Said Islomxo'ja qarorgohi va Sayodxonning bog'i nega e'tibordan chetda?

Xorazm viloyati hokimi “o'qimasin!”

  • Said Islomxo'janing yozgi qarorgohi va dam oladigan imorati nega qarovsiz holda?
  • Xiva xonligining bosh vaziri haqida ishlangan film faqat “Ichonqal'a”da olinganligi rostmi?
  • Sayodxonning bog'i haqida nimalarni bilamiz?

Ma'lumki, mamlakatimizning eng qadimiy shaharlaridan sanalgan Xiva miloddan oldingi V asrda barpo etilgan. Olimlar Xiva nomini shaharning qadimiy qismida joylashgan Xivaq (Xeyvaq) qudug'i bilan bog'laydilar.

Ammo ba'zi xalq rivoyatlarida Nuh payg'ambarning o'g'li Som bo'lajak Xiva yoniga kelib quduq qazdirib, shaharga asos solgan deyishadi. Eng qizig'i, Ichonqal'ada Xeyvaq qudug'i saqlanib qolganligi rivoyatlarning haqiqatga yaqinligini namoyon etadi.

Xivaning yana bir buyukligi shundaki, u al-Xorazmiy, Najmiddin Kubro, Pahlavon Mahmud, Muhammad Rahimxon (Feruz), Munis, Ogahiy kabi buyuklarga beshik bo'lgan muqaddas zamindir.

Xiva tarixida juda ko'p xonlar yashab o'tishgan va ularning tarixi uzoq o'tmishga borib taqaladi. Xivada juda ko'p xonlar va vazirlar faoliyat olib borishgan. Ammo faqat birgina bosh vazirning nomi abadiylikka muhrlanganligining sababi nimada?

Muhammad Rahimxon II davrida o'zining zukkoligi, bilimdonligi, juda ko'p xorijiy tillarni bilishi va boshqa xususiyatlari bilan o'z o'rniga ega bo'lgan, tarixda chuqur iz qoldirgan Said Islomxo'ja haqida kinofilmlar ishlanganligi bu shaxs haqiqatan ham o'z davrining ziyolisi bo'lganligidan darak beradi.

Muhammad Rahimxonning vaziri bo'lgan Ibrohimxo'ja vafotidan so'ng otasi o'rniga uning sevimli farzandi — Said Islomxo'ja tayinlanadi. Bolaligidan diniy va dunyoviy bilimlarni egallagan 26 yashar Said Islomxo'ja yuksak iqtidori tufayli xonning nazariga tushadi va bosh vazir lavozimida saroyda o'z mavqeiga ega bo'ladi.

Said Islomxo'ja xonlikda sanoat hamda qishloq xo'jaligi ishlarini yanada rivojlantirish, savdo-sotiqni taraqqiy ettirish, xalqning savodini chiqarish borasida katta ishlarni amalga oshiradi. Xalqning to'kinlikda farovon yashashi uchun soliqlarni kamaytirish borasida bosh vazir tashabbusi bilan muhim qadam tashlanadi. Uning sa'y-­harakati tufayli Ichonqal'ada eng baland bo'lgan Islomxo'ja minorasi va madrasa qad rostlaydi. Yangi zavodlar bunyod etiladi, jadidchilik maktablari ochiladi. Vaziri akbarning tashabbusi tufayli vohaning iqtidorli yoshlari Orenburg, Turkiya va Fransiya davlatlariga o'qishga yuboriladi.

Islomxo'ja yangi islohotlarga bosh bo'ladi, me'moriy obidalar qurilishini yo'lga qo'yadi. Vazirning yana bir yangi rejasi — Xivaga temir yo'l keltirish vazifasi bo'ladi.

