HAVO – HAMMAMIZNING NASIBAMIZ
“21 dekabr kuni (2023 yil) Toshkent shahrida PM2.5 zarrachalarining ruxsat etilgan chegaraviy miqdori 57 barobarga o'sgan. Fan PM2.5 saraton va astmaga olib kelishini isbotlagan. Ushbu zarralarning eng asosiy manbai transport hisoblanadi. Bu zarralar ichida eng xavflisi aynan PM2.5 mitti zarralaridir. Havodagi yirik zarrachalar yuqori nafas yo'llarida filtrlanadi, PM2.5 kabi kichik zarrachalar esa chuqur nafas yo'llariga, hattoki qonga ham o'tishi mumkin. Ular o'zlari bilan inson organizmiga zararli qo'shimchalar va kislotalarni ham olib kiradi”.
Mavzuga oid ma'lumot
Bugun havoning ifloslanish darajasi haqida gap ketar ekan, havoda RM2.5 zarrachalarining me'yordan ortiqligi ta'kidlanadi. RM2.5 zarracha nima, qanday paydo bo'lyapti va nimaga inson sog'lig'i uchun bu qadar xavfli?
Havoni ifloslantiruvchi qattiq mikrozarrachalar o'lchami 10nm.dan 2.5mkm.gachani tashkil etadi. Ularni fan tilida mayda dispers zarrachalar yoki ingichka dispers changlar deb ham atashadi.
RM2.5 zarrachalarini 2 turga bo'lish mumkin.
Birinchi tarkib havo tarkibida mustaqil paydo bo'lganlar. Bu guruhga qurum, asfalt va mashina shinalaridan ajralgan zarrachalar, mineral tuzlar (sulfatlar va nitratlar), og'ir metall birlashmalari (oksidlar), biologik changlar (allergenlar va mikroorganizmlar) kiradi.
Bu guruhda asosiy miqdor qurumga tegishli bo'lib, issiqlik stansiyalarida yoqilgan ko'mirdan ajralgan qismida toksik zarralar bilan boyigan holda havoda paydo bo'ladi.
Ikkinchi tarkibga shahar atmosferasida paydo bo'lgan azot va oltingugurt oksidlari suv zarralari bilan birlashishi natijasida paydo bo'ladigan kislota hamda og'ir tuzlarni kiritish mumkin.
RM2.5 zarrachalari juda mayda bo'lganligi sababli inson organizmidagi tabiiy to'siqlardan, ya'ni burunning shilliq pardasi va yuqori nafas yo'li va bronxlardan o'tib ketadi. Nafas olgan havo oqimi bilan o'pka teshiklariga yetib boradi va osongina qon tarkibiga kirib boradi. Natijada nafaqat nafas olish yo'llari kasalliklari, balki yurak, qon-tomir va boshqa kasalliklarni ham keltirib chiqaradi.Internet ma'lumotlaridan.
“6 yanvar soat 8-00da (2024 yil), O'zgidrometning xabar berishicha, atmosfera havosi monitoringi avtomatik stansiyalari ma'lumotlariga ko'ra, Toshkent shahrining atmosferasi havosidagi ZM10 dispersli zarrachalarining miqdori 26,5 MKG/m3ni tashkil etgan va SANeqVAn 0293-1193 (500mkg/m3) bo'yicha ruxsat etilgan me'yordan oshmagan. RM2,5 mkg/m3ni tashkil etgan. Va SanEQvaN 0293-11 (500 mkg/m3) bo'yicha ruxsat etilgan me'yordan oshmagan. Mayda dispersli zarrachalar miqdori esa 12,4 mkg/v3ni tashkil qilgan va JSST tavsiyalaridan 2,4 barobar (5mkg/m3) oshgan. Uglerod oksidi SO(avtotransport va sanoat korxonalari chiqindilari) 0,5 mg/m3ni tashkil etib, … ruxsat etilgan me'yordan oshmagan”.
