Ishonch qozonayotgan “Ishonch”

2018 yil yakunida milliy jurnalistikamizda kutilmagan bir voqea yuz berdi: “ISHONCH” va “Ishonch-Doverie” gazetalari o'z sahifalarida yil mobaynida e'lon qilingan eng sara maqolalarni bir muqova orasida kitob-majmua holida o'quvchilarga taqdim etdi. Nima uchun kutilmagan voqea, dedik?

Dunyo axborot maydonida ommaviy axborot tarqatish vositalari shu qadar ko'payib, xilma-xillashib ketdiki, buning oqibatida, birinchi navbatda an'anaviy bosma nashrlar birmuncha tang ahvolda qoldi. Ahvol shu darajaga borib yetdiki, gazeta-jurnalning zamoni o'tdi, hatto cho'ntagimizda uyali telefon bor ekan, bosma nashrlar mutolaasini yig'ishtirib qo'ysak ham bo'laveradi, deydigan oldinni “ko'ra biladigan” bashoratchilar urchidi.

Shu tariqa axborot maydonida ochiq yoki pinhona raqobat zabtiga oldi. Vaziyat og'irlashdi, ba'zan qaltis tus ham oldi. Mana shunday bir muhitda   “ISHONCH” va “Ishonch-Doverie” gazetalari qaddini g'oz tutib, kurash maydoniga chiqdi. Boshqacha aytganda, kamtarona “1 yilga 1 nazar…” nomida kitob dunyoga keldi. Bu bilan gazeta tahririyati ijodiy jamoasi “Gazeta o'lmaydi! Yil mobaynida gazetamizda chiqqan eng sara maqolalarni takroran o'qib ko'ring! Mana, marhamat!” deya mohiyatan keng ommani yana va yana gazetxonlikka undadi, da'vat etdi.

*  *  *

2019 yil yakunida “ISHONCH” aytadiki…”, 2020 yilda “Millatni ulg'aytirgan yil”, 2021 yilda “2021 (fakt va dalillar, mulohazalar va munozara, tanqid va tahlil, talqin va xulosalar)”, 2022 yilda “Nigoh” nomi ostida salmoqli majmualar kitobxonlar e'tiborini tortdi va shu tariqa kutilmagan voqea o'ziga xos ajoyib an'ana tusini oldi! Joriy yil nihoyasiga yetayozgan ayni kunlarda esa qo'limizga 2023 yilning sarhisobi bo'lmish “Yil “ISHONCH”i” yetib keldi!

Har qanday milliy jurnalistika shu kunning hayot qozonida vujudga keladi, shakllanadi, taraqqiy topadi. Shu nuqtai nazardan u ijodning eng murakkab sohalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, jamiyat miqyosida kechayotgan jarayonlarni muttasil kuzatib borish, uning “pulsi” zarbalaridan boxabar bo'lish hamda voqealarni nihoyatda tezkorlik va xolislik bilan sharhlay bilish bir murakkablikka o'n murakkablik qo'shadi desak zarracha mubolag'a bo'lmaydi.  So'nggi yetti yil mobaynida milliy axborot maydonimizda siyosiy sharhlovchi sifatida tanilgan va e'tirof etilgan Qudratilla Rafiqov haqli ma'noda Yangi O'zbekiston solnomasini yaratmoqda.

Solnoma yaratish ko'proq tarixchi olimlarning vazifasidek tuyuladi. Qudratilla Rafiqov solnomalarida esa jamiyatshunos va faylasuf, siyo­satshunos va ma'rifatparvar nigohi hamda mantiqiy-ruhiy mezon mujassam ekanligidan tashqari ular favqulodda samimiyati, hayotiyligi, ayniqsa, tahliliy yondashuvning chuqurligi bilan “solnoma” deb atalguvchi janrni boyitmoqda, janr sifatidagi imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