Ko'rinib turibdiki, yosh bo'lsa ham katta ishlarga bosh bo'lgan vazir xonning eng ardoqli va ishonchli kishisiga aylanib ulguradi. Chet ellar bilan savdo-sotiqni yo'lga qo'yadi. Muhammad Rahimxon II vafotidan so'ng taxtga chiqqan o'g'li Isfandiyorxon ham bosh vazirga cheksiz hurmatda bo'ladi. Boisi, Said Islomxo'janing tashabbusi bilan Nurullaboy qishki saroyi qad rostlaydi. Ilk bor Xivada kasalxona faoliyati yo'lga qo'yiladi. Eng quvonchlisi, xonlikni va shahar atrofini yorug'lik bilan ta'minlaydigan elektrostansiyaning foydalanishga topshirilishi, paxta tozalash zavodining yangi uskunalar bilan jihozlanishi, dorixona tashkil etilishi, aholining uzog'ini yaqin qiladigan pochta, telegraf qurilishi islohotlarning boshlanishi edi. Bosh vazirning o'z mablag'i evaziga Xorazmning bir qancha hududlarida zamonaviy maktablar tashkil etilishi esa ko'pchilik yoshlarning savodxon bo'lishlariga zamin yaratadi.

Yangi Urganchda o'g'il va qiz bolalar uchun alohida maktablar ochib, millat farzandlarining ziyoli bo'lishlari uchun qilingan ezgulik­lar asrlar o'tsa hamki, unutilmasdir.

Said Islomxo'jaga xonlikni idora etishdagi xizmatlari uchun “Vaziri akbar” unvoni berilishi bejiz emas edi.

O'z-o'zidan ayonki, ezguliklar boshida turgan bosh vazirning qilayotgan ishlari uning dushmanlariga yoqmasligi tayin edi. Shu bois qabih niyatli kishilar Said Islomxo'janing joniga qasd qilishadi…

Xizmat safari asnosida Said Islomxo'ja faoliyat olib borgan va chet ellik elchilarni hamda fuqarolarni qabul qilgan qarorgohida hamda dam olish uyida bo'ldik. Nadomatlar bo'lsinki, bir paytlar salobati va hashamati bilan dillarni maftun etgan imoratlar bugun qarovsiz qolib ketgan. Binolarning tevarak-atrofi tashlandiq holda yotibdi. Nazarimda, keng xonalar, qarovsiz binolar uzra ezgulik elchisi Said Islomxo'janing notinch ruhlari kezib yurgandek… Boisi, bugungi avlodning, mas'ullarning beparvoligi, loqayd­ligi tufaylimi, bir paytlar xorijlik elchilar ham ko'z qamashar hashamatiga maftun bo'lgan imoratlarning hozirgi kunda hamon muzeyga aylantirilmay e'tibordan chetda qolib ketayotganligi, obod qilinmayotganligi achinarli holat emasmi?!

Boshi tanasidan judo qilingan bosh vazirning ko'rkam siymosi ko'z oldimizda gavdalanadi… Ajabo, oppoq soqolli nuroniy donishmand qiyofasida… Said Islomxo'janing nimadandir noroziligi nigohlaridan ko'rinib turgandek edi… Eli va yurti uchun ezgu maqsadlar yo'lida belini mahkam bog'lab, xayr­­li ishlar bilan o'rtaga chiqqan bosh vazirni vatandoshlarining xoinligi, xiyonati, yaxshiliklarga nisbatan qilingan yomonliklar marhumni hamon azoblayotganini his etish qiyin emas.

Atrofda nomsiz bir sokinlik hukmron. Jimjitlik uzra el-ulusni yaxshiliklar sari boshlagan, aholining halovati, farovonligi uchun fidoyilik qilgan bosh vazir xotirasiga tilovat qilib, bir paytlar xalqning arzi ting­langan, adolatli qarorlar qabul qilingan mo''tabar dargohning muqaddas ostonasidan ming bir hayajon va hayratlar bilan hatlayman.

O'zining xayrli va barokatli tashabbuslari bilan xalq orasida keng hurmat qozongan Said Islomxo'ja yashagan va fuqarolarni qabul qilgan imoratning bugungi kunda negadir e'tibordan chetda qolayotganligi kechirilmas holdir. Mazkur muqaddas binoning peshtoqiga shunday yozuvlar bitilgan: “ISLOM XO‘JA YOZGI QARORGOHI ARXITEKTURA YODGORLIGI XIX ASR DAVLAT MUHOFAZASIGA OLINGAN”

Xo'sh, mazkur imorat davlat muhofazasiga olingan bo'lsa, nega qarovsiz holga tushib qolgan? Nahotki bu tarixiy imoratni ta'mirlash, bu yerga sayohatchilarni jalb qilish, ziyoratgohdek bir maskanga aylantirish juda qiyin?

