“So'ylasin ming yillik mo'ysafid tarix, Bu do'stlik bilganmi shubha, gumonni…”
O'zbek va ozarbayjon do'stona munosabatlari, adabiy aloqalari xususida
Darhaqiqat, o'zbek va ozarbayjon xalqlari o'rtasida asrlar davomida shakllangan milliy davlatchilik, madaniyat, ilm-fan borasidagi do'stona qardoshlik va qondoshlik munosabati, adabiy aloqalar xususida to'xtalar ekanmiz, O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov o'zining “Ozarbayjon” she'rida bu do'stlikning butun tarixiy va zamonaviy ahamiyatini to'liq ochib berganligini e'tirof etmoq kerak. Shuning uchun ham Ozarbayjonga qilgan safar taassurotlari, tarixiy rishtalar, bugungi davlatlararo va adabiy aloqalar to'g'risidagi mulohazalarimiz, kuzatishlarimizni bayon qilar ekanmiz, har bir fikr ifodasida beixtiyor unga tayanishga intiladi kishi. Hatto Ozarbayjon nomini tilga olganda, eshitganda qalbimizga iliqlik yuguradi. Bu taft mohiyatida asrlar davomida sayqallangan do'stlik, qondoshlik, jondoshlik, mehr, samimiyat, diydorga talpinish, adabiy aloqalar ustuvordir.
Turon, Turkiston, O'zbekiston degan muqaddas nomlar ozarbayjonliklar uchun qanchalik qadrli bo'lsa, Ozarbayjon, Ganja, Qorabog' singari manzilu makonlar biz o'zbeklar uchun ham shu qadar azizdir.
Bugun O'zbekiston xalqi Ozarbayjonning yutuqlaridan, Qorabog'dagi o'zgarishlardan qanchalar xursand bo'lsalar, ozarbayjonliklar yangi O'zbekistonni bunyod etish borasidagi yutuqlardan, buyuk tarix va madaniyatga ega bo'lgan xalqimizning dunyoviy e'tirofi, o'zligini anglash jarayonlaridan shunchalik mamnundirlar. Buni allaqachon yurtimizda mashhur bo'lib ketgan Ozarbayjon shoiri Akif Bag'irning “O'zbek kelayotir…” she'ridan ham tuyish mumkin:
…Asrab na'rasini, yangroq sasini —
Qadim Xorazmning xazinasini,
Ikki yarim, uch ming yillar naridan
Opichlab Avesto dafinasini,
O'zbek kelayotir tarix qa'ridan!
Bir qanot — Alpomish, bir qanot — Shiroq,
Bir yon — Alp Er To'ng'a, yengilmas tuproq.
O't olib mangulik samandaridan,
To'marislar qalbin yoritgan chiroq —
O'zbek kelayotir tarix qa'ridan!
Chiqarib nurafshon yo'lga karvonin,
Boshiga ko'tarib tengsiz sarbonin,
Kuch olib istiqlol zafarlaridan,
Yana yulduzlarga taqab narvonin,
O'zbek kelayotir tarix qa'ridan!
Yo'l bo'shat, dillarda muzlagan armon!
Yo'l bo'shat, mensimay xor qilgan nodon!
Yana ming yillikning tongotaridan,
Yo'l bo'shat, zamona! Yo'l bo'shat, jahon! —
O'zbek kelayotir tarix qa'ridan!
Toshkentdan uchgan samolayot ma'lum vaqt o'tgandan keyin asta pastlay boshladi. Pastda ko'm-ko'k Kasbiy dengizi. Hazar suvlari ulkan moviy lavhdek, unda quyosh jilvalari o'ynardi.
Go'yo Nizomiy Ganjaviy devonidan bir varag'i uchib ketgan-u shu vodiyga qo'ngan, uni faqat yuksakdan ko'rish, o'qish mumkin. Tayyoramiz Kasbiy dengizi ustidan uchib o'tib, qirg'oqda nafosat ko'zgusiday bo'y ko'rsatib turgan Boku shahriga qo'nmoqda edi.
“Biz qo'nishga tayyormiz!” degan e'lon yangradi. Mening betoqat yuragim esa undan ham tezroq uchayotgandek. Beixtiyor ko'z oldimda Nizomiy Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy, Imomiddin Nasimiy, Mulla Panoh Voqif siymolari namoyon bo'lgandek tuyuldi. Qulog'imga Uzeyir Hojibeylining mashhur kuylari eshitila boshladi. Beixtiyor tilimga mashhur ozarbayjon shoiri Samad Vurg'unning satrlari keldi:
Ko'p o'tganman bu tog'lardan,
Turna ko'zli buloqlardan,
Eshitganman uzoqlardan
Jimjit oqqan Orazlarni,
Sinaganman do'stu yorni…
O'lmas ko'ngil, o'lmas asar,
Nizomiylar, Fuzuliylar,
Qo'ling qalam, siynang daftar,
Aytgil, dilda nimang bordir,
Aytilgan so'z yodigordir…
El bilarki, sen manimsan,
Yurtim, elim, maskanimsan,
Onam — tug'ma Vatanimsan!
