Samarqand osmonida porlagan yulduzlar

TUN QO'ShIG'I

Og'ir hansiraganicha yotog'iga botayotir shams. Zulmat kundasiga jim yotayotir bobo quyosh. Zim-ziyo, zulukdek tun hayallamay bostirib keldi. Yaqindagi odamni tanib bo'lmay qoldi. Ayni shu lahzada tunning bag'ri ajib bir qo'shiqqa chulg'andi. “Shovullaydi adirda bug'doy, Go'yoki yaqinginada qulunlagan biyaday bo'lib, Iyib ketar kishnaganda toy, Chor-atrofda chigirtkalar chirillar nafis, Qovun hidi taralar anqib, Go'yoki tun mehribon, joni fido onaday o'zin etib his, Alla aytar qorashol tang'ib. Chindan ham, sehr to'la qo'shiq aytib tun, Uxlatadi barcha odamni”.

…Oqshom qorong'usi quyuqlashadi. Osmon toqida bir-biridan go'zal, nafis sitoralar jimirlab, ko'zni quvontirib chaqnay boshlaydi. Bir uchi keng va bepoyon ufqlarga qadar cho'zilib ketgan dala, yobonlar qorayib ko'rinadi. Otlar, sigirlar, qo'y-qo'zilar odamlarga doimiy hamroh. Bu jonivorlar allaqachon qoziqqa bog'lanib, qo'raga qamalgan. Sahni keng supaga o'rin to'shalgan. Yumshoq, momiq ko'rpa ichida uch-to'rt nafar bolalar orom olmoqda. Ammo ularning ichida faqatgina bir bolakaygina uyg'oq. Uning ko'zlaridan uyqu qochgan. Bolakay g'uj-g'uj yulduzlar chamani bilan to'lgan osmondan sira-sira ko'z uzmaydi. Go'yoki bolaning o'zi ham shu tobda Somon yo'li, Yetti qaroqchi, Oltin qoziq, Cho'lpon yulduzi, Oltin oxur, Bo'z ot… singari yulduzlar izidan xuddi soldek ergashib yurgandek. Negadir yosh shahzoda Ulug'bekning hadeganda sir-asrorga to'la samo dengizidan ko'z uzgisi kelmasdi. Ayniqsa, uning betimsol go'zalligi, jilvakor maftunkorligi ko'ngilni ajoyib hislarga oshino tutintirgan edi. Bunday so'lim, salqin xush havoda tun safosini, latofatini ich-ichidan tuyardi. Qanot yoyib, dalalar, tog'lar, daryolar, vodiylar ustida xuddi qushlardek suzib yurardi. Shu tobda Ulug'bek mirzoning ruhi ancha-muncha yengillashganday tuyuldi.

Hapriqtirib, yurakka solar titroq, yulduzlar chamanzoriga yaqin joyda turib uning mislsiz, adoqsiz sir-asroridan bexabar qolib ketishi… Tong kabi musaffo rangin tuyg'ular, o'ylar bolaga sira tinchlik bermas edi. “Agar ulg'aysam, albatta, yulduz to'la osmonga narvon qo'ygum. Sitoralar bilan dillashgum, sirlashgum. Ularning qalb kechinmalariga quloq osgum”. Yosh Ulug'bekning sof orzusi ana shunday mas'um va qat'iy bo'ldi. Uning bu ezgu niyatidan jahongir Temur bobosi bilan uzoq harbiy safarlar mashaqqatini teng tortgan, deyarli barcha Temuriyzodalar tarbiyasi bilan jiddiy va astoydil shug'ullangan go'zal va oqila ayol Bibixonim voqif, xabardor edi. Ayni pallada fozila va oqila ayol yosh, murg'ak qalbning orzularini, istaklarini shirin so'zlari bilan hamisha rag'batlantirib kelardi.

