“O'zbekiston – mening ikkinchi Vatanim!”

Fazodan qaraganda bir musht bo'lib turgan Yer sharida qancha millatlar o'z kechmishini kechirgan, kechirayotir ham. Jahon ahkomini zulmatda asrab kelayotgan narsa do'stlik ekanligini bir-biriga qo'l bergan ellar misolida ko'ramiz. Bu shonli tariximizda qardosh xalqlar o'rtasida mehr-oqibatga asoslangan bordi-keldilik hamisha ezgulikka xizmat qilgan. Bugungi kunda yurtimizda yuzdan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilib keladi. Ular orasida ozarbayjonlik qardoshlarimiz ham ko'p.

Gulu Kengerli o'tgan asrning so'nggida xizmat taqozosi bilan O'zbekistonga keldi. 24 yil mobaynida Ozarbayjon axborot agentligining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo'yicha muxbiri lavozimida ishladi. 2010 yilda xorijlik jurnalistlar orasida O'zbekiston haqida juda ko'p yoritgan muallif sifatida “Oltin qalam” Milliy mukofoti g'oliblaridan biriga aylandi. Bu yerda bir qator kitoblar, maqolalar chop ettirdi. Ayni payt­­da suhbatdoshimiz bilan gurungimiz Vatan, millat, adabiyot, madaniy hamkorlik mavzulari atrofida kechdi.

– Inson uchun Vatan tuyg'usi muqaddasdir. Sizni e'zozlagan, asragan yurtni sevish esa burch. Ozar xalqining o'g'loni, o'zbekning jo'mard adibi Maqsud Shayxzoda davrning zahmatu sitamlarini xo'b totigan, umri ma'lum vaqt surgunlarda o'tgan bo'lsa-da, shu yurtni alqab, sevib yashaydi. U haqida she'ru dostonlar bitadi. Uning, ayniqsa, “Mening ikki Vatanim bor, baxtli emasmanmi?” deb aytmish so'zlari mashhur. Siz ham Ozarbayjonda tug'ilib, O'zbekistonda yashab kelyapsiz. Demak, O'zbekiston ham sizga Vatan qatorida, shunday emasmi?

– Albatta, Vatan tanlanmaydi. Vatan bu Alloh tomonidan insonga berilgan buyuk in'om. Taqdir bitigi. Har bir iymonli, vijdonli inson tug'ilgan va yashagan Vatanini ardoqlaydi. Bizning eng mashhur mug'omlardan biri “Bayoti Sheroz” mug'omida shunday so'zlar bor:

Vatanin sevmagan inson o'lmas,

O'lsa-da, ul kimsada vijdon o'lmas.

Men 1957 yilda G'arbiy Ozarbayjonning Daralayoz mavzesida tug'ilganman. Ozarbayjon davlat universitetining jurnalistika fakultetini bitirib, radioda o'z faoliyatimni boshladim. 1998 yilda Ozarbayjon axborot agentligining Markaziy Osiyodagi muxbiri sifatida Toshkentga ishga jo'natildim.

Shu taxlit taqdirim O'zbekiston bilan bog'landi. Shu yurtning tuzini ichdim, nonini yedim. Shu yerda ijod qildim. O'zbekistonning “Oltin qalam” Milliy mukofotini olishga muyassar bo'ldim. Bu mukofotni hamyurtlarimiz orasida olganim bilan haqli ravishda faxrlanaman. Chorak asr ichida o'nlab, yuzlab do'stlar orttirdim. O'zbekistonning har bir hududini kezib chiqdim. O'zbekistonning tabiati, tarixiy yodgorliklari, tanti va mehmondo'st xalqi bilan yaqindan tanishdim. Shu bilan birga, bu yurtda yashab kelayotgan vatandoshlarim bilan muloqotda bo'ldim.

Farzandlarim shu yerda ulg'ayishdi. O'zbekistondek go'zal yurtni sevmay bo'ladimi? Bu yerda yursam Ozarbayjonni, Bokuda yursam O'zbekistonni sog'inaman. Shu bois, O'zbekistonni har doim ikkinchi vatanim deb bilaman. Bilasizmi, hatto do'stlarimga aytadigan dil izhorlarim bor. O'zbekistonlik do'stlarim Ozarbayjonga boradimi, yoki Ozarbayjondan O'zbekistonga mehmonlar keladimi, ularga shunday deyman: “Vatandan – vatanga!”.

