Yoshlar yetakchilari bir maydonda: Tashabbus va imkoniyatlar uyg'unligi

Yaqinda Toshkent menejment va iqtisodiyot instituti tashabbusi bilan O'zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy kengashi hamkorligida “Yangi avlod yetakchilari” maktabining o'quv seminari bo'lib o'tdi. Mazkur tadbir poytaxtdagi oliy ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilarini bir maydonga jamlagani bilan ahamiyatli bo'lib, bunday intellektual muloqot muhiti har doim ham bo'y ko'rsatavermaydi.

Tadbirni institutning yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektori Alisher Karimov olib bordi. U o'z so'zida yoshlar yetakchilari faoliyatida tizimli yondashuv, shaxsiy mas'uliyat va zamonaviy ko'nikmalarning o'rni haqida to'xtaldi.

Shuningdek, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi bo'lim boshlig'i Komiljon Suyarov “Yangi avlod yetakchilari” loyihasining mazmun-mohiyati va uning amaliy ahamiyati xususida fikr bildirdi.

Tadbirning asosiy qismi amaliy va interaktiv ruhda tashkil etildi. Shaxsiy brend bo'yicha ekspert Salay Matkarimov “Yoshlar yetakchisi uchun shaxsiy brendni shakllantirish strategiyalari” mavzusida chiqish qilib, yetakchining jamoatchilik oldidagi qiyofasi, ishonch kapitali va professional obro'sini shakllantirish mexanizmlari haqida aniq tavsiyalar berdi. Tadbirda qatnashgan bank xodimi Hojimurod Tojiboyev “Zamonaviy yetakchilikda ish faoliyati va media vositalaridan samarali foydalanish” mavzusida ma'ruza qilib, raqamli maydonda to'g'ri pozitsiya tanlash va auditoriya bilan samarali muloqot yuritish yo'llari xususida so'z yuritdi.

Seminar doirasida mehmonlar institutda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan ham tanishdilar. Xususan, “Jalinga” media studiyasi, axborot-resurs markazi hamda zamonaviy laboratoriya xonalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi. Ta'lim va amaliyot uyg'unlashgan muhitda yoshlar bilan ishlashning samarali modeli shakllanayotgani alohida e'tirof etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar va esdalik sovg'alari topshirildi. Eng muhimi, ushbu seminar yoshlar yetakchilari uchun yangi bilim, yangi qarash va yangi muloqot maydonini yaratdi.

Quvonchlisi, Toshkent menejment va iqtisodiyot institutida tashkil etilgan ushbu uchrashuv oddiy bir tadbir emas, balki o'zaro hamkorlik va kelajak rejalari uchun mustahkam platformaga aylandi, deyish mumkin. Yoshlar yetakchilarini bir joyga jamlagan ushbu maydon esa, tabiiyki, o'ziga xos voqea sifatida tashabbuskor yoshlarning yodida qoladigan bo'ldi.

Sodirjon YaKUBOV,

Toshkent menejment va iqtisodiyot instituti professori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − sixteen =