Sud qonunni aylanib o'tadimi?

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda sud tizimini isloh qilish bo'yicha bir qator qonun hujjatlari amaliyotga tatbiq etilib, odil sudlovning mustahkam poydevori yaratildi. Tizimda ishni taftish tartibida ko'rish bosqichi joriy etilib, quyi sud organlarining vakolatlari kengaytirildi. Ammo hamon odil sudlov, adolat mezoniga tizimda to'laqonli amal qilinyapti deb bo'lmaydi. Yaqinda Samarqand viloyat sudining Fuqarolik ishlari bo'­yicha sudlov hay'atida bir ish muhokamasi yuzasidan kuzatuvchi sifatida ishtirok etib, adolat tamoyillaridan og'ishishning guvohi bo'ldik. Negaki, sudda ochiqdan-ochiq qonun ustuvorligiga amal qilinmadi.

“Zimmamga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga bo'ysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchim va vijdonim buyurganidek beg'araz, odil, haqqoniy bo'lishga tantanali qasamyod qilaman”. Ilk bor lavozimga saylangan yoki tayinlangan sudya o'z vakolatlarini amalga oshirishdan oldin mana shunday qasamyod qiladi. Sudyaning qasamyodi va uning tartibi haqida O'zbekiston Respublikasining 1993 yildan 2021 yilga qadar amalda bo'lgan “Sudlar to'g'risida”gi qonunining 64-moddasida, shu qonunning 2021 yildagi yangi tahriri 60-moddasida ham batafsil yozib qo'yilgan. Sudyalik qasamyodi bilan birga doim yonma-yon amal qilinadigan “sudyaning ichki ishonchi” ham bo'ladiki, u shunchaki oddiy ishonch emas, huquqiy hujjatlarda aks etgan bo'lib, qasam­yodining mantiqiy davomi sanaladi. Sudya qaror qabul qilish jarayonida qonun normalariga tayangan holda o'z ichki ishonchiga ham taya­nishi lozim. Ya'ni yakuniy va qonuniy qaror qabul qilishda sudyadagi ichki ishonch ham muhim omil hisoblanadi.

Guvohi bo'lganimiz Samarqand viloyat sudi fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'atining ayrim sudyalari qonunchilik normalariga emas, “ichki ishonch”lariga tayanib ish tutadigan ko'rinadi.

Ish holati oddiy. Da'vogar “Kattaqo'rg'on haqiqati” (hozirgi “Kattaqo'rg'on: kecha va bugun”) gazetasining sobiq muharriri Shuhrat Qarshiyev o'zini ish beruvchi — Kattaqo'rg'on tuman hokimligi tomonidan g'ayriqonuniy tartibda ishdan bo'shatilgan deb hisoblab, 2023 yil 19 sentyabrda Fuqarolik ishlari bo'yicha Kattaqo'rg'on tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritadi.

