Adabiy do'stlik — abadiy do'stlik

Olmaotaning orombaxsh so'z xiyobonida…

Markaziy Osiyo zaminida ming yillik azim chinor va baquvvat boyterak bo'lib birga unib-o'sib kelayotgan o'zbek va qozoq xalqlari mushtarak tarixga, murakkab, sharafli taqdirga egadirlar. Mamlakatlarimizning o'zaro manfaatli munosabatlari mintaqamizda vujudga kelgan mutlaqo yangi siyosiy muhit sharoitida faol rivojlanyapti. Otashnafas shoirimiz lutf etganidek, “do'st do'stning e'tiqodi, iymoni, saodat bog'ining bog'boni, kashf etib qo'ygan ulug' imkoni, asragan arsloni, kulsa gar xandoni” hisoblanadi. 1998 yilning 31 oktyabrida kuchga kirgan Abadiy do'stlik shartnomasi yangilanayotgan mustaqil O'zbekiston va yangilanayotgan Qozog'iston tomonidan mustahkamlanib bormoqda. Ikki xalqning adabiy do'stligi ham asrlar sinovidan mardona o'tgan abadiy birdamlikka aylanib ketdi.

Qardosh Qozog'istonga safarga otlanar ekanmiz, jahon mumtoz adabiyotining buyuk daholaridan biriga, g'azal mulkining sultoniga aylangan Alisher Navoiy bobomizning ushbu satrlari yodga tushdi:

Olibmen taxti farmonimg'a oson,

Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.

Agar bir qavm, gar yuz, yo'qsa mingdur,

Muayyan turk ulusi xud meningdur.

Bizlarning adabiy mushtarakligimiz Lutfiy va Navoiy davridan ancha avval, ya'ni Mahmud Koshg'ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg'oniy, Sayfi Saroyi, So'pposli Sipira jirov zamonlaridan boshlangan. Yigirmanchi asrda o'zbek-qozoq adabiy aloqalari saviya jihatidan yanada yangi bosqichga ko'tarildi. Bu borada Ishoqxon Ibrat bilan Jambul Jabayev, Abdulla Avloniy bilan Jusupbek Aymautov, Abdulla Qodiriy bilan Ahmad Boytursunov, Abdurauf Fitrat bilan Saken Sayfullin, Abdulhamid Cho'lpon bilan Ilyos Jonsug'urov, Hamza bilan Sultonmahmud To'rayg'irov, Oybek bilan Muxtor Avezov, G'afur G'ulom bilan Sobit Muqonov, Abdulla Qahhor bilan G'abit Musrepov, Zulfiya bilan Fariza O'ng'orsinova, Odil Yoqubov bilan Ilyos Yesenberlin, Nosir Fozilov bilan Abdijamil Nurpeisov, Erkin Vohidov bilan Jo'bon Mo'ldag'aliyev, Abdulla Oripov bilan O'ljas Sulaymonov va boshqa o'nlab adiblarimiz o'rtalaridagi birodarlik rishtalari muhim ahamiyat kasb etgan edi.

Ular da'vatkor so'zlari, durdona asarlari bilan ikkala xalq adabiyotlari xazinasini boyitdilar, bir qanchalarining go'zal asarlari jahon adabiyoti sahifalaridan o'rin oldi. Bugun o'zbek adabiyoti ham, qozoq adabiyoti ham jadal ravnaq topmoqda. Ikkala xalq adiblarining do'stona hamkorligi esa yanada keng quloch yozmoqda.

2025 yilning aprel oyida ijodiy safar bilan qardosh Qozog'iston diyoriga otlandik. Nega aynan aprelda? Buning o'ziga yarasha tarixi bor. Menda navqiron chog'imdan qiziq kitob ko'rsam, imkon bo'lsa, o'n-o'n beshta xarid qilib, do'stlarimga tarqatish odati bor. 1997 yili “Ma'naviyat” nashriyoti O'zbekiston xalq shoiri Asqad Muxtorning “Tundalik”larini 10 ming nusxada, taniqli adib Nosir Fozilovning “Munavvar lahzalar” kitobini 5 ming nusxada chop etdi. Ikki kitobdan ham yigirma nusxadan olib Do'rmon ijod uyida tarqatdim.

