Ikki elning bir qalbi

Umidvor yashaymiz dorilzamonda,

Birimiz Nukusda yoki Qo'qonda.

Umuman aytganda, O'zbekistonda,

Senga bo'lajakmiz ko'zu qosh, inim.

Abdulla ORIPOV

 

Haqiqatan ham, Turon elidagi barcha turkiy xalqlar, shu jumladan, qoraqalpoq xalqi bilan ham bir tanu bir jonmiz. Vatanimiz bitta, rangu ro'yimiz, dinimiz birdir. Qadimdan bir-birimizga qiz uzatganmiz, kelin olganmiz.

Biz qoraqalpoq adabiyoti bilan ustozlarimiz Mirtemir, G'afur G'ulom, Nosir Fozilov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Jo'lmirza Oymirzayev, To'lepbergan Qaipberganov, Orazboy Abdurahmonov o'rtasidagi adabiy aloqalar orqali tanishganmiz. Hozirgi kunda ham bu aloqalar davom etib kelmoqda.

“Qoraqalpoq bo'rkli elim, ko'rkli elim” (Shahriddin Umirov) deya adabiy hamkorlik ishlari rivojlantirilib kelinmoqda. Masalan, Nurali Qobulning xalqimizning suyukli shoi­rasi Zulfiyaxonim haqidagi “Sodiqlik saroyining mangu malikasi” nomli xotira kitobi shoir va yozuvchi Kenesboy Raimov tomonidan tarjima qilindi. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpoq xalq shoi­­ri Rustam Musurmon Sharop Usnatdinovning “Ibroyim Yusupov” roman-essesini o'zbek tiliga tarjima qildi. Shoira Xosiyat Rustamovaning   “Ochiq derazalar” to'plami, shoira Hanifa Ummatqulovaning bir necha she'r­lari Guliston Reymova tomonidan qoraqalpoq tiliga muvaffaqiyatli ag'darildi. Yozuvchi va shoira Karima Ashurovaning Orol bo'yidagi xalqlar haqidagi “Ko'rinmas orol siri” nomli ilmiy-fantastik romani nashrdan chiqdi. “Qoraqalpoq durdonalari” ning 16 jildligi ustida ijodiy ishlar davom etmoqda. 2022 yil 28 iyun kuni Toshkentda bo'lib o'tgan Qoraqalpoq adabiyoti kunlari, shu yili Nukusda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi bilan uchrashuvlar ikki qardosh xalq do'stligining nishonasidir.

Esimda, 2018 yilda rahmatli ustozimiz filologiya fanlari nomzodi, Antik dunyo ilmiy Akademiyasi va Turon FAsi akademigi, O'zbekis­ton xalq ta'limi a'lochisi, dotsent Rashidxon Shukurov qo'qonlik saxovatpesha tadbirkorlar   Mansurxo'ja Xo'jayev, Ibrohimjon Sulaymonov (rahmatli), Ikromjon Abdullayev, Qodirbek Ortiqov, Baxtiyor Sobirov, Sharifjon Yo'ldoshevlar yordamida Mo'ynoqda “Qo'qon bog'i”ni tashkil qilishdi. U kishi do'stlari bilan birgalikda 1000 ta mevali, 40 ming dona tez o'suvchi koliforniya teragi qalamchalarini Nukusga jo'natib, u yerda 2 gektarli yerda bog' barpo etishga katta hissa qo'shgan edi.

Qo'qon adabiy muhiti shoirlari ikki qardosh xalqning do'stligi, inoqligini olqishlab, ularning ahilligini ko'rolmagan fitnachilarga qarata ko'plab she'rlar bitishgan. Masalan, shoir Siddiq Ali bir she'rida shunday deydi:

 

Bir tandir bir jondir asli ikki el,

Azaldan oshini birga oshaydi.

Sen-ku niyatingga yetolmaysan bil,

Lekin bu ikki xalq mangu yashaydi.

Ajrataman deya o'ylama bekor,

O'zbek-qoraqalpoq et bilan tirnoq.