Hatto bir paytlar devorga ilingan yozuv­ning uniqib ketganligi loqaydlikdan darak bermaydimi?

Imoratdagi bir-biridan go'zal xonalar bo'm-bo'sh holda o'z holiga tashlab qo'yilgan. Binoning orqa tomonidagi ayvonga qalashtirib tashlangan xaltalar bu mo''tabar dargohning husnini buzib turganligi yaqqol ko'rinib turibdi. Islomxo'janing o'zi bosh bo'lib qurdirgan, ammo bugungi kunda g'ishtlari to'kilib, qarovsiz qolgan hovuzning sakkiz burchakli shakli hayratni oshiradi. 8 raqamining sirliligi nimada ekan?

Binoning orqa tomonidan tepaga, imoratning tomiga chiqiladigan, taxtadan ishlangan kungurador zinalarga ishlov berilsa, sayohatchilarning hayratini, qiziqishini oshirishi turgan gap. Binoning singan derazalari o'rniga faner qoqib qo'yilganligini ko'rgan kishining yuragi yig'laydi.

Ushbu muborak dargoh go'zal holda ta'mirlansa, xorijliklarni maftun qiladigan muzeyga, muhtasham bir qadamjoga aylanishi turgan gap.

Mazkur binolarning qo'riqchisi Nizomiddin ismli xodim Said Islomxo'ja xuddi shu joyda xorijdan — Turkiya, Germaniyadan kelgan elchilarni qabul qilganligini ta'kidlaydi.

Ushbu imoratga tutash joylashgan yana bir ikki qavatli binoda bosh vazir yashagan ekan. Jimjimador ayvonchali, g'oyat go'zal did va mahorat bilan qurilgan binoning yozda salqin, qishda issiq bo'lishida qanday karomat va sir-sinoat yashirin? Ushbu xonalarning ba'zilaridan o'sha paytda sovitkich sifatida foydalanilgan. Hatto yozi juda issiq keladigan saraton chillasida ham, qishning izg'irinida ham turli xildagi mevalar bus-butun saqlangan. Yerlik aholi ushbu binolarning devorlari loy paxsadan qurilib, eni 2 yarim metrdan ziyod bo'lganligini ta'kidlashadi.

Ayni paytda bosh vazir dam olish uyi­ning ikki xonasida “MADANIY MEROS OBYEKTLARI RESTAVRATSIYASI DIREK­SIYASI” DAVLAT MUASSASASI XIVA MIN­TAQAVIY RESTAVRATSIYA MARKAZI” faoliyat olib borayotgan ekan.

Said Islomxo'ja istiqomat qilgan xonalarni kirib ko'rganimizda o'sha davr ruhiga monand saqlanib qolgan naqshlar, moziyni eslatadigan lavhalar e'tiborni tortdi. Tepadagi naqshlarning jozibadorligi kishini hayratga soladi. Asrlar oshsa hamki, nuramay kelayotganligi — ikki qavatli binoning g'oyat puxta va arxitektura talablariga monand qurilganligidan darak beradi.

Binolarning oldida bir paytlar gulzorlar barq urib gullagan maydonchalari bugungi kunda yantoqzorga aylanganligi kechirilmas holatdir. Atrofiga pishgan g'ishtlar terilgan gulzorlar qovjirab, hech narsa ekilmasdan qolgan. Qarovsiz bu yerlarga gul, turli daraxtlar ekilsa, imoratlarning yanada fayzli ko'rinishga ega bo'lishini nahotki his qilmaymiz?