Mavridi kelgani uchun Bibixonim haqida ikki og'iz so'z aytishni joiz deb bildim. Garchand Bibixonim farzandsiz bo'lsa ham, baribir bolalarga qattiq mehr qo'yadi. Hattoki ana shu mehr-muhabbat tufayli umrida bola ko'rmagan vujudi uyg'onib, ko'kragiga sut kelgan payt ham bo'lgan ekan. Bu mushfiq, oqila, ziyrak ayolning jon olguvchi allalarini, qo'shiq va matallarini eshitib ulg'aygan temuriy amirzodalar uni onalaridek suyib, izzat-ikromini o'rniga, joyiga qo'yardilar. Aslida, nevaralari ichida eng ziyragi bo'lmish Muhammad Tarag'ay uxlamay osmondagi yulduzlarga tikilib, xayol daryosiga g'arq bo'lishini osmon, samo ilmiga qiziqishida deb bilardi. Negadir ismi Muhammad Tarag'ay bo'lsa ham, bobosi va momosining unga bo'lgan mehri ziyodaligini, ayniqsa, zehni, aqli juda ham o'tkirligini ko'rgan saroy ahli murg'ak mirzoga Ulug'bek deb ulug'vor ot qo'ygan edilar. Shu-shu Amir Temur ham, Bibixonim ham uni shu ism bilan chaqirishga o'rganib qolgandilar.

— Yulduzlar chamanzorida ham inson zoti yashaydimi? — degan azaliy va jumboqli savolga mantiqli javob izlab topish niyatida yosh Ulug'bek mirzo yonida hamisha “Ziji jadidi el Xoniy” kitobini olib yurardi. U bu yoshida shunday murakkab kitobni o'qisa ham, uqishi, anglashi o'ta mushkul edi. Ana shunday kezlarda u “tezroq ulg'aya qolsam, o'zim, albatta, bir rasadxona tiklab yulduzlarda odam yashaydimi, yo'qmi, bilib olarman. Son-sanoqsiz, g'uj-g'uj jilvagar sitoralarning sirini ochuvchi mana shunday bir kitob tuzurman” degan xayoldan sira bo'shamasdi. Shu yoshida ulug' maqsadlar bilan yashayotgan bolaga chindan ham havas qilsa bo'lardi. Nihoyat bola xayol daryosidan qutulib uxlab qoldi. Bu mahalda tashqarida shamol uvillar, Ko'hak tepaligi tomondan esgan barqaror shamol tungi Konigul bog'laridan gul va turfa maysa, giyohlar hidini olib kelib dimoqqa urardi. Ko'k toqida yulduzlar chamanzori miltillab yonar, unga tikilgan sari odamning ko'zi qonar, o'sha yulduzlar sir-asrorini bilish osonday tuyulardi. “Angla, dil ham sirli osmonday” degan sirli xitob quloqqa elas-elas chalinardi. Ulug'bek mirzoning olis bolalik mahallarida ko'ngli tubiga tukkan ulkan va zalvorli orzusi yillar o'tgach bor-bo'yicha ro'yobga chiqdi. Bunga qadar u ilm sirlarini qunt va sabot ila o'rganishiga to'g'ri keldi. Aytgancha, Ulug'bekning otasi hokimiyat yuritish bobida yosh shahzodaga ko'pdan-ko'p nasihat va o'gitlar qiladi. Fahm-farosati, zukkoligi va quvvai hofizasi bilan ajralib turuvchi shahzoda bu o'gitlarga og'ishmay amal qilib sirayam kamlik ko'rmadi.

“ZIJI KO'RAGONIY”

…Kunlar bir tutam. Qorong'ulik erta tushadigan bo'lib qolgan. Kech kuzakning achchiq, chimchilovchi izg'irini etni junjiktiradi. Havo nima uchundir rutubatli. Qorayib, xuddi ulkan qal'adek bo'lib yotgan Ko'hak tepaligining shundoqqina bag'riga yondosh etib qurilgan rasadxonada Mirzo Ulug'bek uch-to'rt shogirdlariga zo'r berib allanarsani tushuntirish bilan ovora. Ba'zan so'zidan to'xtab, o'ng qo'li bilan uzun soqolini tutamlab qo'yadi. Yonidagilar undan ko'z uzmay, qiziqarli hikoyani maroq bilan tinglaydi. Uning bir qaraganda jahongir Amir Temur bobosinikiga o'xshab ketadigan, ochiq, qip-qizil yuziga ajin tushmagan. Ulug'bek mirzo adil va tik qomatini g'oz tutib, chor-atrofga suqlanib qarab qo'yardi. Darvoqe, o'sha kezlarda Samarqand rasadxonasi falakiy doimiy kattaliklarni, sayyora va yulduzlarning o'rnini nihoyatda aniqlikda o'lchashi bilan dunyoda tengsiz edi. Ulug'bek mirzo shogirdlari va boshqa olimlar bilan aynan biz tasvirlagan manzilda Ptolemeyning sharqda “Almagest” nomi bilan mashhur yulduzlar zijini qaytadan kuzatishga jonim-otim kirishadi. Alaloqibat, falakshunoslarning rasadxonada olib borgan kuzatishlari natijasida “Ko'ragoniy Ziji”, yoki “Ulug'bek Ziji” vujudga keladi. Aslini olganda, Ulug'bekning bu ziji dunyoda tuzilgan zijlarning eng mukammali va pishig'i edi. Unda taqvimlar, vaqtni aniqlash, sayyoralar harakati va boshqa qimmatli va muhim ma'lumotlar atroflicha, keng yoritilgan edi.