Aslida, da'vogar Kattaqo'rg'on tuman hokimining 2019 yil 5 noyabrdagi farmoyishi bilan O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 97-moddasi 4-bandiga asosan, Samarqand shahar sudining 2019 yil 1 noyabrdagi ajrimini asos qilib, egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Bu hayot turli tasodif, chigallik va noaniqliklarga boyki, bu har qanday insonni shoshirib qo'yadi. Gapning indallosini aytganda, Sh.Qarshiyev 2020 yil 7 fevral kuni jinoyat ishlari bo'yicha Kattaqo'rg'on tuman sudining hukmiga ko'ra javobgarlikka tortilib, 2023 yil 3 avgustga qadar jazo muddatini o'taydi. Belgilangan barcha jazolardan ozod bo'lgan da'vogar Kattaqo'rg'on tuman hokimligidan o'zining hujjatlari va lavozimidan ozod qilinishi haqidagi farmoyish nusxasini so'raydi. Aslida, ishdan bo'shatilgan zahotiyoq xodimning hujjatlarini unga berishi yoki poch­ta orqali yuborishi lozim bo'lgan hokimlik hujjatlarni taqdim etishni negadir paysalga solib, 2023 yil 9 sentyabrda tuman hokimining nomiga ariza bilan murojaat qilish kerakligini aytadi. Da'vogar tomonidan o'ziga tegish­li hujjatlarni olishni so'rab hokim nomiga qilingan arizadan so'ng 2023 yil 11 sentyabrda faqatgina ishdan bo'shatish to'g'risidagi farmoyish nusxasi beriladi. Mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi farmoyish mazmuni bilan tanishib chiqqan da'vogar uning g'ayriqonuniy ekanligini anglaydi va 2023 yil 19 sentyabrda ishga tiklash to'g'risidagi da'vo arizasi bilan Fuqarolik ishlari bo'­yicha Kattaqo'rg'on tumanlararo sudiga murojaat qiladi. Ishni ko'rib chiqqan sudya Suhrob Tursunov negadir tuman hokimining g'ayriqonuniy ravishda chiqarilgan farmoyishiga huquqiy baho bermasdan turib, Mehnat kodeksida belgilangan normalarni chetlab o'tib, da'vogarning da'vo talablarini rad etish to'g'risida Hal qiluv qarori chiqaradi. Bundan norozi bo'lgan da'vogar viloyat sudiga apellyatsiya shikoyati kiritadi. Ming afsuski, ishni apellyatsiya tartibida ko'rgan sud ham ishga mehnat qonunchiligi talablaridan kelib chiqib xolisona huquqiy baho bermasdan, mohiyatan birinchi instansiya sudining qaroriga mos xulosaga keladi. Adolatning ko'zlari ko'r, qulog'i kar emasdir, degan ilinj bilan taftish tartibida shikoyat yozgan da'vogar sud ishiga bir guruh jamoatchilik vakillarini ham kuzatuvchi sifatida taklif qildi. Ishda kuzatuvchi sifatida ishtirok etar ekanmiz, sud ishi avvaliga risoladagidek borganday bo'ldi.

Dastlab da'vogar Sh.Qarshiyevning ishonchli vakili — “Qomus” advokatlik hay'ati advokati Dilorom Qarshiyevaning gaplariga quloq tutamiz:

— Avvalo, da'vogar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to'g'risidagi Kattaqo'rg'on tuman hokimining 2019 yil 5 noyabrdagi farmoyishi g'ayriqonuniy ravishda qabul qilingan. Farmoyishga O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 97-moddasi 4-bandi asos qilib olingan. Ushbu bandda mehnat shartnomasi taraflarning ixtiyoriga bog'liq bo'lmagan holatlarga ko'ra bekor qilinishi qayd etilgan. Ushbu vaqtda amalda bo'lgan Mehnat kodeksining 106-moddasida mehnat shartnomasi taraflarning ixtiyoriga bog'liq bo'lmagan quyidagi holatlarda bekor qilinishi belgilangan: a) xodim harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilgan taqdirda; b) shu ishni ilgari bajarib kelgan holda xodim ishga tiklangan taqdirda; v) xodimni jazoga mahkum etgan sudning hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda, basharti buning natijasida xodim avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatidan mahrum etilgan bo'lsa, shuning­dek, xodim sudning qaroriga binoan ixtisos­lashtirilgan davolash-profilaktika muassasasiga yo'llangan taqdirda; g) ishga qabul qilish yuzasidan belgilangan qoidalar buzilganligi munosabati bilan, agar yo'l qo'yilgan qoidabuzarlikni bartaraf etishning imkoni bo'lmasa va u ishni davom ettirishga to'sqinlik qilsa; d) xodimning vafoti munosabati bilan; ye) qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Ammo ish beruvchi yuqoridagi qonun talab­lariga ko'ra da'vogarga nisbatan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bo'lmasa-da, jinoyat ishlari bo'yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 1 noyabrdagi ehtiyot chorasini qo'llash to'g'risidagi ajrimini asos qilib, 2019 yil 5 noyabr kuni ish beruvchi mehnat shartnomasini g'ayriqonuniy ravishda bekor qilgan. Ushbu holatga xolisona huquqiy baho berilishida ishni ko'rgan sudlar tomonidan ham qonun buzilishiga yo'l qo'yilmoqda. Ya'ni, ishni dastlabki bosqichda ko'rgan Fuqarolik ishlari bo'yicha Kattaqo'rg'on tumanlararo sudi sudyasi Suhrob Tursunov holat bo'yicha haqiqatni aniqlash choralarini ko'rmasdan, mehnat shartnomasini taraflarning ixtiyoriga bog'liq bo'lmagan holda bekor qilishda, qonunda aynan da'vogarga jinoyat ishlari bo'yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 1 noyabrdagi ehtiyot chorasini qo'llash to'g'risidagi ajrimi asos bo'la olmasligini bila turib inobatga olmagan. Shuning­dek, qonun talabiga ko'ra ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish uchun sudning qonuniy kuchga kirgan hukmini asos qilishi lozimligi belgilangan bo'lsa-da, hokimlikning ushbu qo'pol xatoliklari sudda muhokama etilmagan. Aksincha, hal qiluv qarorining asos­lantirish qismida da'vogarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish haqidagi sudning hukmi qabul qilinganligi holati mehnat shartnomasini bekor qilishda g'ayriqonuniylik oqibatlari mavjud emasligidan dalolat beradi, deb noto'g'ri asoslab, qonun talabining buzilishiga yo'l qo'ygan. E'tibor bering, da'vogar 2023 yil 3 avgustga qadar sud tomonidan belgilangan jazoni o'tagan. Jazodan ozod bo'lgach, 2023 yil 11 sentyabrda ishdan bo'shash to'g'risidagi farmoyish nusxasini olgan. 2023 yil 19 sentyabrda sudga murojaat qilgan. Sudning hal qiluv qarorida qonunlar noto'g'ri talqin qilinib, da'vogarning manfaatlariga zarar yetkazilmoqda. Apellyatsiya instansiya sudi ham o'zining ajrimini asoslantirish qismida “…da'vogar 2023 yil 3 avgust kuni berilgan jazodan shartli ravishda ozod qilingan bo'lsa-da, 2023 yil 19 sentyabr kuniga qadar sudga o'z mehnat vazifasiga tiklash yuzasidan murojaat qilmagan va ijtimoiy munosabat ro'y bergan payt­­da amalda bo'lgan Mehnat kodeksidagi belgilangan da'vo muddatini o'tkazib yuborgan…” deb noto'g'ri asos­lab, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini o'zgarishsiz qoldirish to'g'risida noqonuniy xulosaga kelgan.