“Yil “ISHONCH”i”da muallif davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev fenomeni va uning mamlakatimiz va Markaziy Osiyoda kechayotgan jarayonlardagi o'rniga doir faoliyati haqida so'z yuritgan. Rosmana ilmiy tadqiqot maqomida yozilgan maqolaning avvalidan olingan quyidagi iqtibosga e'tibor beraylik: “Ochig'i, o'zbeklarga ham xos bo'lgan sharqona mentalitetni hisobga olsak, davlatning birinchi shaxslari haqida fikr yuritganda yoki yozganda me'yorni saqlash juda qiyin. Men xalqimizning ma'naviy-axloqiy kodeksiga “andisha” tushunchasi bilan kirgan milliy o'zligimizga xos nazokat, xushmuomalalik, ehtiyotkorlikni nazarda tutyapman. Nazarimda, bu milliy xarakterimizni bugungi global va o'zgaruvchan dunyo­­ga moslashtirish vaqti keldi”.

Jo'n gaplar emas bu mulohazalar. Muallif muhtaram Prezidentimizning Markaziy Osiyo miqyosida tutgan o'rni haqida so'z ocha turib, asrlar mobaynida ardoqlab kelingan go'zal fazilatlarimizdan birini bugungi kun global dunyo kontekstida muhokama markaziga olib chiqmoqda. Xususan, narsalarni o'z nomi bilan atash qadrlanayotgan hozirgi zamonda ayrim tushunchalarimizni “o'zgaruvchan dunyoga moslashtirish” zaruriyatiga urg'u bermoqda.

Bir so'z bilan aytganda, Q.Rafiqovning mazkur sharhi tarixiy, falsafiy, siyosiy, ma'naviy, psixologik nuqtai nazardan mutaxassislar, siyosatchilar, shuningdek, keng omma tomonidan katta qiziqish bilan o'qiladi.

 *  *  *

Qachon va qaerda Surxondaryoning Sariosiyo tumanidagi Sangardak tog' qishlog'i haqida so'z ochilsa, “U yerga borish-kelish mashaqqat-da!” deya norozilanish tuyg'usi ko'ndalang bo'lar edi. Buni qarang, yo'l azobini yodga soluvchi o'sha manzil-mas­kanda shu yil yozida “Sangardak” sihatgohi qad ko'tardi-yu, nafaqat kayfiyat, kayfiyatga qo'shilib tasavvur-tafakkur o'zgardi. Endi Sangardakning buluto'par tog'lari bag'ridagi “Sangardak” sihatgohi hordiq chiqarish istagidagi vatandoshlarimizni, qolaversa, xorijiy sayyohlarning suyukli va ardoqli go'shasiga aylanishi muqarrar.

Kitobdan o'rin olgan “Tog'larga bo'ylashgan “Sangardak” maqolasiga izma-iz berilgan “Vodiy javohiri mo''jizalari” maqolasida ustoz adib Abdusaid Ko'chimov Farg'ona viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan hikoya qiladi. Taniqli publitsist Husan Ermatovning Tog'li Qorabog' safari taassurotlari hayajon ila o'qiladi. Iste'dodli jurnalist Alijon Abdurahmonov Baxmal tumanidagi Loyqaqirq qish­log'ining keyingi yillardagi ham shaklan, ham mazmunan yangilana borayotganini aniq raqamlar yordamida o'quvchi ko'z o'ngida gavdalantiradi.

*  *  *

“ISHONCH” va “Ishonch-Doverie” gazetalari O'zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi muassisligida faoliyat yuritadi, binobarin, gazetalar mehnatkashlar manfaatini himoya qilishni o'zining bosh vazifalaridan hisoblaydi. Gazeta bosh muharriri Husan Ermatov yozganidek: “Muxbirlarimiz olib chiqqan muammolar o'z yechimini topganini eshitsak, bizdan baxtliroq odam bo'lmaydi”. Shunday ekan, “Kasaba uyushmasi aralashgach…” deb nomlangan bo'lim uchun kitobdan birmuncha keng o'rin berilgani bejiz emas. Unda turli viloyat va tuman, shahar va qishloqlardan kelgan o'ndan ortiq murojaat kasaba uyushmalari aralashuvi bilan ijobiy yechimini topgani qamrab olingan. “Qonunni mensimaslik qimmatga tushdi”, “Buyruq g'ayriqonuniy edi”, “Muallimlar yana maktabga qaytdi”, “Ular nohaq ishdan bo'shatilgan edilar”, “175 nafar xodimga ish haqi undirib berildi”, “7 ming 219 nafar pedagogning ta'til puli qayta hisoblandi” singari sarlavhalarning o'zidanoq maqolalarda nima haqda gap borayotgani, murojaat sabablari va ayniqsa, erishilgan amaliy choralarni anglab olish qiyin emas.