Taklifimiz: mazkur tarixiy obidalar o'tgan asrlarga monand holda ta'mirlanishi, sayohatchilarning kelishi uchun imkoniyat yaratilishi zarur! Said Islomxo'janing yozgi qarorgohi hamon saqlanib qolganligi haqida rolik va reklamalar qilinsa, albatta, xorijlik sayohatchilarning yurtimizga tashrifi yanada ko'paygan bo'lardi.

Darvoqe, mamlakatimiz ijodkorlari ishtirokida Xiva xonligi bosh vaziri Said Islomxo'ja haqida film ishlanganligi rost. Ammo negadir bu film faqat “Ichon­qal'a”da olinganligi taajjublanarli… Axir Xivada bosh vazirning yozgi qarorgohi hamda dam oladigan uyi bo'lgani holda, voqealar faqat “Ichonqal'a”da bo'lib o'tishi biroz sun'iylik tug'dirmaydimi?

Agarda mazkur film ushbu tabarruk imoratlarda olinganida, yanada ishonchliroq va tabiiyroq yaratilgan bo'larmidi…

* * *

Afsuski, go'zal Xiva zaminida bugun faqatgina Said Islomxo'janing yozgi qarorgohigina emas, balki boshqa qadamjolar ham xarob ahvolga tushib qolgan. Ana shunday obidalardan biri Sayodxonning bog'idir.

Darvoqe, Sayodxonning bog'i. Biz bu haqda nimalarni bilamiz? Xiva shahar hokimi-chi, bu tarixiy va madaniy maskanlarga kelib, bu joylarni obod qilishni o'yladimikin? Qaydam. Agar shunday bo'lganida… ahvol ayni payt­dagidek achinarli holatda bo'lmas edi-ku!

…“Sayodxon va Hamro” dostonini eshitmagan odam kamdan-kam topiladi. Mashhur san'atkor Komiljon Otaniyozov shunday kuylayapti:

Kel, bolam, istarlar seni,

Istaging bog'dadir bog'da.

Bolam, qazongni olayin

Istaging bog'dadir bog'da…

 

Mohi munavvardir yuzi,

Shakardin shirindir so'zi.

Mamatxon podshohning qizi

Sayodxon bog'dadir bog'da.

Qo'shiq davom etaveradi. Eshitguvchi esa musiqaga mos tebranib eshitaveradi, eshitaveradi. Qaniydi, ohang to'xtamasa. Qo'shiq tugamasa… dostonning oxiri bo'lmasa…

Darvoqe, xivalik, ayniqsa, sayodlik mahalla keksalari aytgan e'tiroflar — ularning bobolarining bobolaridan eshitganlari haqiqat ekanligiga ishonamiz. Xivada xonlik qilgan Muhammadshohning “uzumning suvi”dek go'zal Sayodxon ismli qizi bo'lgan. Xon qiziga atab 40 gektardan ziyod maydonga turli-tuman mevali daraxt ko'chatlarini ekib bog' qilgan va to'rt qavatli chodra hovli qurdirgan. Bu yerda malika Sayodxon 40 nafar kanizak qizlar bilan birga sayr qilishgan, dam olishgan.

Biz Xivaga safarimiz davomida mashhur “Sayodxon va Hamro” dostonining sevikli qahramoni Sayodxonning bog'iga borishni ham ixtiyor etdik. Boqqa kirish uchun o'sha davrlarda o'rnatilgan darvozaga ilib qo'yilgan yozuvni qiziqish bilan o'qiymiz:

“CHODRA HOVLI. ARXITEKTURA YOD­GORLIGI. 1871-YIL DAVLAT MUHO­FAZASIGA OLINGAN”

Baland paxsa devorlar bilan o'ralgan boqqa kirishingiz bilan ko'zingiz chappar urib gullagan mevalarga tushadi. Yo'lak bo'ylab yurib kelar ekansiz, o'ng va chap tomonda yashnab turgan bog'larning zavqidan hayajonlanasiz… Bolarilar gullarga qo'nib, asal yig'ishga ulgurib qolishga shoshilmoqda, kapalaklar gullarning hidiga mast bo'lib quvlashmachoq o'ynamoqda…