Ayrilarmi ko'ngil jondan,
Ozarbayjon, Ozarbayjon!
Yurt! Ming yillar qo'shig'isan,
Go'zallarning beshigisan,
Baxshilarning ma'shug'isan,
O'zing quyosh quchog'isan,
She'ru san'at o'chog'isan!
Ozarbayjon va O'zbekiston. Bugun bu ikki davlat ham taraqqiyotning oydin yo'liga chiqib oldi. Ta'bir joiz bo'lsa, bu ikki qondosh mamlakat qo'llarini bir-birlarining yelkasiga tashlab muzaffar yo'llar sari borayotgan qadrdonga o'xshaydi. Bokudan Toshkent, Samarqand, Urganch va Farg'ona shaharlariga to'g'ridan-to'g'ri havo qatnovlari yo'lga qo'yilgani, Samarqand va Ganja, Xiva va Shusha, Buxoro va Lankaron, Qo'qon va Sheki shaharlari o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi bitimlar imzolangani bejiz emas. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan Toshkentda bo'lib o'tgan uchrashuv chog'ida do'stona munosabatlar haqida to'xtalar ekanlar, bir jihatga alohida urg'u berib, “O'zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini birlashtiruvchi asosiy qadriyat — bu madaniyatdir”, deya ta'kidlagan edilar. Boku shahrida Alisher Navoiyga, Toshkent shahrida Nizomiy Ganjaviyga haykallar o'rnatilgani yuksak ehtirom asosidagi madaniyatlararo muloqotning yorqin namunasidir. O'zbekiston — Ozarbayjon munosabatlari rivojiga beqiyos hissa qo'shgan Ozarbayjonning umummilliy yetakchisi Haydar Aliyevning 100 yilligiga bag'ishlab Toshkent shahrida Haydar Aliyev siymosi aks ettirilgan yodgorlik majmuasining bunyod etilishi, unda ikki davlat rahbarlari, o'zbekistonlik va ozarbayjonlik ilm-fan, madaniyat namoyandalarining ishtirok etishi, muhim sanaga bag'ishlab qator ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarning o'tkazilishi shu qardoshlikning go'zal ifodasidir.
…Ozarbayjon Yozarlar birligining 90 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan madaniy-adabiy tadbirlar dasturi o'ziga xosligi bilan diqqatimizni tortdi. Unda Boku shahridagi madaniy-ma'rifiy muassasalar faoliyati bilan tanishish, o'zida Ozarbayjonning butun tarixi, qadimiy madaniyati va adabiyotini mujassam etgan Qorabog'ga kelish, Shusha, Fuzuliy shaharlarida bo'lish biz uchun kutilmagan sovg'a bo'ldi. Ozarbayjon Yozarlar birligi raisi, mashhur adib Anar muallim boshchiligida qator turkiy davlatlardan kelgan taniqli yozuvchi va shoirlar, tarjimon va noshirlar, adabiyotshunos olimlar, jumladan, turkiyalik Ataol Behramo'g'li, Mehmet Parmaqsiz, Omer Kuchukmehmet o'g'li, Imdat Avsar, Qozog'istondan Dussanbay Kasseinov, Qirg'izistondan Joldosbek Monoldorov, Akto'ti Raimqulova va bir qator ozarbayjonlik ijodkorlar ishtirokida qizg'in adabiy suhbatlar boshlandi, ijodiy aloqalar istiqbollari muhokama qilindi.
Ozarbayjon va O'zbekiston xalqlari o'rtasidagi do'stlik va hamkorlik aloqalari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevlarning sa'y-harakatlari bilan yuksak bosqichga ko'tarildi. Ta'bir joiz bo'lsa, tom ma'noda zalvorli mazmun bilan boyidi.
Xuddi kechagidek ko'z o'ngimizda turibdi: 2023 yil 24 avgust sanasini bugun Ozarbayjon xalqi ham katta hurmat bilan eslaydi. Shu kuni ikki mamlakat yetakchilari rafiqalari bilan birga bayramona tasmani kesib, Qorabog'ning Fuzuliy shahrida davlatimiz rahbari Mirzo Ulug'bek nomidagi 1-maktabni tantanali ravishda ochib bergan edi.
Muhtaram Prezidentimizning tashqi siyosatida ma'rifatparvarlik, adabiy aloqalarni rivojlantirish alohida o'rin tutadi. 2021 yil 31 mart kuni o'tgan Turkiy kengashning norasmiy sammitida ishtirok etar ekan, O'zbekiston Qorabog' zaminidagi yodgorliklar, madaniyat va ma'rifat maskanlarini qayta tiklashga o'z hissasini qo'shishga tayyor ekanini ta'kidlagan edi.
O'zbekiston Prezidentining Ozarbayjon xalqiga yuksak e'tibori, o'zbek xalqining qardosh xalqqa mehri va ehtiromi sifatida Fuzuliy shahrida 960 nafar o'quvchiga mo'ljallangan zamonaviy maktab qurilishi ozarbayjon xalqini behad quvontirdi.