“11 yanvar kuni soat 8:00da (2024 yil) Toshkent havosidagi RM2,5 dispersli zarrachalarining miqdori (0,001dan 2,5 mikrometrgacha) 85,5 mkg/m3 ni tashkil etdi, bu Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan 17 barobar (5 mkg/m3) ko'p. Bu haqda “O'zgidromet” avtomatik havo monitoringi stansiyalari ma'lumotlariga tayanib xabar berilmoqda. IQAir veb-saytida soat 8:20da O'zbekiston poytaxti havoning ifloslanishi bo'yicha dunyoda 8-o'rinni egalladi, havo darajasi – “zararli”.
Yuqorida poytaxt Toshkent havosining yigirma kun ichidagi ayrim holatlari haqida ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan ma'lumotlar keltirildi. Ular orasida 6 yanvar kuniga taalluqli ma'lumotlardan misollar ko'ngilga biroz taskin bergulik.
Chindan ham, yangi yilning birinchi haftasida ertalab ko'chaga chiqqan lahzalardan havoda yengillik, tozalikni his qilgandik, borliq musaffolashgandek edi. Bunaqa paytda nafas yo'llarida kasalliklari bo'lgan ming-minglab hamshaharlardan tortib salomatligi, kayfiyati ob-havoga bog'lanib qolgan minglab odamlarni, toza havo-yu munavvar muhitda jismi, aqli, qobiliyatlari yayrab yashnaydigan, donolarning chiroyli tashbehi bilan ifodalaganda guldek bolalarni o'ylab yengil tortasan.
Keyingi oylarda poytaxtimiz ko'chalarida ertalab va kechki tirbandliklar paytida mashinalarning u bekatdan bu bekatgacha turnaqator tizilishi odatiy holga aylanib qoldi, so'nggi paytlarda esa kunning o'rtalarida ham chorrahalar, muyulishlardan tirbandlikka tushmay o'tgan vaqtimiz yo'q hisobi. “Boshim og'riyapti”, “Ko'nglim ayniyapti”, “Qon bosimim oshyapti”, “Yuragim bezovta bo'lyapti”, “Nafasim qisyapti” degan ahvolu hol bayonlarini bevosita havoning harorati, chang-g'uborliligi, og'irligi bilan bog'lab gapiradiganlar kundan-kunga ko'payib boryapti. Ayni nafas olayotgan havosida zararli, zaharli zarralar miqdori me'yordagidan ortib ketgani uchun yo'talayotgan, yuragi-yu o'pkasi zo'riqayotgan, qon bosimi oshayotgan, badaniga har xil qichimalar toshayotganlar hammamizning yon-atrofimizda topiladi; badani behalovat bo'layotgani sababini tili chiqmagan go'daklar, bolalar tushunmaydiyam, aytib ham berisholmaydi, yig'laydi, injiqlik qiladi, tiniqib uxlolmaydi, ishtahasi bo'g'iladi… Bunday holatning oylarga, yillarga cho'zilishi oqibatida aholining salomatlik ko'rsatkichlari pasayib borishi va bu ularning ahvoli, mehnat va ijod samaradorligi, oilada va jamiyatda faol, intiluvchan, ijodkor, tashabbuskor, a'lo kayfiyatli shaxslar bo'lishiga salbiy ta'sir etishi va oxir-oqibat millatning, xalqning genofondiga og'ir asoratlar keltirishini bo'yab-bejamasdan tan olishimiz kerak.
