O'riklisoy oqshomlari
Yosh ijodkorlarning respublika Zomin seminari ko'plab iqtidorlarni kashf qildi
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining qizg'in faoliyat olib boradigan Yosh ijodkorlar bilan ishlash bo'limida mamlakatimizda badiiy adabiyot sohasining turli yo'nalishlarida ijod qilayotgan yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularga ijodiy imkoniyatlar yaratish, adabiy jarayonga jalb qilish, turli loyihalarda ishtirokini yo'lga qo'yish ishlari amalga oshiriladi. Bo'lim faoliyati respublikamizning eng chekka hududlarigacha, Qoraqalpog'iston Respublikasida qalam tebratayotgan yoshlarni ham o'ziga qamrab oladi. Bunda Uyushmaning hududlardagi bo'limlari katta ko'mak ko'rsatadi va o'z hududidagi ijodkor yoshlarni jarayonlarga tortish, ularni qo'llab-quvvatlashda kuchli qanot bo'lib xizmat qiladi. Bu o'rinda faoliyatga nisbatan e'tirof qilish o'rinli. Farg'ona, Xorazm, Jizzax, Toshkent, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog'iston Respublikasining yosh ijodkorlar bilan ishlash bo'yicha faoliyatini alohida ta'kidlash mumkin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi “O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qaroriga muvofiq yosh ijodkorlarning an'anaviy Zomin seminari qayta tiklanib, har yili yurtimizning eng bahavo tog'li hududlaridan biri bo'lgan Zomindagi O'riklisoy oromgohida yuqori saviyada o'tkazib kelinmoqda. Seminar badiiy ijod sohasida o'z iste'dodini namoyon etayotgan yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqaradi, ustozlar suhbatiga yetkazadi, mahorat darslaridan bahramand qiladi. Yoshlar bahavo va muazzam tog'lar bag'rida shu Vatanga daxldorligi, uning tinchligi, farovonligiga birdek mas'ul ekanliklarini yanada chuqurroq anglab yetadilar. Ustozlar o'gitiga quloq tutib, ijodkorlik mas'uliyatini yanada teran his qiladilar. Bu go'sha bir necha yuzlab yoshlarga saboq berdi, oq fotiha berib adabiyot maydoniga kuzatdi.
Kuni kecha seminarda ishtirok etib, ustozlar e'tirofiga sazovor bo'lgan ijodkorlar — Suhrob Ziyo, Kumush Abdusalomova, Nurmuhammad Aziz, Jamoliddin Badalov, Xurshid Abdurashid, Gulruh Xudoyorova, Alisher Sabriy, Shahriyor Shavkat, Anvar Botir kabi ijodkorlar so'z maydonida o'z o'quvchi-muxlislarini topish bilan birga, jamiyatning turli bo'g'inlarida mehnat qilib, mamlakatimizdagi ma'naviy-ma'rifiy muhitni yanada rivojlantirish, ezgu g'oyalar, yuksak va olijanob maqsadlarni amalga oshirish, kitobxonlikni yanada kengaytirish yo'lida mehnat qilmoqda.
Har doimgidek, seminarning hududiy bosqichlari respublikamizning yetti viloyatida o'tkazildi. Bu bosqichlarda Yozuvchilar uyushmasining taniqli a'zolari — shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar ishtirok etib, hududlardan ishtirok etgan yoshlarni o'z saboqlaridan bahramand qildilar. Hududiy bosqichlarda Suvon Meli, Qozoqboy Yo'ldoshev, Nurali Qobul, Ulug'bek Hamdam, Qo'chqor Norqobil, Zebo Mirzayeva, Salim Ashur kabi ustozlar tomonidan olib borilgan mahorat darslari seminargacha yetib kelolmagan bo'lsa ham, ijoddan to'xtamayotgan yoshlarning yodida qolgani, qalam tebratish mas'uliyatini yanada chuqurroq his ettirgani shubhasiz. Zomin seminarining hududiy bosqichlarida jami 467 nafar yosh ijodkor ishtirok etdi. Birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o'tgan yoshlarning 86 nafari an'anaviy Zomin seminariga yo'llanma olgan edi. Mamlakatimiz rahbarining 2024 yil 1 apreldagi “Ijod maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan bu yil mamlakatimizdagi har bir ijod maktabidan besh nafardan ijodkor o'quvchi saralab olindi. Ana shu xayrli tashabbus ortida ijod maktablarida ijodiy muhitni yanada yaxshilash, ularda ta'lim olayotgan ijodkor yoshlarni qo'llab-quvvatlash, adabiyotning katta maydoniga tortishdek ezgu maqsad ham mujassamdir. Seminarning ko'lami shu sababli ham yanada kengaydi va juda qiziqarli bo'ldi. Milliy adabiyotimizning bu ulkan bayramida joriy yili 121 nafar yosh qalamkash ishtirok etdi.
