Gender tenglik bo'yicha yangi tashabbus

Yaqinda poytaxtimizda “Tabassum: O'zbekistonda gender tenglikni targ'ib qilish va yosh ayollarni qo'llab-quvvatlash uchun media ko'nikmalari” (2024 – 2026) loyihasining rasmiy taqdimotiga bag'ishlangan anjuman bo'lib o'tdi. Unda 70 dan ziyod mehmonlar, jumladan, hukumat vakillari, Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlarning O'zbekistondagi elchixonalari, nodavlat-notijorat tashkilotlar, xalqaro va donor tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etishdi.

Loyiha maqsadli guruhlar, jumladan, jurnalistlar, ijtimoiy tarmoq faollari, yoshlar va ayollar hamda nodavlat tashkilotlarining gender haqida konstruktiv axborot tayyorlash, genderga oid dezinformatsiya va media tadbirlarini o'tkazish bo'yicha tajriba va amaliy ko'nikmalarini oshirishga qaratilgan. Ayollar va yoshlar bilan ishlaydigan nodavlat tashkilotlari 4 000 yevrogacha grantlar olishadi va bu grant orqali o'zbek mediasida yoshlar hamda ayollarga taalluqli, ushbu mavzuni jonlantiruvchi va ommaning mavzuga bo'lgan munosabatini to'g'ri shakllantiruvchi media xabarlar yaratishadi. 500 000 yevro mablag'ni shakllantirgan ushbu loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vazirligi (BMZ) tomonidan qo'llab-quvvatlangan. Loyiha Germaniyada joylashgan “DW Akademie” hamda Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi hamkorligida amalga oshiriladi.

Anjumanda loyihaning maqsad-vazifalari, uni amalga oshirish tartibi hamda so'nggi yillarda yurtimizda aynan gender tenglik borasida qilinayotgan ishlar yuzasidan fikrlar bildirildi.

 

Toivo KLAAR,

Evropa Ittifoqining O'zbekistondagi elchisi:

— Yevropa Ittifoqi O'zbekistondagi gender tenglik borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarining erkaklar bilan teng bo'lishiga intilishlarini qo'llab-quvvatlaydi. Albatta mamlakatingizdagi nodavlat-notijorat tashkilotlarining imkoniyatlarini mustahkamlash va ularning muhim ijtimoiy masalalarni keng auditoriyaga yetkazish qobiliyatini oshirish bu yo'nalishda muhim qadamdir. Biz ommaviy axborot vositalarining ta'sirini, u odamlarning munosabatini ijobiy ravishda o'zgartirishi va ayollarni qo'llab-quvvatlashini tan olamiz.

 

Amalia OGANJANYaN,

“Deutsche Welle”ning  xalqaro mediani rivojlantirish, jurnalistika sohasida o'qitish va bilimlarni tarqatish markazi “Tabassum” loyihasi koordinatori:

— Bu O'zbekiston uchun juda muhim va o'ta zarur tashabbusdir. Turli ijtimoiy faoliyatlarda ayollar ishtiroki har doim yuqori bo'lsa-da, ularning genderga oid muhokamalarda qatnashish, ayollik nuqtai nazarini bildirish va boshqaruvda qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlari cheklangan. “Tabassum” loyihasi genderga oid dezinformatsiya muammosiga qaratilgan — bu global trend bo'lib, O'zbekistonga ham tegishli.

 

Saida SULAYMANOVA,

Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi direktori:

— O'zbek tilida “Tabassum” jilmayish, kulish degan ma'noni anglatadi. Shuningdek, bu ayollarga qo'yiladigan chiroyli ism hamdir. Biz o'z loyihamizni “Tabassum” deb atadik va bu bilan O'zbekistonda gender masalalariga oid salbiy konnotatsiyani ijobiy tusga o'zgartirishni maqsad qildik. Biz jurnalistlar va blogerlarning gender savodxonligini oshirish, ularning genderga oid konstruktiv materiallar tayyorlash qobiliyatlarini mustahkamlash hamda ayollar bilan ishlaydigan nodavlat tashkilotlarining gender tenglikni himoya qilish masalalarida faol bo'lishi va ayollarni qo'llab-quvvatlashda samaradorligini oshirish va eskirgan gender stereotiplari bilan kurashishda olib borayotgan faoliyatlarini qo'llab-quvvatlaymiz. Bizning loyihamiz mamlakatimizda ayollar huquqlarini himoya qilish va gender zo'ravonlikni bartaraf qilish yo'lidagi to'siqlardan biri hisoblangan stereotiplarga qarshi kurashda o'z hissasini qo'shishiga qat'iy ishonamiz.

Ma'lumot o'rnida: “DW Akademie” — “Deutsche Welle”ning  xalqaro mediani rivojlantirish, jurnalistika sohasida o'qitish va bilimlarni tarqatish markazi hisoblanadi. Uning loyihalari so'z erkinligi va axborotdan erkin foydalanish kabi inson huquqlarini qo'llab-quvvatlaydi. Akademiya butun dunyo bo'ylab faoliyat yuritadi va insonlarni ishonchli faktlar va konstruktiv muloqot asosida mustaqil qarorlar qabul qilish uchun imkoniyat yaratishga harakat qiladi. U Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vazirligining strategik hamkori bo'lib, Federal tashqi ishlar vazirligi va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi hamda 70 ga yaqin rivojlanayotgan davlatlarda faoliyat olib boradi.

Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi esa 2018 yilda tashkil etilgan va O'zbekiston hamda Markaziy Osiyoda mediani rivojlantirish bilan shug'ullanadigan yetakchi nodavlat tashkilotlaridan biri hisoblanadi. U so'z erkinligini targ'ib qilish va O'zbekistonda ommaviy axborot vositalarining barqarorligini ta'minlashni maqsad qilib olgan. Bunga targ'ibot, ommaviy axborot vositalarini monitoring qilish, sifatli jurnalistika uchun standartlarni targ'ib qilish, zamonaviy multimedia texnologiyalari, ommaviy axborot boshqaruvi va media qonunchiligi yo'nalishlarida salohiyatni oshirish orqali erishiladi. Shuningdek, markaz mediasavodxonlikni rivojlantirish, faktlarni tekshirish, iqlim, atrof-muhit masalalarini yoritish va ommaviy axborot vositalarini o'rganishda chuqur tajribaga ega.

Ta'kidlash joizki, ikkala tashkilot ham 2019 yildan beri O'zbekistonda mediasavodxonlik, media menejerlar va jurnalistlar salohiyatini oshirish dasturlari va jamoa mediasini rivojlantirish bo'yicha hamkorlik qilmoqda.

Islom EGAMBERDI o'g'li.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + thirteen =