Badarğa
Ilhom AHROR
(Voqeiy hikoya)
1
Uka mamlakat teatrlarida qöyilgan sahna asarlari bilan el orasida nom qozongan akaning uyiga keldi. Aka — Muzaffar Töqsonov nufuzli bir teatrda adabiy emakdoş vazifasida işlar, qişloqqa juda kam borar, borganda ham qaysidir bir taniqli sanʼatkorni boşlab borar, barçaga: “Kördingizmi, bu safar kim bilan keldim?” deganday bölardi. Sodda qarindoşlar “mehmon” talaşib qolardilar. Öşa payt kimdir töy qilsa va ularni taklif etişsa, albatta, borişardi. Lekin adabiy emakdoşning tadbiri bilan töy boşlanib, odamlar yiğilib bölgandan keyin davraga kirib borardilar. Har kuni televizorda köradigan sanʼatkorni körib, odamlar ularni qarsak bilan kutib olişardi. Qadrli mehmonga söz berişganda, MuzaffarTöqsonov u bilan birga çiqar, davra boşlovçisining maqtovlariga qanoat qilmay, özini mehmondan ham jiddiy tutib, ikkovlariga daxldor şarafli sözlarni qalaştirib taşlardi. Ular davrada uzoq ötirişmasdi, töy yarmiga yetmay qözğalişar, sababini söraganlarga: “Boradigan joyimiz bor”, deyişardi. Aslida, ular Muzaffar Töqsonovning ota hovlisiga kelişar, ziyofatni öşa yerda yaşirin tarzda davom ettirişardi.
— Hafta oxiri — yakşanba kuni töy qilayapman, sizni aytgani keldim, — dedi uka.
— Qönğiroq qilsang böldi edi, kelib ovora bölibsan-da! — şunçaki köngil uçun sözlayotgani bilindi Muzaffarning.
— Murod akam, borib aytmasang u kelmaydi, dedilar. Şunga…
— Murod akam boşqa, sen boşqasan. Ular töy qilganda ijodiy safarda edim.
— Mening töyim kuni ham “ijodiy safaringiz” çiqib qolmaydimi?
— Ahadjon, aytayapman-ku senga, akam boşqa, sen boşqasan. Töydan oldin borib, töyonalarini berib keldim, yangang bilan jiyanlaringni yubordim. Baribir, ortimdan gap-söz qilganlari-qilgan.
— Xalq artisti Suhrob Jiyanovni töyga olib kel, degan ekanlar, ğalati gaplar qilibsiz.
— Töğrisini aytdim-da! U insonning töyga borib ötirişining özi ikki yuz-uç yuz dollar, tilak aytib, bir monolog aytsa, narx beş yuzga çiqadi. Davra boşqarişi ming dollardan kam emas. Iye, nega labingni çöççaytirasan? Mening ham töyga borib ötirişim, sözlab monolog aytişimning baholari bor. Uka, el orasida obrö qozonişning özi bölmaydi. Hurmat qozondingmi, uni saqlaş kerak. U jiyanim, bu toğam, amakim deya töylarga şunçaki boraversang, qadrsizlanasan. Heç kim töyiga aytmay qöyadi. Odamlarda baʼzan “işi köpligidan, falonçi qarindoşining töyiga kelolmadi, u kelganida töy juda fayzli ötardi”, degan tasavvur uyğonişi kerak. Öşanda seni izlaşga tuşadilar, töylariga qöyarda-qöymay olib ketişadi. Bölar-bölmas töylarda iştirok etmaslik bizga öxşaganlarga daromadli töylar olib keladi bilsang!
— Umid qilamanki, aytgan gaplaringiz menga, bölajak töyimga taalluqli emas, — deb örnidan qözğaldi uka va eşik tomon yönaldi. — Öqituvçiman, töyga, albatta, barça kasbdoşlar keladi. Ular orasida sizni öqitgan ustozlar ham bor. Bormasangiz, uyalib qolaman. Biror taniqli aktyorni olib borişingiz şart emas. Qişloqda ulardan köra sizning hurmatingiz zör. Ular aktyor bölsalar, siz dramaturgsiz.