“ISHONCH” savollari” bo'limi avvalgi bo'limning mantiqiy davomidek o'qiladi. E'tibor berilsa, ayni paytda gazetalarimizda savol-sarlavhalar ko'p uchramoqda. Mantiqan mazkur holatni tushunish mumkin. Zero, hayotimizning barcha sohalarida shiddatli islohotlar davom etayotgan bir paytda javobi topilmayotgan yoki vaqtida javobi qaytarilmayotgan savollarning ko'payishi aholining haqli e'tiroziga, noroziligiga olib kelmoqda. Gazeta bu o'rinda keng omma bilan joylardagi davlat va nodavlat muassasalari o'rtasida vositachilik vazifasini o'tamoqda. “Savol bormi, marhamat qilib, unga vaqtida va qoniqarli javob bering, hurmatli rahbarlar!” deya ogoh etmoqda.

 *  *  *

Har qanday bosma nashrning salmog'i-salohiyatini oshirishda masalani chuqur va teran yoritishga bag'ishlangan pishiq-puxta chiqishlarning ahamiyati o'zgacha, albatta. Tabiiy, bu yo'nalishda muammoni tahlilga tortish, tadqiqot o'tkazish va umumlashma xulosalar chiqarish, taklif-mulohazalarni o'rtaga tashlashga ham hayotiy, ham kasbiy malaka-tajriba sohib va sohibalarigina qodir. Kitobdagi “Mulohaza, munozara, tahlil” deb nomlangan bo'limdan joy olgan maqola mualliflarini hozirgi kun milliy matbuotimizning darg'alari deyish mumkin. Ustoz jurnalist Erkin Ernazarov “Repetitor nega kerak?” deya savol qo'ymoqda. Darhaqiqat, repetitorlik avj pardasiga ko'tarilgan zamonda yashamoqdamiz. Bunga hech kim qarshi emas, zero, repetitor yosh avlodning bilimini oshirmoqda, ularni ilm-fan sari yo'llamoqda. Biroq bunday “ilmparvarlik”da ham tosh-tarozi bor, jahon mamlakatlari tajribasi bor, milliy-mahalliy shart-sharoit, imkoniyatlar bor. Masalaning ma'naviy, ilmiy, moliyaviy jihatlari talaygina. Mazkur muammolarning bari yosh, navqiron avlod vakillari voyaga yetayotgan oilalarga daxldor desak xato bo'lmaydi.

Husan Ermatov, Halim Saidov va Alisher Toi­rov matbuot muammolaridan bahs ochgan bo'lsalar, Viktor Alimasov, Salim Abdurahmonov, Dildora Ibrohimova, Zebo Namozova, Umida Xudoyberganova, Gulruhbegim Odashboyeva maktab, ilm, bilim, ta'lim va tarbiya mavzuiga doir mulohazalarni o'rtoqlashganlar. Farhod Tolipov va Nargis Qosimova esa ekologiya muammolariga taalluqli salmoqli qarashlarini bayon etishgan.

