Suv: tahdidlar, muammolar va yechim

Yer sharining uchdan ikki qismi suv bilan limmo-lim to'la bo'lishiga qaramasdan, keyingi yillarda dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida suv tanqisligi haqida uzluksiz munozaralar boshlandi. Nega deysizmi? Axir shuncha suv zaxiramiz bo'lsa-yu, tashvishlanish o'rinlimikan? Masalaning mohiyatini chuqur anglamaganlar bu kabi yuzaki fikr aytishlari turgan gap. Ammo atrofga nazar soling, dunyoning Afrika, Osiyo va Yevropa qit'alarida suv tanqisligi, qurg'oqchilik degan muammo kun sayin insonlarni bezovta qilmoqda. Dunyoda yashaydigan 8 milliarddan ortiq insonning hayoti barcha jabhalarda suvga bog'liq bo'lib, qolaversa, ular uchun zarur bo'lgan kislorodni o'zida ishlab chiqaruvchi o'simliklar suvsiz o'smaydi, rivojlanmaydi. Bundan tashqari, nabotot olami insonlar uchun zarur bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlarini ham yetishtirib beruvchidir. Xullas, suvning ahamiyati, qiymati haqida uzoq to'xtalish mumkin.
Inson tanasining 55-65 foizini, endi tug'ilgan chaqaloqlarda esa 90 foizgacha suv tashkil qiladi.
Suv — insonlar hayotida tiriklikni belgilaydigan yoki sayyoramizda eng ko'p foydalaniladigan va turli sabablarga ko'ra katta tezlikda kamayib borayotgan resurslardan biri.
Suv — endilikda hatto davlatlararo kelishmovchilik va bahslarga sabab bo'ladigan omillardan biri bo'lishi mumkin.
Suv tanqisligi va qurg'oqchilikdan aziyat chekkan aholi o'z ona tuprog'ini tashlab ketishi, sarsonu sargardon yoki muhojir bo'lishi kabi ayanchli holatni yuzaga keltiradi.
Demak, suv hayot manbaidir!
O'zini tabiatning mutlaq hokimi deb biladigan inson suvsiz bir haftagacha yashay oladi, xolos. Ma'lumotlarga ko'ra, Yer yuzida mavjud aholining chorak qismiga (2023 yilda 2 milliard odamning) iste'mol qilishi uchun toza ichimlik suvi yetishmaydi va ahvol shu tariqa ketaversa, yaqin 10 yillikda yana 700 million odamga ko'payishi kutilmoqda.
Biosferamiz, aslida, suvdan iborat, lekin…
Suvning tuzli (okean va dengizlarda), chuchuk (daryo, ko'l, yer ostida va muz ko'rinishida), yomg'ir, mineralli ko'rinishiga ega bo'lgan, shuningdek, insoniyat tomonidan qayta ishlov berilgan shakldagi turlari mavjud. Dunyoning ¾ qismi suvdan iborat. Mavjud daryolar va to'g'onlar suv ta'minoti uchun muhim bo'lsa-da, ularning imkoniyat doirasi mukammal emas. Chunki daryolarning suvi, aslida, bir foizgina chuchuk suvni tashkil qiladi. Chuchuk suvni ayrimlar “atmosferada ko'p, biz yomg'ir yog'diramiz” deb xomtama bo'ladilar, ammo atmosferada ham taxminan 0,001 foizi chuchuk suv bug'i bo'lib, ular sayyoramizda vaqti bilan yomg'ir va qor shaklida yerga qaytib tushadi.
Atoqli qirg'iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning “Sohil bo'ylab chopayotgan Olapar” nomli asarida dengizda suzib adashib qolgan qayiqdagilarning taqdiri hikoya qilinadi yoki suvning ichida suvga tashna odamlarning taqdiri tasvirlanadi. Shunda qayiqdagi suvsiz lablari qaqrab, yorilib ketgan ota va bola bir ashulani xirgoyi qilishadi: “Ko'k sichqoncha, bizga suv ber” deb qayta-qayta takrorlashadi. Nihoyat, qirq besh yoshlardagi yigit suvsizlikka chiday olmay, bir krujka dengiz suvini ichadi, birpasdan so'ng ichi yonib ketayotganday bo'ladi va chiday olmay o'zini suvga tashlaydi…
Nuroniy qariya suvsizlikdan aziyat chekib vafot etadi. Qayiqda 6-7 yoshlardagi bola qoladi, unga oxirgi tomchi chuchuk suvni asrash uchun ikki katta kishi o'zlarini qurbon qilishadi. Qarang, o'zlari bepoyon kenglikda, suvning ichida suzib borishmoqda, ammo suvsizlikdan jonlari uziladi.
