Qiyofa

Xoliyor SAFAROV

Muallif haqida:

Xoliyor Safarov — 1983 yil 21 fevralda tavallud topgan.

2005 yilda SamDU o'zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

Asarlari “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallari va “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” va boshqa nashrlarda muntazam e'lon qilib boriladi. Ijod namunalari rus, turk, qirg'iz, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan.

Birinchi kitobi — “Oy botmagan kechalar” (2010 yil, hikoyalar). Keyinchalik “Qanotsiz qushlar” (2015 yil, qissa va hikoyalar), “Nomus va hayot” (2019 yil, qissa va hikoyalar), “Onamning yolg'onlari” (2024 yil, hikoyalar) nomli kitoblari chop etilgan.

Ayni damda “O'zbekiston tarixi” telekanali “Ilmiy-ommabop telefilmlar” muharririyati katta muharriri.

(hikoya)

U — dami baland, pichog'i yog' ustida, bir nomi ulug' tashkilotning rahbari, deputat, fan doktori, ammo juda g'alati odam. Ertalab uyg'onib, ko'zlarini ochganida “Alhamdulillah”, kechqurun uyquga yotayotganida esa “Astag'firulloh” deydi… Kun davomida majlislarda qatnashadimi, minbarlarda so'z aytadimi, auditoriyada ma'ruza o'qiydimi, tadbirlarda bo'ladimi, hamisha jo'shib, to'lqinlanib gapiradi, ammo doim yuz-qo'lini yuvar ekan, ko'zguga boqadi va beixtiyor o'z aksiga tikilib qolib, oxirida basharasiga tuflab yuboradi… Uyida ham shunday.

Biqqi, lo'mbillagan, barmoqlarini to'ldirib tilla uzuk, bo'yniga qalin zanjir taqishni yaxshi ko'radigan, qo'ni-qo'shnilar, dugonalariga qaysi buyumni qaerdan qanchaga olganini maqtanishni, yarashmasa ham tor kiyimlar kiyishni yoqtiradigan ayoli har kuni ertalab bir xil vaqtda uni nonushtaga uyg'otadi.

— Rahmat! Xudo menga xotindan solgan… — deydi u.

Bolalari birin-ketin dasturxon atrofiga yig'ilishadi. Ana, maktabni bitirish arafasida turgan va haligacha biror kasb yoki hunarni aniq maqsad qilmagan, soch o'stirib, chap ko'zini yopadigan qilib silliq taraydigan, o'y-xayoli virtual o'yinlar bo'lgan yolg'iz, erka o'g'li og'ringanday chiqib keldi. Ota uning qizargan va hali uyqu lashkarlari, homuza ko'lankalari tark etmagan qaroqlariga boqib, boshini chayqadi.

— Nega kechasi bilan qo'sh haydaganday horib yotibsan?

O'g'il otaning savoli mag'zini chaqolmadi. Boshini bir tomonga ilkis chayqab, ko'zlarini yopib turgan sochlarini yig'ishtirgan bo'ldi.

— Assalomu alaykum…

— Sen mening boshimdagi tojimsan! — dedi u alik o'rniga. — Unutma, sen salohiyatli, o'ziga ishongan dovruqli yigit bo'lishing kerak. Hali seni oldinda buyuk ishlar kutyapti! Kelajakda mamlakatning eng oldi shaxslaridan biri bo'lib, hammaga ibrat bo'lishing kerak!

O'g'il esa go'yoki cho'pchak eshitayotgandek noma'lum nuqtaga hissiz qarab o'tirardi, otasi “Eshit­yapsanmi?” degandagina tasdiq o'laroq bosh irg'ab qo'ydi. “Men nima deyman, qo'bizim nima deydi?” qabilidagi bu lanjlikdan otaning qoni qaynab ketdi. Ichikish bilan katta qiziga qaradi. Uning dardi oroyish. Qachon bo'lsa, oynaga qarab, o'ziga mahliyo bo'lib o'tiradi. Yuqori sinfda o'qisa ham haligacha qo'g'irchoq o'ynab, ayiqchasini quchoqlab uxlaydi, dabdurustdan so'rasa, karra jadvalidan ham xato qiladi, ammo dadasini haftada bir marta restoranlarda ovqatlanishga yoki biror ko'ngilochar maskanga borishga ko'ndira olish qobiliyatiga ega. Undan ham ko'ngli to'lmay, doimo suykalib, pinjiga tiqilib o'tiradigan kenja qizining peshanasidan o'pib qo'ydi.