Shundan keyin Nosir aka meni yoniga chaqirib: “Nega boyvachchalik qilib yuribsan, shoir? Nima balo, yangi boymisan?” deb do'q urdi. Men indamasdan pasportimni uzatdim. Ko'zoynagini taqib, ismimni o'qidi-da, qah-qah urib kulib yubordi. “Mayli, yangi boy ekansan, xohlaganingcha tarqataver kitoblarimni. Aytgancha, bolam, to'g'risini aytsam, “Munavvar lahzalar”dan o'zimda bir dona ham qolmabdi. Ikkita topib bergin!” dedi. Topib berdim. Bu ishim ustozga moydek yoqdi.

Bora-bora Nosir og'a bilan ikkimiz bir-birimizning fikrlarimizni so'zsiz uqadigan bo'ldik. Bir gal Do'rmon ijod uyida yoshlar bilan suhbatlashayotganlarida: “Sizda “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san'at arbobi” unvoni bor. Teatrga biror aloqangiz bormi?” deb so'rashdi. Ustoz quvlik bilan: “Bu savolga shogirdim Yangiboy Qo'chqorov javob beradi!” deb yubordi.

Men ham bo'sh kelmadim: “Azizlar! Ustozim Nosir Fozilovning teatrga to'g'ridan-to'g'ri aloqasi bor. Chunki u qozoq dramaturglaridan Muxtor Avezovning “Abay”, Qoltoy Muhammadjonovning “Biz farishtamizmi?”, Taxavi Axtanovning “Ichkuyov”, Oltinchoch Jaganovaning “Hazrati ayol”, Shaken Aymanovning “Boy — el farzandi”, Dulat Isabekovning “Bir haykal mojarosi” dramalarini tarjima qilib, teatrlar sahnasiga jo'natdi”, dedim.

Bu gapga yig'ilganlarning hammasi qarsak chalib yubordi. Bundan yanada ruhlanib: “Ustoz bizning qoraqalpoq adabiyoti rivoji uchun ham yeng shimarib mehnat qildilar. Xususan, 1957 yilda birdaniga besh qoraqalpoq adibining qissa va hikoyalarini alohida kitoblar qilib chiqargan. Ustoz qozoq adabiyotidan 31 ta asar tarjima qilgan. Yetuklik pallasiga kelganida yosh qoraqalpoq adiblarining satirik qissalarini mehr bilan o'girdilar. Hammaga manzur bo'lgan “Tanka” filmi ham ustozning qo'llab-quvvatlashi orqali dunyoga keldi. O'z kitoblari hozircha 36 ta. Boshqa tillarga tarjima qilingan kitoblari 14 ta. Tarjimalari 43 ta. Hammasini qo'shsangiz, 83 ta kitob bo'ladi. U kishi ikki marta O'zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi”, — dedim. O'shanda adibning mamnun jilmayib qo'ygani kechagidek ko'z oldimda turibdi.

