Bolalarimiz kitobni emas, nega telefonni tanlashmoqda?

“Ishchi otam adabiyotga qiziqishim, ko'p kitob o'qishim bilan faxrlanardilar. Kitob mutolaasi – kundalik odatim. Bolalarim ham yoshlikdan kitob o'qishni yaxshi ko'rishdi. Birgalashib ertaklar, chet el adabiyoti namunalarini o'qidik. Hozir o'g'lim yettinchi, qizim to'rtinchi sinfda o'qishadi. Shu ke­yingi yilda (anig'i, sinfdoshlarining orasida o'ksinmasin, deb telefon olib berganimizdan keyin) o'g'lim kitobdan uzoqlashyapti, degan tashvishda edim, yaqinda bildimki, deyarli uzoqlashib ketibdi.

“Shu kitobni o'qigin, juda yaxshi asar”, deb yozuvchi Tog'ay Murodning “Yulduzlar mangu yonadi” qissasini bergandim, yarim soatlar o'tib ko'rdimki, yana telefoniga tikilib o'tiribdi” –  bu bir shifokor ayolning gapi.

Yuqoridagi satrlarni o'qib: “Yana telefon, yana ko'pchilik bolalarning kitob o'qimasligi haqidagi gaplar…” degan o'y kimlarningdir xayolidan o'tgan bo'lishi mumkin. Ha, “azaga borgan kampir o'z dardini aytib yig'laydi”, chunki u dardiga davo topishni istaydi. Zero, juda ko'p farzandlarimiz telefon, internetga “ipsiz bog'lanib qolib”, jismoniy sog'ligidan tortib sog'lom fikrlash tarzini, sog'lom turmush tarzini yo'qotib borayotganini, o'z oila a'zolaridan, tanish-bilishlari va hatto do'stlaridan uzoqlashib o'ziga biqinib qolayotganini ko'rib, bilib turibmiz.

Ilgari sinflarda kamida besh-oltita husnixatli, diktant, bayon, inshoni deyarli xatosiz yozadigan o'quvchilar bo'lardi. Qolganlar ham ancha savodxon, bitta-ikkita o'z ismu sharifini noto'g'ri yozadiganlar chiqib qolardi. Hozir bu nisbatlarning boshi oyoq, oyog'i bosh bo'ldi. Chunki aksariyat o'quvchilar kitob o'qimaydi, mazmun-mohiyatidan tortib imlosigacha qayta-qayta tekshirilib o'quvchilarga havola etiladigan bosma ommaviy axborot vositalarining xonadonlarga necha o'n yilliklar davomida uzilmagan shiddatli va keng ko'lamli “oqimi”  “qurib qoldi”.

Kattayu kichik almoyi­aljoyi SMSlar yozadi, o'qiydi. Turli faoliyat “ko'chalari”dan chiqib kelgan o'zlarini o'zi “bloger” deb atab olganlarning nechtasi gapini o'zbek tili qoidalari asosida quradi, tovushlarni adabiy til me'yorlariga  mos talaffuz qiladi – bular  tilimiz mavqei, qadr-qimmatini yuksaltirishda qanchalar ahamiyatli bo'lmasin, amalda shu qadar e'tiborsizlikka uchrayotgan masalalar. Esimda, maktabda o'qigan paytlarimizda uyimizda “Imlo lug'ati” bo'lmasa-da, kattalar har kuni jiddiy varaqlab ko'rib chiqadigan, o'qiydigan gazetalar biz uchun imlo kitobi vazifasiniyam o'tardi. Ularni o'qib, to'g'ri yozishniyam o'rganardik.

Shu boisdan og'riqli o'ylarimni mamlakatimiz ziyolilarining eng katta qatlami – hurmatli ustozu muallimlar bilan o'rtoqlashib, ularni mulohazaga chorlamoqchiman.

To'g'ri, hozirgi yoshlar orasida bilimi, madaniy-ma'rifiy saviyasi yuksak, ibratga lo­yiqlari ko'p. Ular zamonaviy dunyo bilan teng odimlamoqdalar. Shu bilan birga… aytaylik, shu yoshlar o'zlari yashayotgan hududdagi odamlar, ularning hayoti, mehnati, muammolarini qay darajada biladilar? O'ylab ko'raylik: oilasi, mahallasi, shahar yoki qishlog'idagi hamyurtlar og'irini yengil, dardini his qilishni bilmagan odam umumbashariy xayrli ishlarga hissa qo'shishga tayyor bo'ladimi? – bu mahalliy matbuot nashrlarining hayotimizdagi o'rni bilan bog'liq yana bir muhim jihati.