Bugungi kunda mamlakatimizning turli hududlarida shu hududlarda tug'ilib, badiiy adabiyotimizga munosib hissa qo'shgan ijodkorlar nomi bilan atalgan — Muhammadrizo Ogahiy, Ishoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomida 9 ta ijod maktabi faoliyat olib bormoqda. Ularda tilimizning bo'lg'usi himoyachilari va adabiyotimizning chinakam bilimdonlari ta'lim olayotgani seminar jarayonida yanada yaqqol ko'rindi. Badiiy ijodga mehr qo'ygan iqtidorli o'quvchilarni tarbiyalash, ularning iste'dodini rivojlantirish, kelajakda o'zbek adabiyoti va san'ati, ommaviy axborot vositalari uchun munosib kadrlar tayyorlash, milliy o'zligimiz, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli yetuk ijodkorlarning yangi avlodini kamol toptirishdek ulug' maqsadlar yo'lida ijod maktablari ijodkor o'quvchilari va respublika yosh ijodkorlarining bir davraga to'plangani samarali natija ko'rsatadi, albatta. O'quvchilar uchun maktablarda taniqli yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunoslar bilan mahorat darslari muntazam tashkil etilgan bo'lsa-da, katta davralar, tengdoshlar, zamondosh yoshlar bilan o'zi ijod qilayotgan janrda suhbatlarda bo'lish, o'z ijodining yutuq va kamchiliklari borasida muhokamalarda qatnashish o'quvchilar uchun katta maktab va unutilmas kunlar bo'ladi. Seminarning respublika bosqichida faol ishtirok etgan 45 nafar ijodkor o'quvchi va ularning kuzatuvchi ustozlari Zomin seminarida katta taassurotlarga ega bo'ldilar.
Ishtirokchilarga mahorat darslarini ijtimoiy va ijodiy faol, keng jamoatchilik o'rtasida obro'-e'tibor qozongan adiblar olib bordilar. Bu yil badiiy ijodning she'riyat sho''basida beshta guruh faoliyat ko'rsatdi. Ularda shoirlar — Eshqobil Shukur, Xalila Davlatnazar, Aziz Said, Rustam Musurmon, Zebo Mirzayeva, Muhiddin Abdusamad, adabiyotshunoslar — Suvon Meli, Nurboy Jabborov kabilar yoshlarga badiiy adabiyot maydonida eng ta'sirchan va keng tarqalgan janr — she'riyat sohasida qalam tebratish mas'uliyatidan saboq berdilar. Nasr yo'nalishida yozuvchilar Kenesboy Karimov, Shoyim Bo'tayev, Nurilla Chori, adabiy tanqid yo'nalishida professor Qozoqboy Yo'ldoshev, badiiy publitsistika yo'nalishida “Saodat” jurnali bosh muharriri Munavvara Usmonova, yozuvchi va publitsist Uyg'un Ro'ziyev, dramaturgiya yo'nalishida Abduqayum Yo'ldoshev, bolalar adabiyoti yo'nalishida Umida Abduazimova va Orif To'xtash, badiiy tarjima yo'nalishida Begoyim Xolbekova, baynalmilal adabiyot yo'nalishida Nikolay Ilin kabi adiblar yoshlarning ijodi borasida o'z maslahatlarini berdilar.
Yoshlarning ko'zlarida mamnunlik, hayotsevarlik, shu bilan birga, adabiyotdek ulug' olamga daxldorlik va bundan yetadigan mas'uliyat zalvorini ko'rmoq, his qilmoq mumkin edi.