— Dada, kecha sizni kuta-kuta uxlab qopman… — dedi u erkalanib, boshini xiyol egib. U shunchalar yoqimtoy ediki, otaning mehri iyib, boshini silagancha yana o'pib qo'ydi.

— Men juda kech keldim-da, asalim…

— Sizni juda ko'-o'p kutdim… — qizchaning lablari battar cho'chchayib, uzun kipriklari pirpiradi.

— Bilasan-ku, qizim, ishim juda ko'p.

— Kechayam safarda edingizmi? — so'radi xotini choy uzatayotib.

— Ha, — bosh irg'adi u. — viloyatga bordik. Yeb-ichish ham, ish ham zo'r bo'ldi. Tavba, ertalabdan qovog'im uchyapti.

— Xotinlarga o'xshab irimkashlik qilmang, — dedi ayoli va o'zini qiziqtirgan savolni berdi. — Avvallari viloyatlarga bormasdingiz-ku?

— Komissiya tarkibiga qo'shib qo'yishibdi… — u asal qo'shilgan choyni xo'rillatib icharkan, beparvo qo'l silkidi. — Ay-e, odamlarning ahvolini o'rganamiz-da. Ularga nima kerak, nimaga muhtojligi bor, shularni ko'rib, tahlil qilamiz. Xalqning roziligi uchun harakat qilamiz.

— Xalqning roziligi? — ayol eriga sinovchan nazar soldi. — Xulosangiz qanday?

U “Prezident” sariyog'i surilgan nonni og'ziga tiqarkan: “Bu kimning nima so'rashiga bog'liq”, — dedi kavshanib.

— Dadasi, o'zi ahvol ancha yaxshilanib qoldi-a?

Ayol erining ko'zlariga tikildi. U javob berishdan oldin dasturxon to'la noz-ne'matga, o'zining oldidagi yong'oq-mayiz, bolalari qo'l uzatishga erinib turgan kolbasa, sariyog', shokoladga, xotini totinib o'tirgan qaymoq va boshqa shirinliklarga qaradi.

— Ha, shunday. Sen ko'proq shukur qilaver…

Ayol labini burdi. U esa bolalariga qaradi.

— Bo'linglar, hozir mashina keladi.

— Bizlar tayyor.

Xizmat mashinasi bolalarni maktabga tashlab kelgunicha u kiyinib, tayyorgarlik ko'rib turdi. Uning o'nlab kostyum-shimi, ko'ylagi, bo'yinbog'i, hatto tuflisi borki, boradigan joyiga, uchrashadigan odamlariga qarab tanlanadi. Hozir ham tepakal va do'ngpeshonaligini yashirish uchun boshining yon tomon sochlari bilan oldini yopdi va maxsus sepki bilan qotirdi. Xushbo'y atir sepdi va yana oynaga uzoq vaqt tikilib qoldi. Go'yo boshqa odamga aylandi. Ko'zgudagi qiyofasiga qarab turib, yana beixtiyor tuflab yubordi…

— Dadasi, nega doim shunday qilasiz?

Favqulodda berilgan bu savol uni bir zumga gangitdi. Ayoliga qarab turdi-da: “Sababini bilmaganing yaxshi”, deb tuflisini kiydi.

— Bolalaringiz ham doim menga shu savolni beradi…

U joyida to'xtab qoldi va ayolining ko'zlariga qaradi.

— Sen ham menday ishlasang va oynada ko'zlaringga ko'proq tikilib tursang bilasan, — dedi va chiqib, mashinaga o'tirdi.