Xususan, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning yuksak hurmat bilan aytgan so'zlari yuraklarimizni to'lqinlantirib yubordi: “Bolalar, bu maktabni Fuzuliy shahriga birodarim, muhtaram Shavkat Miromonovich sovg'a qilgan. Birodarimni iliq qarshi olishingizni istardim.
Qorabog'ning tiklanishida xorijiy davlatning ilk sovg'asi va biz bu birodarlik, hamjihatlik va qo'llab-quvvatlash ishorasini yuksak qadrlaymiz… Maktab o'zbek xalqining buyuk farzandi Mirzo Ulug'bek nomi bilan atalgan bo'lib, u nafaqat ta'lim maskani, balki do'stlik va birodarligimizning yana bir markazi bo'lishiga ishonaman”.
“Biz O'zbekiston Prezidenti janob Shavkat Mirziyoyevdan va uning timsolida O'zbekiston xalqidan bu ajoyib maktabni qurib, bizga bergani uchun minnatdormiz. Mirziyoyev janoblaridan Fuzuliy ahlining o'z xalqiga, o'zbek xalqiga bu minnatdorchiliklarini yetkazishini so'raymiz”, degandi o'shanda mazkur maktab direktori Xajar Mahmudova.
Safarimiz davomida ushbu maktabni ko'rish orzusi tinch qo'ymadi. Biz tushgan mashina Fuzuliy shahriga yaqinlashar ekan, Mirzo Ulug'bek nomidagi ana shu ilm maskanini uzoqdan tanidim. Ana, ana, deya haydovchiga o'zim yo'l ko'rsatishga intildim. Beixtiyor tilimga buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning ulug' olim haqida aytgan mashhur baytlari keldi:
Temurxon naslidin Sulton Ulug'bek,
Ki, olam ko'rmadi sulton aningdek.
O'zbekistondagi Prezident maktablari loyihasi asosida tiklangan bu maktab xalqimizning mehrini namoyon qilib turardi. Garchi ta'til payti bo'lsa-da, maktab posbonlari bizning O'zbekistondan ekanligimizni bilib, alohida hurmat ko'rsatdi. Mirzo Ulug'bek nomidagi 1-sonli maktabda 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funksional o'quv xonasi, majlislar va sport zallari, oshxona, kutubxona mavjud. Futbol maydoni, dam olish va tadbirlar o'tkazish uchun joylar, yugurish yo'laklari tashkil qilingan.
Bizga mezbonlar katta hurmat bilan bir necha kun avval bu manzilda Shavkat Mirziyoyev ham bo'lganligini faxr bilan aytib berishdi. Ha, Prezidentimiz 6 iyul kuni Shusha shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining “Transport, o'zaro bog'liqlik va iqlim harakati orqali barqaror kelajakni bunyod etish” shiori ostidagi norasmiy sammitida ishtirok etgandi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida o'tgan tadbirda Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg'iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev va TDT Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim ham qatnashgan bu yig'ilish haqida Shusha va Fuzuliy shahrida odamlardan ko'p bora eshitdik.
O'zbek va ozarbayjon adabiy aloqalari ozar xalqining buyuk shoiri Muhammad Fuzuliy timsolida yana rivoj topdi. Muhammad Fuzuliy Alisher Navoiyni o'ziga ustoz bilib, unga cheksiz havas bilan ijod qildi, g'azallariga naziralar bitdi. O'z navbatida qator o'zbek shoirlari ham Fuzuliy she'riyatiga yuksak muhabbat ila qaradilar. Olimlarning ta'kidlashlaricha, Muhammad Rizo Ogahiy, Amir Umarxon, Andalib, Muqimiy, Uvaysiy, Roqim, Sulton Sayyid Nosirxon, Tabib Xorazmiy, Sadir Erkin kabi mumtoz o'zbek shoirlari Fuzuliy g'azallariga naziralar bitdilar.
XX asr o'zbek va ozarbayjon adabiy aloqalari haqida so'z ketganda ikki buyuk xalqqa birdek farzand sanalgan, o'rtada o'ziga xos adabiy ko'prik bo'lib xizmat qilgan Ozarbayjon farzandi, o'zbek dilbandi — ma'rifatparvar shoir, dramaturg, adabiyotshunos va zabardast tarjimon Maqsud Shayxzoda nomini ham hurmat bilan tilga olamiz. Shoir “Toshkentnoma” lirik dostonida bunday yozgan edi:
Umrim bino bo'ldi Ozarbayjonda,
Kechdi bolaligim u gul makonda.
Nizomiy vatani, Ganja o'lkasi
O'lkamga to'ldirdi she'r havosin…
Lekin shoirlikning nozik tolei
Kuldi Sirdaryoning havzalarida.
O'zbek quyoshining chin otaligi
Aks etdi mastoba kosalarida.
O'zbek vodiysida otimni surdim,
Aziz yo'ldoshlar-la o'toldim, yurdim.