Adabiyotshunos Suvon Meli she'riyat sho''basida yoshlar ijodi bilan tanishib, Qashqadaryo viloyatidan Bibigul Adiyeva va Surxondaryo viloyatidan Shamsiqamar Suyunovani e'tirof qilgan bo'lsa, shoir Aziz Said Qoraqalpog'iston Respublikasidan ishtirokchi Venera Nurmamatova va Jizzax viloyatidan Farrux Amirov kabi shoirlar ijodidagi o'ziga xoslikni ta'kidlab o'tdi. Professor Qozoqboy Yo'ldoshev adabiy tanqid yo'nalishida farg'onalik yosh ijodkor Kumush Odina Qarshiboyevani, yozuvchi Shoyim Bo'tayev esa “Shamsihilol qissasi” nomli qissa bilan hayratlantirgan Mahbuba Abdurahimova va hikoyalar ustasi Shahboz Nekboyevni e'tirof qildilar. Badiiy publitsistika yo'nalishida mahorat sabog'i olib borgan “Saodat” jurnali bosh muharriri Munavvara Usmonova Sirdaryo viloyatidan ishtirokchi Zanjiloy Abdusalomova, Qoraqalpog'iston Respublikasidan Munisa Tojiboyevani “qalami charxlangan, tayyor publitsistlar”, deya baholadi. Eng qizg'in saboqlar dramaturgiya yo'nalishida bo'lib o'tdi. Iste'dodli adibimiz Abduqayum Yo'ldoshev Toshkent viloyatidan ishtirokchi Shahzod Konishovning dramalarini ijobiy baholadi. Bolalar adabiyotida mehnat qilgan bolalar shoirlari Umida Abduazimova bilan Orif To'xtash Qashqadaryo viloyatidan ishtirokchi Mahliyo Haydarovadan yaxshi umid qilayotganlarini bildirdilar. Xuddi shu kabi, badiiy tarjima yo'nalishida tarjimon Begoyim Xolbekova Farg'ona viloyatidan ishtirokchi Shohro'z Mo'minzodani, baynalmilal adabiyot bo'yicha ustozlik qilgan Nikolay Ilin Toshkent viloyatidan ishtirokchi Feruza G'ofurovani eng yaxshi yosh ijodkorlar deb tavsifladilar.
Barcha ustozlarning mushtarak maslahati — ulkan va o'lmas mumtoz adabiyotimiz, o'tgan asr adabiyoti yaratuvchilarining boy ilmiy merosi, shuningdek, zamonaviy adabiyotimiz asarlarini chuqur o'rganish, o'z-o'zida adabiy-estetik didni, badiiy asar yaxlitligini yuzaga keltirish va tilini yaratish ko'nikmasini shakllantirish, tasvirda o'z uslubini topish zarurligi kabilar bo'ldi.
Ijod maktablarining ijodkor o'quvchilari orasida Ogahiy nomidagi ijod maktabidan Komila Bahodirova, Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabidan Anisa Karimbayeva, Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabidan Iforabonu Olimjonova, Abdulla Qodiriy ijod maktabidan Gulasal Omonova, Hamid Olimjon va Zulfiya maktabidan Kamola Komiljonova, Erkin Vohidov ijod maktabidan Muqaddas Muhammadaliyeva, Abdulla Oripov ijod maktabidan Hikmatbek Boyqobilov, Muhammad Yusuf ijod maktabi o'quvchilaridan Mohlaroy Zafarjonova, Gulbadanbegim Aliqulova, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi o'quvchilaridan Gulbahor Yorqinova, Zuhra Tojiboyeva kabi yosh iqtidorlar adabiyotning turli yo'nalishlarida yuqori natija ko'rsatdilar.
Muhimi, bu maydonda ayni vaqtning o'zida Vatanimiz yoshlari orasidan 120 nafar kitobxon bir davraga jam bo'ldi. Ularning kitob mutolaasi shunchaki bo'lmaydi. Ular so'zni teran his qilib, kitob o'qiydilar. Albatta, seminardan so'ng kitob mutolaasi ularda yanada kuchayib boradi.