Yanvarning birinchi o'n kunligida Toshkent shahri havosining bir necha ko'rsatkichlar bo'yicha me'yorlashgani sababi – ko'chalarda transport qatnovi birmuncha kamaygani ekanini hech kim rad etmasa kerak. Bu kunlarda poytaxt jamoat transportlari har doimgi jadvallari asosida yo'lovchilarga xizmat ko'rsatdi; korxonayu tashkilotlar ham avvalgidek ishlab turdi; kommunal xizmat tashkilotlariyam faoliyatini davom ettirdi… faqat oliy o'quv dargohlarida qishki ta'til bo'lib, viloyatlardan kelgan talabalarning deyarli hammasi uy-uylariga ketgan, toshkentlik talabalar ham o'qishga bormadilar. Demak, Toshkent ko'chalarining tirbandlik darajasi 10 ballik ko'rsatkichniyam “bosib” o'tib ketishida, ob-havosining ifloslanishi, zararli-yu zaharli zarrachalarga me'yoridan ortiq to'yinishida institut, universitetlarga shaxsiy mashinasida borib keladigan talaba- yoshlar ulovining ancha-muncha hissasi bor ekan-da!
Yoshlarimizga har jihatdan havasimiz keladi. Beixtiyor o'zimizning talabalik yillarimiz, Marg'ilondan Farg'onaga har kuni toshbaqaga o'xshagan avtobuslarda tiqilishib, nafasimiz bo'g'ilib qatnaganlarimiz, darsga kech qolmaslik uchun sahar mardonlab uydan chiqib yo'llarda sarg'ayishimiz yodga tushib ketdi. O'shanda birorta talaba o'zining shaxsiy yengil mashinasi tugul, yil-o'n ikki oyda biror sabab yoki zarurat tufayli taksida o'qishga borib kelganiniyam eslolmayman. Darvoqe, mavzudan uzoqlashmay, bugunga qaytaylik.
Aytish mumkinki, keyingi bir yil ichida uch million aholisi bo'lgan poytaxtimiz aholisiga ko'rsatilayotgan jamoat transporti xizmatlari sifati biz uzoq yillar orzu qilgan-u, ammo tasavvur ham etolmagan darajada yuksaldi. Ayni kunlarda o'zim xizmatga borib kelish uchun elektrobuslarga o'tirarkanman, har gal: “Bundan bir yilgina oldin shuncha yo'lovchi kichkinagina yashil avtobuschaga qanday sig'ib yurgan edik?” deb hayron bo'laman. U avtobuschalarning kamida yarim soat oraliq bilan kelishi, unga chiqib olish mashaqqatlari, yo'l-yo'lakay toru tanqislikdan kimning ko'ngli behuzur bo'lgan, kim kimdan norozi, kim kimdan uzr so'ragan… va har kuni shu ahvol birdek takrorlanardi. Hozirgi yangi avtobuslarning yo'lovchi sig'dirish imkoniyati u avtobuschalarga nisbatan kamida ikki-uch barobar ko'p, qolaversa, har 7-10 daqiqada kelib turibdi. Bugungi salobatli, zamonaviy avtobuslarda yo'lovchilar har doim gavjum bo'lishini ko'rib, “ilgari ko'pchilik taksida yurganmikin?” deb o'ylayman. Jamoat transportidan foydalanadigan ko'pchilik yo'lovchilar dilidagi mana shu minnatdorchilikni mamnuniyat bilan e'tirof etish barobarida, yuqorida so'z ochilgan muammoning bir qadar ijobiy yechimiga ham xuddi shu xayrli o'zgarishlar sababchi, vosita bo'lishi mumkinligini aytmoqchiman. Ya'ni, dunyoning eng katta, eng chiroyli, eng zamonaviy shaharlari qatorida bo'lgan Toshkentning bir tomonidan ikkinchi tomoniga jamoat transportida, metroda qisqa fursatlarda yetib olish qiyin bo'lmay qoldi. Shaharning hamma ko'chalarini markaz bilan, o'quv dargohlari bilan bir-biriga izma-iz kelayotgan jamoat transport vositalari bog'lab turibdi. Shunday ekan, ayni kuch-quvvatga to'la bo'lgan yoshlar – talabalar ham shaxsiy ulovlarida emas, jamoat transportida o'qishga borib kelsalar-chi! Ko'nglim sezib turibdi, “Nega aynan biz?..” demoqqa shaylangan yoshlar oz emas.
