Chirog'i yoniq hamkasblarim

Esimda, talabalik yillarimda yurtimizda chop etiladigan deyarli barcha nashrlarni o'qib borardim. Sanoqligina bo'lgan, ko'pchilik yaxshi biladigan gazetalarning el-yurt mehrini qozongan muxbirlari qatorida bo'lish biz uchun ushalmas orzu bo'lib tuyulardi. Orzuga esa ayb yo'q. Qashqadaryodek olis yurtning tog'li bir chekka qishlog'ida o'sib-ulg'aygan sodda va to'pori yigit bo'lsam-da, publitsist sifatida elga tanilib, mohir jurnalist bo'lish uchun tinimsiz harakat qildim.

O'tgan asr 80-yillarining o'rtasi edi. Tosh­­DU (hozirgi O'zMU) jurnalistika fakultetining kunduzgi bo'limida tahsil olayotgan kezlarim farzandli bo'ldim. O'g'lim Humoyun tug'ilgandi. O'sha paytda rafiqam aspirant, men esa talaba edim. O'qishdan ajralmagan holda ishlashga majbur bo'lganligim sababli tahsilni kechki bo'limda davom ettiradigan bo'ldim. Dastlabki ish faoliyatimni qaysi tahririyatdan boshlashni bilmay, boshim qotdi. Maslahat olish uchun elimizning ardoqli va atoqli shoi­­ri Abdulla Oripovning oldiga yugurdim. O'sha vaqtlar “Gulxan” jurnali bosh muharriri bo'lgan shoiri kalon bir necha tahririyatlarga sim qoqdi. Xullas, xorijlik o'zbeklar uchun nashr etiladigan “Oydin” gazetasi tahririyatidan ish topildi. Bosh muharrir Miad Hakimovning qabuliga kirdim. Salom-alikdan so'ng Miad aka: “Eski o'zbek yozuvini bilasanmi? Lotin grammatikasini-chi?”, deb savol berdi. Rostini — bilmasligimni aytdim. Ishga olishmadi. Bor gapni ustozga yetkazgandim, Abdulla aka telefonga yana qo'l cho'zdi. “Yosh leninchi” — (hozirgi “Yoshlar ovozi”) bosh muharririga sim qoqdi. Xayriyat, yoshlar tahririyatining xatlar bo'limida muxbirlik shtati bor ekan. Gazeta rahbariga uchradim. Bosh muharrir ustozni juda hurmat qilar ekan, shu kuniyoq ishga qabul qilish to'g'risida buyruq chiqardi.

Xullas, ustoz Abdulla Oripov tavsiyasiga ko'ra, 1985 yilda “Yosh leninchi” gazetasi tahririyatining xatlar bo'limida dastlabki ish fao­liyatimni boshladim. Hozirgi “Matbuotchilar uyi”ning 5-qavatida joylashgan yoshlar nashrida ustoz jurnalist Abduhamid Fozilov boshqargan xatlar bo'limida (u kishi keyinchalik ko'p yillar “Qibray sadosi” gazetasida bosh muharrir lavozimida xizmat qilgan, bugungi kunda pensiyada) ishga tushib, bu qutlug' dargoh naqadar tabarruk maskan ekaniga chin dildan amin bo'ldim. Hamkasb og'alarim — bosh muharrir o'rinbosari Abdurahim Abdullayev, mas­'­ul kotib Farrux Rahimov, bo'lim mudirlari va muxbirlar Safar Ostonov, Ziyo­vuddin Ortiqxo'jayev, Mahkam Rahmonov, Karim Rahimov, Turg'un Nazarov, Suvonqul Rus­tam, Zayniddin Mamadaliyev hamda musahhih Qurbon Eshmatovdek ajoyib insonlar bilan hamkoru hamqadam bo'lib ishlaganimdan doimo faxrlanib yuraman. Tahririyatning ijodiy xodimlaridan — adabiyot va san'at bo'limi mudiri, O'zbekis­tonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimlari — taniqli shoira va publitsistlar Muqaddas Abdusamatova, Umida Abduazimova, zukko shoir va mutarjim (mashhur “Avesto” kitobining tarjimoni) Asqar Mahkam, shoir va jurnalist Shavkat Turob, iste'dodli publitsistlar Zay­niddin Rixsiyev, Islom Usmonov, Lola Soatova, Gulnora Mirzahoshimova, fotomuxbirlar Muhammad Amin (Alimurod Mamadaminov), Erkaboy Botirov singari taniqli ijodkorlar gazetaning nufuzini oshirish uchun zahmat chekib ishlar edilar.

