TerDPI rektori — Rossiya universitetining faxriy professori

Yurtimizning eng serquyosh o'lkasi Surxondaryoda uzoq vaqtlar davomida faqatgina yagona oliy o'quv yurti faoliyat ko'rsatar, u ham bo'lsa, hozirgi Termiz davlat universiteti edi. Ammo so'nggi yillarda ta'lim sohasiga katta e'tibor tufayli Surxon diyorida ham 10 ga yaqin oliy ta'lim muassasalari tashkil etildi.

 

Ana shular qatorida bundan 5 yil avval tashkil topgan Termiz davlat pedagogika ins­tituti bugungi kunda yurtimizdagi eng nufuzli, obro'li oliy ta'lim o'choqlaridan biriga aylanib ulgurdi. Bu yerda ayni payt­­da 10 ming nafardan ziyod talabalar tahsil olishmoqda. Institutda 9 ta fakultet, 20 ta kafedra mavjud. Oliy ta'lim dargohi yoshlariga 300 nafardan ziyod ustozlar saboq berishmoqda.

Yaqinda mazkur institut rektori Azizbek Hasanov Rossiya Federatsiyasi Shadrinsk davlat pedagogika universitetining “Faxriy professor” darajasi bilan taqdirlandi. Institut rektori mazkur e'tirofga Termiz davlat pedagogika instituti hamda Shad­rinsk davlat pedagogika universiteti bilan olib borayotgan o'zaro hamkorlikdagi samarali faoliyati uchun munosib deb topildi. Ushbu nufuzli mukofotni TerDPIda bo'lib o'tgan tantanali tadbirda Shadrinsk davlat pedagogika universiteti dotsenti Olga Kalinina topshirdi.

— Bizning Rossiya Shadrinsk davlat pedagogika universiteti jamoasi Termiz davlat pedagogika instituti bilan tuzilgan o'zaro hamkorlik memorandumiga ko'ra, oliygohlarimiz o'rtasida qo'shma malaka oshirish kurslarini tashkil etish, ilmiy-pedagogik tajribalar almashish hamda bir qancha yo'nalishlarda magistratura dasturining yo'lga qo'yilayotgani hamda TerDPI rektori Azizbek Baxtiyorovich Hasanovga universitetimizning “Faxriy professor” darajasini topshirishdan mamnun, –  dedi O.Kalinina.

Shuni aytish joizki, TerDPI nafaqat Rossiyadagi Shadrinsk davlat pedagogika universiteti, balki boshqa xorijiy mamlakatlardagi nufuzli oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda qator ilmiy-pedagogik  kelishuvlar, tashabbuslar asosida ish yuritmoqda. Maqsad oliy ta'lim dargohi obro'-e'tiborini, mavqeini dunyo bo'ylab oshirish bilan bir qatorda, saboq olayotgan yoshlarni har tomonlama to'kis, yetuk mutaxassislar etib tayyorlashdan iborat.

Safar OMON,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 4 =