Shu o'rinda hayot hikmatlaridan yechim izlasak. Ota-bobolarimiz ko'pchilikning, xalqning taqdiriga doxil muammolarni muhokama qilib, ularni hal etish yo'llarini izlash uchun davra olganlarida, muammoning qay bir jihatlarini zimmaga oladigan mard, saxovatli odamlar albatta topilgan. Ammo shunday vaziyatlar bo'ladiki, uni ayrim odamlar hal qilishining iloji, imkoni bo'lmaydi. Ana shunday paytlarda oqsoqollar, el hurmatidagi odamlar maslahat bilan muammoni yechishi mumkin bo'lgan, o'sha vazifani boshqalarga nisbatan osonroq va kam yo'qotishsiz bajarishi mumkin bo'lgan toifa yoki odamlarga topshiriq qilib yuklaganlar. Mana shu nuqtai nazardan olganda…
Keling, ma'lumotlarni takror-takror aqlimiz, qalbimiz ko'zgusidan o'tkazaylik: “Toshkentda ayrim kunlarda PM2.5 mitti zarralari miqdori ruxsat etilganidan 45-50 barobargacha oshib ketmoqda. Avto tutunlari, CO2 darajasi me'yordan 4,4 barobar oshgan. “UzHydroMet ma'lumotlariga ko'ra, 17 dekabr kuni Toshkent shahrining havosida kichik dispersli PM10 zarrachalarining maksimal tarkibi 241 mkg/m3 ni, PM2.5 mitti zarralarining tarkibi esa 211 mkg/m3 ni tashkil etgan. Bu JSST tavsiyalaridan 43 barobarga ko'p degani. Uglerod oksidi (is gazi)ning maksimal tarkibi 6,2 mkg/m3 ni tashkil etgan va bu ruxsat etilganidan 1,4 barobar ko'p…”
Mutaxassislar keyingi yillarda aholi orasida nafas qisma, saraton, nafas olish va qon aylanish tizimining ishdan chiqishi kabi og'ir kasalliklar ko'payib, yosharib borayotgani va buning asosiy sabablaridan biri o'pkamiz orqali vujudimizga kirayotgan havo tarkibida zararli, zaharli moddalar miqdori ortib borayotgani ekani haqida bong urmoqdalar. Keyingi paytlarda poytaxt osmonida chang bulutlari suzib yurishi yoki muallaq turishi tez-tez takrorlanadigan bo'lib qoldi. Nafaqat Toshkent, balki uning atrofida yashayotgan odamlarning birortasi bunday havoning jismu ruhiyatiga ozmi-ko'pmi xavfidan himoyalangan emas. Mavjud kasalliklar kuchayadi, xastalikka moyil kishilarda salbiy o'zgarishlar ortadi, sog'lomu baquvvat vujudlar ham temirdan emas… Donolar ta'kidlaydilar: “Sog'ligingni yo'qotmasdan oldin sog'likning qadriga yet!”
Bostirib kelayotgan xavfning oldini olish uchun inson zoti, avvalo, o'z qo'lidan keladigan, kuchi va imkoniyati yetadigan ishlarni qilishi, tadbirlarni qo'llashi oddiy holat. Dunyo hayoti bilan bog'liq ekologik muammolarning yechimi, faoliyati jamiyat iqtisodiyu ehtiyojini ta'minlashga qaratilgan og'ir va yengil sanoat korxonalarini qayta qurish tez va oson bitadigan ishlar emas. Ayni bugundan boshlashimiz mumkin bo'lgan, katta o'zgarishlar talab qilmaydigan imkoniyatimiz bor: ishlashga, o'qishga kuch-quvvati yetayotgan sog'lom odam jamoat transportida yurishi mumkin-ku! Taraqqiy etgan Yevropa mamlakatlarining markaziy va ulkan sanoat shaharlari havosi bilan bog'liq ayni muammo ko'ndalang bo'lganda, birinchi navbatda shaxsiy avtomobillar qatnovini kamaytirish chorasini qo'llaganlar.