Nazarimda, eng ko'p va mashaqqatli yumush men xizmat qiladigan xatlar bo'limida edi. Tasavvur qiling, tahririyatga bir kunda 7 qop­gacha xat kelib tushar, biz ularni saralab, maxsus daftarga qayd etib, so'ng tegishli bo'limlarga tarqatar edik. Odamlarni o'ylantirayotgan tashvish va muammolarni dadil yoritgani, gazetxonlarning e'tiboriga tushib, ularning ko'ngliga yo'l topgani uchun aksariyat xatlar Safar Ostonov mudirlik qilayotgan sport va harbiy-vatanparvarlik bo'limiga taalluqli bo'lardi.

Nimasini aytasiz, sobiq sho'ro tuzumi davrida hamma joyda yechimini kutayotgan chigal masalalar oshib-toshib yotardi. Shuning uchun ham ko'pgina xatlar gazetxonlar mehrini qozonib ulgurgan, kuyunchak jurnalist Safar Ostonovning shaxsan o'ziga atalgan bo'lardi. Safar aka xatlarni sinchiklab o'qib, mazmuniga ko'ra saralab, bir nechtasini ro'yxatdan o'tkazib, rahbariyat topshirig'i bilan xizmat safariga jo'nab ketar va aholini bezovta qilayotgan o'tkir muammolarni o'rganib, tahliliy-tanqidiy maqolalar tayyorlab kelardi.

Yoshlar bo'limidagi ish faoliyatim mobaynida zukko publitsist, “Jasorat” medali sohibi Qurbon Eshmat bilan oramizda bo'lib o'tgan qiziq bir voqeani hanuz eslab yuraman.

Yoshlar tahririyatida ishlayotganimga hali bir hafta bo'lmay, xatlar bo'limiga gazetaning musahhihi — tahririyat “komsorgi” Qurbon kirib keldi. (U anchadan beri ishlar, shungami, jamoada o'ziga yarasha o'rni bor edi). Menga qarab, dabdurustdan: “Hoy bola, kimning erkatoyi­san, to'g'ridan-to'g'ri bo'limda ish boshlayapsan? Ko'zimning nurini to'kib hozirgacha sahifa o'qiyapman (o'sha vaqtda gazeta haftada 5 marta chiqar, adadi ham yarim milliondan ortiq edi)”, dedi jiddiy qiyofada.

Qurbon Eshmatov meni “ta'qib” qilishda davom eta boshladi: “Hoy bola, komsomolmisan? Nega znachogingni taqmaysan, hozirgi siyosat shunaqa, komsomolga sodiq bo'lmaganlar hisobdan chiqarib tashlanadi. Tezda “uchyot”ingni Kirov rayoni (Yunusobod tumani)dan olib, Lenin rayoni (hozirgi Mirobod tumani)ga qo'yasan, yo'qsa, komsomoldan o'chiraman! Ishga besh minut kechiksang, bas, komsomoldan…”

To'g'risi, har kungi bunday dag'dag'alar jonga tegdi. “O'chirsang, o'chir, bir yo'la qutulay sendanam, komsomolingdanam!” deyishimni bilaman: “Qamalib ketasan, komsomolskiy nakazaniya olib!” desa bo'ladimi? Azbaroyi qo'rqqanimdan ishga kechikmasdan kela boshladim. Shu zayl bir hafta qatnadim. Qurbon bizning xonaga kirib keldi. Bundan keyin o'n minut kam to'qqizda ishxonada bo'lishim kerakligini uqtirib ketdi. Nima emish, “komsomolskiy zadanie?!” Shundan so'ng hayron bo'lib xatlar bo'limi mudiri Abduhamid Fozilovdan: “Bu “o'pkasi katta” kim bo'lib ishlaydi o'zi?” deb so'radim. “U gazetamizda ham korrektor, ham komsorg”, dedi.

— Shu bolaning popugini pasaytirib qo'ysak, siz ham profsoyuz raisisiz-ku, — dedim Abduhamid akaga qarab. — O'zingiz guvohsiz, har kuni vaqtida kelib-ketsam, tahririyatga kelgan xatlarni bekamu ko'st ishlasam. Meni bu “Azroil”dan himoya qiling, jon aka, — dedim yalingansimon.

Abduhamid aka miyig'ida kuldi-da:

— Xo'p, sizni o'zim “podderjka” qilaman, — deb qo'ydi.