Keyingi paytlarda maktab o'qituvchilari bilan o'quvchilar orasida yuzaga kelayotgan noxush holatlarning aksariyatida siz – ustozlar tarafingizdaman,  mehnatu mashaqqatlaringiz faqat hurmat, e'zozga loyiq. Lekin masalaning yana bir nozik jihati bor: o'qituvchi har bir bolaning o'ziga xosligidan kelib chiqib, unga ta'lim berishning ham o'ziga xos uslublarini bilishi, qo'llashi kerak. O'qish, o'rganish, ibratlanish bilan bu boradagi tajribasini  orttirib bormagan o'qituvchi o'quvchisini darsga, fanga qiziqtira olmasa, bola bilan muloqotga kirisholmasa, hurmat qozonmasa, kim aybdor? Adashmasam, chin ustozlik maqomining shayini – katta muhabbat; bir pallada bolalarga, ikkinchi pallada ilm­­ga muhabbat teng tarozi (!) bo'lishi kerakdir… Ayni shu jihatdan ham, respublikamizda necha o'n yillar davomida har bir o'qituvchi muntazam ravishda bilimi, saviyasi, mahoratini oshirib borishi uchun katta maktab sifatida shakllangan ta'lim-tarbiyaga oid nashrlarning adadi odam aytishgayam istihola qiladigan darajada kama­yishi, yopilib ketishi oqibatlarini jonkuyar ustozlar afsus bilan gapirmoqdalar. Bu jarayonga respublikamiz ustozu muallimlarining asosiy qismi kuzatuvchi bo'lib turdilar, hatto endi obunaga pul sarflamasliklari mumkinligidan xursand bo'ldilar. To'g'ri, barchani bir qolipda o'lchab bo'lmaydi, biroq loqaydlik, mas'uliyatsizlik, muhimni nomuhimdan farq etmaslikning ovozi, qo'li baland kelmasin ekan!

Bizning avlod, ya'ni ustozlarning katta va o'rta avlodi ham yurtimiz hayotini, jamiyat nafasini mahalliy gazeta, jurnallarni qiziqib o'qish orqali his etib ulg'aydik. Ularda bosilgan badiiy asarlardan parchalar qalbimizga misoli asal kabi suyukli, totimli edi. Bolalikning fazilatlari hamisha mushtarak: hozir ham yosh bolalarning, boshlang'ich sinf o'quvchilarining kitobga, gazeta va jurnallarga munosabatini kuzataman. Ayniqsa, yosh bolalar ularni hech kimga bergisi kelmaydi, ishtiyoq bilan varaqlaydi, zavqlanadi. Beg'ubor go'dakning mana shu bebaho xislatini kamol toptirmaslik uning qalbida nish urgan ziyosevarlikni juvonmarg qilishmasmi?

Yana bir savol dilda ko'p aylanadi: sinf rahbarlarining, o'qituvchilarning maktab ta'miriga, har xil tadbirlar o'tkazishga, hattoki sayohatlar uyushtirishga moddiy jihatdan yordam beradigan imkoniyatli ota-onalar borligi haqida xursand bo'lib gapirganlarini ko'p eshitganmiz. Balki, o'sha o'qituvchi saxovatli ota yoki ona dilini, tilini topgan. Ehtimol, saxovatpesha inson o'zi kelib yordamini taklif etgandir. Bunday insonlar ko'paysin. Ammo… sinf kutubxonalari tashkil etish, o'quvchilar gazeta va jurnallariga obuna haqida gap ketganda, to'qson to'qqiz foiz sinf rahbarlari, ustozlar ota-onalar bu masalada umuman yordam berishni xohlamasliklarini aytadilar. Ajab, ota-onalarga sinfning eshik-derazalarini bo'yash, har xil tadbirlar o'tkazishning zarurligini tushuntira olgan ustoz, nahotki, bolaning kitoblar, bolalarbop nashrlar bilan do'st bo'lishi qanchalar ahamiyatli, manfaatli ekanini anglata olmasa?! Boring, bitta sinf bittagina “G'uncha” yoki “Gulxan” jurnaliga, “Tong yulduzi” gazetasiga obuna bo'lishi uchun o'quvchilar do'konlardan yo'l-yo'lakay olib ermak qilib ketadigan (sog'likka foydasidan ko'ra ziyoni ko'proq) shirinliklardan bir-ikki kun o'zlarini tiya olmaydilarmi? Nahotki, respublikamizdagi o'qituvchilarning ayni kundagi 547,7 ming nafarli armiyasidan atigi 1 foizginasi ham o'zining ko'ziga tikilib turadigan, uni yaxshi ko'radigan o'g'il-qizlar bilan mana shu g'oyat xayr­­li masalada til topisholmaydi?!