Yo'q, men taqdirimdan emasman xafa,
Shoirlik unvoni baxtimdan tuhfa!..
Mustabid tuzumning qatag'on siyosati, badarg'a va taqiqlar, kamsitilishu iztiroblar Maqsud Shayxzoda irodasini buka olmadi, uning qalami jasorat ila yozishdan to'xtamadi. Ta'bir joiz bo'lsa, u “Jaloliddin Manguberdi” tarixiy dramasida Jaloliddin tilidan ikki buyuk xalq vatanparvarligi va ozodlik uchun kurashi, iymon-irodasini namoyon etdi. Qorabog'da vayronalar ichra yangidan bunyod bo'layotgan Shusha va Fuzuliy shaharlarini ko'rib, Maqsud Shayxzoda ruhi kezib yurganday, shabbodalar orqali o'lmas shoirning Jaloliddin Manguberdi tilidan bitgan mashhur satrlarini takrorlayotganday tuyuldi:
…Ko'klardanmi, suvdanmi yo yer tagidan,
Balki sahro bag'ridan, tog' etagidan
Bir kun paydo bo'laman shu yurt, shu yerda,
Yurt shaydosi ko'rinmas g'urbatda — go'rda.
Kim yurtdan yovni quvsa, mendirman o'shal,
Ulug'vor niyatlarga kor qilmas ajal!
“Adabiy do'stlik — abadiy do'stlik!” Davlatimiz rahbarining allaqachon ijodkorlarning dasturilamaliga, shioriga aylanib ketgan bu iboralarida mangu hayot haqiqati mujassam. Negaki, aynan adabiyot, san'at, madaniyat nafaqat turli millatlar shoirlari, balki ular mansub bo'lgan xalqlar ko'ngillarini-da bir-biriga bog'laydi. O'zbek va ozarbayjon xalqlari do'stligi zamirida ham, shubhasiz, daho ajdodlarimizning bir-birlariga ehtiromi va ishonchi yotadi.
Samad Vurg'unning mashhur satrlarini eslang-a:
Ko'nglim o'tar Qorabog'dan,
Goh u tog'dan, goh bu tog'dan,
Oqshom payti ko'p uzoqdan —
Ko'kka uchsin baxt ovozi,
Qorabog'ning jarang sozi.
Ha, bugun bu so'zlar Qorabog'ga yarashadi. Urush keltirgan vayronalar aro yangi zamonaviy shahar va qishloqlar, turar-joy binolari, ko'rkam mahallalar qad rostlamoqda.
Shusha shahri “Qorabog' durdonasi”, “Kavkaz san'ati markazi” va “Ozarbayjon musiqasi beshigi” nomlari bilan ma'lum. Shahar bir qator taniqli fan, madaniyat va san'at arboblari vatanidir. 2021 yildan buyon Shusha Ozarbayjonning madaniy poytaxti hisoblanadi, 2023 yilda esa turkiy dunyo madaniy poytaxti deb e'lon qilingan. Joriy yilda Xiva shahri va Shusha shahri o'rtasida birodarlik aloqalari o'rnatildi.
Yaqinda Prezidentimiz bu shaharda bo'lganida, Shushada o'ttiz ikki yil ichida birinchi marta qurilgan turar-joy majmuasiga tashrif buyurdi. 23 ta binodan iborat uy-joy majmuasining umumiy maydoni qariyb 8 gektarni tashkil etadi. 2021 yilda tamal toshi qo'yilgan muazzam masjid qurilishi ham jadal olib borilmoqda.
Shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha juda katta ishlar boshlangan. Biz ham davlatlarimiz rahbarlari yurgan yo'llardan borib, Shushadagi muazzam Gavhar Og'a masjidini ziyorat qildik. Haqiqatda ta'kidlanganidek, Shusha, Fuzuliy shaharlarida hayot barqaror holatga qaytmoqda, Prezident Ilhom Aliyev rahbarligida Qorabog'ni qayta tiklash va rivojlantirish, aholining farovon turmushi uchun qulay sharoitlar yaratish bo'yicha juda katta bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.
Shushada ikki kun davomida “Xorabulbul” mehmonxonasida bo'ldik. Tongdan qushlar, bulbullar sadosi ostida ko'z ochdik. Men nonushtadan so'ng qardoshlarimizga Shushada kamolga yetgan mashhur shoir Mulla Panoh Voqif g'azali asosida O'zbekiston xalq hofizi Sherali Jo'rayev aytgan “Turnalar” qo'shig'ini qo'yib berdim. Hayratli nigohlar, mayin shabboda, yam-yashil tog'lar, moviy osmon, bularning barchasi qo'shiq bilan uyg'unlashib ketganday edi. Men mehmon va mezbonlarning hayratli nigohlariga javoban Voqif she'riyati o'zbek xalqi uchun qanchalar sevimli va qadrli ekanligi to'g'risida aytib berdim.