— Nima böldi, nega birdan örningdan turding? Bugun yotib qolmaysanmi? Ha, töyga tayyorgarlik de. Hozir… meni bir oz kutib tur, — dedi Muzaffar Töqsonov va yotoqxonasiga kirib ketdi, bir muddatdan söng qançadir pul olib çiqib, ukasiga uzatdi. — Mendan töyona!
Ahad akasining qölidagi pulga bir zum tikilib, uni olişni ham, olmaslikni ham bilmay qoldi. Çunki biror qarindoşga töy oldi töyona berdimi, uning töyiga bormasligini bilardi. Ammo beixtiyor qöl çözdi. Qaytarkan, öyladi: “Töyga bormaydilar”.
2
Ikki bolaning qöliga bir xil öyinçoq bering, har biri öziniki bilan maşğul böladi. Qaysi birining ota-onasi olib bermagan bölsin, oraga boşqa bir öyinçoq qöşilsa, uni talaşadilar. Bu bolalarça samimiyat. Kattalar ham, aslida, şunday. Ular özlariniki bölmagan uçinçi “öyinçoq”ni talaşişadi. Faqat nafs nazari bilan. Baʼzilar oçiq, ayrimlar yaşirin.
Muzaffar Töqsonov pensiyaga çiqqaç, öz uyida xor bölib qoldi. Buning ustiga, közlari oldin xiralaşdi, keyin butunlay körmay qoldi. Özi qişloqdan uylanib şaharga olib borgan xotini uning nihoyatda injiqligini peş qilib, unga qöl uçida xizmat qiladigan bölib qoldi. Qizlar turmuşga çiqib ketgan, ikkinçi bor uylangan yolğiz öğil otaga tamomila beparvo edi. Xotinining gapidan çiqmas, qaynotasi qizi yaşaydigan hovlini özinikiday bilar, kelganida qudasini kirib köriş xayoliga kelmasdi. Ularga töşalgan tökin dasturxondan Muzaffar benasib edi; uni çaqirişmas, qilingan ovqatdan bir kosa kiritib yuborişardi. Şunday hollarda Muzaffarning söqir közlaridan yoş oqardi: “Bularga men nima yomonlik qildim? Ijarama-ijara sudramay deb uylanişim bilan ikki xona va ayvonçasi bölgan hovli sotib oldim, uning şu holga kelişiga qança zahmat çekdim. Endi öz uyimga begonaman, begona!” Bu alam har mehmon kelganida va uydagilari öğilning maşinasida qudasinikiga borişganida öy-xayolidan tölğonib tiliga çiqar, har safar baqirgança: “Böldi, sizlarga kerak bölmasam, ukalarimga kerakman, ular meni bu ahvolga solmaydilar, ertagayoq qişloqqa ketaman. Menga tegişli narsalarni töplab qöyinglar va menga bir yuk maşinasi toping. Ertaga pensiyam çiqadi, narxini özim tölayman”, derdi.
Bu gaplardan xotinining unga nisbatan muomalasi özgargandir, deb öylarsiz. Boşida şunçaki aytayapti, bu ahvolda qayerga ham borardi, deb öylab yurdi. Ammo bir kuni özi boş bölib, Muzaffarning ota-onasi töylarigaça olib bergan eski sandiqni uning kiyim-keçaklari bilan töldirdi, onasi tikkan körpa-körpaçalarni boğlab, uning ustiga qöydirtirib, “ketsang, ana katta köça” deganday iş tutdi.
3
Ota hovli Murod akasi va kenjasi örtasida ançagaça talaş bölib yurdi. Murod ota hovlida mening ham haqim bor, desa, Ahad ota hovlining kenjaga qolişi ota-bobolarning yozilmagan qonuni deb turib oldi. Akasi özi solgan imorat va otasi unga bağişlagan bir uy va dahlizni yiqib ketgaç, uyning bir tomoni oçilib qoldi. Ahad ham şunday qildi. Murod akam ketgan bölsa, Muzaffari keladi, deb öziga tegişli imoratni yiqib, öziga boşqa joydan manzil qildi. Lekin ota-onasi qarilik davrlarida yaşagan imoratga tegmadi. Akasi bilan yerning bir qismini sotib, pulini bölib oldilar. Bu maşmaşadan Muzaffarning xabari bor edi, albatta. Hatto közi oçiqlik paytida ham ota hovlida mening ham uluşim bor deb hisoblar, taşlandiq ahvolda yotgan ota hovliga imorat soliş, xotini bilan qarilikda yaşaşni möljallagan, bu haqda ukasi Ahadga bir neça bor aytgan ham edi.
