Jadidlar merosi – sadoqat maktabi
O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida
“Jadid jurnalistikasi va zamonaviy media tadqiqotlar” mavzusida
xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi.
Buyuk ma'rifatparvar, yozuvchi, publitsist, dramaturg va jamoat arbobi, jadidchilik harakatining yetakchilaridan biri Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 151 yilligi munosabati bilan O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida kuni kecha an'anaviy o'tkaziladigan anjuman — “Jadid publitsistikasi va zamonaviy media tadqiqotlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi.
Anjuman O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashabbusi bilan O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda “Jadid” gazetasi hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiya doirasida Mahmudxo'ja Behbudiy va jadidlar publitsistik merosi, jadid matbuotining milliy jurnalistikadagi o'rni hamda zamonaviy jurnalistika taraqqiyotining dolzarb masalalari yuzasidan mahalliy va xorijiy olimlarning ma'ruzalari tinglandi.
Xalqaro anjumanni O'zJOKU rektori, professor Sherzodxon Qudratxo'ja olib bordi. U o'z so'zida shunday dedi:
— Bundan 151 yil ilgari 1875 yil aynan shu kuni Turkiston jadidchilik harakatining tan olingan rahnamosi, din va jamoat arbobi, yangi usul maktablari, milliy matbuot va o'zbek dramaturgiyasi asoschisi, muharrir va publitsist, o'z e'tiqodi va adolatiga sodiq, ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo'ja Behbudiy tavallud topgan. Barchamizga shu ulug' kun muborak bo'lsin!
Millat tarixida shunday davrlar bo'ladiki, u paytda so'z – qurolga, qalam – jon fidoligiga aylanadi. XX asr boshlarida Turkistonda yuz bergan jadidchilik harakati aynan shunday tarixiy burilish nuqtasi edi. Bu harakatning yo'lboshchisi, milliy matbuotimiz asoschisi Mahmudxo'ja Behbudiy nomi bugun ham ma'rifat, jasorat va fidoyilik timsoli sifatida tilga olinadi.
Mahmudxo'ja Behbudiy milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi sifatida ilm-fan, ta'lim va tarbiya, adabiyot va san'at, matbuot sohalarini rivojlantirish, jahondagi ilg'or taraqqiyot yutuqlarini o'zlashtirish orqali xalqimizning ong-u tafakkurini yuksaltirish hamda hurriyatga erishish yo'lida o'z hayotini baxsh etgan fidoyi zotdir.
Jadidlar mustamlaka zulmi, jaholat va qora qarashlar hukm surgan bir sharoitda millatni uyg'otish mas'uliyatini o'z yelkalariga oldilar. Ular yaxshi bilardilar: xalqni qutqarishning yagona yo'li — maktab, matbuot va ma'rifatdir. Mahmudxo'ja Behbudiy ham ana shu haqiqatni ilk anglagan zotlardan bo'lib, “har bir millatning taraqqiyoti yoki tanazzuli maktab masalasiga bog'liq” ekanini ta'kidlagan.
Jadidlar merosi bugungi jurnalistika va ta'lim tizimi bilan uzviy bog'liq. Yetuk jurnalist kadrlarni tayyorlashda jadidlar qoldirgan milliy jurnalistika maktabiga suyanish zarur. Chunki jadidlar jurnalistikasi — ijtimoiy mas'uliyat, millatparvarlik va haqiqatga sadoqat maktabidir.
Jadidlar merosi — bu faqat tarix emas, bugun va kelajak uchun saboqdir. Millat o'zligini anglashi, taraqqiy etishi va dunyo sahnasida munosib o'rin egallashi uchun jadidlar qoldirgan ma'naviy merosga tayanish zarur. Chunki jadidlar — millat uyg'onishining abadiy maktabidir. Jadidlar bu shunchaki o'tmish xotirasi emas, balki Yangi O'zbekistonning ma'naviy tayanchi, taraqqiyot va uyg'onish manbaidir. Ularning g'oyalari bugun ham bizga yo'l ko'rsatmoqda: zero, tilda, fikrda va ishda bir bo'lish — taraqqiyotning eng ishonchli kafolatidir.