Bu so'zlar do'stlarim orasida qanotli iboraga aylanganiga necha-necha yillar bo'ldi…

– Xabarimiz bor, siz uzoq yillardan beri noshirlik faoliyati bilan ham shug'ullanib kelasiz. Yaqinda O'zbekistonda yashagan va yashayotgan ham­yurtlaringiz haqida kitob yozdingiz. Ana shu kitob haqida to'laroq ma'lumot bersangiz.  

– Men ilgari ham Ozarbayjonning yangi tarixidagi qora kunlar haqida bir qancha kitoblar yozganman. O'zbekistonda ham asosiy faoliyatim bilan parallel ravishda badiiy va publitsistik ijod bilan shug'ullandim. Shu kungacha ozarbayjonlik shoir va yozuvchilarning asarlarini O'zbekistonda chop etishga munosib hissa qo'shdim. Shu kungacha Anor, Elchin, Yunus O'g'uz, Voqif Sultonli, Hidoyat, Sobir Rustamxonli singari o'nlab ozarbayjon adiblarining asarlarini o'zbek tarjimonlari yordamida chop etdik. Shu bilan birga, 2010 yilda o'zbek shoir va yozuvchilarining asarlaridan iborat to'plamni Ozarbayjonda chop ettirdim. Ozarbayjon yozuvchilari va shoirlarining antologiyalarini o'zbek o'quvchilariga taqdim etdik. Bu borada Boboxon Muhammad Sharif, Fayzi Shohismoil, Usmon Qo'chqor, Tohir Qahhor, Shahlo Qosimova, Rustam Jabborov singari do'stlarimiz menga yaqindan yordam berishdi. O'z faoliyatim davomida Ozarbayjon olimlari, yozuvchilari, shoirlari asarlarining o'zbek tiliga tarjimasini o'z ichiga olgan 33 kitobni nashr ettirishga muvaffaq bo'ldim.

2016 yilda Ozarbayjonda nashr etiladigan “Kaspiy” jurnalining O'zbekis­tonga bag'ishlangan maxsus soniga baholi qudrat ko'mak berdim. Toshkentga kelgan ilk kunlarimdan boshlab, O'zbekistonda tug'ilgan, shu yerga kelib yashab qolgan va shu mamlakat ravnaqiga o'z hissasini qo'shgan ozarbayjonlar haqida materiallar to'pladim, ularni Markaziy Osiyo­ning bosh­­qa o'lkalarida yashagan hamyurtlarimiz haqida ma'lumotlar bilan bo­yitdim. Natijada katta bir kitob yuzaga keldi. Bu kitobda so'nggi 5-6 asr davomida O'zbekiston zaminiga kelib qolgan yoki shu yerda tug'ilib o'sgan vatandoshlarimiz haqidagi sara maqolalar o'rin olgan. Kitob o'zbek va ozarbayjon tillarida bosilib chiqdi. Hali bu boradagi izlanishlarim davom etyapti. Ma'lumotlar juda ko'p. Nasib etsa kitobning keyingi nashrlarida yana qo'shimcha ma'lumotlar kiritiladi. Bu kitob “Unutilmagan o'tmish tarixga aylanadi” deb nomlandi. Bu mening 10 yillik izlanishlarim natijasidir. Asarda tarixiy voqealarni qalamga olish bilan birga, o'sha qiyin payt­larda bir burda nonini ozarbayjonlar bilan bo'lishgan, uyidan joy bergan, ne-ne odamlarning hayotini saqlab qolgan bag'rikeng, ulkan qalb sohibi bo'lmish o'zbeklar haqida qalbimda e'zozlab kelayotgan tuyg'ularimni, yurak so'zlarimni bitganman. Shu kunlarda “Unutilmagan o'tmish tarixga aylanadi” deb nomlangan kitobimdagi qatag'on qurbonlari taqdiri haqidagi bo'limni yanada boyitib, kengaytirib, alohida kitob holida chop etish niyatidaman. Chunki, aytganimdek, ma'lumotlar hali anchagina. Ayni paytda “Surgun” deb nomlanadigan kitob ustida ishlayapman. Umid qilamanki, bularning barchasi kelgusi avlodlar uchun ajdodlar taqdirini o'rganishda bir manba bo'lib   xizmat qiladi.

– O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasida har tomonlama aloqalar yil sayin rivojlanib bormoqda. Sizningcha, adabiy do'stlikni yanada mus­tahkamlash uchun nimalar qilish kerak?