Ma'lumki, mamlakatimizda mehnat munosabatlariga oid qonunchilik talablari ijrosi Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va uning joylardagi vakilliklari tomonidan muvofiqlashtirilib boriladi. Mazkur holat yuzasidan sud ishida ishtirok etib, qonunchilik normalari bo'yicha Kambag'allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi mehnat huquq inspektori Mansur Norboyevning fikrlari juda e'tiborli: “Mazkur nizoli holatda ish beruvchi Kattaqo'rg'on tuman hokimining 2019 yil 5 noyabrdagi da'vogar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to'g'risidagi farmoyishi noto'g'ri asos bilan chiqarilgan. Sababi, eski tahrirdagi Mehnat kodeksining 97-moddasi 4-qismi asos qilib olingan. Aynan shu kodeksning 106-moddasi qaysi qismiga asoslanilgani farmoyishda qayd etilmagan. Qayd etilgan taqdirda ham mazkur holatda qo'llanilgan moddalar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish noto'g'ri hisoblanadi. Sababi, sudning hukmi qonuniy kuchga kirmasdan turib mehnat shartnomasini bekor qilish qonunchilik normalariga mos kelmaydi. Ushbu nizoli holatda da'vogar Sh.Qarshiyevning da'vo muddatini o'tkazib yuborgan yoki o'tkazib yubormaganligi holatiga mehnat qonunchiligi nuqtai nazaridan qaraydigan bo'lsak, da'vo muddati o'tkazib yuborilmagan…”

Da'vogarning da'vo arizasi Samarqand viloyat sudi fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'atida taftish tartibida ko'rib chiqildi. Sud majlisi taraflarning ishtiroki bilan qizg'in kechdi. Ish raislik qiluvchi V.Asqarov, sudyalar N.Raxmanova va Sh. Toshpulatovlardan iborat tarkibda taftish qilindi. Sud ishining birinchi kuni qizg'in bahs-munozaralarga boy o'tdi. Da'vogarning ishonchli vakili — advokat Dilorom Qarshiyeva birinchi instansiya sudi va apellyatsiya sudlov hay'ati tomonidan ishni ko'rishda yo'l qo'yilgan xatolik­larni birma-bir keltirib o'tar ekan, taftish instansiyasi sudlov hay'atidan mazkur qonunbuzarliklarga qonuniy tartibda huquqiy baho berilishini va da'vogarning da'vo talab­larini qonun doirasida qanoatlantirishni so'radi. Kambag'allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi vakili — mehnat huquq inspektori M.Norboyev ham mazkur nizoli holat bo'yicha o'z fikrlarini bildirar ekan, ish beruvchi — Kattaqo'rg'on tuman hokimligi da'vogar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga oid chiqargan farmoyishda Mehnat kodeksi normalariga amal qilmaganligi, xatoliklarga yo'l qo'yilganligini, da'vo muddati o'tkazib yuborilmaganligini ma'lum qildi.

