“Ommaviy Axborot Vositalarida milliy kontent yaratish mas'uliyati”

Nurafshon shahrida ish boshlagan respublika mediaforumi ana shu mavzuga bag'ishlandi
Joriy yilning 30-31 iyul – 1 avgust kunlari Toshkent viloyati Nurafshon shahrida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida “Ommaviy axborot vositalarida milliy kontent yaratish mas'uliyati” mavzusida respublika mediaforumi o'tkazilishi belgilangan edi. Kecha Nurafshon shahrida ushbu media anjuman o'z ishini boshladi.
“Bir bo'lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o'tkazilayotgan mazkur tadbirda respublikamizning barcha hududlaridan yuz nafarga yaqin OAV vakillari, ijtimoiy tarmoq faollari, shuningdek, Toshkent viloyati hokimligining mas'ul xodimlari qatnashmoqda.
Mediaforumning ochilishida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov ushbu mediaforum Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 26 iyun kuni matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo'llangan bayram tabrigida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda tashkil etilgani, bugun axborot maydonini sifatli va raqobatbardosh milliy kontent bilan to'ldirish masalasi har qachongidan ham dolzarb bo'lib borayotgani, yurtimiz va dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni milliy manfaatlarimizni hisobga olgan holda, tezkor va chuqur tahlillar asosida yoritish dolzarb ahamiyat kasb etayotganini alohida ta'kidladi.
Anjumanning ilk kunida “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri A.Meliboyevning “Bosma OAVda milliy kontent yaratish mas'uliyati”, O'zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o'rinbosari X.Xudoyberdiyevning “Ijtimoiy tarmoqlar uchun milliy kontent tayyorlash va yaratish masalalari”, “Yangi O'zbekiston” gazetasi bosh muharriri o'rinbosari Abubakr O'rozovning “Internet nashrlarida milliy kontent yaratishning o'ziga xos jihatlari” mavzularidagi ma'ruzalari tinglandi.
Mediaforum qatnashchilari Toshkent viloyatining ma'muriy markazi hisoblanmish Nurafshon shahrida keyingi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, aholiga yaratilayotgan qulayliklar, islohotlar samaralari, jumladan, Nurafshonda yaqinda foydalanishga topshirilgan “Media xodimlari va ijodkorlar bog'i”, aqlli shaharda barpo etilgan ma'muriy va turar-joy binolari, yangi o'quv yurtlari kabi ob'yektlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatlariga ega bo'ldilar. Shuningdek, Nurafshon shahrida bunyod etilgan “Matonat madhiyasi” yodgorligini borib ko'rishdi. Ushbu yodgorlik Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan o'g'illari, sadoqatli kelinlari xotirasiga barpo etilgan. Ikkinchi jahon urushida besh nafar o'g'lidan judo bo'lgan Zulfiya aya Zokirova Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog'ida yashab o'tgan. O'z hayoti davomida tom ma'noda matonat ko'rsatgan ayaning umri kelgusi avlodlar uchun namuna maktabidir.
Media-tur davomida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo'limi ma'muriy binosi, xodim va ijodkorlar uchun yaratilgan sharoitlar, 10 000 ga yaqin kitobga ega kutubxona faoliyati, Uyushmaning viloyat bo'limi qoshida tashkil etilgan “Nurafshon ziyosi” – yosh jurnalistlar to'garagi faoliyati bilan ham yaqindan tanishish imkoniyati bo'ldi.
Mediaforum ishtirokchilari bilan Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayevning uchrashuvi ham bo'lib o'tdi. Viloyat rahbari anjuman qatnashchilarining ko'plab savollariga javob berdi.
Ishtirokchilar uchun O'zbekistonda va Markaziy Osiyoda yetakchi bo'lgan, mis mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha dunyodagi 30 ta yirik korxonadan biri – Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga press-tur tashkil etiladi. Respublikamiz iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biri bo'lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mis, molibden, polimetall va oltin tarkibli ma'danlarni qazib olish va qayta ishlash ishlari olib borilmoqda.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibiga 6 ta konchilik korxonasi, 5 ta boyitish fabrikasi, mis eritish va rux zavodlari, Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, markaziy ta'mirlash-mexanika zavodi, ohak zavodi, sanoat temiryo'l transport boshqarmasi, avtomobil va texnologik transport boshqarmalari, iste'mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi, shuningdek, 20 dan ortiq yordamchi sexlar va laboratoriyalar kiradi. Kombinatda 35 mingdan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qilib kelmoqda. Yiliga 148 ming tonnadan ortiq mis katodi, 90 ming tonna rux metalli, shuningdek, oltin va kumush kabi qimmatbaho metallar, molibden, volfram, reniy, selen, tellur va kadmiy kabi noyob metallar ishlab chiqariladi. OKMK 17 xil mahsulotni 16 ta xorijiy davlatga eksport qiladi.
Forum doirasida Toshkent viloyatining Parkent tumaniga ham tashrif uyushtirilishi rejalashtirilgan. Parkent tumani o'zining turizm salohiyati bilan viloyatda alohida ajralib turadi. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, 2021 yilda tumanga 300 ming nafarga yaqin turistlar tashrif buyurgan bo'lsa, 2023 yili Parkent tumanida 50 mingga yaqin xorijiy va 900 mingga yaqin mahalliy sayyohlar mehmon bo'ldi. Tumandagi Kumushkon va Chashma qishloqlariga rasman “turizm qishlog'i” maqomi berilgan. Kumushkon va Chashma qishloqlari tabiati, toza havosi, yashash tarzi, madaniy meros ob'yekti va ziyoratgohlari bilan minglab sayyohlarni o'ziga jalb qilmoqda.
Joriy yil tumanda turizm sohasini rivojlantirish hamda sayyohlarga qulaylik yaratish bo'yicha keng ko'lamli obodonchilik ishlari va turizm ob'yektlarini tashkil etish bo'yicha samarali ishlar amalga oshirildi. Tumandagi gastronomik turizm, ekoturizm, agroturizm, ziyorat turizmi qatoriga bu yildan ekstremal turizm qo'shildi. Jumladan, Hisorak qishlog'ida “Jamping”, ya'ni balandlikdan arqonda sakrash ekstremal turizmi tashkil etildi. Yana Samsarak qishlog'ida havo sharida sayr qilish yo'lga qo'yildi.
Mediaforum ishtirokchilari tumandagi “Zarkent ota” ziyoratgohida bo'ladilar. Shuningdek, “Fizika-quyosh” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi Fizika-texnika institutiga ham tashrif uyushtiriladi.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi axborot xizmati.