Muzaffar qişloqqa kelişi bilan Ahad uni ota hovliga joylaştirdi. Kunda undan xabar oladigan böldi. Bir-ikki kun kelmay qolsa, akasining injiqligi tutib, olib kelgan ovqatni uning oldiga surib, “buni özing ye” deb aççiqlanardi. Ahad bundan ranjib ançagaça kelmas, Muzaffar ayb özida ekanligini öylamay, özini körgani kelgan qarindoşlariga ukasini yomonlardi: “Ön-ön beş kunlarda bir körinadi”. Bu gap Ahadga yetgaç, u bir kuni jahl bilan kirib keldi.
— Yaşaşga qöyasizmi meni? — xasta bir tovuşda dilidagini yaşirib ötirmadi Ahad. — Murod akam ham, siz ham şahardalik paytingizda meni öyladingizmi? Ikkingiz ham öşa yerlarda uy-joy qildingiz, bolalaringiz maza qilib yaşaşayapti. Murod akam meni boşqa joyga köçişimga majbur qildilar. Endi siz şu ahvolda kelib, el-ulus oldida malomatga qoldirayapsiz meni.
— Nima qildim seni malomatga qoldirib?
— Odamlarning, közi ojiz akasini yolğiz taşlab qöyibdi, uni uyiga olib borsa bölmaydimi, degan gapi malomat emasmi? Nima qilay, xotinim betob — har zamon huşidan ketib qoladi. Kelinga kelsak, özingiz kelin heç qaçon farzandingizday bölmasligini körib-bildingiz-ku axir! Keyin yangam bilan gaplaşdim, u kişini heç kim haydagani yöq, dedilar.
— Erni uydan ketkiziş uçun, itni quvganday, unga ket deyiş şart emas.
— Aka, tuşunsangiz-çi, oldinda qiş. Inson ikki mahal ovqat yeyişi kerak. Uyingizga har kuni ikki bor keliş biz uçun osonmi?
— Kelmasang kelma, özim amallayman.
— Ana, yana ranjişga ötayapsiz! Uç oy bölibdiki, biror marta pensiya pulingizdan berib, menga bozorlik qilib kel, dedingizmi? Yaxşigina pensiya olasiz. Axir men ham odamlarning uyida qora işlar qilib pul topaman. Rossiyada işlab yurganimda, ahvolimiz biroz tuzuk edi. Endi u yerga borib bölmay qoldi. Öğlim — jiyaningiz ham men kabi usta, goh işi bor, goh yöq. Xöp, şu uyda turar ekansiz, nega yangamni olib kelmaysiz? Qizlarni uzatgansizlar, öğlingizning ikki farzandi bor.
— U ham qişloqda gaz yöqligi, çiroq öçişini bahona qiladi.
— Özingiz-çi? Nega şuni hisobga olmaysiz? Aka, egilgan boşni qiliç kesmaydi, deydilar. Uyingizga qayting.
— Bundan köra, “keting, uy menga qolsin” demaysanmi?
— Mana, gap qayerda? Hamma ayb özingizda ekan.
— Sen ham, Murod akam ham oladiganingizni oldingiz. Endi bu yoğiga işingiz bölmasin. Mening öligim şu uydan çiqadi.
— Aka, şu uy sizniki. Öğlingizga ayting, uyni öziniki qilib olsin. Faqat hozir uyingizga qayting.
— Sen dunyodagi eng xudbin odamsan, — ödağayladi Muzaffar. — Mana, Şamsiddin şahardan uylandi — içkuyov böldi. Qariganda menga öxşab xotini bilan kelişmay, qişloqqa qaytibdi. Hozir ota uyida yaşayapti-ku!