Rasadxonaning ulkan falakiy qurilmalari, samoviy yoritkichlarning o'rinlarini va turli falakiy kattalik­larning aniq o'rni va harakatini ko'rsatib beradi. Ana shunday qurilmalardan biri — meridian qurilmaning radiusi 40,2 metr. Bu qurilma Ko'hak tog'ining etagida joylashgan. Bu yerdan chor-atrof, Samarqand minoralarining niliy, naqshinkor gumbazlari aniq ko'zga tashlanib turadi. Rasadxonaning tosh qoyalardan kesib hosil qilingan xandaqdagi qismi hozirgacha saqlanib qolgan. Qurilmaning xandaq janubiy tomonidagi chuqurligi o'n bir metr bo'lib, marmar taxtachalar qiyosidagi xandaq 2,3 metr. Qurilmaning ikki yoyi bir-biriga zich qilib ulangan — uzunligi o'rtacha 80 sm, kengligi 29 sm, qalinligi 10 santimetrdan 20 santimetrgacha bo'lgan marmar taxtachalardan iboratdir. Uning yuza taraflari 40,2 metr yarim aylana hosil qiluvchi qiyalikda silliqlangan. Ikkala yoyda ham kengligi 30 sm, chuqurligi 15 mm bo'lgan ingichka tarnovlar joy olgan. Bu ingichka tarnovlarga sariq plastinkalar muzukallab joylashtirilgan. Dastlabki sayqallash ishlari berilgach, ularga o'lchov me'yoriy chiziqlari belgi sifatida tushirilgan. Yoydagi har bir gradus arab harflari shaklida marmar taxtachalarda biroz ifodalangandir.

Ulug'bek bahavo, xushmanzara bu manzilda ko'p vaqtini o'tkazishni yoqtirar edi. Shu asnoda u “Ulug'bek Ziji”ni mus­taqil kuzatishlar natijasiga tayangan holda ajdodlarning shu sohadagi ishlarini o'rganib va umumlashtirib, falakiyot ilmining nazariya va amaliyotiga juda ko'plab yangiliklarni kiritishga muyassar bo'ldi. Boz ustiga, zijda keltirilgan bir ming o'n sakkizta yulduzning ro'yxati samarqandlik falakshunoslarning asosiy mehnati samarasi bo'lib, u butun dunyoga Ulug'bek nomini va u asos solgan falakiyot maktabini mashhur qildi. Qozizoda Rumiy, G'iyosiddin Koshiy singari zamonasining dongdor olimlari rasadxona kuzatuv natijalarining tahlili jarayonida vafot etgan bo'lsa, Ulug'bek sadoqatli shogirdi Ali Qushchi bilan Zijning ustidagi qiyin va murakkab ishni nihoyasiga eson-omon yetkazadi. Aytgancha, Ulug'bek rasadxonasining qurilmasi bilan Tixo Bragening “Uraniborg” rasadxonalari o'rtasida kuzatish jarayonida farq bo'lgan. Mirzo Ulug'bek Yevropada behad ulug'lanadi. Masalan, bir noyob suratda afsonaviy Uraniyaning o'ng tomonida, Ovro'pa fani tan olgan buyuk munajjim va podshoh Ulug'bek mirzo birinchi bo'lib tasvirlangan. Atrofida mashhur munajjimlar — Ptolemey, Brage, Richchioli, Vilgelm IV va Yan Geveliylar savlat to'kib o'tiribdi. Hoynahoy, ular falakiyot ilmi haqida uzoq bahslashmoqda.

