Mariya Tereza Liuzzo: “Biz dunyoga so'z erkinligi va erkin so'z uchun mas'ulmiz!”

Mariya Tereza Liuzzo — Italiyaning Kalabriya provinsiyasidagi Montebello Joniko munitsipalitetining qirg'oq bo'yidagi Saline Joniche qishlog'ida tug'ilgan. U R. Benintende lirik va dramatik assotsiatsiyasi prezidenti. “Le Muse” adabiy jurnali direktori. Uning bir qancha adabiy ishlari chop etilgan. Chunonchi, 1992 yilda “Jeyson Ed” nashriyotida “Ildiz” to'plami chop etildi. Shundan so'ng “Psixika” (1993), “Apeyron” (1995), “Evtanaziya utopiyasi” (1997), “Tasvir autopsiyasi” (2002), “Soya qorasidan oshmaydi” (2006), “Genezis” (2008), “Men hozir gapirmayman” (2020), “Onaning och soyasi” (2022), “Qaytish nuri” (2022) kabi ko'plab asarlari nashr etilgan. Uning ijodi italyan tilidan tashqari, ingliz, arab, rumin, rus va boshqa xorijiy tillarga o'girilgan. Mazkur suhbatni gazeta mushtariylari e'tiboriga havola etishdan murod shuki, birinchidan, adabiyot va jurnalistika — dunyoning qaysi yurtida bo'lmasin, inson erki, ozodligi va yuksak ma'naviyat beshigi hisoblanadi. Ikkinchidan esa, maqsad — bugungi dunyo ijodkorlari faoliyati bilan o'zbek o'quvchilarini hamda Vatanimiz ijod olamini ularga tanitishdan iborat.

Sherzod Komil Xalil:

— Italiya madaniyati, tarixi va san'atiga hurmat tufayli men sizga an'anaviy ingliz tilida emas, italyan tilida murojaat qilaman. Shu bois suhbat davomida mabodo ba'zi xatolarga yo'l qo'ysam, meni afv etasiz. Bilaman, siz nafaqat italyan tilida she'rlar qoralaysiz, balki esselar, romanlar ham yozasiz, ya'ni nasr ham sizga begona emas. Shu ma'noda siz o'zingizni ijodkor sifatida ko'proq kim deb bilasiz? Umuman, adabiyot siz uchun nimani anglatadi?..

 

Mariya Tereza Liuzzo:

— Adabiyot men uchun, avvalo, qalb, tirik, bitmas-tuganmas meros, bilim, ehtirom, umumbashariylikka daxldor bo'lgan san'at, u har qanday holatda ham bizdan uning sha'niga dog' tushirmaslikni, mudom halol o'ynashni ifodalaydigan sezimni anglatadi. U qon, aql, nafas, osmon, dengiz, yurak, ehtiros, musiqa, ishq va sukunatdan yaratilgan so'zdir. Undagi so'zlar, fikrlar, hatto tinish belgilari ham mening his-tuyg'ularimning g'alayoni, u bizni azoblaydigan va insoniy qilib tarbiyalaydigan bir narsa. Men uni xuddi siz kabi xoh she'rda yozamanmi, xoh nasrda, buning farqi yo'q. Men ulardan har ikkisining ham onasiman (bu jonli hissiyotni sentimentalizm bilan almashtirmasligingizni so'rardim, axir bu juda boshqacha narsa). Umuman, men adabiyotni bir-ikki ta'rif bilan ifodalab bera olmayman.

 

Sherzod Komil Xalil:

— Men sizning e'tiboringizni o'zbek va italyan adabiyotlari o'rtasidagi aloqalarga qaratmoqchiman. Ochig'ini aytsam, Italiyada o'zbek adabiyotiga munosabat qanday ekanligini bilmayman. Ammo shuni aytishim mumkinki, O'zbekistonda italyan mumtoz adabiyotiga qiziqish ancha oldin bosh­langan. Bokkachchodan tortib Petrarkaning sonetlarigacha, “Dekameron”dan “Ilohiy komediya”gacha bizda allaqachon tarjima qilingan. Buyuk o'zbek shoiri Abdulla Orif “Ilohiy komediya”ni mahorat bilan murakkab tersina uslubini saqlagan holda o'zbek tiliga o'girgan. Endilikda yoshlar Umberto Eko kabi zamonaviy postmodernizm vakillari bo'lgan italyan yozuvchilarining asarlarini alohida ishtiyoq bilan o'qimoqda. Sizning bu boradagi munosabatingiz qanday?..