2017 yilning oxirgi kunlarida ustoz Nosir Fozilovning tobi qochib qoldi. U 2-hukumat shifoxonasining terapiya bo'limiga joylashdi. Adibning turmush o'rtog'i Muborak yanga doim yonida. O'g'li Xondamir, kelini Mahbubaxon, nevaralari Ozodbek va Marjona bir kunda ikki-uch marta xabar olishadi. Bir borganimda ustoz: “Olmaotaga, Abdijamil Nurpeisovning oldiga borib kelasan. “Seng” (“Muzko'chki”) romanini tarjima qilmasang bo'lmaydi. Ko'p kundan buyon oshqozonim taom qabul qilmayapti. Toshkent bilan Turkistonning tuprog'i bir. Shuni yon daftarchangga yozib qo'y. Tuzalsam, aprelda Olmaotaga boramiz. 13 aprel tug'ilgan kunida Sobit og'aning uy-muzeyida bo'lamiz. O'sha ayiq terisi ustida o'tirib, ustozning ruhi uchun oyat o'qiymiz. 18 aprel kuni Kengsoyga borib, qabrini ziyorat qilamiz. Besh kun Olmaotada, besh kun Turkistonda bo'lamiz. Buni ham yon daftaringga yozib qo'y!” dedi. Keyin “Sen qishlog'ingga qaytaver. Hojibeka qizimga, ikki o'g'il, ikki kelinimga, nevaralarimga salom ayt. Xudo xohlasa, diydorlasharmiz!” deb ma'yus xayrlashdilar.

Bu ustoz bilan so'nggi ko'rishuvimiz bo'lib, diydor qiyomatga qolgan ekan. 2018 yilning 13 yanvar kuni kechqurun shoir og'am Abdunabi Boyqo'ziyev uyimga qo'ng'iroq qilib, Nosir oqsoqol olamdan o'tganini xabar qildi. Ko'z o'ngim qorong'ilashib ketdi, boshimni changallab qoldim. O'zimga kelganimdan so'ng “Alvido, o'zbegimning qozog'i, qirg'izi, qoraqalpog'i…” nomli dardli maqola yozdim.

…Shu yilning 17 aprel kungi uchrashuvimizda unga kitoblarimizdan tortiq qildik. Ulug' shoir, Qozog'iston Qahramoni O'ljas Sulaymonovga atalgan kitoblarimizni Mereke og'aning shaxsan o'zi ustozga yetkazib beradigan bo'ldi. Rais Qozog'istonda davlat tomonidan adiblarga berilayotgan e'tibor, yosh iste'dodlarga g'amxo'rlik, joylarda yozuvchilarga yaratilayotgan shart-sharoitlar to'g'risida gapirib berdi. Biz o'z navbatimizda qozoq adabiyotidan qilayotgan tarjimalarimizni yanada kengaytirish borasidagi rejalarimiz bilan o'rtoqlashdik. “Turkiy adabiyot durdonalari” yuz jildligining qozoq she'riyatiga bag'ishlangan 79-jildini nashrga tayyorlaganimiz, so'zboshi yozganimizni eshitib, birodarimiz juda xursand bo'ldilar.

Yozuvchi ham Yaratganning bandasi. Hamma qatori u ham non va suvga ehtiyojmand. Ammo u hammasidan avval qadr so'raydi. 1945 yilning sentyabrida Olmaotada, Abay yubileyida so'zga chiqqan akademik shoirimiz G'afur G'ulom buyuk oqinning:

Kim aytar: yomon bo'ldim, yo'ldan qaytdim?

Qozoqqa shirin-shirin o'lan aytdim.

O'landa hech kim menga teng kelmadi,

Lekin qadrim topolmay, yig'layman jim.

degan dardli satrlarini o'qigan va: “Abay — chinakam hurmatga arzigulik alp shoir. Uning o'lanlari qozoq sahrosiday bepoyon, Olatovning atlas qirlariday jimjimador, Chingiztog' sharsharalariday suronli, Qozig'urt qoyalariday balanddir”, deb ta'rif berganlar.

Yuqorida aytganimdek, Qozog'iston Yozuvchilar ittifoqi Olmaotaning Ablayxon ko'chasidagi muhtasham binoda joylashgan. Ittifoq to'rog'asining kabineti binoning ikkinchi qavatida. Bu xonada Oybek va G'abit Musrepov, G'afur G'ulom va Sobit Muqonov, Uyg'un va Muhammadjon Qoratoyev, Sarvar Azimov va Jo'bon Mo'ldog'aliyevlar dildan suhbat qurishgan.