Mamlakatimizning turli tomonlaridan kelgan, hayotga qarashlari o'zgacha, ijoddagi ifoda yo'sinlari o'zgacha bo'lgan bu yoshlarning tezda bir-birlariga kirishib ketishlari, bir-birlarini ishoralardanoq anglashlari ham bejiz emas. Ularning ko'ksida yurak “adabiyot” deb urayotganidan edi bu. So'zning sehri va qudratini his qilishdan, o'zining borliqqa aytar so'zi borligidan edi. Badiiy tafakkurning qay pog'onada bo'lsa ham barqarorligi va shubhasiz, o'sib borishi, hayotni, ko'ngil kechinmalarini teran his qilish baxti, so'z jilvalaridan bahramandlik, mushtarak maqsadlarga qalbni bog'laganlikdan edi bu.
Seminar davomida O'zbekiston Qahramoni, ustoz tarjimon Ibrohim G'afurovning mahorat sabog'i nafaqat yoshlar, balki seminarga mas'ul bo'lgan barcha ijodkorlar, hududiy bo'lim rahbarlarigacha juda katta qimmatga ega bo'ldi.
Ma'ruza davomida Ibrohim G'afurov, jumladan, shunday dedi:
“Aziz do'stlar, sizlarning yozayotgan asarlaringiz bo'liq bir yerdan unib chiqayotgani yo'q. Sizgacha yaratilgan asarlarning mag'iz-mag'zini chaqqansiz, miyangizga singdirgansiz. Ular yashagan davrlarni tahlil qilgansiz. Bugun Siz turgan mana shu ijodiy zinalar ustida bir-ikki Siz bilan fikrlashadigan so'zlarimiz ham yo'q emas. Kelajakda o'zining ijodiy izlanishlari, yangiliklari bilan o'z davri adabiyotini belgilaydigan yoshlarning topishi zarur bo'lgan yo'l — bu qaysi yo'l? Birinchi navbatda Siz o'zingizning rivoya uslubingizni, bayon uslubingizni va badiiyat uslubingizni topib olishingiz kerak. Qalbingizning nimaga qodirligi, nimaga loyiqligini chamalab olishingiz kerak. Agar hoziroq rivoya uslubingizni topmasangiz, ijod maydonida yangi asarlar yarata olmaysiz. Shoir bo'ladigan, nosir bo'ladigan, dramaturg bo'ladigan odam o'zingizni hoziroq namoyon qilmasangiz, keyin topishingiz qiyin bo'ladi. Siz kitobxonni bandi qilib qo'ying. Shunga qodirmisiz? Siz o'zingizni yaratishingiz kerak bo'ladi. Buni hayotni ko'rib, yuzlab obrazlarni ko'zingizdan o'tkazib amalga oshirasiz”.
Seminar jarayonida ikki kun davomida “O'riklisoy oqshomlari” she'riyat kechasi ham tashkil etildi. Bu kechada yoshlar ham, ustoz shoirlar ham she'rlar o'qidilar. Bu jo'shqin va unutilmas lahzalar tasvirlarga muhrlandi, yuraklarga ham. Zominda yozgi mavsumda hordiq chiqarayotgan ko'p sonli yurtdoshlarimiz ham she'r tinglash uchun jarayon o'tkazilayotgan maydonga yig'ilib, to yakunlanguncha shunda bo'ldilar.
Ishtirokchilarga sertifikat, statuetka, kitoblar jamlanmasi va qimmatbaho sovg'alar taqdim etildi.
Ijodkor yoshlarning bir umr yodida qoladigan, ustozlar maslahatlariga, o'gitlariga musharraf etadigan ushbu adabiyot bayrami barcha ishtirokchi farzandlarimizga muborak bo'lsin. Bu gal seminar tadbirlarida ishtirok eta olmayotgan yoshlarga kelgusi ijodlarida omad tilaymiz. O'z ustlarida yanada chuqur ishlab, mutolaa va ijoddan to'xtamasliklari lozimligini ta'kidlaymiz. Adabiyotning millatimiz va butun insoniyat oldidagi ulkan vazifasi, so'z mas'uliyati, milliy adabiyotimizni targ'ib etish va uning zalvorini ko'tarishga javobgarlikni zimmamizga olganimizni unutmasliklarini istar edik.
Ma'mura ZOHIDOVA,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
O'quv-metodika va harbiy-vatanparvarlik
bo'limi boshlig'i.