Ayol hech narsaga tushunmay yelka qisganicha jim bo'lib, ostonada turib qoldi. Eshikni yoparkan, beixtiyor ko'zgu yoniga keldi va o'ziga ser soldi. Yillar o'tgani sayin sekin-asta ajinlari ham quyuqlashgan, yonoqlari cho'kkan, ko'zlari ma'yus tortgan. Uning qorachiqlari o'ynadi va o'tgan umri, xatolari, yolg'onlari, hiyla-nayranglari, kibru havosi qorishib ketdi. Nogoh yuragi sim etdi va kafti bilan ko'zlarini yopib oldi…

Bu paytda er mashinaning orqa o'rindig'ida ayoliga hozir aytgan gaplarini xayol surib ketardi. U ilk marta maktab yoshida, otasining cho'ntagidan yashirincha pul olib, so'roqqa tutilganida qo'rqqanidan: “O'lay agar, olganim yo'q”, deb qasam ichib yuborgan va shu bilan osongina qutulib ketgan, ammo o'sha kuni kechqurun yuzini arta-arta oynaga qaraganida, ko'zlari uni ta'qib etib, g'oyibdan “Vijdonsiz!” degan bir ovoz eshitilgandek bo'lgandi. Oqibatda u bunga dosh berolmay, ayyor nigohlarini boshqa tomonga burib ketgan va aybdor odam o'zining ko'ziga tik qaray olmasligini anglab yetgan edi. Ammo bu azaliy haqiqatni tez unutdi. Kunlar o'tgani, balog'atga yetgani sayin tarang vaziyatlarda yolg'on ishlatish, aybni birovlarga ag'darish orqali vaziyatdan chiqib ketish, munosabat bildirish va e'tirof etish kerak vaqtida esa tilyog'lamalik qilish, ko'pirtirib maqtash a'moliga aylandi. U hatto bo'lajak turmush o'rtog'i bilan tanishganida ham: “Umrimda sizday go'zal va andishali, uzun kipriklari ko'zlariga hayo pardasiday yopilib turgan soliha qizni ko'rmagan edim…” degandi. Uning fikr va qarashlarni shamol esgan tomonga yo'naltirish mahorati shu qadar rivojlangan ediki, og'zidan tizimchaga tizilganday tizilib chiqayotgan va unga anqayib qarab o'tirgan kishilarning shuuriga quyilayotgan so'zlar jozibasidan o'zi ham zavq olardi…

U har kuni ishga kelishi bilan dastlab xonasiga kiritib qo'yilgan matbuot nashrlarini varaqlardi. Kotibasi kiritgan qaynoq qahvani icha-icha internet, ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklarni ko'rib, kunning mazmun-mohiyatini belgilab olardi. Hatto u keyingi paytlarda nutqida timsollar, taqqoslar keltirishni ham odat qildi. Ipday eshilib, chiyralib, turlanib, tuslanib kelayotgan so'zlariga o'zining-da mahliyoligi ortib borar, olqishlardan mast bo'lib, so'zining jozibasini yanada oshirardi.

Bir kuni yaqinda ishga kelgan xodimini xonasiga chaqirib, tayyorlagan hisobotidagi kamchiliklarni tushuntirayotgan edi, xos telefoni jiringlab qoldi. Xodimga “jim” ishorasini qilib, go'shakni oldi va “Taqsirim” deb avvaliga quyuq so'rashdi, so'ng: “Siz aytsangiz, biz hammasini yest qilamiz, ustoz! Siz borki, biz shunday baxtiyor bo'lib yuribmiz-da. Hurmatingiz cheksiz, taqsirim, boshimizga omon bo'ling!” deb shu qadar ustalik bilan har bir so'zga zarbof to'n kiygizib javob berdiki, ularning suhbatiga some bo'lib o'tirgan xodimning a'zoyi badani qizib ketdi. Suhbat tugagach, u bo'yinbog'ini sekin bo'shatib, miyig'ida jilmaydi, bosh irg'ab qo'ydi. Uni kuzatib turgan xodimiga “Qalay?” degandek ko'z ostidan boqdi. Bunday tilyog'lamalikka o'rganmagan yigit:

— Uyalmaysizmi? — dedi va qog'ozlarini ham olmasdan chiqib ketdi.