Konferensiyada so'z olgan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Hasanov jadid bobolarimizning Vatan ozodligi, hurriyat uchun mislsiz azob-uqubatlarni boshdan kechirgani, xususan, Mahmudxo'ja Behbudiy hayotini, jasoratini yoshlar qalbiga ko'proq singdirish lozimligi xususida o'z mulohazalarini bayon etdi:
— Jadidlar mustamlaka zulmi, jaholat va zulmat, nohaqlik hukm surgan bir sharoitda millatni uyg'otish uchun o'zining jonlarini qurbon qilishdan ham qo'rqmadilar. Shu boisdan ham bugungi hurriyat kunlariga o'z-o'zidan muyassar bo'lganimiz yo'q, — dedi B.Hasanov.
Anjumanda O'zJOKU rektori Sh.Qudratxo'ja qatag'on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, jadid Vatandoshlarimizning hayoti va faoliyatini o'rganishdagi samarali faoliyatini e'tirof etgan holda Baxtiyor Hasanovga universitet “faxriy professori” etib tayinlangani haqidagi diplomni topshirdi.
Anjumanda O'zJOKU media nazariyasi va amaliyoti kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Halim Saidovning “Mahmudxo'ja Behbudiyning madaniyat libosidagi muxtoriyati” mavzusidagi so'zi e'tiborga molik bo'ldi. Shuningdek, notiqning Behbudiy hayotiga oid “Turkiston dahosi” kitobi taqdimoti ham bo'lib o'tdi.
O'zJOKU media nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori, dotsent Sadoqat Maxsumovaning ma'ruzasi esa universitetda Mahmudxo'ja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiya ta'sis etilgani haqida bo'ldi. Jumladan, u shunday dedi:
— Mahmudxo'ja Behbudiy nomidagi maxsus stipendiyaning joriy etilishi — bu yosh jurnalistlarning salohiyatini ro'yobga chiqarish, milliy matbuotimiz an'analarini davom ettirish va jadidlar orzu qilgan ma'rifatli jamiyatni barpo etish yo'lidagi muhim qadamdir.
Mazkur stipendiya sovrindorlari soni 5 nafarga yetgan bo'lib, iqtidorli talabalarimizdan O'g'iloy Ahmadaliyeva Mahmudxo'ja Behbudiy nomli stipendiya sovrindori bo'lish bilan bir qatorda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasiga sazovor bo'ldi. U bakalavriatni tugatganidan so'ng, tegishli mutaxassislik bo'yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz, grant asosida qabul qilindi.
Iqtidorli talabalarni aniqlash, qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirishga qaratilgan tizimli yondashuv O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida izchil amalga oshirilib kelinmoqda. Zero, iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash — bu alohida bir shaxsga emas, balki butun jamiyat va Yangi O'zbekiston kelajagiga qaratilgan sarmoyadir.
Anjuman ishida “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari bosh muharriri, senator Husan Ermatov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Gulzoda Soatova, Germaniyaning “Johannes Gutenberg” universiteti (Mayns) doktoranti A'zamjon Dadaxonov, O'zJOKU professori Nazira Toshpo'latova, Anqara Hoji Bayram Veli universiteti professori Zaynabiddin Abdurashidov, Kirshehir Ahi Evran universiteti iqtisodiyot va ma'muriy fanlar fakulteti xalqaro aloqalar bo'limi boshlig'i Nur Setin, O'zJOKU tayanch doktorantlari Nigora Elmurodova, Maftuna Abdukarimova va boshqa ziyolilar Behbudiy dahosi haqida o'zlarining fikr-mulohazalari, olib borayotgan tadqiqotlari xususida o'rtoqlashdi.
Muhammadsodiq TO'RAYEV,
“Hurriyat” muxbiri.
