Deduşka xryuşa
Öktam MIRZAYOR
Muallif haqida:
![]()
Öktam Mirzayor — 1956 yili Narpay tumani, Oqtoş şahrida tavallud topgan. 1974-1982 yillarda hozirgi Mirzo Uluğbek nomidagi Özbekiston Milliy universiteti (ToşDU)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. “Ogoh köngil” (1992), “Yaxşi kunlar quvonçi” (1998), “Soğinç daftari” (2019), “Söz işqi” şeʼriy töplamlari (2019) hamda “Tuproq hidi” (2012), “Amakimning kasali” (2015) nasriy töplamlari muallifi.
Öktam Mirzayor adabiy ssenariylari asosida “Özbekiston bayroği”, “Qadr” hujjatli filmlari suratga olingan. “Boğ”, “Boboylar” radiopostanovkalari tinglovçilar eʼtiboriga havola etilgan.
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi, “Şuhrat” medali, “Mehnat şuhrati” ordeni sohibi.
Hikoya
Oktyabr toğa MELS firqaning öğli. Mels firqa öz davrida qip-qizil kommunist bölgan. Özining ismi Marks, Engels, Lenin, Stalin degan firqalar daholari ismining boş harflaridan olinganiga qaraganda, şu ismni qöygan bobosi ham anoyi odam bölmagan körinadi. Buning ustiga, firqa öğlining ismini ham Oktyabr inqilobi şarafiga qöygan. Sadoqat degani ham şunça bölar-da! Xuddi “Örtoq Boykenjayev” filmidagidek. Partiya “öl” desa, ölişga ham tayyor odamlar…
Ularning hammasi ötib ketgan. Ötganlarning ortidan gapiriş ayb. Ammo Mels firqa aşaddiy kommunist edi. Kolxozda partorglik qilgan, ateist bölgan. Bir otaşin nutqi bor edi, ayniqsa, Xudo haqida gapirganda közlari yonib ketardi, muştini boşi uzra kötarib hayqirardi.
Astağfirulloh, astağfirulloh, astağfirulloh! Uning aytganlarini yozişga ham qöling bormaydi. Xullas, şunaqa odam edi. Şundayligiça ötib ketdi şörlik. Ammo baribir elçilik-da, u işdan ketib, heç kimga keragi bölmay qolganidan keyin ham mahalla-köyga qöşilmay yurgan bölsa-da, qazosi yetib bu olamdan ötganida, qavmu qarindoşlarining hurmati uçun el qatori janoza öqildi. U yoği bizga qoronği.
Oktyabr toğa ota taʼlimini olgan emasmi, mustaqillikkaça padari izidan borib, otasiça bölmasa-da, beriroq lavozimlarda işlab, qaridi. Öğlidan nevaralarini leninçasiga öqitişni qatʼiy turib talab qildi. Oktyabr toğa ismiga şu qadar sadoqatli edi. Könglidagini oçiq aytmasa-da: “Yuradimi elning keyingi oyoği bölib?” deb turib oldi. Öğli ham köndi. Mana, öşa nevarasi hozir ön beş yoşdan oşyapti. Gap-sözlari töqmoqday. Toğa şu nevarasida Mels bobosining kelbatini köradi, harakatçan, dadil, yuzingda közing bormi demay, bor gapni aytadi-qöyadi. Bu yoği leninçilik.
Ammo uç kundirki, Oktyabr toğaning kayfiyati yöq. Öğli tişini davolatiş uçun döxtirga olib boruvdi. Döxtir rahmsiz ekan: kasal, jonsiz tişlarni birpasda suğurib taşladi. Bu yoğiga iş çözilib ketdi. Mana, bir haftadan beri oğzi öraday bölib yuribdi. Lablari ham jonsiz, xuddi qari baytalning labiday osilib qolgan. Biror narsani eplab oğziga sololmaydi, na oş-ovqat yeydi, na tamşana oladi. Şörlik dasturxon böyida möltirab ötiradi. Uning bilan esa heç kimning işi yöq. Oxiri xotiniga zarda qildi:
— Oçimdan ölib böldim-ku, enağar, bunday holimdan xabar olay ham demaysan, ivitilgan nonga kunim qoldi-ku, – deya yiğlaguday bölib ihradi.
— Voy ölay, – dedi xotini Xaçça muallim. — Şunça kundan beri aytmaysizmi, bugunoq siz uçun alohida qozon osaman, — deb keçqurunga atala pişirib berdi.
Ana şu atala ham böğziga toşday tiqildi. U oqşom, dasturxon böyida xotini tutqazgan kosani şoşiqib qöliga olgança xörillatib bir kötaruvdi, yoş leninçi nevarasi (özi uni şunday erkalardi)ning yuzi burişib ketdi, singillariga qarab:
— Smotri, smotri, deduşka kak xryuşa kuşayut! – deb yubordi.
Oktyabr toğaning esiga tuşdi. Nevaralarini bolaligida hayvonot boğiga olib borganida tönğiz bolalari ovqatlanayotganini körişganda nevarasi şunday irganib ketuvdi. Şunda bobosi bilağonlik qilib, tönğiz bolasini erkalab “xryuşa” degandi. Ular ovqatni şunaqa yeyişini aytib bergandi. Mana, oldidan çiqib turibdi-da!
Dasturxon böyidagilar baralla kulib yubordi. Öğli ham bolalariga qöşilib kuldi-yu, otasining öksik nigohini körib, öğlini tergagan böldi. Nevara oğzi-burnini artib, tönğillagança:
— Pust togda on otdelno kuşayut, – dedi-da, örnidan turib ketdi.
Qolgan nevara qizlar ham baravariga “Deduşka xryuşa!”, “Deduşka xryuşa!” deb qiyqirişardi.
Oktyabr bobo esa öraday oğzini yumolmay, atrofidagilarga möltirab qarab turardi.