Ikki kun davomida juda ko'p joylarda bo'ldik. Qaytadan tiklangan Shusha shahar ma'muriyati binosi oldidagi maydonda buyuk san'atkorlar Bulbul, Uzeyir Hojibeyli, Notavon Xurshidbonu haykallarini ziyorat qildik. Shusha shahar qal'asi, Notavon qasri xarobalari, Isa buloq, buyuk san'atkor Bulbul uy muzeyida bo'ldik. Gavhar og'a masjidi yonidagi mo''jaz muzeyda ozarbayjonlik mashhur miniatyurachi rassom M.M.Navvab ijodiy namunalari ichida Sohibqiron Amir Temurning ulug'vor suratini ko'rib iftixorlandik. Va nihoyat ikkinchi kun tushdan keyin Mulla Panoh Voqif ziyoratiga otlandik. Ko'm-ko'k tog'lar bag'rida o'ziga xos me'moriy ko'rinishda bunyod etilgan shoir maqbarasini ko'rib, beixtiyor bir necha vaqt muqaddam shoirning o'zim tarjima qilgan she'ridagi satrlarni esladim:
Umidim borki, hech kim bu qora kun
izmida qolmas,
Bu olam o'zga rang topgay,
axir bu charxi davrondir.
Makon tutdi desa Voqif, inonmang,
Shusha tog'inda,
Manzilim La'li-gulrangli
tog'u tosh ichra pinhondir.
Alohida ta'kidlamoq joizki, Ozarbayjon va O'zbekiston o'rtasidagi adabiy aloqalar yildan yilga rivojlanib bormoqda. Ozarbayjonga safarimiz davomida ozar xalqi o'zbek adabiyoti, san'ati, musiqasiga qanchalik katta bahramandlik hissi bilan qarashiga yana bir bor guvoh bo'ldik. Qarangki, bizda ham shunday, biror bir o'zbek xonadoni yo'qki, Nizomiy, Fuzuliy, Voqif nafasi kirmagan, bu xalq kuy va qo'shiqlari sevib eshitilmagan bo'lsin.
Bunday yaqinlik, bunday ma'naviy birlik, albatta, ko'p asrlik ildizlarga ega. Ajdodlarimiz o'rtasidagi mehr-oqibat, adabiy rishtalar bugun ham e'zoz va e'tiborda. Bugun o'zbek o'quvchisi Nabi Hazriy, Xalil Riza, Mammad Oraz, Baxtiyor Vahobzoda, Qobil, Kabir Navro'z, Yusuf Samado'g'li, Ag'amali Sodiq, Anar, Elchin, Fikrat Xoja, Zalimxon Yoqub, Hidoyat, Huseyn Kurdo'g'li, Mamad Aslan, Ramiz Ravshan, Rustam Berudi, Salim Babulla o'g'li, Yunus O'g'uz, Feruz Mustafo va boshqa ozarbayjon shoir va yozuvchilarini yaxshi taniydi. Bunda G'afur G'ulom, Mirtemir, Zulfiya, Jumaniyoz Jabborov, To'xtasin Jalolov, Usmon Qo'chqor, Oydin Hojiyeva, Mamatqul Hazratqulov, Tohir Qahhor kabi ko'plab o'zbek tarjimonlarining mehnati katta.
Ozarbayjonga safarimiz davomida mezbonlar bugungi adabiy aloqalardan mamnun ekanliklarini chuqur hurmat bilan bildirgan holda Usmon Qo'chqorning ozarbayjon adabiyotidan tarjimalarini alohida ta'kidlab o'tdilar. O'zbek shoirining Mirza Jalil, Muhammad Hodi, Husayn Jovid, Ja'far Jabborli va boshqa mumtoz ijodkorlardan tarjimalari e'tirofga loyiq. Xususan, Husayn Jovidning “Iblis”, “Amir Temur”, “Shayx San'on” asarlarining tarjimalarini O'zbekiston adabiy muhiti qanchalik iliq qarshi olgani ham buning yorqin tasdig'idir.
Biz ham O'zbekistonda o'zbek adabiyoti, xususan, Alisher Navoiyning Ozarbayjondagi mohir tarjimoni sifatida Xalil Riza Uluturkka katta hurmat bilan qaraymiz. Ayniqsa, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faxriy a'zosi Ramiz Asqarni xotirlab yod etar ekanmiz, ularning Alisher Navoiy ijodidan qilgan tarjimalari, xususan, “Xamsa”ning ozarbayjon tiliga to'liq o'girishdagi buyuk xizmatlari, o'zbek adabiyoti bo'yicha qilgan muhim tadqiqotlarini eslaymiz. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan Ramiz Asqarga “Do'stlik” ordeni berilishi abadiyatga yuz tutgan adabiy do'stlikning yuksak e'tirofi bo'ldi.
Yana Alisher Navoiy ijodining Ozarbayjondagi tadqiqotchisi va targ'ibotchisi, taniqli olima, filologiya fanlari doktori Olmos Ulvi nomini ham katta mamnuniyat bilan tilga olsak arziydi.
Bugungi kunda ozarbayjonlik to'rt nafar taniqli ijodkor O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a'zolari hisoblanadi. O'zbekistonlik ikki ijodkor esa Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining faxriy a'zolaridir.