Beixtiyor xayolga berilasan, yon-atrofimizdagi dengiz va okean suvlarini ichimlik suvga aylantirish mumkinmikan? Olimlarning fikricha, bu mumkin ekan. Ammo dengiz suvini chuchuk suvga aylantirish juda qimmatdir. Okean va dengiz suvlarini chuchuk suvga aylantirish kundalik hayotda o'zini deyarli oqlamaydigan nihoyatda qimmat jarayon hisoblanarkan.
Chuchuk suvni sarflash me'yori qancha?
Olingan ma'lumotlarga ko'ra, Jahon Sog'liqni Saqlash tashkiloti tomonidan ma'lum qilinishicha, bir inson ehtiyoji uchun bir kunda o'rtacha 50-100 litr suvni sarflashi mumkin. Doimo qurg'oqchilikka moyil bo'lgan Afrika qit'asining chetroq joylarida bir kishi odatdagidan ancha kam miqdorda va kuniga zo'rg'a 10-20 litr suvni ishlatadi. BMT ma'lumotlari bo'yicha, insonning normal hayot faoliyati uchun bir kecha-kunduzda 20 litrdan ortiqroq, sanitariya tizimlarida ishlatish uchun yana 50 litr suv kerak. AQShda bo'lsa, aksincha, me'yordan yuqori — 450 litr suv ishlatiladi, Kanada davlatida esa 340 litr, Yaponiyada 320 litr suv sarfi kuzatiladi. Ushbu mamlakatlarda suv sarfi kattaroq, chunki ularda suv miqdori oddiy ko'z bilan qaraganda ko'pdek, chunki mamlakatning ikki tomoni suv bilan o'ralgan bo'lishiga qaramasdan, foydalaniladigan suvning narxi yuqoriligi uchun bir kishiga sarflanadigan suv miqdori o'rtacha 130 dan 180 litrgacha to'g'ri keladi.
Dunyo bo'yicha suvni eng ko'p sarflaydigan davlat bu — Saudiya Arabistoni bo'lib, o'rtacha bir kishi uchun kuniga 500 litr suv sarfi mavjudligi kuzatiladi. Shuni aytish lozimki, barcha suv insonlar tomonidan ishlatilmaydi. 5,5 mln kubometr ichimlik suv ishlab chiqarish uchun 350 ming barrel neft mahsuloti sarflanadi. Eng qizig'i shundaki, mamlakatda, 1 barrel neft ishlab chiqarish uchun 159 litr chuchuk suvni sarflanadi.
Ma'lumki, suv insonlar hayotida, sanoatda, texnikada, qishloq xo'jaligida, chorvachilikda yil bo'yi uzluksiz ravishda foydalaniladi. Yoki qaysiki sohani olib qarasak, hamma joyda suv zarur va birinchi mahsulot bo'lib qoladi. Sanoatda 1 tonna toshko'mir qazib chiqarish uchun 3 tonna suv zarur, o'ylab qarasangiz, kuniga qancha tonna toshko'mir qazib olinadi? Marten pechlarida 1 tonna po'latni eritish uchun kamida 250-300 tonna suv zarur bo'lib, bu pechlar o'chirilmaydi, tinimsiz yoki uzluksiz ishlashi kerak. Marten pechlari sovib qolsa, ularni isitish jarayoni sekin kechadi. Agarda bir sutkada sarflanadigan suv miqdorini tonnalarga olsak, juda katta ko'rsatkich kelib chiqadi.
Qishloq xo'jaligi uchun zarur bo'lgan 1 tonna azotli o'g'itni ishlab chiqarish uchun 600 tonnagacha suv zarur. O'zbekiston qishloq xo'jaligida 4 mln gektar madaniy ekinlar ekiladigan maydon bor, demak, juda katta miqdorda azot zavodlariga suv zarur bo'ladi.