Shu o'rinda bitta misol. Uzoq bir yurtlarda emas, bizga shunday qo'shni bo'lgan ayrim mamlakatlarda, jumladan, Tojikistonda bu borada qat'iy tartib joriy qilingan ekan. Bu yerda oliy ta'lim maskanlarida o'qiyotgan talabalarning o'qishga shaxsiy avtomashinalarda kelishlari butunlay taqiqlangan. Bu tartibga amal qilmaydiganlarga esa qat'iy choralar, hatto o'qishdan haydashgacha bo'lgan choralar ko'riladi. O'rta ta'lim maktablarida esa o'quvchilar qo'l telefonlarini olib kirishmaydi. Maktabga kirguncha topshirib, uyga ketayotganlarida olib ketaverishadi. Shubhasiz, ezgu maqsadli bu tartiblar xayrli natijalar berishiga asos bor.
AQShning respublikamizdagi elchisi intervyusida aytadi: “Men Toshkentda yashayman, kichik yoshdagi bolalarim bor. Shu bois ko'pchilik toshkentliklar qatori men ham havo sifati bilan bog'liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib boraman. Havo toza bo'lishi uchun o'zim ham, oilam bilan ham chora ko'rishga harakat qilaman. Albatta, men Toshkent havosini tozalashga yordam beradigan har qanday chora-tadbirlarni qo'llab-quvvatlayman. Misol uchun, bu jamoat transportidan foydalanish imkoniyatini oshirish bo'yicha hukumat darajasidagi choralar bo'lishi mumkin. Agar biror joyga piyoda yoki mashinada borish o'rtasida tanlov bo'lsa, men va oilam piyoda yurishni afzal ko'ramiz. Shunday qilib, biz havo sifatini yaxshilashga kichik hissamizni qo'shishga harakat qilamiz”.
Hozir yoshlarni, mahallalarni uyushtiradigan tadbirlar juda ko'p. Ular orasida samara beradiganlari bilan bir qatorda samarasizlari ham yo'q emas. Aytaylik, yoshlar yetakchilari yoki tashkilot rahbarlari “Bir kun (bir hafta, o'n kun…) o'qishga yoki ishga jamoat transportida borib kelamiz!” degan tashabbus bilan chiqishi va buni amalga oshirish ilojsiz tadbir emas-ku! Tadbir ahamiyati samimiyat bilan, dalillarga asoslanib tushuntirilsa, uni qo'llab-quvvatlaydiganlar topiladi. Ularni, hech bo'lmaganda, ma'naviy rag'batlantirishning o'zi samarasiz qolmaydi. Bu yo'nalishdagi ishlarga, balki, respublika miqyosida ekologik masalalarga bevosita mas'ul bo'lgan idorayu tashkilotlar tashabbuskor bo'lishar! Ular yirik tashkilotlar, o'quv muassasalari rahbariyati bilan hamkorlikda “Toshkent havosi musaffoligiga hissa qo'shaman”, “Toza havo – ota-onam, farzandlarim, o'zimning sog'ligim garovi” (misol uchun-da) kabi shiorlar ostida aholining ishga, o'qishga jamoat transportida borib kelishi aksiyasini o'tkazishlari; o'sha kunlari ob-havoda bo'lgan o'zgarishlarni keng targ'ib qilishlari, aksiyada faol ishtirok etganlarni rag'batlantirishlari mumkin. Bu tashabbusni tizimli, qamrovi kengayib boradigan harakatga aylantirish yo'llarini topish mumkin.