Javobgar tomon vakili — Kattaqo'rg'on tuman hokimligi huquqshunosi A.Islomov esa, ish beruvchi organning mehnat qonunchiligi normalarini buzganligi yetmaganidek, da'vogarning da'vo talablarini rad etishni so'rab oyoq tirab turganligi taajjublanarli.

Nima bo'lganda ham, sud majlisi muhokamasida da'vogar ish beruvchi — Kattaqo'rg'on tuman hokimligi tomonidan Mehnat kodeksi normalariga ko'ra g'ayriqonuniy ravishda ishdan bo'shatilganligi o'z tasdig'ini topdi. Lekin sudlov hay'ati Mehnat kodeksi normalariga zid ravishda qonun talablarini buzib, da'vogarning da'vosini qanoatlantirishsiz qoldirdi. Qiziq tomoni, da'vogar va uning ishonchli vakili — advokat D.Qarshiyeva tomonidan sudlov hay'atiga qaysi qonun talabiga ko'ra da'vo rad etilganligiga doir berilgan savollar sud zalida javobsiz qoldi. Sudlov hay'ati a'zolari lom-mim demasdan sud zalini tark etishdi.

Da'vogarning ma'lum qilishicha, bir necha kundan so'ng taftish tartibida ko'rilgan sud ishining bayonnomasi bilan tanishish chog'ida bayonnomaga bir qator yolg'on ma'lumotlar kiritilganiga guvoh bo'lgan. Holat yuzasidan sudlov hay'atiga e'tiroznoma kiritib, o'z fikrlarini ma'lum qilgan. Oradan bir necha kun o'tib, e'tiroznomaning muhokamasiga oid sud majlisi chaqiriladi va da'vogar tomonidan bildirilgan e'tirozlar qisman qanoatlantirilishi to'g'risida ajrim qabul qilinadi. Sudlov hay'atining “adolatliligi”ni qarangki, oradan shuncha vaqt o'tishiga qaramasdan, e'tiroznomaga oid qabul qilingan ajrim haligacha da'vogarga berilmagan. Qiziq tomoni, nega sudya­lar amaldagi qonun talablariga rioya qilmayotir?

Keyingi paytlarda sudlarga ishi tushayotgan kishilarning aksariyati nega norozi kayfiyatda ekanligini anglagandek bo'ldik. Demak, ayrim sudyalar har doim ham o'z qasamyodiga sodiq bo'lmasdan va qonun talablariga tayanib qaror qabul qilmaganligi fuqarolarning sudlarga bo'lgan ishonchiga soya solmoqda. Nima bo'lganida ham, jamiyatda inson manfaatlari va qonun ustuvorligi ta'minlanmas ekan, bu nafaqat taraqqiyotimizga raxna soladi, balki odamlarda amaldagi qonunlarimizga ishonchsizlikni keltirib chiqaraveradi.

Sud odil sudlovni amalga oshirmas ekan, hamon qonunlarni chetlab o'tar ekan, xalqning sudlarga ishonchi “o'lik” holda qolaveradi. Yuqoridagi ishga oid masalaning adolatli yechimi uchun da'vogar nahotki Oliy sudgacha borishi kerak? Da'vogar bor-yo'g'i avvalgi ishiga tiklashni, unga nisbatan mehnat shartnomasi noqonuniy bekor qilinganini nafaqat uning o'zi, balki mehnat qonunchiligiga mutasaddi idora vakillari ham ochiq-oydin ko'rsatma berib turgan bo'lsa?

Ajab savdolar?!

Ubaydulla XO'JANIYoZOV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + ten =