O'zbek va tojik xalqi bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmog'i

O'zbekiston tashqi siyosatida dunyo mamlakatlari, eng avvalo, qo'shni davlatlar bilan o'zaro munosabatlarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani, xususan, Tojikis­ton Respublikasi bilan turli sohalardagi aloqalar tobora yuksalib borayotgani e'tirofga molik.

Darhaqiqat, o'zbek va tojik xalqi bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmog'iga qiyosdir. Bizning dinimiz, yerimiz va suvimiz bir. Bir maqsad yo'lida birlashgan holda, quvonchu shodligimizda ham, qayg'umizda ham doimo birgamiz.

Ajdodlar an'anasiga sodiq qolgan holda, xalqlarimiz o'rtasida do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va o'zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlamog'imiz shart, bu davr, taraqqiyot talabi.

Ta'kidlash joizki, ayni kunda O'zbekistonda 300 ga yaqin umumta'lim maktabida tojik tilida dars beriladi. Bir qator o'rta va oliy ta'lim muassasalarida, jumladan, Samarqand va Termiz davlat universitetlarida esa tojik filologiyasi bo'yicha kadrlar tayyorlash yo'lga qo'­yilgan. Toshkent shahri va viloyatlarda tojik madaniyat markazlari samarali fao­liyat yuritmoqda.

Shuni alohida qayd etish lozimki, ko'p millatli yurtimizda tojik va tojikzabon birodarlarimizga hurmat va ehtirom sifatida O'zbekiston Respub­likasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi muassisligidagi “Ovozi tojik” gazetasi nashr etilib kelinmoqda. Ӯnga yaqin shahar va tuman nashrlarining tojikcha sahifalari bor. Markaziy va hududiy telekanallar va radioeshittirishlarda tojik tilida ko'rsatuvlar va radio eshittirishlar doimiy efirga berilmoqda. O'tgan yili Samarqandda chop etiladigan “Ovozi Samarqand”   gazetasining 30 yilligi keng nishonlandi. Bu nashr jamoasi Jurnalistlar uyushmasi tomonidan o'tkaziladigan “Oltin qalam” tanlovining bosma nashrlar nominatsiyasi bo'yicha g'olibi hisoblanadi.

Xabaringiz bor, shu yilning 7 may kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Tojikis­ton Jurnalistlar ittifoqi o'rtasida o'zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. O'zbekiston Milliy matbuot markazida bo'lib o'tgan mazkur tadbirda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi tomonidan bir guruh jurnalistlarga Uyushmalarga a'zolik guvohnomalari hamda ko'krak nishonlari tantanali vaziyatda topshirilgan edi.

Ushbu hujjatga muvofiq, har yili ikki mamlakat jurnalistlari delegatsiyalarining o'zaro tajriba almashish maqsadida ijodiy safarlarini uyushtirish imkoniyati yaratildi.

Xususan, Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi raisi Zinatullo Ismoilzoda O'zbekistonga tashrifi davomida Samarqandda ham bo'lib, viloyatdagi ommaviy axborot vositalari fao­liyati bilan yaqindan tanishdi. Xususan, “Ovozi Samarqand” gazetasi, “Durdonai Sharq” jurnali tojik tilida, “Samarqand” va “Gulobod tongi” gazetalari o'zbek va tojik tillarida chop etilayotgani, viloyat teleradiokompaniyasida tojik tilida ko'rsatuv va eshitti­rishlar efirga uzatilayotgani, shuning­dek, bir qator sayt va ijtimoiy tarmoqlarda tojik tilida xabar va maqolalar berib borilayotganini yuqori baholadi.

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan ikki mamlakat jurnalistlari hamkorligini hududlararo yanada kengaytirish va doimiy yo'lga qo'yish bo'yicha ham qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu o'rinda, joriy yilning 11 mart kuni Tojikiston Matbuoti kuni va tojik matbuotining 110 yilligi munosabati bilan bir guruh sirdaryolik jurnalistlarning Tojikiston Respublikasi Sug'd viloyatida ijodiy safarda bo'lganini, ular Tojikiston Matbuoti kuniga bag'ishlangan bayram tantanalarida ishtirok etganini eslatib o'tish joiz.

Bundan ko'zlangan asosiy maqsad ikki qo'shni viloyat jurnalistlari o'rtasida o'zaro do'stlik rishtalarini yanada mus­tahkamlash, ijodiy hamkorlikni yo'lga qo'yish va tajriba almashishdan iborat, albatta.    

Hamkorlikning yana bir yorqin misoli sifatida shuni qayd etish kerakki,   “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda tojikistonlik jurnalistlar ham faol qatnashmoqda. 2021 yildan boshlab ularning ishtirokini kengaytirish maqsadida “Chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasi tanlovning asosiy yo'nalishiga kiritildi. Jurnalistika sohasida “Oltin qalam” XV tanlovi   g'olib va sov­rindorlari safidan O'zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayo­nini Tojikistonda keng va tahliliy yoritib kelayotgan, mamlakatlarimiz o'rtasidagi aloqalar rivojiga qo'shayotgan hissasi uchun 2021 yili Tojikiston Respublikasi hukumati qoshidagi Televidenie va radio qo'mitasi “Ovozi tojik” radiosi o'zbek bo'limi katta muharriri Atobek G'oibov g'olib­likni qo'lga kiritgan bo'lsa, bu yil Tojikistonning “Xalq ovozi” gazetasi muxbiri O'rinboy Usmon “Oltin qalam” mukofotiga munosib topildi.

“Sariosiyo” gazetasi tahririyati va Tojikistonda nashr etiladigan “Diyori Tursunzoda” gazetasi tahririyati hamkorligida 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan do'stlikni tarannum etuvchi gazetaning maxsus soni chop etilgani bu hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi, desak mubolag'a bo'lmas.

“Diyori Tursunzoda” gazetasining maxsus sonida har ikki xalqning tutash taqdiri, madaniyati, urf-odatlari hamda ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar keng yoritilishi do'stlik aloqalari va jurnalistlarning o'zaro ijodiy hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishida muhim o'rin tutishiga shubha yo'q.

Mana, 12-16 oktyabr kunlari bir guruh hamkasblarimiz – televidenie, radio, bosma va internet nashrlari xodimlaridan iborat ijodkorlar Tojikis­tonga ijodiy safar qilishmoqda. Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi taklifiga binoan 5 kun davomida mamlakatdagi qator ijodiy jamoalar xususan, gazeta-jurnal tahririyatlari, teleradiokompaniyalar fao­liyati bilan tanishish ko'zda tutilgan. Bundan tashqari, Sug'd erkin iqtisodiy zonasida bo'lish, Guliston va Tursunzoda shaharlariga borish, mamlakat poytaxti — Dushanbe shahriga ijodiy sayohat uyushtirish, Tojikiston alyuminiy zavodi muzeyi bilan tanishish, Nurek shahri,   Nurek GESida bo'lish, “Tojikfilm” va boshqa ijodiy tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishish ko'zda tutilgan.

Hamkasblarimiz ayniqsa, Tojikis­tonning qadimiy go'shalariga, ulug' zotlar qadamjolariga borish, ziyorat qilish kabi rejalar tashrif dasturidan joy olganligidan xursand. Eng muhimi, tojikistonlik ijodkorlar, ziyolilar bilan bo'ladigan uchrashuvlar, tajriba va fikr almashishlar o'zaro ijodiy hamkorlik rishtalarining yana mus­tahkam qanot yozishiga xizmat qiladi.

Olimjon O'SAROV,

O'zbekiston

Jurnalistlar uyushmasi raisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + eighteen =