Ayni o'rinda biz bu tadbirlarning poytaxt havosi musaffo bo'lishiga, hamshaharlarimizning jismoniy salomatligiga ijobiy ta'siri haqidagina to'xtalyapmiz. Insonning ko'pchilik orasida kirishuvchanligi, o'zini jamiyat a'zolari bilan bir saf-bir maqomda his etishi, o'zidan kattalarga hurmatda va o'zidan kichiklarga izzatda bo'lishi bu – ma'naviy sog'lomlik, aksincha esa ma'nan noqislikdir. Boshqalarni bilmadim, lekin men yarim asrdan ortiq odamlar orasida o'qib, ishlab, o'rganib yurgan bo'lsam, hali biror o'quvchi yoki talabaning: “Men falon ustoz (muallim)ning o'zini yoqtirmayman-u, fanini yaxshi ko'rib o'qidim, o'zlashtirdim”, deganini ko'rmadim, eshitmadim. Maktabda, oliy ta'lim dargohida, avvalo, ustozning o'zini yaxshi ko'rib qolganmiz, qalbingga nur va harorat beradigan bu tuyg'u u aziz insonning faniga qiziqish, mehr uyg'otgan. Shukrlar bo'lsinki, keyingi uch-to'rt yilda hurmatli Prezidentimizning alohida e'tibor, g'amxo'rliklari, maxsus farmonu qarorlar bilan maktab o'qituvchilari, oliy ta'lim muassasalari ilmiy-pedagogik xodimlarining maoshlari ancha oshdi, buni ularning o'zlari ham minnatdorchilik bilan e'tirof etmoqdalar. Lekin yillar davomida nafaqat talabalar, balki maktab o'quvchilari orasida ham ustozining kiyimi, ishga qanday transport vositasida qatnashi, uy-joyi qandayligiga qarab laqab qo'yishlar, nopisand muomala-munosabat qilishlar oddiy holatga aylandi. O'tgan yili oliy ta'lim dargohlariga kirish uchun hujjat topshirgan jami abiturientlarning uchdan ikki qismining bilimi kirish imtihonlarida talaba bo'lish uchun talab qilinadigan eng past ballni to'plashga ham yetmagani… (bu haqda o'ylaganda, har safar ko'ksimdan bir achchiq ko'zimga to'ladi)… Ta'lim sohamizning bunday achinarli ahvolga tushishida ota-onalarning, kattalarning o'z dilbandlariga nisbatan qaynoq, saxiy, ammo so'qir muhabbatlarining asorati borligi shubhasizdir. Chiroyli kiyintirib, o'zi yemagan ne'matlarni yedirib, cho'ntagiga telefonu pul solib, mashinaga mindirib o'qishga kuzatayotgan aksariyat ota-onalarning diqqati bolasining tashqi qiyofasida, boshqalardan chiroyliroq va imkoniyatliroq bo'lib ajralib turishini ta'minlashda ekan, tajribasiz yoshlardan nima kutish mumkin?
Texnika fanlari doktori Abdurashid Otaxonov (Alloh rahmat qilsin)ning to'rtta o'g'liga nisbatan talabchanligi, ularni doim o'qish va mehnat bilan band qilishda qattiqqo'lligini ko'rgan qo'ni-qo'shnilar, tanish-bilishlar otani bolalariga nisbatan “zolim” deb atashgan. U yigitlarning hammasi ikki-uch yo'nalish bo'yicha yetuk mutaxassis bo'lishdi, kamida uch-to'rttadan xorijiy tillarni yaxshi o'rganishdi, hozir ular o'z yurtimizda va chet mamlakatlarda o'zbek degan nomni sharaflab mehnat qilmoqdalar.
Mundoq o'ylab qaraganda, kuch-quvvatga to'lgan yillarida to'rt muchasi sog' insonning qaddini baland ko'tarib, shaxdam qadam tashlab, dunyo go'zalliklaridan ko'zu ko'ngli bahramand bo'lib o'qib, ishlab yurishi g'animat ne'mat emasmi?!
