Kamala Harrisning siyosiy yo'li

Ma'lumki, Amerika Qo'shma Shtatlarida o'tgan yilning 3 noyabrida bo'lib o'tgan prezidentlik saylovlarida Donald Tramp ustidan g'olib chiqqan Jo Bayden bilan birgalikda mamlakat vitse-prezidentligiga 57 yoshli Kamala Harris munosib deb topildi.

Avvalo, shuni ta'kidlash joizki, Kamala Harris — Kaliforniya shtati tarixida okrug prokurori va keyinchalik Kaliforniya bosh prokurori lavozimlariga saylangan birinchi qora tanli ayoldir. Bundan tashqari, u AQShning birinchi senatori edi. Endi u mamlakat vitse-prezidentligidagi ilk afro-amerikalik va kelib chiqishi osiyolik birinchi ayol hisoblanadi. Biz quyida dunyo siyosatida bo'y ko'rsatgan — AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris haqida qisqacha hikoya qilamiz.

Kamala Devi Harris 1964 yilning 20 oktyabrida Kaliforniya shtatining Oklend shahrida tug'ilgan. Uning onasi Hindistonda tug'ilgan Shyamala Gopalan, otasi esa yamaykalik muhojir Donald Harris bo'lib, ular 1962 yilda Berkli universitetida tanishgan edi. O'sha paytda Shyamala saraton kasalligini davolash bo'yicha diplom ishini himoya qilayotgan, Donald esa iqtisodchi edi. Ikkalasi ham Amerikada barcha fuqarolarning teng huquqlari ta'minlanishi bo'yicha jadal borayotgan harakatning faollaridan bo'lib, turli mitinglar va namoyishlarda ishtirok etishardi. Tez orada o'zaro oila rishtalarini bog'lagan ikki yoshning ilk farzandi dunyoga keladi.

Kamalaning ismini onasi, asli kelib chiqishi hind bo'lgani bois, hindcha “Nilufar guli” ma'nosini beruvchi “Kamala” deb qo'yadi. Kamalaning ikkinchi ismi Devi bo'lib, bu ism ham unga Hindistonning farovonlik va taraqqiyot ma'budasi Lakshi-devi sharafiga qo'yilgan. Ikki yildan so'ng oilada yana bir qiz farzand tug'iladi. Unga Mayya deb ism qo'yadilar.

Lekin Shyamala va Donaldning oilaviy ittifoqi uzoqqa cho'zilmagan. Kamala yetti yoshdaligida ota-onasi ajrashadi. Natijada Shyamala ikkala murg'ak qizlarini yolg'iz o'zi tarbiyalashga majbur bo'lgan. Chunki o'sha paytda Kamalaning singlisi Mayya ham to'rt yoshga to'lgan edi. Ularning oilasi Kaliforniya shtatining asosan afro-­amerikaliklar yashaydigan kambag'al mavzesida istiqomat qilardi. Biroq 1960 yillarning oxirida Kaliforniyada etnik ozchilikka mansub aholini boshqalarga “integratsiya qilish” dasturi e'lon qilinadi va unga ko'ra, kambag'al oilalardagi qora tanli bolalarni badavlat oq tanli aholi vakillari yashaydigan hududlardagi maktablarga ko'chirish amaliyoti joriy etiladi. Natijada Kamala ham shunday maktablardan birida o'qiy boshlaydi. Keyinchalik, o'qituvchilari va sinfdoshlari o'shandayoq Kamalaning aqliy salohiyati juda yuqori ekanini ta'kidlashardi.

Shyamala eri bilan ajrashgach, qizlarini bir necha marta o'zining ota-onasi yashaydigan Hindistonning Chennay shahriga olib boradi. Shuningdek, qizlar otasining Yamaykadagi oila a'zolarini ko'rish uchun ham bir necha bor bu mamlakatga safar qilgan. Umuman, Kamala va Mayya­ning tarbiyasida onasining qat'iyatli ayol ekani muhim o'rin tutadi. Aynan onasi ularga hamisha o'ta kuchli fuqarolik ahdida turish va hamisha o'z huquqlarini talab qilishni o'rgatgan.

Kamala Harrisning o'zi bu haqda shunday deb yozadi: “Onam bizga doim yaxshi ta'lim olish muhimligini uqtirgan. U bizga tirishqoqlikning naqadar ahamiyatli ekanini tushuntirgan. Hech qachon birovlar sizning kimligingizni aytmasin, balki siz ularga kimligingizni ko'rsating, deya ta'kidlagan. Volidam bizga orzuparast bo'lib qolmang, balki ularni amalga oshiruvchi bo'ling, deb uqtirgan. Onam bizning qalbimizda haqiqat albatta yolg'onning ustidan g'alaba qozonishiga nisbatan qat'iy ishonchni shakllantirgan”.