Hashamatli binoning birinchi qavatiga kirib, o'ngga burilsangiz, “Juldiz” jurnali tahririyatiga borasiz. Jurnal 1922 yildan buyon chop etilmoqda. Turli yillarda “Yangi adabiyot”, “Adabiyot maydoni”, “Adabiyot va san'at” nomlari bilan chiqqan. 1957 yildan buyon hozirgi nomda o'quvchilarga yetib bormoqda. 1972 yilda jurnalning adadi 180 ming nusxaga yetgan. Ilk bosh muharriri atoqli jadid yozuvchisi Saken Sayfullin edi. Dastlabki davrda jurnalga oqsoqol adiblardan G'abiden Mustafin, Taxavi Axtanov, keyingi yillarda B.Tilegenov, M.Mag'auin, U.Esdavlet rahbarlik qilishdi. Ayni kunda Dauren Quat bosh muharrir lavozimida ishlamoqda.

— Jurnalimizning joriy yilgi ilk soni hozirgi zamon qozoq adabiyotining zabardast vakillaridan Ilyos Yesenberlin va Qodir Mirza Alilarning tavallud sanalariga bag'ishlandi, — deydi jurnal xodimasi Zubayda Saxiy qizi. — Ulkan adibimiz Anvar Alimjonovning I.Esenberlin adabiy merosi haqidagi fikrlari o'quvchilarni loqayd qoldirmaydi. She'riyat ruknida Qodir Mirza Alining “O'z tarixin o'ziga ber xalqning” nomli turkumini e'lon qildik. Shuningdek, sakson yoshning eshigini qoqqan atoqli shoir Jumatoy Jaqipboyevning yangi she'rlarida lirizm kuchli. Biz bu sonda Qirg'iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayevning bir necha baquvvat hikoyalarini berdik. Siz keltirgan “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallarining sonlari uchun birodarimiz Sirojiddin Raufga minnatdorchiligimizni yetkazing. Keyingi sonlarimizdan o'zbek adiblarining asarlari ham munosib o'rin oladi!

Abay vorislari bugun baxtli turmush sharbatidan sarmastlar. Tushlik chog'i kitobxon do'stimiz, peshqadam tadbirkor Muratboy O'teniyozov bir piyola choyga taklif qildi. Qo'y go'shtidan tayyorlangan beshbarmoq yeb, ota-bobolarimiz an'analari asosida tayyorlangan qimiz ichdik. Taom va qimiz solingan idishlarning barchasi o'n to'qqizinchi asrga xos. Ofitsiant yigit va qizlar ham xushbichim milliy liboslar kiyishgan. Qurmong'ozining diltortar kuylari yengil yangrab, nikel choynakka damlangan choyning tagida cho'g'lar miltirab turibdi.

Shu kuni hamisha jahon adiblarining havasini keltiradigan adabiyot xiyoboni — Muqon To'leboyev ko'chasiga bordik. Olmaota metropolitenining “Abay” bekatidan chiqsangiz, shundoq oldingizdan Muqon To'leboyevning haykali va ikki tomoni muhtasham turar-joylardan, o'rtasi gulzor bilan o'ralgan yo'lakdan iborat ko'cha keladi. Haykal ko'chaning oxirida o'rnatilgan. Chunki undan so'l tomondagi xonadonda 1951-1961 yillarda nafaqat qozoq prozasi va dramaturgiyasi, balki jahon adabiyotining ko'zga ko'ringan klassiklaridan biri, akademik Muxtor Avezov yashagan. U mashaqqatli umri davomida Chingiztov, Semipalatinsk, Orenburg, Toshkent, Leningrad, Moskva, Qizil O'rda, Olmaotada umrguzaronlik qildi.