– Dunyoda bir-biriga yaqin xalqlar ko'p. Ammo ozarbayjon va o'zbeklar singari bir-biriga tili, dini, madaniyati, urf-­odatlari o'xshash xalqlarni topish qiyin.

So'nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining sa'y-harakatlari natijasida azaliy aloqalarimiz yanada rivojlanib, taraqqiy etib bormoqda. Xususan, Ozarbayjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyevning Toshkentga tashrifi munosabati bilan poytaxtda xalqimizning umummilliy lideri Haydar Aliyev nomi bilan ataladigan xiyobon ochildi. Bir necha yildan beri Ozarbayjonning O'zbekistondagi elchixonasi huzurida H.Aliyev nomidagi Madaniyat markazi faoliyat ko'rsatmoqda. Har yili qator madaniy tadbirlar, konferensiyalar, uchrashuvlar o'tkazilmoqda.

So'nggi yillarda xalqlarimiz o'rtasidagi do'stona aloqalar yanada mus­tahkamlanib boryapti. Bu borada, albatta biz ijodkorlar, yozuvchi va shoir­larning o'z o'rnimiz bo'lishi kerak. Ijodiy uchrashuvlar, xizmat safarlari, yo'l ocherklarini ko'paytirish kerak. Bordi-keldilarimiz ko'paysa, munosabatlar ham teranlashadi. Hozirgi kunda axborot internet makonida rivojlanyapti. Turli yangi-yangi telegram kanallar, saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar, sahifalarni ko'paytirish kerak. O'zbekis­tonda ozar, Ozarbayjonda o'zbek tillarini o'rganish bo'yicha ishlarni chuqurlashtirsak yanada yaxshi bo'lardi. Hozirgi davrimizda ham G'afur G'ulom va Samad Vurg'un, Zulfiya va Marvarid Dilboziylar o'rtasidagi do'stlik rishtalari kabi tarixda qoladigan abadiy do'stlik aloqalari ko'payib, mustahkamlanib, ikki xalqni bir-biriga yanada yaqinlashtirish yo'lida xizmat qilishini juda ham istardim.

– O'tgan asr boshlarida ajdodlarimiz Buyuk Turon birligi g'oyasini o'rtaga tashlashgandi. Shuningdek, ke­yingi yillarda turkiy davlatlar tashkiloti doirasida keng qamrovli aloqalar yanayam kengaymoqda. Hozir ham umumturk tili va yagona alifboni joriy etish bo'yicha turli takliflar, munosabatlar bildirilmoqda. Bu masalada sizning fik­ringiz qanday?

– Albatta, Yer yuzida 300 milliondan ortiq turkiy xalqlar vakillari istiqomat qiladi. Bir paytlar ular yagona tilda so'zlashgan. Keyinchalik turli millat va elatlarga ajralib ketishgan. Ularni yanada yaqinlashtirish, birlashtirish uchun til va alifboni umumlashtirish juda chiroyli va maftunkor g'oya. Umumturk tili va alifbosini yaratish ustida uzoq yillardan beri turli davlatlarda ko'plab olimlar izla­nishlar olib borishadi. Biroq bu masalalar shunchaki olimlar, ziyolilarning intilish­lari bilan bitib qoladigan ish emas. Bu masala davlat siyosati darajasida bo'lgani yaxshi. Mana turkiy davlatlar tashkiloti tobora rivojlan­yapti. Bugungi kunda butun dunyoda kechayotgan o'zgarishlar birlashganlar faqat muvafaqiyat qozonishini ko'rsatyapti. Biroq   butun turk dunyosini yagona davlatga birlashtirish imkonsiz. Bugun Yer yuzida kamida oltita turkiy tilli davlat mavjud. Ularnig har biri o'zining strategik maqsadlari, o'z rivojlanish yo'li bor. Har bir turkiy davlat o'z yo'lidan ketgani ma'qul, ammo bir-biri bilan aloqalarni yanada kuchaytirish lozim. Ya'ni, Yevropa Ittifoqi singari turkiy tilli davlatlar yagona, mustahkam ittifoqqa birlashsa, bundan faqat yutuqqa erishilardi. Kamina har bir qardosh millatlar qatori mana shunday ezgu maqsadlarda, orzuda yashayapman, desam bo'lar.

–       Gulu Bey, suhbat va xolis fikr­lar uchun rahmat, ijodiy ishlaringizda omad yor bo'lsin.

Nargiza ASADOVA suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × two =