Bugungi kunda O'zbekistonda eng katta tarmoqlardan biri bo'lgan tekstil sanoatida 1 tonna sintetik tola ishlab chiqarish vaqtida esa 4000 tonnagacha suv talab qilinadi. Yetishtirayotgan paxtadan 1 tonna oddiy ip gazlama tayyorlash uchun 10 tonna suv sarflanadi. Mamlakatda minglab tonna paxta tolasidan ip kalava tayyorlanadi, tarkibi turlicha bo'lgan, ba'zi bir sintetik tolalardan 1 tonna gazlama ishlab chiqarish uchun tekstil kombinatlari 3000 tonnagacha suv ishlatadi.
Ma'lumki, eng katta miqdordagi chuchuk suv mamlakat qishloq xo'jaligi uchun sarflanadi. Masalan, dalaga ekilgan bug'doylardan 1 tonna hosil olish uchun 1500 tonna suv sarflanadi (yurtimizda 1 mln 300 ming gektar maydonga bug'doy ekiladi). Sarflanayotgan suv miqdorini hisoblab chiqish uchun raqamlar yetmasligi aniq. Yana shuningdek, 1 tonna sholi yetishtirish uchun 4000 tonna suv sarfi talab etiladi va hokazo.
Demak, suvdan tejab-tergab foydalanish kunning va har bir soha mutaxassisining bosh vazifasi bo'lib qolmoqda. Bu borada qanday ishlarni amalga oshirish lozim? Bizningcha:
— fermer o'zi ekadigan ekinning suvga qancha talabchanligini bilib olishi, ularni yer osti suvlarining joylashishi va ma'lum ekinning suvga talabchanligini e'tiborga olgan holda ekin va nav tanlashga o'rgatish hamda fermerning suvga munosabatini ijobiy o'zgartirish;
— ekin maydonlarida tomchilatib sug'orish tizimiga o'tishni tezlashtirish va maydonlarda suvni tejash, bebaho ne'matning bekorga tuproqqa singib ketishining oldini olish uchun ariqlar va kanallar chetlarini betonlash;
— ariqlar va kanallarni qamish, buta, turli xil o'simliklar va boshqa chiqindilardan tozalash;
— ekiladigan ekinlar strukturasini qayta ko'rib chiqish, xalq xo'jaligi uchun katta daromad keltiradigan, suvga kam talabchan ekinlarni va ularning navlarini tuproq va iqlim sharoitiga qarab tanlash;
— ekin turlarini tanlaganda tomchilatib sug'orish imkoni bo'lgan ekinlarni yetishtirishni joriy etish lozim va hokazo.
Suvsizlik — asrning global muammosi

O'zbekistonga chuchuk suvlar qaerdan keladi?
Mamlakatimizga suvlar aslida Pomir va Tyanshan tog' muzliklaridan oqib keladi. Xo'sh, bu muzliklarda ahvol qanday ekan? Global isishning oqibatlari baland tog'larga sezilayaptimi, yo'qmi?
2019 yil aprel oyida Toshkent shahrida bo'lib o'tgan muammoga oid konferensiyada shveysariyalik olim Doktor Tomas Saks ma'lumotiga ko'ra, keyingi o'n yillikda Pomir—Tyanshan tog'laridagi muzliklar tezlik bilan erib bormoqda. Muzliklarning tezlik bilan erishi natijasida ma'lum daryo va ko'llar suvining xajmiga ijobiy ta'sirini sezish mumkin. Doktor Tomas Saks o'z ma'ruzasida muzliklar haqida ko'pgina noto'g'ri ma'lumotlar qayd etilayotganini achinish bilan so'zlaydi va Markaziy Osiyo muzliklarining bugungi holati haqidagi ma'lumotlarning 40 foizi ortiqcha bo'rttirilgan ekanligini, aslida, bu muzliklarning hajmi kutilganidan ham tezlik bilan kichrayib borayotganligi haqida gapirgan edi.