 *  *  *

Mamlakatimizda jamiyat taraqqiyoti va ravnaqiga tushov bo'layotgan asosiy illatlardan biri korrupsiya balosi ekanligi ochiq-oshkora e'tirof etilganiga, zero, unga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga ko'tarilganiga u qadar ko'p bo'lgani yo'q. Bu illatga barham berish borasida kundalik matbuot nashrlarimiz qatorida “ISHONCH” ham chetda qolayotgani yo'q. Chunonchi, xizmat ko'rsatgan jurnalist Erkin Ernazarov o'z ijodiy uslubidan kelib chiqib, korrupsiya balosiga qarshi kurash borasida jahon tajribalariga murojaat qiladi. Gazeta muxbiri G'ulomjon Mirahmedov yanayam og'riqli mavzu — jinoyat ko'chasiga kirgan ayollar muammosidan tashvishlanadi. Jurnalist Nurilla No''monov energetika muammolarini birgina Andijon viloyati misolida o'rganadi. Nazarimizda, ushbu mavzu barcha viloyatlar aholisini birdek tashvishlantirayotgani hech kimga sir emas. Qo'shrabot tumanida 28 ming nusxa kitob jamg'armasi bo'lgan axborot-kutubxona markazi joydan-joyga ko'chaverib sarsoni chiqib ketgani haqidagi “Qo'shrabotcha ko'zbo'yamachilik”, Jizzaxdagi Sangzor daryosining zoriga quloq soladigan mutasaddi topilmayotgani haqidagi “Sangzorning zorini kim eshitadi?”, Bulung'ur suv ombori qurilishidagi sansalorlik tas­virlangan “Bulung'ur suv ombori: qurilishidagi qing'irliklar tufayli muammolar girdobida qolgan Paxtaboshi qishlog'i ahli dardini kimga aytishni bilmayapti” sarlavhali tanqidiy maqolalar “Og'riq tishlar” bo'limining salmog'ini belgilagan.

 *  *  *

Kitobning “Moziy, ma'naviyat, ma'rifat” hamda “Ijod ummonidan mavjlar” bo'limlaridan joy olgan maqolalar ham mazmunan, ham ruhan bir-biriga yaqin, hamohang. Xususan, adabiyotimiz, madaniyatimiz, jurnalistikamiz maydonida javlon urgan, bemisl ma'naviy jasorat namunalarini ko'rsatgan ustoz siymolar xotirlangani ko'ngilda iliq taassurotlar qoldiradi. Naim Karimov, Omon Matjon, Boybo'ta Do'stqorayev, Ahmadjon Muxtorov, Azim Suyun, Safar Oston, Sherali Jo'rayev haqidagi xotiralar, shuningdek, Habib Temurning ustoz adib Ibrohim G'afurovga bag'ishlangan “Gul bargiga yozilgan xatlar”, Halim Saidning “Mirzo Ulug'bek, Munavvarqori, Milliy universitet”, Abror G'ulomovning “Turkistonlik legionerlar qismati”, Mamatqul Hazratqulovning “Ko'p asal yeyishdan tiyila olamizmi?”, Alijon Abdurahmonovning “Soch o'stirmaydigan, qo'l telefoni ishlatmaydigan chempion” nomli jozibador esse, maqola, suhbat va intervyular har qanday nashr sahifasini bezashi va keng mushtariylar tomonidan manzur ko'rib o'qilishi aniq.

 *  *  *

Gazeta-jurnalning salmog'ini mualliflar jamoasi, bu jamoaning salohiyati belgilaydi. Qo'limizdagi majmua bu borada ham havas qilarli ibrat ko'rsatgan. Ya'ni, tahririyatning ichki ijodiy salohiyati nechog'li mukammal bo'lsa, uning tashqi “jamoasi” ham shunchalar baquvvat. Kitobni varaqlagan har qanday o'quvchi shunday xulosaga kelishi muqarrar.

So'nggi bo'limdan “Ishonch-Doverie” sahifalarida rus tilida chop etilgan sara maqolalar joy olgani ham e'tiborga loyiq.

*  *  *

“ISHONCH” gazetasi, mana, bir necha yildirki, ommaboplik borasida mamlakatimizning yetakchi gazetalari safini egallab kelmoqda. Uning sahifalarida bosilayotgan eng dolzarb, eng ahamiyatli va rang-barang maqolalar gazetxonlarga manzur bo'lmoqda. Muxtasar aytganda, “ISHONCH” ishonch qozonishda davom etmoqda! Yillik solnomalar esa nafaqat mazkur gazetaga, balki, umuman, bosma nashrlarga bo'lgan hurmat, muhabbat va e'tiborni mustahkamlashda katta xizmat qilmoqda.

Xurshid DO'STMUHAMMAD,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan  madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − five =