchoq hukmdor bo'lgan, xolos. Hatto Buxoroga bolsheviklar bos­tirib kelayotganini eshitgan kuni xalqni oyoqqa turg'azish, Vatanni himoya qilish o'rniga, xonlikka tegishli armiyani tarqatib yuborish haqida farmon beradi. U bunday kaltabinligini “Men xalqimni shunday yuz minglik armiyaning tagiga tashlashni istamadim” deydi. Eng qizig'i, Buxoro armiyasining ma'lum qismi ushbu farmonga bo'ysunmaydi. Biz kurashamiz deydi va mavjud armiyaning taxminan yigirma foiz qismi yovga qarshi turib kurashadi. Buxoro esa bir necha kun davomida to'plardan, samolyotlardan ayovsiz o'qqa tutiladi. Buxoro amirligidagi vaziyat murakkab nuqtaga kelib qolganligidan foydalangan bolsheviklar Frunze boshchiligida Buxoroni shafqatsiz o'qqa tutadilar, ilmu urfon maskanlari, madrasa va maqbaralar, muhtasham inshootlar vayronaga aylanadi. Buxoroi sharif, – deya sharaflangan aziz vatan, uning mehnatkash, ma'rifatli xalqining taqdiri bosqinchilar qo'liga topshirildi.

Sho'rolar Buxoroning kulini ko'kka sovurib, uni zabt etgandan keyin Amir Olimxonning xazinasiga tushadilar. U yerdagi juda ko'p miqdordagi boyliklarni, oltinlarni tashib ketadilar. Ijtimoiy tarmoqlarda keyingi paytda yozilishiga qaraganda, o'sha Buxoro bosqinidan keyin olib ketilgan ayrim boyliklarning miqdori sanab o'tilgan. 1 million 148 ming 380 dona Buxoro tillasi, 4 million 365 ming 100 dona rus oltini, 17 tonna 728 kilogramm Gamburg tillasi, 45 tonna 404 kilogramm Gamburg kumushi, 22 tonna 160 kilogramm rus kumush tangalari, 62 million 834 ming 780 dona Buxoro tangasi va yana tonna-tonna oltin kukunlari bosqinchilar tomonidan Buxoro xazinasidan olib ketiladi. Shaxsan Amir Olimxon va uning oila a'zolariga tegish­li bo'lgan boylikdan tashqari albatta bu. 3482 karat yirik brilliantlar, 968 karat buyumlarga tikilgan  yana brilliantlar, 8617 karat qimmatbaho toshlar va hokazo mol-mulklar, ya'ni Buxoro xalqining rizq-nasibasi bo'lgan mislsiz boyliklar bosqinchilar tomonidan talon-toroj qilinadi.

Shunday qilib, Buxoro amirligining so'nggi hukmdori Amir Olimxonning yaroqsiz boshqaruvi tufayli Vatan qo'ldan boy beriladi. Aslida mang'itlar sulolasiga mansub Sayid Olimxon 1880 yilda dunyo­­ga kelgan bo'lib,  uning otasi Amir Abdul Ahadxon o'g'li Sayid Olimxonga bilim berish maqsadida yuqorida aytganimizdek, uni 13 yoshida Peterburgdagi kadetlar maktabiga o'qishga yuboradi. U uzoq yillik ta'lim olishi kerak bo'lgan maktabni 3 yilda tamomlab, Buxoroga qaytadi. Shundan so'ng ma'lum muddat Karmana hokimi bo'lib ta­yinlanganini, 1911 yildan esa otasi vafot etgandan so'ng Buxoro amiri taxtini egallaganini yozadi.

Xo'sh, o'sha paytda Sayid Olimxonning atrofida kimlar bor edi? Holbuki, u Russiyaning vassali sifatidagi Buxoroni boshqarayotgan va inon-ixtiyori to'liq o'zida bo'lmagani bois, hatto moliyaviy mablag'larni sarflash uchun ham mus­tamlakachilarning Kogondagi vakilidan ruxsat so'rash kerak bo'lgan. Afsus, uning yonida esa eng asosiy maslahatchilar sifatida qadimchilar, ya'ni mamlakatni eski usulda boshqaradigan kimsalar Amir Olimxonning asosiy suyanchiq, maslahatchilari bo'lishgan. Ularning birdan-bir maqsadlari, shubhasizki, nima bo'lsa ham Amirning oldida uzoqroq qolishni o'ylardilar va uzoq muddat boshqaruvda o'tirib, Amirni yangi islohotlar qilish harakatlaridan to'sib turadigan kuchlar edi. Ikkinchisi esa Amirga muxolifat bo'lgan jadidlar, ya'ni zamonaviy fikrlaydigan va yangi usuldagi maktablarni ochib, mamlakat taraqqiyotini, ilm-fanni rivojlantirishga hissa qo'shadigan kishilar. Aytish kerakki, Amir Olimxon dastlab jadidlarning yangi islohotlar o'tkazish to'g'risidagi fikrlarini qo'llab-quvvatlagandek bo'ladi. Lekin keyin yana o'z bilganidan qolmaydi, jadid­larni, xalqparvar insonlarni yaqiniga yo'latmaydi.

Ayanchli haqiqatlar shundaki, Amir Olimxon mamlakat taqdirini o'ziga harbiy unvonlar bergan Chor Rossiyasi ixtiyoriga topshirib qo'yadi. Eng dahshatlisi, hatto “O'zimiz harbiy tayyorlasak, bu bizga ziyon, chiqim” deyishgacha boradi. G'aflatga botgan hukmdordan boshqa narsani kutib bo'lmas edi…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 13 =