Shunda u muzlab qoldi… Go'yo yuziga tarsaki urilgandek bo'ldi. Bir muddat qimir etmay, xodimi chiqib ketgan eshikka tikilib turgach, o'rnidan turdi va ostonadagi ko'zgu qarshisiga borib, o'ziga ro'yirost razm soldi, ammo osilgan qovoqlari ostidan qahrli boqib turgan nigohlariga dosh berolmadi va yana oynadagi aksiga qarab tuflab yubordi. Pastlab oqib ketayotgan tupugini kuzata turib, “yosh, tirmizak” xodimining “betamiz va betgachopar”ligini qabul qila olmay, ko'zgudagi aksiga bir musht tushirdi. Ko'zgu chil-chil sinib, yerga duvva to'kildi, zarralari atrofga sochildi. Ko'ziga ham kirgan ekan, chimillab og'riq bera boshladi. Qo'lini yuziga bosgan edi, iliq nimadir yopishdi. Bir ko'zini arang ochib qaradi va musht urgan qo'li tilinib, qon oqayotganini ko'rdi, ammo ko'zidagi simillagan og'riqdan o'tirib qoldi… Nimadir tushib ketdi, degan xayolda yugurib xonaga kirgan kotiba qiz bu ahvolni ko'rib, qo'rqib ketdi va narigi xonaga yugurdi…

Birdan xodimlar yig'ilib, uning qo'lini bog'lab, qonni to'xtatgandek bo'lishdi, ammo u ko'zini ocholmasdi. “Tez yordam” chaqirishdi.

— Ular qachon keladi? Kutib o'tiramizmi? — deb birovi qo'ltig'idan kirdi. — Yuring, o'zim glaznoyga olib boraman.

Pastga tushgunlaricha “Tez yordam” mashinasi yetib keldi…

Uning ko'ziga kirgan oyna siniqlarini jarrohlik yo'li bilan olib tashlashdi. Endi u bir ko'zi bog'langan holda shifoxonada yotar ekan, biror narsa yeyishni istamas, hatto ayoli, bolalarini qabul qilmas, xodimlarini esa ko'rarga ko'zi yo'q edi. Ahvolini bilish uchun ko'zguga qarashga yuragi dov bermasdi…

U bir oycha shifoxonada yotdi. Ko'zidagi bog'ichlar yechildi, achishish yo'qoldi, ammo endi tinimsiz boshi og'riydigan bo'lib qoldi. Shifokorlar bir yilgacha qog'ozga qarash, kompyuterda ishlashni taqiqladi. Sog'lig'i tufayli lavozimdan olinib, bo'limga o'tkazildi. Hayot tarziga qo'shilib, endi uning aytadigan so'zlari, odatlari ham o'zgardi. Xizmat mashinasi olib qo'yilgan, hamkasblar o'rtasida avvalgi hurmat-izzat yo'q, oqibat ko'tarilgan. Uyda ayoli, hatto bolalari ham o'zgarib qolgandek, qizlari ham avvalgidek erkalik qilmayotgandek, maktabiga malollanib piyoda borayotgandek, oldiga choy-nonini iddao bilan qo'yayotgandek edi… Uning ko'zlari qanchalik xiralashgan bo'lsa, atrofida yuz berayotgan voqeliklar ham shunchalik qora pardaga o'ralayotgan edi.

Odamzod — vaziyatning quli… Hozir u har kuni universitetga borib, talabalarga saboq beradi, ishga borsa ham xonasida ko'milib o'tiradi, hech qaerga chiqmaydi, birovga qo'shilmaydi. Avvaliga egardan tushgisi kelmay, majlislarda oldingi qatorda o'tirardi, bora-bora orqaroqqa surildi, keyin ikkala qulog'iga ham paxta tiqib oladigan odat chiqardi. Hozir ko'cha-ko'yda ham shunday yuribdi… Kechqurun uyga qaytganida yuz-qo'lini yuvayotib, beixtiyor ko'zguga boqadi va o'z aksiga tikilib turib, yana basharasiga tuflab yuboradi…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 2 =