Kamala o'smir qizligida hindlar ibodatxonasi va baptistlar cherkoviga qatnay boshlaydi. Bu haqda u o'zining “Biz bilan yonma-yon haqiqatlar” nomli tarjimai hol kitobida shunday deb yozadi: “Onam ikki nafar qora tanli qizni tarbiyalayotganini juda yaxshi tushungan. Shuning uchun ham bizni o'ziga ishongan, mag'rur qora tanli ayollar bo'lib yetishishimizni xohlagan”.

Garchi Kamalaning onasi qizlarini hind an'analariga hurmat ruhida tarbiyalagan bo'lsa-da, oilada baribir Afrika an'analari ustun keladi. Aftidan bunga onasi Shyamalaning afro-amerikaliklar jamiyatlarining inson huquqlarini himoya qiluvchi tadbirlarida juda ko'p qatnashgani va uning do'stlari, asosan, shunday insonlardan iborat ekani sabab bo'lgandir…

Kamala Harris Hindistonda yashovchi bobosi va buvisining oldiga tez-tez borib turar va bolalik paytlarini shunday deb eslaydi: “Men yoshligimda Hindistonga borsam, bobom o'rtoqlari bilan tonggi sayrga olib chiqardi va ular sohil bo'ylab uzoq suhbatlashar ekan, demokratiya va inson huquqlari uchun kurashning muhimligini ta'kidlar edilar”.

Darhaqiqat, Kamalaga ayniqsa, bobosining demokratik jamiyat va ayollarning huquqlari bo'yicha qarashlari katta ta'sir ko'rsatadi. U keyinchalik ham bobosi bilan tez-tez telefon orqali suhbatlashib turgani, undan siyosat bo'yicha ko'p maslahatlar olganini eslab, “aynan bobomdan olgan saboqlarim mening bugungi darajaga yetishimga sababchi bo'ldi”, deb yozadi.

Shyamala Gopalan eri bilan ajrashgach, Kamala 12 yoshga to'lganda ikki qizi bilan birgalikda Kanadaga ko'chib boradi. Chunki unga Monrealdagi Makgill universitetida professor lavozimida ishlash taklif etilgan edi. Kamala Harrisning o'z tarjimai hol kitobida yozishicha, Monrealdagi paytida ular yashaydigan uyning kirish eshigi oldidagi o'tloqzorda bolalarning o'ynashlari mahalliy ma'muriyat tomonidan taqiqlangan edi. U esa singlisi Mayya bilan ana shu taqiqqa qarshi birinchi samarali namoyishni o'tkazadi va mavjud cheklov haqidagi qoidaning bekor qilinishiga erishadi.

Kamala va singlisi Monrealda yashagan paytlarida bu shahar chekkasidagi Uestmaunt mavzesida o'rta maktabda o'qiydi va nihoyat, Monrealda 5 yil yashagach, yana Amerikaga qaytib keladi.

Shundan so'ng u 1982-1984 yillarda Vashingtondagi “qora tanlilar uchun tarixiy kollejlar” deb ataluvchi Gorvard universitetining siyosat va iqtisod bo'yicha bakalavr bo'limini tugatadi. So'ngra Kaliforniyadagi Berkli universitetida yurisprudensiya yo'nalishi bo'yicha ma­gistrlik dissertatsiyasini himoya qiladi. Shu tariqa, u 1989 yilda yuqoridagi universitetning Hastings kollejini yurist mutaxassisligi bo'yicha tamomlaydi.

Shundan so'ng, Kamala Harris 1990 yilda advokatlik faoliyati bilan shug'ullanish huquqini beruvchi imtihonni topshiradi. Biroq advokatlikdan ko'ra, Oklenddagi Alameda mavzesida okrug prokuraturasida ishlashni afzal ko'radi va 1998 yilgacha o'sha yerda avval, prokuror yordamchisi, keyin o'rinbosari vazifalarida faoliyat yuritadi. U tergovda ishlash jarayonida uyushgan jinoyatchilikka, giyohvand moddalar savdosi va jinsiy zo'ravonlikka qarshi shafqatsiz kurash olib boradi. Shuningdek, San-Fransisko okrug prokurori paytida o'smirlar o'rtasidagi fohishabozlikka qarshi kurashga katta e'tibor qaratadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar uning topshirig'iga ko'ra, shahardagi voyaga yetmagan fohisha qizlarga nisbatan jinoyatchilar emas, balki jinoyatning qurbonlari sifatida qaraydi va ularning qo'lga tushganlarini qamoqxonalar o'rniga, reabilitatsiya markazlariga jo'natadi.