Ertasi kuni ishga kelib, o'n daqiqalar ishlagan edimki, “komsomol vojagi” Qurbon Eshmatov yana vahima bilan, he yo'q, be yo'q, salom-aliksiz xonamizga bostirib kirdi. Kecha bo'lim bosh­lig'imizni bu “xavf”dan ogoh etganim uchunmi, unchalik hayiqmasdan bamaylixotir o'tirgan edim. Afsuski, xotirjamlikka erta berilgan ekanman. Qurbon hammamizga (shoira Umida Abduazimova va Vazira Solihova degan qiz ham bizning bo'limda ishlar edi) qarab chiqdi-da, bo'lim mudirimizga qarab:

— Abduhamid aka, turing o'rningizdan! — deyishi bilan mudirimiz xuddi soldatlarday shaxt bilan o'rnidan turdi. — Bu xodimingizni (meni ko'rsatib) kontrol qiling! Yo'qsa, sizning ham masalangizni o'rtaga qo'yamiz, — deya chiqib ketdi.

Mudirimiz “xo'p-xo'p” degancha qo'lini ko'ksiga qo'yib qolaverdi (keyin ma'lum bo'lishicha, Qurbon Eshmatov Abduhamid akaga “shunday qilsangiz, bir eriyman”, degan ekan). Shundan so'ng muharrir muovini Abdurahim Abdullayev (rahmatli ajoyib yigit edi)ning xonasiga kirdim. Bo'lim mudiri Safar Ostonov bilan gaplashib turgan ekan. Bo'lgan voqeani oqizmay-tomizmay aytdim. Gap orasida ariza yozib ketish niyatida ekanimni ham yashirmadim.

Oradan hech qancha o'tmay, Qurbonga maoshi ko'proq, yumushi kamroq ish topganimni aytib: “Mening o'rnimga o'tib ishlayvering”, dedim. U esa: “Shu yerda ishlayver, jo'ra, ketsang xafa bo'laman, “prosto” sen bilan hazillashgandim”, dedi.

Qurbon Eshmat ko'p o'tmay bo'limga o'tdi. Qalami ancha o'tkirlashdi, katta-katta maqolalar yozib, elga tanila bordi. Ayniqsa, huquqiy mavzuda yozgan maqolalari gazetxonlarning e'tiboriga tushib, unga arzi hol qiluvchilar soni kundan-kunga orta boshladi. Huquq mavzusida dadil yoza oladigan kam sonli jurnalistlar qatoridan joy oldi.

Keyinchalik bu tabarruk dargohda O'zbekis­tonda xizmat ko'rsatgan jurnalistlar Qulman Ochil, Ahror Ahmedov, Norqobil Jalil, Qo'chqor Norqobil, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, taniqli yozuvchi-publitsist To'lqin Hayit, shoir va jurnalist Amirqul Karim, jurnalist-huquqshunos, iste'dodli shoir Sirojiddin Rauf, xorazmlik yoshulli, iste'dodli ijodkor Ro'zimboy Hasan va boshqa mahoratli jurnalistlar faoliyat olib borishdi.

Pirovardida, aytmoqchimanki, yoshlar gazetasi tahririyati ijodiy jamoasi bilan hamkoru hamnafas bo'lib, qisqa muddat bo'lsa ham baqamti ishlaganimdan hamon faxr hissini tuyaman. Har bir ijodiy xodimning o'ziga xos betakror xislati, savt-sumbati bor edi. Qalamkash ustozlarimizning o'gitlari, pand-nasihatlari tufayli kamtarona xizmatlarimiz bilan ijodkorlar safiga qo'shilib, shunday dorilomon kunlarga yetib kelganimizga shukronalar qilaman.

Taniqli ijodkor do'stimiz, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, zukko yozuvchi-publitsist To'lqin Hayit ezgu ishga qo'l urib, “Vaqtdan o'zgan odamlar” kitobini nashr ettirdi. Ushbu kitobda hamkasblarimning esse-xotiralarini o'qib rohatlandim. Yaqinda Alisher Navoiy nomidagi kutubxonada ana shu kitobning taqdimoti ham juda chiroyli o'tganidan ko'nglim yayradi.

Ana shunday nurli, zavqli xotiralar ham insonga burmuncha taskin beradi. Gazeta tahririyatining ahil ijodiy jamoasida o'tgan shavqli-shiddatli kunlarimni hamon faxr hissi bilan eslayman.

Yillar… oqar suvdek o'tib ketaverar ekan. “Yoshlar gazetasi”da ishlagan paytlarimni o'ylasam, huddi kechagi kundagidek tuyulaveradi. Ammo oradan 35-40 yilcha vaqt o'tib ketibdi. Ming afsuski, yuqorida tilga olgan hamkasb-u ustozlarimizdan bugun ko'pchiligi bandalik qilishgan. Netongki, Safar Ostonov ham, Asqar Mahkam, Qurbon Eshmatu, Suvonqul Rustamlar ham oramizda yo'q. Ammo ularning nomi, ijodi, chirog'ini yoqib o'tirishgan ahli oilasi, farzand­lari, izi bor. Ana shu taskin beradi kishiga.

Azamat SUYuNOV,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − eight =