“… KI OLAM KO'RMADI SULTON ANINGDEK”

Jahongir Amir Temur avlodi jahon ilm-faniga, madaniyatimiz va adabiyotimiz tarixiga buyuk siymolarni berdi. Mundarijaning boshida Muhammad Tarag'ay Ulug'bek va Zahiriddin Muhammad Bobur turadi. Ikkisini ham jahon biladi, tan oladi. Biri ilmda G'arb uchun maktab (o'z vatanida emas) yaratgan bo'lsa, ikkinchisi Sharqda o'ziga xos badiiyat akademiyasini vujudga keltirdi. Shu o'rinda o'n beshinchi asrning buyuk muarrixi, mashhur “Ravzat us-Safo” muallifi Mirxondning “Donishi Aflotun va hashamatli Faridun jam'dasht”, ya'ni “ilmda Platon, boylikda Faridun yanglig'” degan ma'noli, mag'zi to'q so'zlarini keltirib o'tishni ma'qul top­dik. She'riyat mulkining sultoni Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hazratlari esa Ulug'bek sha'niga “Temurxon naslidin Sulton Ulug'bek, Ki olam ko'rmadi sulton aningdek” degan mashhur misralarini bitadi. Ammo dilni xira qiladigan jihatlar ham yo'q emas. Taassuflar bo'lsinki, tarixiy-badiiy asarlarda avval Ulug'bek mirzoning qiyofasi ham eslatilmaydi. Mash'um fojia yuz bergandan (1449) keyin esa bu mavzu mutlaqo chetlab o'tilgan yoki xayoldan butunlay faromush bo'lgan. Yaxshiyamki, o'zbek adabiy tili asoschisi va bilimdoni Navoiy hazratlari bor ekan. Ul muborak zotning “Xamsa”sini hisobga olmaganda, keyingi besh asr davomida Ulug'bek va uning merosi haqida lom-mim deyilmadi. Uning nodir merosi haqida so'zlash an'anasi, tashabbusi g'arbga ko'chdi. Ko'plab zalvorli kitoblar yozildi.

Xabaringiz bo'lsa kerak, 1941 yilda Alisher Navoiyning 500 yilligi sharofati bilan ulug' shoir yashagan davrni chuqurroq va atroflicha o'rganish maqsadida, Go'ri Amirdagi (Samarqand shahrida joylashgan) Temuriylar mangu qo'nim topgan qabrlar ochib ko'riladi. Ana shu kezlari Ulug'bek mirzo shaxsi va u qoldirgan boy ma'naviy merosga bo'lgan qiziqishlar bir qadar kuchayadi. Buni qarang, haytovur, Ulug'bek bobomizning qabrdagi xoki yaxshi saqlangan ekan. Uning bo'yi 165,8 santimetr ekanligi, gavda va yuz tuzilishi otasi Shohruh mirzodan ko'ra, bobosi Amir Temurga tortganligi aniqlanadi. Bilasiz, o'rta asrlar sharoitida donishmand, aql bulog'i — Ulug'bekning “Ziji Ko'ragoniy”ga hafsala bilan tartib berishi zulmat dunyosi uchun mayoq, nur edi. Boz ustiga, falakiyot ilmida hali Ovro'pa g'aflat uyqusidan turmagan, arab va xitoy munajjimlari hali koinotga bu qadar yaqin tikilmagan edi. Ulug'bek mirzo tuzgan Ko'ragoniy jadvalida hammasi bo'lib bir ming o'n sakkizta yulduz tadqiq etilgan, o'rganilgan. Jumladan, to'qqiz yuzta yulduzning uzunligi, sakkiz yuz yetmish sakkiz osmon yoritqichining kichiklik davri benihoya hassoslik bilan aniqlangan. Endilikda bizning elektron va qudratli optik asboblar zamonamizda “Zij”ning mezoni qandaydir daqiqa yoki uning ulushlarida tafovut qiladi. Oddiy usturlobda osmon jismlari harakat doirasini bu qadar aniqlik bilan o'lchash sirini hali hech kim ochib bergan emas. Rosti, Ulug'bek mirzo zo'r hafsala hamda mehr bilan yaratgan “Ziji Ko'ragoniy” inson tafakkuri qud­ratining buyuk g'alabasidir. Negaki, sirli va olis koinot sari astoydil intilgan inson ongining bepoyonligi va intihosizligi uni hamisha hamro'z ich-ichidan sezib, bilib turdi. Mashaqqatli mehnatlari shirin va totli mevasini bermasdan qolmadi. Shu o'rinda mashhur tarixchi Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” asaridagi tubandagi so'zlarni keltirib o'tishni lozim topdim. “…Ulug'bek Ko'ragon yulduzlar ilmida qilni qirq yordi… handasa ilmida chigallarni yechuvchi, hay'at ilmida Majistiykusho (Yunon olimi Ptolemeyning “Algamest” asarining arab­­cha nomi) erdi. Fozillaru hakimlarning yakdil fikrlari shulki, islomiyat zamonidan shu damgacha Ulug'bek Ko'ragoniydek olim va podshoh saltanat taxtida o'tirmagan. Ulug'bek “Ziji Sultoniy” kashf etib, uni o'z ismi bilan ziynatladi”. Shu e'tirofning o'ziyoq Ulug'bek mirzoning jahon faniga qo'shgan hissasi salmoqli ekanligini ko'rsatadi. Shu o'rinda O'zbekiston xalq shoiri, so'z sehrgari Mirtemirning Mirzo Ulug'bek bobomiz yaratgan o'lmas merosga ehtirom ila bitgan quyidagi she'rini keltirib o'tishni joiz deb bildik:

 

Rasadxona emish shu xarsang devor…

Bir vaqt Samarqandning eng yuksak joyi,

Zamon mo''jizasi, bilim saroyi,

Tog' jussali, so'lim, ulug'vor.

 

Rasadxona emish shu xarsang devor,

Kechalari yulduz gadosi bo'lib,

Samoviy go'zallik shaydosi bo'lib,

Termularmish uyg'oq u tojdor.

 

Suluvlar ko'zidek tengsiz, yarqiroq,

Yulduzlarki, ko'kning gavhar chechagi,

Biri yuz asrlik, biri kechagi,

Bir-biridan sirli va yiroq.

 

Suluvlar ko'zidek pir-pir doimo,

Yoki yozmishlarning yorug' xatidek,

Yoki humolarning yollug' patidek,

Doimo va'dakor sho'x imo…

 

Har yangi yulduzga qo'yib yangi nom,

Jadvaliga bitib bir-bir sharhini,

Darj etarmish uchqur falak charxini,

Ko'kka intiq, riyozatga rom.

 

Odam faxri emish so'lim Samarqand,

Olam toji emish tojdor alloma,

Har kecha zahmati bo'lak hangoma,

Kunduzi ham tinimsiz garchand.

 

Yulduzni o'shandoq sevolsa kishi,

O'shandoq yuksakka tolpin, hey o'g'lon,

Agar tolpinmasang, bu — o'sha jahon —

Aravaning eski tirkishi…

 

Bobo merosiga bo'lolgin ega,

Somon yo'llarida kezarsan, balki.

Tirishganning zarbi shundoq dangalki,

Hatto toshga qoqarmish chega…

 

Chindan ham, so'z sehrgari mazkur she'rida Ko'hak tepaligida qo'nim topgan Ulug'bek rasadxonasi holatini chiroyli yo'sinda ta'rifu tavsif etganki, unga beixtiyor qoyil deysiz.

…Samarqandga borsam, Ko'hak tepaligi yonbag'ridagi Ulug'bek mirzo bunyod etgan rasadxonani tomosha qilmay qaytmayman. Garchand fikru yodim dunyo olimlari tan olgan Ulug'bek mirzoda bo'lsa-da, xayol qurg'ur olis o'tmishga, bobolar zamoniga boshlab ketadi. Ana, qo'liga allaqanday asbobni tutgan Ulug'bek mirzo tun qo'ynida g'uj-g'uj jimirlab turgan yulduzlardan ko'z uzmay tadqiqot bilan band. Yonida shogirdi Ali Qushchi. Garchand Ali Qushchi kam uxlagan bo'lsa-da, ammo ruhi tetik. Aql-mushohada qilaverib, ko'zi pishib ketgan. Bugungi kunda Ulug'bek qurgan rasadxonaga xorijdan ko'plab sayyohlar tashrif buyuradi. Ular rasadxona joylashgan manzilni hamda yulduzlar ustida kuzatuv, tadqiqot olib boriladigan fazoviy asbob-anjomlarni zo'r hayrat ila tomosha qiladilar. Mening qulog'imga O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Mahmudjon Azimov ijrosidagi “Samarqandga borsam men agar, Ulug'bekni ko'rib qaytaman, U qon yig'lab turar har safar, Men dardimni kimga aytaman” degan o'tli, haroratli, ta'sirli satrlari chalindi. Quyosh botib, ufq qontalash tusga kira boshladi. Atrof jimjit. Ertalab yog'ib o'tgan yomg'irga bog'-rog'lar obdan cho'milgan edi. Ko'nglim xotirjam tortib, sekin ortga qaytdim. Ruhiyatim yengil, kayfiyatim a'lo edi.

Ulug'bek JUMAYEV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + 5 =