Kamala Harris shu tariqa mansab pillapoyalaridan ko'tarilib, 2004 yilda San-Fransisko prokurori darajasiga yetishadi. 2010 yilning so'ngida esa Kaliforniya shtati bosh prokurori etib saylanadi. U bu jarayonda raqibidan 56,5 foiz ovoz bilan ustun keladi va bunday darajaga erishgan birinchi afro-amerikalik ayol sifatida e'tirofga molik. Kamala, shuningdek, singlisi Mayya Harris uning siyosiy faoliyatida doim ko'makdosh bo'lib kelayotganini aytadi.

Kuzatuvchilar Kamala Harrisning aynan prokurorlik faoliyati uni siyosat bilan shug'ullanishiga sababchi bo'lganini ta'kidlashadi. Kamala bo'lajak demokrat siyosatchi o'laroq, Demokratik partiyaning keskin so'l qarashlari va konservativ fikrlari o'rtasidagi muvozanatni saqlashga harakat qiladi. Pirovardida, Kamala Harris 2017 yili AQSh Senati a'zoligiga saylanadi. Bu safar ham u ilg'orlardan bo'ldi. Ya'ni, Senatdagi birinchi hind, ikkinchi qora tanli ayol sifatida e'tirof etildi.

Kamala Harris 2019 yilning 21 yanvarida Amerika Qo'shma Shtatlari prezidenti saylovlarida ishtirok etishini e'lon qiladi. U mamlakat jinoyat kodeksi va imigratsiya to'g'risidagi qonunlarini isloh qilish zarurati haqida fikr bildirar ekan, yirik korporatsiyalardan o'zining saylov kampaniyasi uchun pul olmaslikni va'da qiladi.

Taqdirni qarangki, Kamala Harris saylovoldi debatlarida aynan o'zining yaqin do'sti, marhum Bo Baydenning otasi Jo Bayden bilan ro'baro' keladi. Chunki Jo Baydenning 2015 yilda saraton xastaligidan vafot etgan to'ng'ich o'g'li Bo Bayden 2010 yilning boshida Delaver shtatining prokurori bo'lib ishlagan. Kamala Harris esa Kaliforniya shtati prokurori edi. Ish yuzasidan yaqin hamkorlikda bo'lgan bu ikki inson keyinchalik yaqin do'stlarga aylangan va hatto Bo Bayden Kamala Harrisning Amerika Senatiga nomzodi qo'yilishini shaxsan qo'llab-quvvatlagan edi. Keyin esa u marhum do'stining otasiga raqib sifatida prezidentlik saylovlarida qatnashdi.

Pirovardida, do'stlik g'alaba qozondi. Kamala Harris 2020 yilning 8 martida o'z saylovoldi kampaniyasini to'xtatishini e'lon qilib, tarafdorlarini Jo Baydenning nomzodini qo'llab-quvvatlashga chaqirdi. Balki ular o'zaro kelishgandir. Bunisi bizga ma'lum emas.

Amerika Qo'shma Shtatlarining hamisha keskin o'tuvchi prezidentlik saylovlarida bundan boshqacha bo'lishi mumkin emas. Uzoqqa bormaylik, 2008 yilgi praymeriz saylovlarida bir partiya vakillari Barak Obama va Hillari Klintonning o'zaro qanchalik qat'iy kurashganini yaxshi eslaymiz. Keyin Hillari Klinton mag'lub bo'ldi va Barak Obama prezidentlik lavozimini egallagach, uni Davlat kotibi etib tayinladi. Bu safar esa Jo Baydenga qo'l bergan Kamala Harris haqli ravishda Amerika Qo'shma Shtatlari vitse-prezidentligini egalladi.

* * *

Endi muxtasar AQShning birinchi ayol vitse-prezidenti Kamala Harrisning shaxsiy hayoti haqida:

Kamala Harris 1994 yilda Kaliforniya shtatining Qonunchilik kengashi spikeri Uilli Braun bilan tanishadi. Bu paytda Uilli 60 yoshda, Kamala esa 30 yoshda edi. Shunga qaramay ular birgalikda jamoatchilik oldida ko'rinish berishni boshlaydi. Oradan bir yildan ko'proq vaqt o'tib, Braun San-Fransisko meri etib saylanadi. Biroq ikkalasining oilaviy hayotdagi istiqbolini ko'rishga ko'zi yetmagan Harris u bilan ajrashadi. 1996-2004 yillarda mer bo'lib ishlagan Uilli Braun bugungi kunda qariyb to'qson yillik umr davoniga yaqinlashmoqda. Ularning keyingi munosabatlari haqida ommaviy axborot vositalarida ma'lumot uchramaydi hisob.

Kamala Harris hozir turmush o'rtog'i, huquqshunos Duglas Kreyg Emxoff bilan birga hayot kechiryapti. Ular 2014 yilda turmush qurgan. O'z farzandi bo'lmagan Kamala erining ikkita bolasiga o'gay ona hisoblanadi. Bu haqda uning o'zi “Elle” jurnaliga bergan intervyusida Emxoffning bolalari Koul va Ella uni “o'gay ona” emas, balki “oyijon” deb chaqirishlarini aytgan.