To'g'ri, salomatligida, jismoniy holatida muammolar bo'lgan, nisbatan uzoq joydan qatnab ishlaydigan yoki o'qiydigan, shuningdek, faoliyati kun bo'yi bir necha joylarga borib kelish bilan bog'liq hamshaharlardan buni talab qilish noto'g'ri. Ammo ertalab yengil mashinasida ishga, o'qishga kelib, kechki payt uyiga qaytgunicha bitta binoda muqim o'qiydigan, ishlaydiganlar shahrimizda vaqtinchalik xizmat vazifasida bo'lgan elchi tili bilan aytganda, “piyoda yurishni afzal ko'rib, havo sifatini yaxshilashga kichik bo'lsa-da, hissa qo'shishga harakat qilsalar edi”.
Bundan bir necha yil oldin yozda respublikamizda ish soatlari bir soatga oldinga surilgandi. Tonggi soat to'rtlardanoq olam yorishib ketadigan paytlarda ishga, o'qishga bir soat erta borib, bir soat erta qaytish qanday yaxshi! Yana bir mulohaza: shunday tashkilot, korxonalar borki, ular ish faoliyatini albatta soat 9.00 da emas, bir yoki yarim soat kechroq boshlasa ham bo'laveradi. Shularni tahlil etib, sirg'aluvchi ish tartiblari joriy etilsa… Ayni masalada “Katta muammoni mayda-chuyda o'zgarishlar bilan hal etib bo'lmaydi”, degan shubha-ikkilanish bilan emas, nonni qadrlash uning ushog'ini ham isrof qilmaslikdan boshlangani kabi, “Toshkent havosi tozalanishiga bir tola nurdek foydasi tegadigan imkoniyatdan ham foydalanamiz”, degan ishonch va qat'iyat bilan yashashimiz, harakat qilishimiz kerak.
Ommaviy axborot vasitalarida, ayniqsa, televidenie orqali faol turmush tarzi, piyoda yurishning afzalliklari haqida bir qadam naridagi do'kongayam mashinasida borib keladiganlarga ibrat bo'ladigan dasturlar tayyorlash kerak, nazarimda. Bunday dasturlar, agar to'g'ri tushunsalar, hayotini mashina kabinalarisiz tasavvur qilolmaydiganlarning sog'lom turmush tarziga o'tishlariga, me'yoridan ortiq semirib, nimjon bo'lib qolmasliklariga sababchi bo'ladi. Va yana muhimi, jamiyat sog'lom, baquvvatlashib borishi bilan birga, minglab poytaxtliklarni (ular qatorida o'zimiz, ota-onamiz, farzandlarimiz, aka-ukayu opa-singillarimiz bo'lishi mumkin) zaharliyu zararli havo ta'sirida og'ir va bedavo xastaliklarga chalinishini kamaytiradi.
Keyingi oylarda matbuot, radio-televidenie, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent havosining ifloslanishi bo'yicha dunyoda birinchi, ikkinchi… sakkizinchi o'rinlarni egallayotgani, havoning tarkibidagi me'yorlarga to'g'ri kelmaydigan o'zgarishlar haqida deyarli har kuni yozilyapti, aytilyapti. Lekin… har bir poytaxtlik — o'zimiz va yaqinlarimiz muntazam ravishda mana shu havodan zaharlanayotganini anglab yetmasak; asta-sekin ta'sir etuvchi og'u kabi bunday havoning bir qadar tozaroq bo'lishi o'zimizga bog'liqligini tan olmasak; ko'chada xohlagan joyiga axlat tashlab ketish, latta-puttayu xazon yoqish illatidan qutulmasak; jamoat transportidan foydalanishi mumkin bo'la turib shaxsiy mashinaga “yopishib olgan” bo'lsak va uni ko'pqavatli uyning derazalari tagigacha haydab kelaversak… muammo gazak olib boraveradi. Endi Toshkent osmoniga umumiy gaplar emas, aniq sa'y-harakatlar hayotbaxsh nasimlar olib kiradi.