Tevarak-atrof shovqinlardan xoli, sokin. Yurib kelaverasiz… Yo'lak adog'ida, qarshingizda qadimiy arxitekturaga monand qurilgan, ammo xaroba bir binoga to'qnashasiz. Ajabo, bu qanday bino bo'ldi? Atrofda odam zoti yo'q. Bino ichiga kirib, tashqarisidan ham ayanchliroq manzaraga ko'z tushadi. Xonalarning pollari, derazalari qo'porib tashlangan, shift tomining loyi oqib tushgan, o'sha yoriqlardan har yer-har yerda quyoshning nurlari tushib turibdi. Faqat tuproq, kesaklar uyumiga to'lgan xonalar…

Ajabo, bir qaraganda qadimiy uslubda qurilgan binoyidek bino xarobaga aylanayozgan. Imorat qurilgan paytida uning oldi va orqa tomoniga yog'ochdan ishlangan qadimiy naqshinkor ustunlar o'rnatilganligidanmi, haliyam jozibasini yo'qotmagan…

Yerlik aholining aytishiga qaraganda, bu bino 1969 yilda Sayodxon bog'ining ishchilari uchun dam olish xonasi sifatida qurilgan ekan. Mazkur hududda yashayotgan keksalar bu binoning foydalanishga topshirilish tantanasida mashhur san'atkor Ullibibi Boyjonova ishtirok etganligini hikoya qilishadi. Go'zal xotiralarni saqlayotgan bino nima uchun qarovsiz qoldirilgan ekan? Ba'zi yerlik aholining fikrlariga ko'ra, ushbu binoni qaysidir tadbirkor sotib olganmi yoki mahalliy rahbarlarning e'tiborsizligimi, xullas, tashlandliq ahvolga kelib qolganligi achinarli.

Binoni aylanib o'tar ekanmiz, to'rt qavatli naqshinkor chodraga ko'zimiz tushadi. Beixtiyor o'sha tomonga shoshilamiz.

Ajabo! Bu qanday go'zallik bo'ldi? Bu ko'shk, aslida, mahoratli, tajribali quruvchilarning mahobatli ishlarining namunasidir. Necha asrlarki, yashab kelayotgan chodra. Sayodxonning ko'shki… Muhammadxon qiziga bo'lgan mehri va hurmati ramzi bo'lgan imoratni aylanib-aylanib tomosha qilaman. So'zlashga til ojiz, beqiyos go'zallikdan hayratga tushaman. Asrlarni kuzatgan gujumning soyasiga tashlangan gilamchaga cho'kkalayman. Qariyb yarim soatlar o'tgach, uzoqdan ikki erkak kishi ko'rinadi.

— Assalomu alaykum…

— Mehmonni olib keldim, — deydi xivacha talaffuzdagi kishi. — Fransiyadan kelibdi. Sayodxonning bog'ini, Sayodxonning chodrasini ko'rishga qiziqibdi…

Fransiyalik sayohatchi yigit qo'lini ko'ksiga qo'yadi. Sof o'zbekcha so'rashuv.

Daniel tarixiy joylarni tomosha qilishni xush ko'rar ekan. U chodra tepasiga chiqmoqchi bo'ladi. Ammo eshikning qulflog'lik ekanligini bilib shashti qaytadi. Arxitektura yodgorligini aylanib-aylanib tomosha qiladi. Zavqini yashirolmaydi. Tabassum qiladi. Esdalik uchun suratga olib qo'yaman. Nim tabassum bilan yana qo'lini ko'ksiga qo'yib xayrlashgan bo'ladi.

O'zimcha o'ylayman. Mana shu joylarni obod qilib, muzeyga aylantirishning vaqti kelmaganmikan? Yoinki shu hududdagi vayrona binoning qarovsiz qoldirilganligi “Chodra hovli”ni ko'rishga kelgan sayohatchilarning ta'bini xira qilishi kundek ayon emasmi? Nimaga bunchalik befarqmiz?

Ana shunday fikrlarga bog'lanib, gujumlar soyasidagi gilamcha ustida ancha o'tirdim.