— Uning akasi, ukalari turli sabablar bilan dunyodan ötdilar. Kenja ukasining xotini bir oy ötmay, bu uyda yaşaşi notöğriligi, odamlar orasida gap-sözga qolişlarini aytganda, u tuşundi. Hozir tuman markazida ijarada yaşayapti. Endi u bilan sizning farqingiz bor — özini özi eplay oladi. Kimgadir qayta uylanişi ham mumkin. Közingiz bu ahvolda bölsa, biror bevaga uylanolmasangiz. Bunaqada xarob bölasiz, aka!
— Xöp, mayli. Lekin zerikkanda öz uyiga kelib turadimi, ota hovlidagi bir uy va dahlizga köç-köronini kötarib kelganmi? Yana nima deysan? Jabbor-çi? U ham şunday. U ön yillar oldin qişloqqa kelgan.
— Siz Jabbor akaday bölolmadingiz, bölolmaysiz ham, — oçiğini aytdi Ahad, — Bolalarining har birini şaharda uyli-joyli qilgan. Keyin u qişloqqa ota hovliga daxli bölmagan joyga imorat soldi, boğ qildi.
— Sen bilan Murod akam ota hovlini şu ahvolga keltirib qöydinglar, men uni tiklamoqçiman, — gapni burdi Muzaffar.
— Aytayapman-ku, xotiningiz, öğlingizga ayting, kelib uyni nomingizga xatlab berişsin, — tutoqdi Ahad, — Sizga bir gapni aytaymi, yangam Şamsiddin, hatto Jabbor akaning xotinlaridan ham yaxşi. Siz ularga nisbatan nihoyatda injiqlik qilgansiz. Kimdir uyiga qönğiroq qilib, erini sörasa, Şamsiddin mudirning ayoli: “U ölgan, boşqa qönğiroq qilmang”, der ekan. Jabbor aka tiklayotgan imoratga uning xotini bir bor kelmagan. Yangam qişloq maʼrakalariga kelib turar, sizning yöqligingizni bildirmasdilar. Hozir ham: “Muzaffar akani yuboring, qişda nima qiladilar u yerda? Bu mening şaʼnimga ham yaxşi emas. Odamlar nima deydi? Nevaralar ham bobolarini soğinişgan”, deyaptilar. Sizga yana nima kerak, aka?
— Tuşunsang-çi, u sizlarga özini yaxşi körsatiş uçun şunday deydi, — közlariga yoş ilindi akaning, — aslida, suriştirsang, Şamsiddinning ham, Jabborning xotini ham şunday. Kimdir qariganda qişloğiga yolğiz özi keldimi, demak, şunga majbur bölgan. Undaylarning xotini ilgari ham erning avlodiga past nazar bilan qaraşgan, ammo öz ota-onalari, qarindoşlari erning uyida hamişa hurmat körişgan. Bunday ayollarni çala kelinlar deb bilaman. Agar sening ham xotining şahar körganida qişloqqa qaytib kelmasdi. Hozir ham u boşqaçaroq yöl tutadi, seni şaharga, çet elga borişga majbur qiladi. Işlab, pul topişingni istaşadi. Aslida, sening ham mendan farqing yöq.
Ajabo, odam bolasining aqli “ulğayiş”da, heç bölmasa, öz jismidan ortda qolmasin ekan. Bundaylar jamoat qöygan talablarga javob berolmay, öz oilalarini boşqarolmay qoladilar yoki öz jigargöşalarining yukiga aylanişadi.
Yomğir tomsuvoq tomlarni yeydi. Ikki-uç yil içida “oziği” kamayişi bilan odamlar yana tomga somon qoriştirilgan loy çiqarişadi. Yomğirga xuş yoqsin, yanada çiroylisidan “tanovul” qilsin, deya unga andavada pardoz beradilar. Töğri, yomğirning “iştahasini” böğadiganlar ham topiladi. Tomni şifer yoki tunuka bilan yopişadi. Aks holda, şaffof köringan yomğir tomçilari sabringiz istilosiga ötadi. Selga dönsa bormi? Öşa tomning boşi malomatdan çiqmaydi. Savalangani-savalangan.