Shu o'rinda aytmasak bo'lmas: keyingi ikki-uch yilda Yurtboshimizning tashabbus, g'oyat o'rinli talablari bilan mahallalardan tortib vazirlik, idora, tashkilotlargacha daraxt ekishga jalb etildi. “Yaxshidan bog' qoladi” deganlaridek, yurtimizning barcha hududlarida bu umumxalq ishining samarasini ko'rib turibmiz: ikki-uch yilda nihollar bo'y cho'zdi, tana qo'ydi. Yangi-yangi bog'lar, sayilgohlar paydo bo'ldi, yo'l yoqalariga ekilgan nihollar soya-salqin bera boshladi. Ammo… “Beli og'rimaganning non yeyishini ko'ring”: umrida bir-ikkita nihol ekib, daraxtga aylantirganmi-yo'qmi-yu, nafsu cho'ntagi tashvishida poytaxtimizdagi ulkan daraxtlarni, gurkiragan bog'larni kesib, ularning o'rniga pultopar makonlar qurgan, qurmoqchi bo'lganlarga orqavarotdan yengil-elpi chora ko'rilishiga yoki ular xalqning, aholining necha o'n yillik mehnatini zoe etib, el nafas olib turgan toza havo manbaini yo'q qilganlari uchun uch-to'rt so'm jarima to'lab qutulib ketishlariga chek qo'yish kerak! Bunday zararkunandaliklar teleekranlar orqali, matbuotda batafsil yoritilsin, kirdikor egalari jamoatchilik oldida qilmishlariga yarasha javob bersinlar.
Yana bir holat bilan bog'liq mulohaza: mutaxassislarning aytishicha, chorrahalarda, svetofor oldida to'xtab turgan mashinalar yurib turganlariga nisbatan ko'proq zararli moddalar chiqararkan. Tig'izlik paytida birorta svetoforning oldidan to'xtamasdan, kutmasdan o'tmaysiz. Ba'zan bu to'xtashlar yarim soatlargayam cho'ziladi. Demak, tirband turgan o'nlab mashinalar (shahar bo'yicha hisoblasak, minglarga aylanadi) shuncha vaqt davomida havoga zararli, zaharli moddalar chiqaradi. O'ylayman-da, svetoforlar oralig'idagi masofa ma'lum, mashinalarning ruxsat etilgan tezligi aniq, demak, shahar svetoforlari o'rtasidagi yo'lni mashina qancha muddatda bosib o'tishini hisoblash bugungi aqlli kompyuterlar uchun pista chaqishdek gap. Shunday bo'lgach, svetoforlarning avtomatik boshqaruviga mashinalar guruhi avvalgi svetofordan bunisiga yetib kelgunicha o'tadigan vaqt oralig'ida piyodalarga, mashinalar yaqinlashganda esa mashinalarga yashil chiroq yonadigan dastur o'rnatish mumkin emasmi? Axir ko'pgina rivojlangan davlatlarda shunaqa tizim yo'lga qo'yilgan-ku!
…Ibratli rivoyatda aytilishicha, katta yong'inni o'chirishga tumshug'ida suv tashib hissa qo'shmoqchi bo'lgan qush uning harakatlarini ma'nisiz deb kulganlarga: “Muhimi, mening qaysi tomonda ekanimda”, deb javob bergan ekan. Ya'ni, murakkab, og'ir, chigalli vaziyatlarda qalbimiz, niyatimiz va shunga munosib xatti-harakatlarimiz qaysi tomonda – ezgulikka eshmi yoki loqaydmi, umidsiz ojizmi, beparvomi ekani bizning kimligimizni ko'rsatadi.
Muhtarama ULUG'OVA,
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.