Muzliklarning erib borishi o'z navbatida suv tanqisligini keltirib chiqaradi, shusiz ham Markaziy Osiyo respublikalarida aholi sonining ortib borishi boshqa xududlarga qaraganda birmuncha yuqori ekanligi ma'lumotlardan aniqlangan. Ko'payib borayotgan aholini oziq-ovqat bilan ta'minlash — yangi yerlarni o'zlashtirish, ekinlardan yuqori hosil olishni taqozo qiladi, demak, bu tadbirlar uchun yana suv zaxiralari kerak bo'ladi. Sirdaryoni misol tariqasida olib ko'rsak, eng uzun (2137 km) daryolardan biri bo'lib, Farg'ona vodiysidan boshlanib, Qirg'iziston, Tojikiston, O'zbekiston va Qozog'iston hududlaridan, 25 million aholi yashaydigan hududlardan oqib o'tadi. Afsuslar bo'lsinki, mana shuncha aholi uchun bu daryoning suvi kamlik qiladi. Orol dengiziga necha o'n yillarki, Sirdaryodan suv bormay qo'ydi va bu holat Orol fojiasiga olib keldi. Aholi sonining ko'payishi bilan issiq iqlimli hududlarda cho'llanish, sho'rlanish jarayoni kuchayib bormoqda. Bu daryoning suvidan barcha tutash respublikalar teng foydalanishga harakat qilishadi.
Masalan, Sirdaryoning Norin irmog'idan Qirg'iziston hududida To'xtagul suv ombori qurilgan bo'lib, uning to'liq suv sig'imi 19,5 km2ni tashkil qiladi. Qozog'iston davlati Sirdaryodagi katta hajmdagi toza chuchuk suvdan sug'orishda foydalanish maqsadida Chordara suv ombori quyi qismida suv hajmi 3,0 km3lik Ko'ksaroy suv omborini qurib tugatdi. 2006 yildan boshlab Chordara suv omboridan Arnasoy botig'idagi suv havzalariga kam miqdorda suv tushmoqda. Aydarko'lga tushadigan suvning xajmi kamayib bormoqda va oqibatda Aydarko'l suv sathi keyingi 6 yil ichida 1,5-2,0 metr pastga tushganligi ma'lum.
Amudaryo hududimizdagi eng sersuv daryo bo'lib, uzunligi 1415 km, maydoni 309 ming km2. Amudaryoning 74 foiz suvi Tojikiston hududida, 13,9 foizi qo'shni Afg'oniston va Eron davlatlarida, faqatgina 8,5 foizi bizning hududimizda shakllanadi. Amudaryoning chap irmog'i bo'lgan Qunduz daryosining uzunligi 420 km, maydoni 31 300 km². Bamian viloyatidagi Ko'hi bobo tog'laridan oqib keladi va suvi Amudaryo yillik suv hajmining 8 foizini tashkil qiladi. Sobiq ittifoq davrida 1958 yilda imzolangan bitimga asosan, Afg'oniston davlati Panj va Qunduz daryolari va boshqa ba'zi irmoq suvlaridan har yili 9 km2 gacha hajmdagi suvdan foydalanishi mumkinligi ko'rsatilgan. 9 km2 suv Amudaryo yillik suv oqimining 10 foizini tashkil qiladi. 2023 yilgacha Afg'oniston davlati hammasi bo'lib yiliga Amudaryoning 2 km2 suvidan foydalangan, ammo qo'shni mamlakatda Qo'shtepa kanali qurilgandan keyin Amudaryodan oladigan suv hajmi ko'payadi, bu esa Amudaryoning quyi o'zanlarida joylashgan aholining suvga bo'lgan talabining yanada oshishiga olib keldi.
Darhaqiqat, O'zbekiston va unga qo'shni malakatlarda suv masalasi nihoyatda jiddiy bo'lib, Amudaryo va Sirdaryo suvida Markaziy Osiyodagi 75 milliondan oshiqroq aholining hayot-mamot masalasi yotadi. O'z-o'zidan ravshanki, shuncha aholining asosiy qismi O'zbekistonda yashashini e'tiborga olib, suvsizlik tahdidlarini to'g'ri o'rganib, chuchuk suvdan tejab-tergab foydalanish, suv kam talab qiladigan ekinlar turini shakllantirgan holda, zamonaviy texnologiyalarga asoslanib, fermerlarimizning ham bilimini oshirmoq — hayotiy zarurat. Masalaga jiddiy qaralmasa, global isishning ayanchli oqibatlari tez orada o'zi haqida ma'lum qilishi muqarrar.
Alohida ta'kidlash joizki, bu ulkan muammoning oldini olish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qishloq xo'jaligi sohasida tejamkor texnologiyalarni joriy qilish bo'yicha qator qarorlar qabul qilingani bejiz emas.
Dilorom YoRMATOVA,
professor.
Anvar SAFAROV,
tadqiqotchi.