Ro'yi zamin sayqali taassurotlari

Mustaqil diyorimiz tarixiy shaharlari dunyo aholisining qiziqishini tobora oshirmoqda. Azim va boqiy Samarqand ham kelib, ko'rish shart bo'lgan dunyodagi 50 ta shaharlardan biri sifatida e'tirof etilgan. Baayni, yurtimizda turizm salohiyatini oshirish, ichki va tashqi turizm sayohatini tashkil etishga  yetarlicha imkon yaratilmoqda. Birgina Samarqand misolida ushbu qadim shaharga tashrif buyuruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani hamda xizmat ko'rsatish oldingilarga nisbatan yaxshilanib borayotgani hech kimga sir emas.

Joriy yilning 20-21 iyun kunlari O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyat bo'limi tashabbusi, O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi homiyligida viloyatimizning bir guruh jurnalistlari, axborot xizmati vakillari Samarqandda ikki kunlik media-tur sayohatida bo'lishdi.

Media-tur davomida ishtirokchilar Samarqandning takrorlanmas tarixi, me'moriy madaniy meros obidalari bilan yaqindan tanishish maqsadida Mirzo Ulug'bek rasadxonasi, Xo'ja Doniyor ziyoratgohi, Shohi Zinda yodgorligi, Registon ansambli (Sherdor, Tillakori, Mirzo Ulug'bek madrasalari)ga tashrif buyurishdi.

— Go'zallik insonga zavq bag'ishlaydi. Samarqandning betakror madrasayu maqbaralari, so'lim xiyobonlari, qolaversa, shahar ko'chalari bizni o'ziga rom etdi, – dedi Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limi raisi O'tkir Matqurbonov. — Media­tur sayohati uchun bejiz Samarqandni tanlamadik. Ushbu sayohat voha jurnalistlariga turli mavzularda maqolalar va teleko'rsatuvlar tayyorlashga zamin yaratadi deb o'ylaymiz.

Darhaqiqat, Xo'ja Doniyor ziyoratgohidagi yer qa'ridan tabiiy otilib chiqayotgan chashma sayo­hatchilar diqqatini tortgan bo'lsa, Registon maydonining go'zalligi, bu yerdagi betakror tarixiy obidalar hayrat va ishtiyoqni yanada oshirdi.

— Samarqandga oldin bir marotaba kelgan edim. Bu safar ikki kun davomida shunga amin bo'ldimki, Sharq gavhari hisoblangan ochiq osmon ostidagi muzey shahar — Xivani bir haftada aylanib bo'lmaganidek, boqiy Samarqandni ham ikki kun mobaynida aylanib chiqish mushkul ekan,  – dedi ijtimoiy tarmoqlarda “Hazoraspliklar” kanali mas'uli Davronbek Rahmonov. — Bu yerdan tezkor lavhalar tayyorlab, kuzatuvchilarimiz uchun qiziqarli tarixiy ma'lumotlarni joyladim.

Shuningdek, xorazmlik jurnalist-ijodkorlar Samarqand viloyati Matbuot uyida ham bo'ldilar. Ishtirokchilar dastlab bu yerda viloyat tahririyatlari faoliyati, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand” gazetalari ijodiy xodimlari bilan o'zaro muloqotda bo'lishdi.

So'ngra Samarqand matbuoti tarixi muze­yini ko'zdan kechirib, maskandagi eksponatlar haqida qiziqarli ma'lumotlar olishdi. Shu yerning o'zida “Jurnalist ijodiy muloqotda toblanadi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

— Gazeta oldingi safda bo'lmasa, ma'naviyat oqsoqlanadi. Odamlarni o'qitish ham muammoligicha qolaveradi. Bosma nashrlar faoliyati qo'llab-quvvatlansagina, nashrlar ancha yaxshilanadi, – dedi suhbat chog'ida Oliy Majlis Senati a'zosi, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev. — Buning uchun, avvalo, ijtimoiy muhit yaratilishi kerak. Gazetamiz viloyatimizning yuzi hisoblanadi.

Viloyat matbuot markazidagi Samarqand va Xorazm viloyati ijodkorlarining o'zaro fikr va tajriba almashuvlaridan so'ng, shaharga oqshom tushgan mahal zamonaviy loyihalar asosida barpo etilgan “Samarkand city” majmuasi sayr qilindi. Yevropa va Xitoy andozalari uyg'unlashgan majmuada jurnalistlar hunarmand­chilik mahsulotlari, suv transporti sayohati, ekologik bog'larni tomosha qilishdi.

An'anaviy kasb bayrami arafasidagi media-tur ko'tarinki ruh bag'ishladi.

Dilmurod MAShARIPOV,

“Xiva tongi” gazetasi muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − 1 =