Tojikistonda yangragan qardosh navolar

Dushanbe shahridagi “Ko'hi Borbad” san'at saroyida O'zbekiston va Tojikiston san'at ustalari ishtirokida “Do'stlik oqshomi” bo'lib o'tdi

Tojik va o'zbek xalqlari do'stligi bundan keyin yanada mus­tahkamlanishiga shak–shubha yo'q. Do'stlik daraxti shunchalar baquvvatki, u davr bo'ronlarini, nogahon berilgan zarbalarni nazar-pisand qilmadi, to'siqlarni mardonavor yengib, qomatini rostlab, gurkirab o'saverdi, ko'kka tomon bo'y cho'zaverdi. Ular azal-azaldan bir-biriga yaqin va hamjihatdir. Qon-qardoshlik rishtalari bilan chambarchas bog'langan bu xalqlarning o'zaro hamkorligi va do'stligi hatto Hazrat Mir Alisher Navoiy va Mavlono Abdurahmon Jomiy asarlarida tarannum etilgan.

O'zbekiston va Tojikiston Respublikalari Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmonning oqilona siyosati sharofati bois, azaldan etu tirnoq bo'lib kelgan ikki qondosh va jondosh – tojik va o'zbek xalqlari o'rtasidagi azaliy do'stlikning uzilmas rishtalari kundan-kunga mustahkamlanib, elimiz shodiyonalik bilan yashayotgani, qo'shnichilik munosabatlarida hamkorlikning yangi ufqlari ochilayotgani ko'ngillarga surur va shodlik bag'ishlab, do'st diydoriga mushtoq dillarni xushnud etmoqda. Do'stlik tushunchasi yangi ma'no kashf etib, yuqori zinaga ko'tarilayotganining guvohi bo'lib turibmiz.

Ikki xalq do'stligining ravnaq topishi uchun qulay muhit yaratilib, eng yaxshi an'analarimiz qayta tiklanayotgani quvonchli voqea, albatta.

Xabaringiz bor, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan joriy yilning 18–19 aprel kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo'lgani ikki xalqning tarix sahifalariga zarhal harflar bilan bitildi.

O'zbekiston va Tojikiston o'rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarish maqsadida Dushanbe shahrida 15-20 aprel kunlari “O'zbekiston madaniyati kunlari” o'tkazildi. Ushbu yirik madaniy dastur doirasida “O'zbekis­ton va Tojikiston ijodkor va ilmiy ziyolilari anjumani”, “O'zbek kinosi kunlari”, O'zbekiston teatrlarining Tojikistonga gastrollari, Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli konserti tashkil etildi.

O'zbekiston xalq artisti, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida bir guruh madaniyat va san'at namoyandalari, jumladan, O'zbekiston va Tojikiston xalq artisti Farrux Zokirov, O'zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov, O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston xalq artisti Munojot Yo'lchiyeva, O'zbekiston xalq artisti, Tojikistonda xizmat ko'rsatgan artist Yulduz Usmonova, O'zbekiston xalq artisti Og'abek Sobirov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artistlar Gulbahor Erqulova, Ilyos Arabov, Ma'suma Boltaboyeva, Oygul Nodirova va boshqa san'atkorlar madaniyat kunlari doirasida o'z chiqishlari bilan ishtirok etishdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon mushtarak tarixiy meros, ma'naviy qadriyat va an'analarimizni asrab-avaylash va targ'ib qilish bo'yicha samarali faoliyati, shuningdek, birodar xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik rishtalarini mustahkamlashga qo'shgan munosib hissasi uchun ikki mamlakat madaniyat va san'at arboblarining bir guruhiga faxriy unvonlar berdilar.

Mamlakatimiz yetakchisining davlat tashrifi doirasida ushbu unvonlar bilan taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

Tojikiston milliy konservatoriyasi rektori Mirali Do'stizoda, Tojikiston milliy konservatoriyasi dotsenti Ismoil Nazriyev, Tojikiston hukumati huzuridagi Televidenie va radio qo'mitasining F.Shaxobov nomidagi “Shoshmaqom” ansambli rahbari Furqat Saidzoda, Bobojon G'afurov tumani shoshmaqom ansambli rahbari To'lqin Tojiboyev, A.Jo'rayev nomidagi Tojikiston davlat filarmoniyasi “Falak” ansambli badiiy rahbari Rahmatullo Hoshimov “O'zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoniga sazovor bo'ldi.

O'zbekiston milliy musiqa san'ati instituti “Maqom xonandaligi” kafedrasi professori Munojot Yo'lchiyeva, O'zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O'zbekiston davlat filarmoniyasi “Lazgi” ashula va raqs ansambli badiiy rahbari Og'abek Sobirov va xonanda Yulduz Usmonovaga “Tojikiston xalq hofizi” faxriy unvoni, O'zbekiston milliy akademik drama teatri direktori Yodgor Sa'diyevga “Tojikiston xalq artis­ti” faxriy unvoni berildi.

Davlat rahbarlari faxriy unvonlar nishonlarini o'z sohiblariga tantanali ravishda topshirdilar.

Dushanbe shahridagi “Ko'hi Borbad” san'at saroyida O'zbekiston va Tojikiston san'at ustalari ishtirokida “Do'stlik oqshomi” bo'lib o'tdi. Davlat rahbarlari konsertni birgalikda tomosha qildilar. Milliy va zamonaviy musiqa san'ati namunalari, mamlakatlar o'rtasidagi do'stlik rishtalari tarannum etildi.

Ikki mamlakat san'at ustalarining bunday konsertlari xalqlarimiz o'rtasidagi abadiy va samimiy do'stlikni ifodalovchi yaxshi an'anaga aylangan. Zero, mehr-oqibatli bo'lish, tinch-totuv yashash – xalqlarimizning azaliy orzusi va samimiy intilishidir. Bugun ushbu orzu-intilishlar hayotga ko'chmoqda, mamlakatlarimiz yetakchilarining irodasi va sa'y-harakatlari tufayli xalqlarimiz yanada yaqinlashdi, davlatlararo munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko'tarilganini alohida e'tirof etish joiz.

Do'stlik daraxtining o'z bog'bonlari bor. Ikki xalqning ulug' sarvarlari bog'bonlik qilayotgan bu do'stlik daraxti asrlar osha barq urib yashnayveradi. Oqil va dono rahbarlarimiz bor ekan, do'stlik daraxti dillarni bir-biriga bog'layveradi.

Islom ASILBEKOV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 + 5 =