Ozarbayjon Yozarlar birligining 90 yilligiga bag'ishlangan tadbirlardagi chiqishlarimizda, biz ozar adiblariga 2022 yilda ilk bor o'zbek tilida chop etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasi haqida so'zlab berdik. Garchi bu kitoblar O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Ozarbayjonda taqdimot qilingan bo'lsa-da, ular turkiy tilli davlatlar adabiyotida munosib o'ringa ega bo'lgan 1 100 nafardan ziyod mualliflarni o'z ichiga olgan bu nodir majmua haqidagi so'zlarimizni nihoyatda katta qiziqish bilan tingladilar.
Majmuada Ozarbayjon adabiyotiga 16 jild ajratilgani, Ozarbayjon adabiyoti Nizomiy Ganjaviyning g'azallari hamda “Layli va Majnun” dostoni bilan boshlanishi, Ozarbayjon mumtoz adabiyotining yirik vakillari Nasimiy, Mahsatiy Ganjaviy, Xoqoniy, Hayron xonim, Xurshidbonu Notavon, Fuzuliy she'riyatidan namunalar, shuningdek, ozarbayjon dramaturgiyasi asoschisi Husayn Jovid dramalari, Yusuf Chamanzaminli, Mamedsaid O'rdubodiy, Mirza Ibrohimov romanlari, Samad Vurg'un, Baxtiyor Vahobzoda, Xalil Rizoning she'r va dostonlariga alohida e'tibor berilganligini katta muhabbat bilan qarshi oldilar.
Majmua uchun Saidazim Shirvoniy, Muhammad Hodiy, Sobir Aliakbar g'azallari, Ahmad Javod, Sulaymon Rustam, Olmos Yildirim, Mikail Mushfiq, Rasul Rizo, Nabi Hazriy she'rlari maxsus tarjima qilingani, zamonaviy ozarbayjon adabiyoti vakillari Anar, Sobir Rustamxonli, Ramiz Ravshan asarlari alohida jildlarda taqdim etilgani katta mamnuniyat bilan e'tirof etildi.
Haqiqatda ham bu majmua qardoshlarimiz hayratiga sabab bo'ldi. Unda yana Ozarbayjon zamonaviy adabiyotining Bunyodzoda Ulviy, Salim Babulla o'g'li, Akbar Qo'shali, G'anira Poshshayeva kabi shoirlar, Firuz Mustafo, Ilg'or Fahmiy kabi yozuvchilarning hikoyalari kiritilgan, jami 100 ga yaqin ozar ijodkori asarlari jamlangani bilan ham noyob hisoblanadi.
Adabiy aloqalarimiz ko'lamiga nazar tashlaydigan bo'lsak, bu do'stona munosabatlar yildan yilga rivojlanib, kengayib, yangi mazmun bilan boyib borayotganini ko'ramiz. Toshkentda bo'lib o'tgan “Ozarbayjon madaniyati kunlari”, Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anarning “Albatta uchrashamiz”, yozuvchi va publitsist Ismat Kuchiyevning “Haydar Aliyevning g'alabasi” nomli kitoblari taqdimoti nihoyatda qizg'in o'tdi. Navoiy shahrida “Mumtoz she'riyat” xalqaro festivali, Buxoro shahrida “Turkiy tilli davlatlar yosh ijodkorlarining anjumani” doirasida ham qardosh ozarbayjonlik ijodkorlar faol ishtirok etdilar. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bo'lib o'tgan buyuk ozar shoiri Fuzuliy tavalludining 530 yilligiga bag'ishlangan adabiy-ma'rifiy Xalqaro anjuman chinakam adabiyot bayramiga aylanib ketdi.
Ozarbayjonda bo'lib o'tgan “O'zbekiston madaniyati kunlari”, Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar”, Xayriddin Sultonning “Odamlardan tinglab hikoya” kitoblarining ozarbayjon tiliga tarjimasi asosida Baku shahridagi adabiy tadbirlar nihoyatda sermazmun o'tdi. Ozarbayjonning Shusha shahrida “Majlisi faromushon”, “Mulla Panoh Voqif she'riyati” xalqaro she'riyat festivallarida o'zbek adiblari faol ishtirok etdilar.
Ozarbayjonning Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot muzeyi direktori, taniqli olim, filologiya fanlari doktori, akademik Rafael Huseyinovning muzey eksponatlari bilan tanishishda bizga hamrohlik qilgani, olimning Alisher Navoiy ijodiga o'zgacha yuksak hurmati ko'nglimizni yanada charog'on etdi. Ayniqsa, muzey direktori qabulxonasida Alisher Navoiyning muazzam siymosini ko'rish qalbimizni yanada to'lqinlantirdi.