Asli kelib chiqishi yahudiy Emxoff ko'ngilochar sohalar sanoatida yurist bo'lib ishlash bilan birgalikda Jorjtaun universitetining faxriy professori ham hisoblanadi. U hozirda “DLA Payper” deb nomlangan Xalqaro yuridik firmaning yirik hamkoridir.

Shuni aytish kerakki, Kamala Harris AQSh vitse-prezidentligiga nomzodini qo'ygan eng boy inson sanaladi. Uning xususiy jamg'armasi 6 million 300 ming dollarni tashkil qiladi. Bu mablag' uning o'tgan yilgi moliyaviy hisobotida ko'rsatilgan. Harris shaxsiy boyligi miqdori bo'yicha hatto prezident Baydendan ham badavlatroqdir. Baydenning xususiy kapitali 2 million 700 ming dollar ekanini prezidentlikka nomzodini qo'yishdan oldin topshirgan moliyaviy hisobotida aks etgan. Albatta, hisobotda ko'rsatilgan boylikka ularning barcha mol-mulki va banklardagi hisob jamg'armalaridagi pullari ham kiradi. Kamala Harris boyligining katta qismi uning eri Duglas Emxoffning nomiga rasmiylashtirilgan. Harrisning o'z nomida esa faqat 1,7 million dollarlik mablag'i ko'rsatilgan, xolos.

“Nyu-York Tayms” gazetasining tahliliga ko'ra, 2018 yilda Harris va turmush o'rtog'ining umumiy daromadi 1,9 million dollarni tashkil qilgan. Ular bu mablag'ning 37 foizini soliqqa to'lagan. Harrisning o'zi 2019 yilda kitob noshirchiligidan avans sifatida 277 763 dollar daromad olganini qayd etgan. Kamala Harrisning AQSh vitse-prezidentligiga nomzodi qo'yilar ekan, albatta, bunda uning nasliy kelib chiqishi, huquqshunosligi va siyosiy dasturi muhim ahamiyat kasb etdi. Amerikalik millionlab oddiy saylovchilar o'zlarining orzulari ro'yobga chiqishiga, kundalik turmush tarzi o'zgarishiga, jamiyatda adolat ustuvorligi ta'minlanishiga ishonganliklari uchun ham aynan uning nomzodini yoqlab ovoz berishgan.

Shuni qayd etish kerakki, vitse-prezident Amerika Qo'shma Shtatlarida lavozim bo'yicha ikkinchi shaxs hisoblanadi. Garchi uning vakolatlari unchalik ko'p bo'lmasa-da, eng muhim konstitutsion vazifasi – amaldagi prezident vafot etsa, lavozimidan ketkazilsa (impichment orqali) yoki boshqa sabab bilan lavozimidan ketsa, uning o'rnini egallaydi. Amerika tarixida shu paytgacha 48 nafar vitse-prezident o'tgan. Shulardan 8 nafari amaldagi prezidentning o'limidan so'ng Prezidentga aylangan.

Shunday qilib, Kamala Harris bu mamlakatning 49-vitse-prezidentidir.

1920 yilda amerikalik ayollar ovoz berish huquqini qo'lga kiritgan. O'shanda ular namoyishga chiqqanlarida o'z harakatlarining rangi sifatida oq rangni tanlagan edi. Kamala Harris ham o'tgan yilgi saylovlarda vitse-prezidentlik lavozimida g'olib chiqqach, jamoatchilikning oldida oq libosda ko'rinish berdi va quyidagi so'zlarni aytdi: “Men AQShda bu lavozimni egallagan birinchi ayolman, ammo oxirgisi bo'lmayman. Chunki bugun yurtimizdagi har bir yosh qizaloq bizga qarab, Amerika Qo'shma Shtatlari – imkoniyatlar mamlakati ekanini biladi”.

Harris xonim o'zini har doim “amerikalik” sifatida tanishtiradi va bundan g'ururlanishini aytadi. U 2019 yilda “Vashington post” gazetasiga bergan intervyusida siyosatchilar terisining rangi yoki kelib chiqishiga qarab lavozimga o'tirmasliklari kerakligini ta'kidlab, “Mening fikrim shuki: men kim bo'lsam, o'shaman. Shunga ko'nikkanman. Siz buni tushunishingiz lozim, men bundan qisilmayman”, degan edi.

Ha, AQShning yangi vitse-prezidenti Kamala Harris ana shunday mag'rur, dangal, ochiqko'ngil va shu bilan birgalikda qat'iyatli ayollardandir.

Alisher ShOYIMOV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + seventeen =