Ertamizni matbuotsiz tasavvur qilib bo'lmaydi
Bugun Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ko'pgina ishlarni, ulkan islohotlarni e'tirof etmaslik mumkin emas. Ko'pchilik “imkoni bo'lmasa kerak” deb yurgan qancha masalalarga yechim topildi. Aytaylik, uzoq yillar davomida maktab o'quvchilari, oliy ta'lim o'choqlarining talabalari majburiy hasharga chiqmasa ham dehqon yil davomida yetishtirgan paxta qor-yomg'ir tagida qolib ketmasligi mumkin ekan. Qishloq xo'jaligi to'g'ri boshqarilsa, yer o'z egalariga berilsa, hammasini eplashning iloji bor ekan.
Umuman, majburiy mehnat masalasi o'z ijobiy yechimini so'nggi 6-7 yil davomida topdi. Buni butun dunyo afkor-ommasi bejiz e'tirof etayotgani yo'q.
Yoki banklardagi ur-surlar, valyuta ayirboshlash shaxobchalaridagi g'irromliklarga ham chek qo'yilgani-chi. Marhamat, kimga qancha xorijiy valyuta kerak bo'lsa, sotib olaversin.
Bo'lar ekan-ku. Bularning bari, albatta, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat'iy irodasi, Yurtboshi sifatidagi keskin talabi tufayli amalga oshdi deb o'ylayman.
Bundan tashqari, oliy o'quv yurtlariga o'qishga qabul qilishdagi ming xil “o'yin”lar yoki xalqqa ko'rsatiladigan ijtimoiy-iqtisodiy yuzlab xizmatlarning shaffofligiga erishilgani ham katta qadamlar bo'ldi desak yanglishmaymiz.
Endi bugungi kunda uzoq yillardan buyon chop qilinib kelinayotgan qator gazeta va jurnallarning ahvolini yanada yaxshilash, matbuotni, aniqroq aytganda, bosma nashrlarni qo'llab-quvvatlash muhim masalaga, og'ir muammoga aylanib qolgani haqida aytmoqchiman. Nega deganda, bir paytlar qariyb bir million nusxada chop etilgan nufuzli gazetalarning hozir ming nusxa nari-berisida chiqayotgani baribir o'ta uyatlidir. Yoki bolalar nashrlarini olaylik. Mamlakatda o'n mingdan ziyod maktablar bor ekan-u, ularda millionlab farzandlarimiz tahsil olishar ekan-da, kelajagimiz egalarining nashrlari atigi 2-3 ming adadda chiqib tursa?
Hamma biladi, bugun “majburiy obuna” mumkin emasligini. Shu bois, obuna qilish — o'limdan qiyin. Ammo davlat rahnamolik qilsa, homiylik qilsa, gazeta va jurnallar, hech bo'lmasa mamlakatdagi asosiy nashrlar, ya'ni hammaga kerak, davlat siyosatini, ma'naviyatini, ma'rifatini ko'taradigan nashrlarning qaddini tiklash mumkin bo'ladi.
Axir nima uchun dunyoda Amerika, Yaponiya, Xitoy, Turkiya, Angliya va boshqa taraqqiyoti yuksak rivoj topgan davlatlarda bir million va undan yuqori adadda chiqayotgan nashrlar bor. Ularda odamlarning uyiga gazetalar keladi. Misol uchun Niderlandiya misolida ko'p gapirish mumkin. Bu yurtda xonadonlarga erta tongda eng sara nashrlar kelar ekan. Afsuski, bizda ming-minglab mahallalar, qishloqlarga deyarli gazeta va jurnallar bormay qoldi. Achinarli hol bu.
To'g'ri, bugun zamon o'zgardi. Bir paytlardagidek odamlar gazeta do'konlariga navbatda turmaydi. Tezkor xabarlarni ham, yangiliklarni ham hamma qo'lidagi shapaloqdek telefondan bilib oladi. Biroq internetni deb matbuotdan voz kechilsa, to'g'ri bo'ladimi? Albatta, xato bo'ladi. Chunki internet va ijtimoiy tarmoqlar qanchalik muhim bo'lmasin, undan xotira sifatida foydalanib bo'lmaydi.
Mening fikrimcha, “bozor gazetalari”ni o'ziga qo'yib berish kerak. Ular tijorat, reklama bilan yashasa, yashab ketaveradi. Ammo… “Xalq so'zi”, “Yangi O'zbekiston”, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Hurriyat”, “Jamiyat”, “Qishloq hayoti”, “XXI asr”, “Milliy tiklanish”, “Adolat”, “Ishonch”, “Yoshlar ovozi”, “Sharq yulduzi”, “Tafakkur”, “Ma'naviy hayot”, “Jahon adabiyoti”, “Saodat”, “Fan va turmush” singari nashrlarni yo'qotib bo'ladimi? Agar yo'qotadigan bo'lsak, ularning o'rniga nima bera olamiz? Axir bu nashrlar ildizi chuqur, hamisha va hammaga kerak nashrlar. Zero, fikri ojizimcha, Uchinchi Renessans g'oyasini matbuotsiz elu-yurtga to'laqonli singdirib bo'lmaydi. Qolaversa, shuncha og'ir yumushlarni, ulug' bunyodkorliklarni bajarayotgan O'zbekistonimiz uchun yuqorida men sanagan va sanamagan, aytaylik, jami bo'lib 20ta nufuzli nashrni xonadonlarga, o'qishga chanqoq aholiga yetkazib berish ham cho't ekanmi?
Kamina uzoq yillar turli matbuot nashrlarida mehnat qilganim, butun umr hayotimni adabiyotga, ma'naviyatga bag'ishlagan bir ziyoli sifatida muhtaram Prezidentimiz tomonidan so'nggi yillarda kitobxonlik va umuman ma'naviy-ma'rifiy sohalarga e'tibor, g'amxo'rlik qilib kelayotganlarini doimo olqishlayman. Ishonchim komil, o'zbek matbuoti yaqin vaqtlar ichida qaddini g'oz ko'taradi, o'zini hurmat qilgan katta-kichik baribir matbuotga albatta qaytadi.
Ibrohim G'AFUROV,
O'zbekiston Qahramoni,
adabiyotshunos olim.