Tinchlik forumi nega Farg'onada o'tkazilyapti?

Dunyoda qanchalar og'ir geosiyosiy vaziyat yuzaga kelmasin, Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida mustahkam hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu davlatlarning ishonch tamoyillariga asoslangan o'zaro manfaatli siyosatni yo'lga qo'yish va barqaror rivojlanish uchun sharoit yaratadigan yaxshi qo'shnichilik natijasidir.
Shu nuqtai nazardan Farg'ona vodiysida umumiy qo'shnichilik maydoni bo'lgan O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston ham hamkorlikni faol rivojlantirmoqda va o'zaro aloqaning yangi mexanizmlarini shakllantirmoqda.
Farg'ona vodiysi tarixan davlatlar umumiy zaxiralardan foydalanadigan yagona makon bo'lib kelgan. Biroq mustaqillikning dastlabki yillarida chegara muammolari yuzaga chiqdi. Natijada millatlararo mojarolarga sabab bo'ldi. Bundan tashqari, yaqinlashib kelayotgan suv inqirozi, ko'plab etno-hududiy anklavlarning mavjudligi, vodiyning 16,5 milliondan ortiq aholi zich joylashgan mintaqa ekanligi xavotirni yanada kuchaytirdi. Ushbu omillarning uyg'unligi butun Markaziy Osiyoning barqarorligi va rivojlanishi uchun xavf hamda tahdidlarni keltirib chiqardi.
Ammo bugun davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mintaqada ishonch va o'zaro tushunish bilan tavsiflangan yangi siyosiy iqlim yaratildi. Hududiy qarama-qarshiliklar, suv resurslarini taqsimlash muammolari, do'stlik va hamkorlik ruhidagi hayot tarzi qaror topdi.
2025 yil 31 mart kuni Xo'jandda O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston o'rtasida uch davlat chegaralari tutashgan nuqta to'g'risidagi shartnoma imzolanishi tarixiy voqea bo'ldi va bu qadriyatlarni mustahkamladi.
Bu esa xalqaro munosabatlar tizimida Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi hamkorlik yangi ta'sirchan kuch ekanini namoyon qildi. Ulkan iqtisodiyot, qishloq xo'jaligi, logistika, sanoat sohalarida va turizmda butun mintaqani yanada rivojlantirish uchun mutlaqo qulay imkoniyatlar ochdi.
Qolaversa, xalqaro transport yo'laklarini rivojlantirish, jumladan, “Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston” temir yo'lining barpo etilayotgani Farg'ona vodiysi muhim tranzit markazi maqomini kasb etishidan darak bermoqda.
Farg'ona vodiysi Markaziy Osiyoning unumdor mintaqasi sifatida tanilgan bo'lib, unda mavjud qishloq xo'jaligi salohiyatini to'liq ochib berish uchun imkoniyatlar mavjud, qo'shma agrosanoat klasterlarini yaratish talab etiladi.
Neft, gaz, ko'mir, temir, mis va boshqa foydali qazilmalar zaxiralari tufayli Farg'ona vodiysining sanoat-iqtisodiy imkoniyatlari hamon jozibali bo'lib qolmoqda.
Farg'ona birinchi tinchlik forumi shu jihatlari bilan ham zaruratga aylandi. Shuning uchun uning ishida qirqqa yaqin davlat siyosatchilari va ekspertlari ishtirok etmoqda.
Uning shiori esa:
– Ishonch, muloqot va millatlararo totuvlikni mustahkamlash tinchlik va barqarorlikni ta'minlash maqsadida Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi;
– Farg'ona vodiysini har tomonlama iqtisodiy rivojlantirish uchun ichki salohiyatni safarbar qilish, tashqi resurslar va investitsiyalarni jalb qilish;
– Farg'ona vodiysining ishonch, muloqot va millatlararo totuvlik hududi sifatida xalqaro qiyofasini shakllantirish.
* * *
Farg'onadagi tinchlik forumidan asosiy maqsad yagona iqtisodiy markazni tashkil etish va vodiyga tutash qo'shni mamlakatlarning 3 ta viloyati xalqlari o'rtasida yanada barqaror totuvlikni ta'minlash masalasi asosiy o'rin tutadi. Bu albatta, yaqin qo'shnilarning o'zaro muloqoti, samimiy munosabatlari orqali yanada rivojlanadi. Shu munosabat bilan “Farg'ona haqiqati” gazetasi Tojikiston va Qirg'iziston Respublikasi viloyatlari bosh nashrlari bilan yaqin ijodiy aloqalarni o'rnatgan. Jumladan, Tojikiston Respublikasining So'g'd viloyatidagi “Haqiqati Sug'd” va “Sug'd haqiqati” gazetalari hamda Qirg'iziston Respublikasi Batken viloyatining “Batken tanы” gazetasi ijodiy xodimlari bilan yaqin munosabatlar o'rnatildi. Har ikki qardosh, qo'shni mamlakat jurnalistlari shu yil Farg'onaga tashrif buyurishgan edi. Endi joriy yilning 28 oktyabr kuni farg'onalik 15 nafardan iborat jurnalistlar guruhi Batken viloyatining “Batken tanы” gazetasi tahririyati mehmoni bo'lishi kutilmoqda. Ana shu ruhdagi muloqotni, do'stlikni yanada o'stirish, mustahkamlash yo'lida viloyatlar gazetalarining qo'shma sonlarini tashkil etish, muntazam ravishda chop qilib turishga kelishilgani ibratli holdir. Ushbu yorug' mujdaga bag'ishlangan uning dastlabki soni Farg'onadagi 1-tinchlik forumiga bag'ishlandi. Bunda 3 ta viloyat rahbarlarining mana shu tinchlik forumi haqidagi fikr-mulohazalari, o'zaro madaniy-iqtisodiy aloqalar xususidagi mushohadalari berilgan. Shuningdek, 3 ta viloyatning iqtisodiy salohiyati, qishloq xo'jaligi, madaniyati, turizm manzillari haqida batafsil axborot berishga harakat qilindi. Maqsad o'zbek, qirg'iz, tojik – bir-biri bilan bitta makonda yashayotgan millatlar do'st-inoq, bir-birini yaxshi bilishi, o'zaro bordi-keldining yanada muntazamligini ta'minlash yo'lidagi ezgu qadamlar ijrosi. Shubhasiz, bunday xayrli ishlarda jurnalistika, jumladan, “Farg'ona haqiqati” gazetasi tahririyati jamoasi ham o'z hissasini qo'shishi kerak degan niyatdadir. Shu boisdan ham uchta gazetaning qo'shma soni chop etildi. Bu gazetalar ayni paytda So'g'd va Batken viloyatlarida ham tarqatilishi ko'zda tutilgan. Gazetalarning qo'shma sonini tayyorlashda Farg'ona, So'g'd va Batken viloyatlarining qalami o'tkir jurnalistlari jalb qilindi. Nashrda iqtisodiy-siyosiy mavzulardagi taqrizlar, yangilik va xabarlar o'rin olgan. O'zaro qo'shma korxonalar, hamkorlikdagi loyihalarning ijrosi haqida maqolalar ham berilgan. Bu nafaqat farg'onalik mushtariylar, balki ushbu forum ishtirokchilari uchun ham qiziqarli bo'lishiga shubha yo'q. Gazeta Farg'ona 1-tinchlik forumi qatnashchilariga tarqatiladi.
Bugun — 15 oktyabr kuni Farg'ona birinchi tinchlik forumi o'z ishini boshlaydi.
Muhammadjon OBIDOV,
O'zA.