Bir payt uzun bo'yli, oq sariqdan kelgan kishi ko'rindi. Ushbu chodraga ko'z-quloq bo'lishni o'zining insoniylik burchi deb biladigan, bog'da ekin-tikin qiladigan Botir ismli hoji ota ekan. Uning ziyrak nigohlari ko'ng­limdagi o'ylarimni sezgandek bo'ladi:

— Yuqoriga, tepaga chiqmoqchimisiz? — so'raydi hoji ota Chodraning naqshinkor ustunlariga ishora qilib.

— Mumkin bo'lsa…

— Hozir…

Otaxon shunday deya cho'ntagidan kalit chiqarib, eshikka solingan qulfni ochdi.

Ichkariga kirib hayratim shoshadi… Birinchi qavatning zinasi toshdan, to to'rtinchi qavatgacha taxtadan qilingan nozik zinalar yordamida tepaga ko'tarildim. Har qavatda 2-3 tadan xonalar mavjudki, ammo hammasi ta'mirga muhtoj…

Nihoyat, chodraning to'rtinchi qavatiga ko'tarildim. Atrofni kuzatish ham oson, ham qiyin. Ko'zingiz tinib ketadi… Naqshinkor ustunlar naqqoshlarning mahoratidan va yuksak iqtidoridan darak beradi. Faqat Xivaga xos bo'lgan naqshinkor ustun-o'ralar mohir naqqoshlarning igna bilan quduq qazigani kabi mashaqqatli mehnatining mevasi, odamning zavqini oshiradi.

Bir payt… qandaydir nozik saslar eshitilgandek bo'ladi. Sekin quloq tutaman. Ana, qizlarning kulgisi jaranglayotir. Qirq kanizak. Ularga javoban Sayodxonning-da nozli kulgisi eshitiladi go'yo. Xonning sevimli qizining gulgun chehrasi betakror go'zallikni namoyon etadi. O'ta maftunkor oraz… qirq o'rim sochlar… Malikaning boshida xorazmcha taxya-do'ppi. Do'ppini aylantirib tikilgan tangachalar yonayotgandek ko'rinadi. Shamchalarga qo'shilib do'ppidagi tovusning pati shamolda hilpiraydi… Shu payt Sayodxon yonida qizlari bilan ko'shkka chiqib keladi. O'zimni chetga olmoqchi bo'laman.

— Voy-ey, yiqilib ketishimga bir baxya qoldi…

Buni kim aytdi, o'zimmi yoki qizlarmi?..

Taxtadan naqshlar aralash yaratilgan panjaralar tutib qoladi soyalarni… Panjaralar uzra pastga bir tutam kokillar egiladi, shivirlashlar eshitiladi. So'ng kuy chalinadi.

Bir jarangli ovoz keladi:

 

Panjaradan moyil-moyil boqqan yor,

Yor, qora ko'zlaring na tilar mannan?

Shirin jonim ishq o'tina yoqqan yor,

Yor, qora ko'zlaring na tilar mannan?

 

Ie, bu kim bo'ldi? Darvoqe, Sayodxonga oshiq bo'lgan yigit Hamroning ovozimi? Buncha viqorli, buncha o'ktam ovoz…

Yigitning ta'rifu tasnifi tamom bo'lishi bilan Sayodxonning nozli kulgisi eshitiladi…

Xayolmi, tushmi, bir lahzada yo'qoldi.

— Bu chodrada xonning qizi Sayodxon qirq kanizi bilan dam olgan, bog'da sayr qilgan, — hoji otaning ovozi xayollarimni tarqatib yubordi. — Bu chodraning tevarak-atrofi ko'l bo'lgan. Shunaqangi chuqur ko'l bo'lganki, chodraga qayiqda kelishgan. Xuddi mana shu eshikning oldigacha kelgan qayiqlar… — hoji ota bobosidan eshitganlarini hikoya qiladi. Chunki uning otasi ham, bobosi ham shu bog'da bog'bon bo'lishgan. — Bu yerdagi malika va kanizlarga qarovchi yigitlar ham shu qizlardek bo'lishgan… Xon saroyidagi tabiblar yigitlar qizlarga yomonlik qilib qo'yishidan hadiksirab, ular orasida dahshatli jarrohlikni amalga oshirishgan…