Hazar kosa bo'lsin, ya'ni jomi Jam,
Sipqargil, sharafla davru davronni…
Bilasizmi, Qorabog'ga borishda ham, kelishda ham bir jihat alohida e'tiborimizni tortdi. Bu xalq tilida “Zafar yo'li” deb ataladigan yo'llardir. Deyarli har bir qadamda Qorabog' ozodligi yo'lida shahid ketgan ozarbayjonning mard va jasur o'g'lonlarining suratlari o'rnatilgan. Ba'zan bu yo'llar o'nlab kilometrlarga cho'ziladi. Qaysi ko'cha, qaysi ovul, qaysi tog' daralaridan o'tmang, u joylarda “Shahidlar o'lmas, Vatan bo'linmas!” degan muqaddas shior ostida o'sha hudud ozodligi uchun jonini baxshida etgan zobit va askarlarning suratiga ko'zimiz tushdi. Biz ham “Zafar yo'llari”dan o'tar ekanmiz, shahidlar haqqiga duolar qildik. O'zbek jadidlarining peshvosi Mahmudxo'ja Behbudiy aytganidek, “Haq olinur, berilmas!” Ayni shu lahzalar ko'z oldimga ozarbayjonning Vatan uchun qurbon bo'lishga shay bo'lgan mard, jasur vatanparvar farzandlarini tarbiyalagan tog'dek irodali onalari keldi. Qo'ynida Vatan bayrog'i bilan shahid ketgan o'g'lonlari ko'z oldimdan o'tdi. Beixtiyor Samad Vurg'unnig mangu satrlarini takrorladim:
Agar sendan tonar bo'lsam nasibim ohu zor o'lsin,
Bahorim qishga aylansin,
chechaksiz bir diyor o'lsin…
Qorabog'da boshlangan ulkan bunyodkorlik ishlarini ko'rib dilimizdan shunday o'ylar o'tdi: Iymonim komil, buyuk ozarbayjon xalqi yaqin yillar ichida Voqiflar, Notavonlar, Uzeyir Hojibeylar, Bulbullar yashab o'tgan muqaddas Shusha shahrini ozarbayjonning eng go'zal va obod maskaniga aylantiradilar.
Shushada o'tgan og'ir sinovlar haqida o'zaro suhbatlashib o'tirar ekanmiz, Anar muallim bir lahza mahzun o'ylar girdobida qoldi. Birozdan so'ng qaltiragan ovozda shularni ta'kidladi:
— Biz nafaqat urush iztiroblarini, balki azobli ma'naviy og'riqlarni ham dildan o'tkazdik. Asrlar davomida Ozarbayjon qalbining muqaddas bir parchasi bo'lgan Qorabog'ga qadam qo'ya olmadik, ulug'larimiz ziyoratidan bebahra bo'ldik. Vatan ichra go'zal bir Vatan bo'lgan — Qorabog'ning og'riqlariga malham bo'la olmadik. Bu qanchalar iztirobli… Shukurki, bugun biz nafaqat Ozarbayjonning, balki yuragimizning bir parchasi bo'lgan Qorabog'da o'tiribmiz…
Anor muallimning ko'zlarida yosh yiltiradi. Ammo uning ovozidagi o'ktamlik zamirida muzaffar Ozarbayjon namoyon edi…
Shushadan Boku shahriga qaytar ekanmiz, tinchlik, farovonlik, mustaqillik, Vatan sarhadlarining daxlsizligi, degan so'zlarning qadri va ahamiyatini dard ila yanada teranroq his qilganday bo'ldim. “Bir bo'lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan ulug' shior qon-qonimizga singishi, buning uchun barcha ilmiy-ijodiy-tarbiyaviy imkoniyatlarni ishga solish qanchalar muhim ekanligi haqida o'yladim.
Ozarbayjon Yozarlar birligining 90 yilligiga bag'ishlangan tantanada ikki davlat do'stligi, Prezidentlarimiz, buyuk ajdodlarimiz, xalqimiz o'rtasidagi asriy munosabatlar, jumladan, adabiy aloqalar haqidagi fikrlar ozarbayjon ziyolilari tomonidan qizg'in kutib olindi.
Ozarbayjon Yozarlar birligi raisi, olamshumul adib Anar muallimni qaytadan kashf etgandek bo'ldim. Ulkan tog'dek salobatli, viqori o'ziga yarashgan, lekin nihoyatda ochiq dil, samimiyatli bu inson bilan bir necha marotaba uchrashgandim. U haqda so'z ketganda, uni nihoyatda bosiq, uncha munchaga kulmaydigan kishi sifatida tasvirlar edilar. Ozarbayjonga ketishda ko'plarning salomlarini Anar muallimga olib bordim, yetkazdim. Xususan, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev, “Guliston” jurnali bosh muharriri o'rinbosari, taniqli ustoz adibimiz Mamatqul Hazratqulov va boshqalar qizg'in salomlarini yetkazishimni so'rashgandi. Salomlar sohibiga yetkazildi, o'z navbatida javob salomlari ham olib kelindi. Toshkentga qaytgach, Mamatqul Hazratqulovga qo'ng'iroq qilib, Anar muallimning salomlarini yetkazar ekanman: “Mamatqul aka, Anar muallimni kulmaydi, deyishardi, u kishi biz bilan Shushaga kichik avtobusda birga borib keldilar, ko'p suhbat qildik. Ana shu jarayonlarda u kishining ko'zlariga yosh qalqib mahzun bo'lganini ham, kulganini ham ko'rdim”, — dedim. Shunda Mamatqul aka: “Men ham Anar muallimning bir marta ovozi titrab ichdan yig'laganini ko'rganman”, dedilar hamda o'sha voqeani aytib berdilar:
“Ancha yillar avval O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o'tkazilgan xalqaro adabiyot anjumaniga kelganlarida Samarqand shahriga ham bordik. Men u kishiga hamrohlik qildim. Hazrati Doniyor maqbarasi ziyoratida bo'ldik. Buloq boshida men u kishiga aytdim: “Anar muallim, Samarqand bu qutlug' zamin, qolaversa, bu buloq xosiyatli, ko'nglingizdagi eng ulug' niyatlaringizni aytib iching, ko'rasiz, albatta ijobat bo'ladi”.