Adib butun hayotini buyuk Abay merosini tadqiq va targ'ib etishga bag'ishladi. “Abay” va “Abay yo'li” dilogiyasini yozib, ushbu monumental asari uchun 1959 yili sobiq SSSRning oliy mukofotini oldi. 1963 yilning noyabridan buyon faoliyat ko'rsatib kelayotgan ikki imoratdan iborat uy-muzeyda Muxtor Umarxonovich va uning davriga oid minglab noyob eksponatlar bor. U XX asr boshida qozoq milliy ozodligi uchun kurashgan Ahmad Boytursunov, Alixon Bukeyxonov, Mustafo Cho'qayev, Muhammadjon Tinishboyev, Mag'jon Jumaboyev, Miryoqub Dulatov, Turor Risqulovlar bilan safdosh edi. Muzeydan o'sha davrga oid muhim ashyolar ham o'rin olgan.

Xullas, atoqli adibning uy-muzeyida dunyoga tanilgan so'z san'atkorining hayoti va ijodi bilan bog'liq yuzlab eksponatlarni hayajon bilan tomosha qildik. Ayniqsa, Sobit og'a o'z asarlarini chiroyli husnixati bilan yozgan qalami bizda yorqin taassurot qoldirdi. Muzey xonasida bir vaqtlar ustozimiz Nosir Fozilov asar qilib yozgan ayiq terisi ustida o'tirishga taklif qilishdi. Uzoq Uchquduqdagi cho'pon yigit tomonidan Sobit og'aga berilgan va murakkab voqealarga sabab bo'lgan ayiq terisi ustida o'tirganimizda, beixtiyor ko'nglimizda bir-ikki satrlar tug'ildi:

Ulug' Sobit Muqon uyida,

Sekin silab ayiq terisin.

Eshitgandek bo'ldim bu yerda

Ustoz Nosir Fozil kulgisin.

 

Aprel yoddan chiqmaydigan oy,

Kelgan edim ikkisin yo'qlab.

Biri Kengsoy, biri Chig'atoy

Ichra yotar abadiy uxlab…

Sobit og'aning uy-muzeyidan keyin shu ko'chada joylashgan Qozog'iston Bastakorlar uyushmasi, Qurmong'ozi ko'chasidagi Muxtor Avezov nomidagi Adabiyot va san'at instituti, Abay ko'chasidagi “Jazushi” nashriyoti, Gogol ko'chasidagi madaniyat va istirohat bog'ini aylandik. Kengsoyga borib, Sobit og'aning so'nggi manzilini ziyorat qildik. Men Zulfiyaxonimga bag'ishlangan “Oy tegrasida yulduzlar” kitobimga taniqli qozoq shoirasi Fariza opa O'ng'orsinova asarlarini kiritgan edim. Opaning so'nggi manzilini ziyorat qilishni keyingi safarga qoldirdik. Chunki u Ostonada dafn etilgan ekan. Uchqo'ng'ir tog'iga chiqdik. Mangu qorlar bag'ridan, bulutlar ustidan Olmaota shahrini tomosha qildik. Bahaybat teleminora kichkinagina bo'lib turardi. Safarimiz barakali o'tdi. Turkistonlik aziz ustozimiz, atoqli adib Abdurahim Pratov qo'ng'iroq qilib, “Biz tomonlarni chetlab o'tmoqchimisiz?” deb so'radi. Poezd chiptasini “Mankent” bekatigacha xarid qildik. Avliyolar eli Sayramda, aziz og'amiz Mirpo'lat Mirzo tug'ilgan xonadonda bo'ldik. Alloh izn bersa, serzavq safarimizning bu qismi haqida keyingi maqolalarimizda so'z yuritarmiz. Eng muhimi esa, betakror Olmaota safaridan olam-olam taassurotlar bilan qaytayotganimizda radiopriyomnikdan maftunkor qozoq o'lanlarini eshittirishdi. Beixtiyor xayolimizda ikki elning atoqli kuychisi, ustoz Mirtemir misrasi yangradi:

O'lan avjlarida gul ochadi dasht,

O'lan avjlarida zamon uyg'onur!

Yangiboy QO'ChQOROV,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − 5 =