Negadir yig'lagim keladi…

— Mana bu eshikda arabcha yozilgan so'z bor. Bu so'zni arab imlosini biladiganlar o'qiy olmadilar. Faqat ko'p yillar oldin Arabis­tondan kelgan bir olim o'qidi va shunday dedi: “Eshikdagi yozuvning ma'nosi shuki, bu yerdagi qirq qiz va malika yashaydigan bu chodra ko'zlardan panada bo'lgan, qizlar halol holda saqlangan degan mazmunni uqish mumkin ekan…”

Eshik juda qadimiy. Naqshinkor. Necha asrlarni qaritgan. Arabcha imloda yozilgan so'zni silab qo'yaman…

— Bu loydan tiklangan paxsa devorlarning eni ikki yarim metrdan ham ziyod holda qurilgan, birinchi paxsani qo'yishganida devorga uriladigan loyni ot-aravada olib chiqqanlar. Aravalar devor ustida bemalol yurib ketavergan. Shuning uchun ham qishda issiq, yozda salqin bo'ladi. Chodraning birinchi qavatidagi xonalarida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashgan…

— Biroz ta'mirga kelib qolibdi…

— Ha, o'g'lim bilan o'tgan yili loysuvoq qilgan edik… Savob uchun shu chodraga qarab turaman. Bo'lmasa, allaqachon buzilib ketgan bo'lardi… Egasiz bo'lsa, hech narsa qolmaydi…

Xorazmning milliy daraxti sanalgan 40 ta gujum yerga tangadek quyosh nurini tushirmaydi. Gujumlarning barglari mayin epkinda hilpiraydi..

Gul ekish uchun mo'ljallangan, kaftdek kichik-kichik gulzorlarga qarab fikr qilaman.

— Bu yerlarga gullar ekib qo'yilsa, anavi xarobaga aylanib qolgan imorat ta'mirlansa, sayyohlarning qadami uzilmas edi, — deyman.

— Albatta, — fikrimga qo'shiladi otaxon. — Turmush o'rtog'im har yili chiroyli gullar ekadi…

— Bu chodrani tiklash paytida paxsa quriladigan devor tagiga qum to'shalgan va ustidan tog'lardan keltirilgan yirik-yirik tosh­lar o'rnatilganidan so'ng loydan paxsa devor urilgan. Shunaqa mustahkam qilib qurilgan bu chodra…

Otaxon hikoya qilaveradi. Xayolimda o'tmish jonlanadi…

Maqolamiz so'ngida mamlakatimizda madaniy, tarixiy obidalarga mas'ul idoralar va Xorazm viloyat hokimligi  amaldorlariga taklifimiz ushbudir: Xiva xonligi davrida bosh vazir bo'lgan Said Islomxo'ja qarorgohi va  Sayodxonning chodrasi go'zal holda ta'mirlanishi shart! Fransiyadek davlatning fuqarosini qiziqtirgan bu qadamjolar boshqa minglab sayyohlarni ham jalb etishi mumkin. Qolaversa, nafaqat sayyohlar, o'z xalqimiz, yoshlarimizning ham sevimli qadamjosiga aylanishi kerak bo'lgan bu joylar nima uchun hozirgi kunga qadar e'tibordan chetda, qarovsiz xolda qolmoqda? Bunday bo'lmasligi uchun esa mas'ullar o'z vazifalariga sidqidildan, vij­donan yondashishlari shart va zarur!

Xivada faqat “Ichonqal'a” bilan kifoyalanib qolayotgan sayyohlarga Xiva xonligi bosh vaziri Islomxo'janing qarorgohini, Sayodxonning bog'i va chodrasini ham ko'rsatish kerakligini unutmaslik zarur.

Zero, sayyohlikni yo'lga qo'yish — mamlakat taraqqiyotini yanada rivojlantiradi.

Feruza TANGRIBERGANOVA,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × two =