1992 yili Farg'ona viloyati bo'yicha “Yil o'qituvchisi” tanlovining g'olibi bo'lgan quvalik Fazliddin Abdunazarov eslaydi: “O'shanda tanlovda ishtirok etgan muallimlarning qaysi gazeta, jurnallarga obuna ekani va ularni muntazam o'qib borish-bormasligi, qanday yo'nalishdagi maqolalarga qiziqishiga ham alohida e'tibor qaratilardi. Bu bo'yicha chuqurlashtirilgan savollar berilardi. Biz, o'qituvchilar, o'z fan yo'nalishimizda chop etiladigan nashrlarga va albatta, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallariga obuna bo'lardik”.

Biloyatlardagi e'tiborli tashkilotlarda ishlaydigan tanish-bilishlarimdan: “Siz yaxshi tanigan, iqtisodiy tomondan imkoniyatli ziyolilar orasida uyiga gazeta yoki jurnallarga obuna bo'lganlarni bilasizmi?” – deb so'ragandim, javoblar qisqa bo'ldi: “Savolingizga javob topolmay xijolatdaman. Bu yil obunaga oilamiz bilan e'tiborli bo'lamiz, Xudo xohlasa”. “Juda ko'p emas…” “Urganchda men shaxsan tanigan ziyolilar ichida uchta: iqtisodchi va adib Bahodir Bobojonov, AOKA boshlig'i Dilbar Bekjonova, telejurnalist Shuhrat Matkarimov”. “To'rt kishini bilaman: ikkita o'quvchim, maktabim va o'zim…” Lekin savolni eshitib indamay qo'yganlar, kulib bosh silkitganlar ko'pchilik…

Yuqoridagi mulohazalardan murod shuki, o'quvchilarni savodxon, chuqur bilimli, ilmga intiluvchan qilib tarbiyalash birinchi navbatda ustoz va muallimlarning zimmasida. Buning uchun muallimlarning o'zlari ham doim bilim, saviya, taj­riba, mahoratlarini oshirib borishlari shart. Bu jarayonni matbuot nashrlarisiz, kitoblarsiz tasavvur etib ham bo'lmaydi.

Qadrli ustozlar, xalqimizning, farzandlarimizning ta'lim-tarbiyasi, ma'rifati, madaniyati, ma'naviyatini yuksaltirishda yuz yillar davomida asosiy vositalardan bo'lib kelgan gazeta, jurnallarning yana xonadonlarimizga qaytishi uchun, o'quvchilarini topishi uchun hamkorlikda nimalar qila olamiz?

To'g'ri, eshitganmiz, xabarimiz bor. O'tgan yillarda obunaga go'yoki “xavfli dushman”ga qarshi kurashilgandek qattiq hujumlar bo'ldi. Nashrlarga obuna bo'linglar degani yoki obuna bo'yicha tavsiyaviy reja bergani uchun qancha xalq ta'limi fidoyilari, rahbarlariga dakki-dashnomlar berildi, hatto ayrimlari vazifalaridan ozod qilindi. Sallani ol desa, kallani oladiganlarga “majburiy obuna” zo'r bahona bo'ldi-da o'ziyam. Ammo muhtaram Prezidentimiz necha bor “Bolalarimizni telefon tarbiya qilyapti”, “Majburiy obuna deb ixtiyoriy obunani ham yo'q qildik”, deya ko'p bora kuyunchaklik bilan gapirdilar.

Shunday ekan, ana shu xayrli maqsad yo'lida yurtimizning har bir ziyolisi, o'zini ma'rifatli inson deb bilgan har bir vatandoshimizning QALB  EShIGI ochiq bo'lsin!

Muhtarama ULUG'OVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + fifteen =