 

Do'rmon Yozuvchilar ijodiy uyi ham turli xalq vakillarini bir-biriga tanitishda, ijodiy hamkorlik o'rnatishda katta o'rin tutadi. Bu maskanda men O'zbekiston va Qoraqalpog'iston Xalq yozuvchisi Orazboy Abdurahmonov, filologiya fanlari nomzodi, pedagogika fanlari doktori professor Qozoqboy Yo'ldoshev, Qoraqalpoq xalq shoiri Kenesboy Karimov, turkiy xalq va elatlar tarixi bilimdoni Xayitboy Abdusodiqov, “Amudaryo” jurnali bosh muharriri Xalila Duletnazarov, Qoraqalpog'iston Yozuvchilar uyushmasi mas'ul kotibi Beknazar Ernazar, filologiya fanlari doktori Pardaboy Nurjonov, hozirgi kunda barakali ijod qilayotgan Qoraqalpog'iston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari Sog'inboy Ibrohimov, Gulnara Daniyarova, Orazboy Sotboyev, shoira va jurnalistlar Munavvaraxonim, Guliston Davletova va boshqa ko'pgina do'stlarim bilan tanishdim va ularning ijodlaridan bahramand bo'ldim. Shoira Begoyi Allaberganova bilan esa bir necha yillardan buyon yaqin dugonalarmiz.

Qoraqalpog'istonlik shoira qizlar Shoira Davletova, Munavvara Yusupova (Munisa), Muqaddas Hamrayevalar bilan “Do'rmon ijodiy klubi” seminarlarida tez-tez uchrashib, fikr almashib turamiz.

Aslida do'stlarimning har biri   haqida katta-katta maqola yozsam arziydi. Ulardan biri filologiya fanlari doktori, Pardaboy Nurjonov yaqinda qutlug' 60 yoshga to'ldi. Shu munosabat bilan u   haqida yozishni lozim topdim.

Filologiya fanlari doktori,   Nurjonov Pardaboy Erjonovich 1963 yili 25 martda Chimboy tumanida tug'ilgan.

Berdaq nomli Qoraqalpog'iston davlat universitetini tomomlagandan so'ng 1985 yili o'z faoliyatini O'zbekiston Respublikasi FAsi qoraqalpoq bo'limi N. Davkorayev nomidagi Til va Adabiyot institutida ilmiy xodimlikdan boshladi. 1989-1990 yillarda   Moskvadagi M.Gorkiy nomli adabiyot institutida fao­liyat olib bordi. So'ngra shu institutning aspirantura bosqichida o'qidi. 1994 yili “T. Qayipberganovning “Qoraqalpoq” dostoni qoraqalpoq adabiyotida birinchi tarixiy trilogiya” nomli nomzodlik ishini yoqladi. Hozirgi kunda Berdaq nomli Qoraqalpog'iston davlat universitetining filologiya fakultetida faoliyat yuritmoqda. Uning “Sveryaya s narodnoy pamyatyu” (“Xalqning merosi bilan chog'ishtirib”), “Davr talabi va ko'rkam adabiyot”, “Mustaqillik davridagi qoraqalpoq prozasi”, “XX asr qoraqalpoq adabiyotini o'rganish uchun qo'shimcha o'quv qo'llanmasi”, “Hozirgi qoraqalpoq romani poetikasi”, “Hozirgi qoraqalpoq romani”, “Qoraqalpoq adabiyotining adabiy tanqid tarixi” kabi bir necha ilmiy kitoblari bosilib chiqqan. P.Nurjonov 5-sinf­lar uchun “Adabiyot” darsligining mualliflaridan biri. Shu kungacha 200dan ortiq ilmiy, adabiy maqolalari chop etilgan.

U 1998 yildan buyon Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Shu e'tiroflar bahonasida Pardaboy Nurjonovni qutlug' yoshi bilan tabriklaymiz. Ikki qardosh elning do'stlik rishtalari yanada mustahkamlanaversin!

Farida SULTON,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi, shoira

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − 3 =