Shunda Anar muallim birdan mahzun tortdi, ovozi titradi, ko'zlariga yosh keldi:
— Mening yakkayu yagona orzuim — Qorabog'ning Ozarbayjon bag'riga qaytishini ko'rish, Yaratgan meni, xalqimni ana o'sha buyuk baxtga musharraf etsin…
O'shanda hamma ixlos bilan “Omin” deya bu muborak duoga qo'shilgandi”.
Deyarli bir hafta davom etgan safarimiz davomida Turkiyadan, Qozog'istondan, Qirg'izistondan kelgan adiblar, ozarbayjon yozuvchilari, madaniyat va san'at vakillari bilan do'st-qadrdon bo'lib ketdik. Bu tadbirlarda Anar muallim deyarli biz bilan birga bo'ldi. U kishining ichki madaniyati, mehmonnavozligi kishini hayratga solardi. Lekin e'tiborimni tortgan yana bir jihat, u kishining O'zbekistonga, Prezidentimizga, o'zbek xalqi, adabiyotiga bo'lgan cheksiz hurmati bo'ldi. Buni Qorabog'da ham, yakuniy ziyofat dasturxoni atrofida ham alohida urg'ulab, ehtiromini bildirdilar:
— Men yana bir bor o'zbekistonlik do'stlarimizga o'z hurmatimni bildirmoqchiman. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyov bugun mamlakatni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqdi. Ayniqsa, davlat rahbarining adabiyotga bo'layotgan e'tibori ibratlidir. Bunga O'zbekistonda bo'lganimda o'zim guvoh bo'ldim. Qolaversa, Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonni turkiy davlatlar kengashiga a'zo qildi. Safimiz yanada mustahkamlandi. Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nafaqat ozarbayjon va o'zbek xalqi, barcha turkiy xalqlar do'stligi va birodarligini mustahkamlashga katta hissa qo'shmoqdalar. O'zbekiston Prezidenti Farmoni bilan meni “Do'stlik” ordeni bilan taqdirladilar. Men bundan nihoyatda mamnunman. Ilohim, qalbimiz, qalamimiz hamisha ezgulikka, yaxshilikka, xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlikni mustahkamlashga xizmat qilaversin.
…Boku aeroporti. Turli millatga mansub yo'lovchilar. Samolyotga chiqish e'lon qilindi, ularga nazar tashlayman: asosan, O'zbekistonga uchayotgan yo'lovchilar orasida yosh bolalilar bor ekan. Qaysidir bola yig'ladi, uni barcha bir bo'lib qo'lidan kelgancha ovutishga tushdi. Kimdir o'yinchoq, kimdir shirinlik tutdi. Bolalarning ota-onalariga qarayman, bir qarasang, ozarbayjonga, bir qarasang, o'zbekka o'xshaydi. Har qalay, bu bolalarning baxti bor, ularning o'zbek va ozarbayjon xalqi uyg'un baxtini ifoda etib turgan ota-onalari bilan birga Ozarbayjonda ham, O'zbekistonda ham ikkitadan bobosi va buvisi bor.
Tayyoramiz osmonga ko'tarildi. Pastda Kasbiy dengizining moviy sathi, Boku shahrining osmono'par binolari… Sal o'tmay oppoq bulutlar qo'ynida oldinga intildik… Tayyora oynasidan O'zbekiston manzaralari, Toshkentning issiq diydori namoyon bo'ldi. Ko'zlarimda yosh halqalandi. Sog'inibman, Vatan sog'inchi muqaddas! U bu dunyodagi eng qutlug' nasibamiz! Safar davomida kechgan voqealar ko'z oldimdan o'tar ekan, beixtiyor: “Yana diydorlashguncha xayr, Ozarbayjon!” deya ustoz Abdulla Oripovning ushbu safarnomamizga “jon bag'ishlagan” “Ozarbayjon” she'ridagi qadrdon satrlarni takrorladim:
Men senday mezbonni topmog'im gumon,
Sen ham topolmassan menday mehmonni.
Minhojiddin MIRZO,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining
birinchi o'rinbosari.