 

Mariya Tereza Liuzzo:

— Mening o'zbek adabiyotiga bo'lgan qiziqishim turkiy adabiyot bilan bevosita bog'langan shoir Eldor Ahadov tufayli yuz berdi. Biz Italiyada “Italian Book” nashriyotida chop etilgan antologiyamizni nashrga tayyorlaganimizda, Eldor Ahadovning ko'plab turkiy xalqlar shoirlaridan o'girgan tarjimalaridan foydalanganmiz. O'shanda men uning tarjimalari orqali o'zim uchun Abdulla Orifni kashf qildim. Bu taxminan 2008 yillarda edi. Shoirning 2016 yil Xyus­ton (AQSh) da vafot etgani va u Dantening “Ilohiy komediya”sini o'zbek tiliga o'girgan tarjimon ekanini, o'limidan biroz oldin Italiya Prezidenti tomonidan oltin medal bilan mukofotlanganini matbuotimizdan o'qib, unga nisbatan xayrixohligim va bu orqali o'zbek adabiyotiga bo'lgan qiziqishim oshdi. Sivilizatsiyalashgan dunyoda bizning madaniy aloqalarimiz yanada rivoj topishiga ishonaman. Shaxsan men doim o'sishning madaniy vositasi bo'lgan yangi adabiy qiyofalarni kashf etishni birlamchi vazifam deb bilaman, shunday ekan, nega italyan va o'zbek adabiyotlari bir-birlarini kashf etmasin, axir biz bir butun insoniyatmiz. Nazarimda, bunday lokal uzoqlik va bilim yashiradigan kannibalizm — ramz yetishmayotgan ruhi o'lik dunyolarga xosdir. Tasadduqki, biz bunday emasmiz, aksincha, biz ona sayyoramizni qutqarish uchun o'zaro madaniy yaqinlikni, imon, umid, qat'iyat, sabr-toqatni adabiyot vositasida birgalikda qalblarga singdirsak, yaqinlik shunda in'ikos etadi.

 

Sherzod Komil Xalil:

— Mariya Tereza Liuzzo xonim, bugungi kunda adabiyotning jamiyatga ta'sirini qanday baholagan bo'lardingiz? Nima deb o'ylaysiz, adabiyot avvalgidek kuchlimi? Ommaviy madaniyat va globalizmning ta'siri boshqa modalarga yo'l berdimi? Sizningcha, endilikda adabiyotning kuchi nimada? Bugungi kunda shoirning, yozuvchining vazifasini qanday tushunasiz?..

 

Mariya Tereza Liuzzo:

— Mening nazarimda, bugun adabiyot korroziyaga uchragan metall sim kabi g'alati taassurot beradi, u o'tmishdagidek qudratli emas, avvalgi qadr va qadriyatlarini yo'qotgan. Men taassuf bilan o'ylaymanki, bir vaqtlar Yevropa madaniyatining jahondagi ustunlaridan bo'lgan adabiyot nafaqat haqsizlikka qarshi kurashgan, adolat uchun mayoq bo'lgan. Endilikda biz haqiqiy ijodkorlarni ham butunlay yo'qotib qo'ygandekmiz. Rasmiy tanqidchilar tomonidan tan olingan yangi ulug'lar ham o'z vazifasini ado etmayotgandek taassurot beradi menga. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ko'plab ijodkorlarni ko'rishingiz mumkin, ammo u yerda haqiqiy san'at bilan uni suiste'mol qilish, steril va nosteril qatlamlar, bezovta qiluvchi va ifloslantiruvchi shakllar beo'xshov chiqindilar singari aralashib ketgan, haqiqiy va nohaqiqiyni ajratib olishingiz oson bo'lmaydi. Siz yolg'on bilan moda ketidan quvayotgan, muayyan mafkura qurolbardorlari bo'lgan ijodkorlar bilan tom ma'nodagi san'at fidoyisi bo'lgan shoirni yoki yozuvchini bir qarashda tanib olishingiz oson emas. Changalga tushgan bexabar qurbonlar esa, yolg'on va original bo'lmagan kaslarning to'riga ilinishi va shuni adabiyot deb o'ylashi mumkin. Xayoliy to'rga ilinganlardan ruhlangan noasl ijodkorlar sakkizoyoq kabi hamma joyda o'zining changalini soladi va ba'zan o'ziga raqib deb atalgan asl ijodkorlarni zahar sochuvchi xayoloti bilan obro'sizlantirishga urinadilar. Ularning maqsadi — ijodi hech qanday badiiy qimmatga ega bo'lmagan holda, o'zini unvonlarga munosib ko'rish, har qanday holatda shu kabi narsalar bilan maqtanishni o'ziga kasb qilib olishdir. Bu kabi o'rtamiyonalar adabiyot qadriyatlarining borini ham yo'q qiladilar. Biz esa adabiyotga haqiqiy badiiy personajlarni olib kirgan, milliy va xalqaro madaniyatga fidoyilik bilan xizmat qilayotgan, umumadabiy merosni halollik va kamtarlik bilan boyitgan chin adiblar ruhoniyatini juda kech ilg'ab qolamiz yoki yo'q. Yana shunday narsalar borki, odam aytishdan hayo qiladi. O'zini adabiyotga taalluqli deb biladigan “bo'shashgan to'plar”ni ustalik bilan o'ynayotgan sirkchi ayolning ta'siriga tushib qolganlar tomonidan ijod olamiga yetkazilayotgan zarar, aytishimiz joiz, bular o'ziga-o'zi medallar beradi va har xil unvonlari bilan maqtanadi, ularga buni qilishga ruxsat bergan amaldorlar esa sukutda. Ular bu masxaraboz “zodagonlar” tomonidan qilinayotgan shantajlarga befarq qarashadi va sog'lom odamlarni Oge otxonasidan tashqariga chiqadigan chiriyotgan go'ng bilan zaharlayotganlarning oldini to'sish uchun hech narsa qilmaydi. Ayrim yozuvchi va shoirlarning qadr-qimmati ortida shunday akrobatlar yashiringan bo'lib, ular o'zlarining “0” qiymatini ijtimoiy tarmoqlarda hukmronlik qilayotgan latta teruvchilarning shafqati ostida davom ettiraveradilar. Kelajakdagi Nobel nomzodlarining ismlarini g'urur va behayo­lik bilan, jazosiz taklif qilayotganlar (izdoshlar) haqida gapirmay qo'ya qolaylik. Adabiyotga hayot baxsh etgan qadrli adiblar bugun “noqulay qahramon”ga aylanishdi. Endilikda kun sayin yangi modalar ixtiro qilinmoqda, biz mayda va zo'ravon odamlar bilan andarmonmiz, shu bois biz “MADANIY BIRLAShMALAR” bilan emas, aksincha “JINOYaT BIRLAShMALARI” bilan to'qnash kelgandekmiz. Bunday pallada chinakam shoir va yozuvchining vazifasi haqida nima ham deyishim mumkin? Ular chin san'atni himoya qilish va kelajakka uzatish uchun fido­yilik ko'rsatishga majburlar.

 

Sherzod Komil Xalil:

— Tushunarli. Keling, endi shaxsiyroq savol beraman, siz o'zingiz hozirda qanday adabiy loyihalar ustida ishlayapsiz? Umuman, nima yoza oldingiz yoki yozolmadingiz? Yozish sizga nima beradi? Siz yoza olmaslikdan qo'rqasizmi yoki befarqmisiz?

 

Mariya Tereza Liuzzo:

— Men hozir “Jahon adabiyoti tarixi”ning beshinchi jildini yaratishdan iborat bir madaniy loyiha ustida ishlayapman. Men nimadir yozgan bo'lsam, tabiat va insoniyatni o'z ichiga olgan har bir narsaga qalb va aqldan kelgan narsalarni qog'ozga muhrlashga intilganman va shu yo'sinda yozishda davom etayapman. Sivilizatsiyalashgan mamlakatda muhim ijtimoiy va madaniy yuksalish uchun tinchlik muhim o'rin tutadi. Men takab­burliksiz qo'shnimizni o'zimiz kabi sevishni, hammamiz o'zimizni bir Xudoning bandalaridek his qilishimizni, qadriyatlarga boy insoniyat jamiyatini yaratishi yoki shunga namuna bo'lishi mumkin bo'lgan hamma narsani qidiraman. Men 20 ga yaqin kitob yozganman, shu jumladan, 5 ta roman. Hozir ikki rejissyor neorealizm haqida film suratga olish umidida mening romanlarim ustida ishlamoqda. Yaqin orada yana ikkita she'riy to'plamimni yozib tugatdim, ammo ularni hozircha nashr etib ulgurmadim, tez orada ular nashr etiladi. Chet elda tarjimalarim ko'p, omma oldida chiqishlarim kam uchraydi. Bolaligimdan yashirincha yozardim. Men hayot, borliq qo'shig'ini hamisha uning qorong'i va yaxshi tomonlari bilan tasvirlaganman, urush va tinchlik, bekorchilik haqida yozganman, lekin imtiyozli mehnatni muhtojlikdan xalos bo'lish, ma'naviy qutqarish sifatida ko'rganman. Minglab begunoh o'limlarni, ozodlikning qadrini, qullik azobini, ayol bo'lish mashaqqatini tasvirladim. Mening kitoblarim maktablarda o'quv va ijtimoiy sharh kitoblari sifatida qabul qilingan. Men yozmaslikdan qo'rqmayman, buning uchun o'lgan bo'lishim kerak, yozishdan meni faqat o'lim to'sib qolishi mumkin. Eng chiroyli yozug'larim dard va iztirobdan tug'ilgan. Agar sizda xudbinlik bo'lmasa, mulohazalaringiz tug'iladi. Qayta-qayta takrorlanayotgan genotsidlar, qullik, qirg'in, misli ko'rilmagan zo'ravonlik va jinoyatlarning qayta boshlanayotganini ko'rish uchun “lupa”ni aqlga keltirish kifoya. Menimcha, yozishga jur'ati yetmagan odam yashashga loyiq emas va umuman yozmasligi kerak. Yozish sehrli hiyla emas, balki qondir. Bu voz kechish, qurbonlik, fidoyilik, yashirmaslik kerak bo'lgan haqiqat, qadr-qimmat va hurmatdir. Bir zum oldin farroshdan jirkanadigan, lekin amaldorga sajda qiladigan odam bo'ri oldidagi yuvosh qo'zichoqdek bolalarga ertak yozib, ularni aldamasligi kerak! Lekin hamma biladiki, podaga cho'pon, so'qirga tayoq kerak. Ritsar qilichni unutsa, shoir so'zni yoddan chiqarsa, tamom bo'ladi. Zamonaviy taraqqiyot davrining “drakula”lari — mana shunday regresslar ustida qurilgan. Armiyalar dahshatli qurollari bilan yengishni, johillar esa bizni o'zligimizdan mahrum qilishni xohlaydi, lekin ular shunchaki ruhsiz qo'g'irchoqlar. Shunday pallada shoirlik qoni va yozuvchilik hamiyati bilan yozganlargina omon qoladilar. Yolg'on jinoyatiga obuna bo'lgan firibgarlar esa vaqti-soati bilan yo'q bo'lib ketadi, shu bois biz bu borada aqlli bo'lishimiz va soxta yaxshilik­lardan ehtiyot bo'lishimiz zarar qilmaydi.

 

Sherzod Komil Xalil:

— Siz bilan suhbatni men o'zbek matbuoti uchun, inchunin, mustaqil gazetamiz “Hurriyat” uchun oldim. Gazeta muxlislariga qisqa tilaklaringiz va fikrlaringiz bo'lsa bildirsangiz. Gazeta o'qish kamayib borayotgan, inson erki va mustaqilligi tobora globallashayotgan muhitga tortilayotgan bir davrda, adabiyot va matbaaning odam ongiga va uning rivojlanishiga ta'siri borasida qarashlaringiz qanday?..

 

Mariya Tereza Liuzzo:

— Men buning mashaqqatini, o'quvchilarni manbaga jalb qilishdagi muammolar, tirajlarning kamligi, tashqi va ichki ta'sirlar, hamma-hammasini to'g'ri tushunaman. Chunki men ham mustaqil nashr yuritishga mas'ulman. “Le Muse” jurnali va uning qoshidagi “Alesandro today” gazetalari bilan ishlash jarayonida bu muammolar girdobidan ozmi-ko'pmi suzib o'tib borayapmiz, ammo bundan nolishni xayolimga keltirmayman va kelajakka o'z qarashlarimiz va munosabatlarimizni aks ettirish uchun bir minbar sifatida bu jarayonga nekbin qarayman. Ichimda optimizm bor. Axir biz bu adabiy-matbaa minbari orqali dunyodagi yovuzlik, qarama-qarshiliklar va boshqa taloto'plarga nisbatan o'z pozitsiyamizni, erkin munosabatimizni bildira olamiz. Men o'ylaymanki, sizning gazetangiz “Hurriyat” ham xuddi shunday pozi­siyaga ega. Men gazetaga, uning auditoriyasiga bu yo'lda muvaffaqiyat tilayman. Biz dunyoga so'z erkinligi va erkin so'z uchun mas'ulmiz. Mana shu mas'ullikni hech qachon unutmasligimiz kerak! Gazeta o'z obunachilariga inson erkini va uning mustaqilligini, hayotga, jamiyatga munosabatini ifodalab beruvchi bir minbar o'laroq yashashi kerak. Jahonda O'zbekiston matbuotining o'rnini ko'rsatuvchi katalizator bo'lishida gazetangizga omad yor bo'lsin. Sizga va “Hurriyat” gazetasining jamoasiga bu borada eng yaxshi tilaklarimni bildirib qolaman.

Sherzod Komil Xalil

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 4 =